Akutagava “dastro‘mol”i


Saqlash
15:58 / 29.04.2025 80 0

Ryunoske Akutagava (1892–1927) XX asr yapon adabiyotini yangi pog‘onaga ko‘tarib, jahonga tanitgan adiblardan. U milliy adabiyotni G‘arb so‘z san’ati an’analari bilan uyg‘unlashtirib, an’anaviy tasvir va ifoda usulini yangi yo‘nalishga burgan yozuvchi sifatida tanilgan. Yapon adabiyotida eng mashhur mukofot uning nomi bilan ataladi.

 

Ryunoske Akutagava – hikoya ustasi. 1916-yili yozilgan “Dastro‘mol” hikoyasida u modernist sifatida qadimgi samuray kodeksi saqlanib qolishini orzulagan professorning ayanch taqdirini qalamga olgan.

 

Hikoyani teranroq anglash uchun u yaratilgan vaqtdagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy vaziyat bilan tanish bo‘lmoq lozim. 1912–1926-yillar Yaponiya tarixida demokratlashtirishga birinchi urinish bo‘lgan “Taysyo davri” deb ataladi. Bu davr “fransuz mualliflarining kuchli ta’siri ostida bo‘lgan Ryunoske Akutagava davri” deb ham ta’riflanadi. Ushbu yillarda Yaponiya sanoati rivojlangan davlatga aylana boradi. Biroq narxlar ham iqtisodiy o‘sishga mutanosib tarzda ko‘tariladi. Oddiy odamlarning hayoti yomonlashadi, bu esa butun Yaponiya bo‘ylab g‘alayonlarga olib keladi. Umumiy saylov huquqi, so‘z, mitinglar, uyushmalar erkinligi talabidagi ommaviy harakatlar kuchayadi. U vaqtlar Yaponiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat og‘ir, odamlar ruhiy ishtiboh xastaligiga chalingan, deyarli kunora dahshatli ko‘ngilsizliklarga duch kelish mumkin edi. “Kunchiqar yurt”ga G‘arbning qiziqishi kuchaygan, bir necha yuz yillar mobaynida tashqi muhitdan uzib qo‘yilgan yaponlarni “demokratik” mahsulotlari bilan mahliyo qilishga kirishilgan bo‘lsa-da, imperatorlik fuqarolarni kuchli tazyiq ostida ushlab turar, chegaradan chiqqanlar ayovsiz jazolanar edi.

 

“Dastro‘mol”ning bosh qahramoni – Tokio imperator universitetining huquqshunoslik fakulteti professori Xasegava Kindzo. Umrini mustamlaka siyosati tadqiqiga bag‘ishlagan olimning xulosasiga ko‘ra, yapon inqirozini bartaraf etish uchun busidodan o‘zga yo‘l yo‘q. Busido “jangchi yo‘li” degan ma’noni anglatadi. U samuraylar kodeksi, chinakam jangchining jamiyatda, jangda va yolg‘iz qolganda xulq-atvor me’yorlari, qadim o‘tmishga borib taqaluvchi falsafa hisoblanadi. Hikoya qahramoni fikricha, “bu ta’limotda Amriqo va Ovrupo mamlakatlarining nasroniylik ruhiga yaqin jihatlar mavjud”. Agar zamonaviy Yaponiyaning ma’naviy nizomi busidoga asoslansa, bu yapon xalqining ular bilan yaqinlashuviga, xalqaro tinchlikni ta’minlashga xizmat qilishi mumkin... Shu payt oqsoch uyga mehmon kelganini aytib, tashrif qog‘ozini uzatadi. Kindzo uni o‘qib turgan kitobi orasiga xatcho‘p qilib qo‘yadi. Qirq yoshlarni qoralagan mehmon ayol bahorda oshqozon pardasining yallig‘lanishi bilan xastalanib, universitet kasalxonasiga yotqizilgan talaba Nisiyama Konitironing onasi edi. U o‘g‘lining vafoti haqida ma’lum qilish va professorga minnatdorlik bildirishga kelganini aytadi. Uy sohibini o‘g‘li o‘lganiga yetti kun bo‘lgan ayolning o‘zini tutishi ajablantiradi. Aqalli bir tomchi ko‘zyosh yo‘q! Ovozi ham muloyim-xotirjam. Kamiga, lablarida nimtabassum. Agar ayolning so‘zlari bir chetga yig‘ishtirib qo‘yilsa, o‘rtada kundalik mayda-chuydalar haqida suhbat ketayotganday edi. Shunda professor Berlinda tahsil olib yurgan kezlari Vilgelm I qazo qilganida pansionat bekasining 12 yashar qizi va 9 yoshli o‘g‘li uning bo‘yniga osilib, ho‘ngrab yig‘laganini eslaydi. Busido tarafdori bo‘lmish Kindzo ovrupoliklarning his-tuyg‘ularini ifoda etishda o‘ta ta’sirchan ekanini hech hazm qilolmasdi. “Endi esa o‘zi manovi ayolning ko‘zyosh to‘kmaganiga lol-u hayron bo‘lib o‘tiribdi”. Ayol oq dastro‘mol tutgan qo‘llarini tizzasiga qo‘ygan. Professor uning qo‘llari dir-dir titrayotganini payqab qoladi. Ayol ich-ichidan toshib kelayotgan iztirob toshqinini bosish uchun ro‘molchani barmoqlariga o‘rab, shunday tarang tortardiki, sal qolsa, tamom... ro‘molcha ikkiga bo‘linib, ayol portlab ketadigandek. Ayol zohirda kulib tursa-da, botinda zor-zor bo‘zlardi... Professor kechki ovqat mahali voqeani miridan-sirigacha xotiniga aytib berib, mehmonni “yapon ayollarining busidosi” deb ataydi. Professor anchagacha shunday xushnud xayol surib o‘tiradi.

