
Adabiyot
Gulruh Yusupova Vengriyadagi Minspire Consulting plc xususiy korxonasining biznes analitiki, bir farzandning onasi, rafiqa hamda xalqaro “Stipendium Hungaricum” , NAWA (Akademik almashinuv uchun milliy agentlik) va 360 GEM Malayziya talabalar almashinuvi kabi xalqaro grantlar gʻolibasi hisoblanadi.
Men yoshligimdan negadir biznes va moliya bilan bogʻliq sohalarga qiziqardim. Qiziqishlarim sabab, kollejni tamomlagach, Toshkent Moliya Instituti bank ishi fakultetiga oʻqishga kirdim. “Qizlarga mos boʻlgan, shifokorlik yoki oʻqituvchilikni tanlasang boʻlmaydimi”, degan gaplarni koʻp aytishgan. Ammo oilam hamisha mening qarorlarimni qoʻllab-quvvatlagan. Menimcha, kasblar aslida gender tanlamaydi, aksincha har bir sohada ayol va erkak mutaxassislarning boʻlgani yaxshi.
Xorijiy tillar muvaffaqiyat debochasi boʻldi
Maktabda oʻqib yurgan paytlarim ota-onam meni ingliz va nemis tillari toʻgaragiga yuborgani barcha muvaffaqiyatlarim debochasi boʻlgan ekan deb ayta olaman. Ayniqsa, talabalik yillarida til bilganim bois bir nechta toʻliq qoplanuvchi dasturlarga topshirib, gʻolib boʻlganman. Ilk marta 2019-yil 360 GEM Malayziya talabalar almashinuvi dasturi bilan Milliy Tegana Universitetida bir semestr oʻqib kelganman. Keyin ikkinchi marta, Polshaning Varshava universitetida yana bir semestr taʼlim olganman. Keyinroq 2022-yil NAWA (Akademik almashinuv uchun milliy agentlik) grantini yutdim. Bularning barchasiga erishishimda asosiy omil sifatida xorijiy tillarni erta oʻzlashtirishni boshlaganim deb bilaman va hozirda uch yoshli oʻgʻlimga ham bir nechta tillarni birgalikda oʻrganishi uchun turli metodlarni qoʻllayman.
Taqdir taqozosi bilan men va turmush oʻrtogʻim Vengriya davlat grantini yutganmiz
Turmush oʻrtogʻim bilan 4-bosqich paytimiz oila qurganmiz. Ikkalamizning sohamiz bir, qiziqishlarimiz ham juda oʻxshash edi. Xorijiy mamlakatlarda taʼlim olib, oʻz sohamizni yanada yaxshiroq oʻrganishni istardik. Oila deganda men ikki insonning bir-biriga qarab turishini emas, aksincha bir maqsadga birgalikda intilishini tushunaman. Inson yolgʻiz oʻzi harakat qilganidan koʻra, birgalikda mehnat qilsa osonroq boʻlarkan. Biz, turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda juda koʻplab xalqaro grant dasturlarga topshirdik. Taqdir taqozosi bilan har ikkimiz Vengriyada magistraturada taʼlim olish uchun xalqaro talabalarga beriladigan “Stipendium Hungaricum” grantini yutdik va magistraturada taʼlim olish uchun Vengriya davlatiga keldik. 2021-yildan buyon oilamiz bilan Vengriya davlatida yashab kelyapmiz.
Stipendium Hungaricum grantiga qanday topshirish, talab etiladigan hujjatlar va grantning manfaatli jihatlari
Stipendium Hungaricum – bu Vengriya hukumati tomonidan taqdim etiladigan xalqaro stipendiya dasturi boʻlib, u xorijiy talabalarni Vengriya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishga jalb qilishni koʻzda tutadi. Dastur orqali talabalar bakalavriat, magistratura, doktorantura va qisqa muddatli kurslarda oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu grant dasturi uchun arizalar 15-noyabrdan boshlab qabul qilinadi. Ariza topshirish jarayoni onlayn tarzda ushbu sayt orqali amalga oshiriladi va barcha kerakli hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Oʻzbekiston fuqarolari uchun Vengriya hukumati tomonidan 2025/2026 oʻquv yili uchun 170 ta stipendiya ajratilgan.
DAAD, Chevening yoki Fullbright grantlari bilan solishtiradigan boʻlsak, Oʻzbekiston uchun 20 baravar koʻproq joy mavjud va bu degani grant yutish imkoningiz ham shuncha marta koʻproq degani. Dastur haqida batafsil maʼlumot va ariza topshirish boʻyicha koʻrsatmalarni rasmiy veb-sayt orqali olishingiz mumkin.
Gibrid taʼlim tizimi Oʻzbekistonda ham boʻlishini istardim
2021-yil Stipendium Hungaricum granti bilan Budapesht Iqtisodiyot va Biznes Universitetida magistratura bosqichida oʻqishni boshladim. Turmush oʻrtogʻim yonimda ekanligi eng katta mening yutugʻim boʻlgan desam adashmagan boʻlaman. Birinchi kursni tamomlagach, ilk marta onalik baxti nasib etdi. Oʻzingiz yaxshi bilasiz, xorijiy davlatda taʼlim olish, ayniqsa magistraturada oʻqishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ona boʻlgach mening vazifalarim yanada ortgandi. Yaxshiyamki, turmush oʻrtogʻim yonimda ekanlar, menga