 

Muallif asarni shu nuqtada tugatishi mumkin edi. Shu kichkina hikoya bilan ham ayolni yapon xalqining ko‘ngli, botini, qudrati timsoliga aylantirgan bo‘lar edi. Lekin yakunda adib asar mazmunini boshqa o‘zanga burib yuboradi. Oqsoch bergan tashrif qog‘ozini u Strindbergning “Dramaturgiya” kitobiga qistirgan edi. Kitobni ochadi-yu shu satrlarni o‘qiydi: “Yoshligimda Hayberg xonimning (adashmasam, u parijlik edi) dastro‘moli haqida ko‘p gapirishardi. Xonimning yuzi kulib, qo‘li dastro‘molni yirtardi. Bu “ikkiyoqlama o‘yin uslubi” deb atalardi...” Shu jumla sabab professor endi mehmon xonimni ham, xotinini ham, yapon madaniyatini ham o‘ylamasdi. Halovati buzilgan, bu jumlada “vannadan qushday yengil bo‘lib chiqqan professorning dilini xufton qiladigan yashirin nedir shama bor edi”.

 

Busido ham “ikkiyoqlama o‘yin uslub”iga o‘xshar, ular aynan bir narsaning ikki xil voqelanishi edi. Yaponiyaning hikoya yozilgan vaqtdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy holati eslansa, matn ostidagi mazmun yanada oydinlashadi. Og‘ir vaziyatlarda xalqni tinchlantirish, ehtimol, aybdorlardan chalg‘itish uchun g‘oya, mafkura kerak bo‘ladi. Haqiqatdan cho‘chish, balki fahmlamaslikdan oddiy insonlar bir hovuch elita manfaatidan kelib chiqib taqdim etilayotgan g‘oya atrofida birlashadi, shuni ma’qul yo‘l deb biladi. Akutagava “Dastro‘mol”ini antiutopik hikoya deyish mumkin. Dastro‘mol mafkuraga qiyoslanadi. Jamiyatdagi og‘riqlarni uning yordamida berkitish, to‘sish mumkin.

 

Haqiqiy iste’dod uchun makon va zamon to‘siq bo‘lolmaydi. Millati, dinidan qat’i nazar, uning yozganlari butun insoniyatga tegishli bo‘lib chiqaveradi. Akutagava ana shunday ijodkorlar sirasidan.

 

Mahfuza TO‘YCHIYEVA,

Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

12:04 / 25.04.2025 0 187
Chexov va kino: ijodkorning dramaturgiyaga taʼsiri





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//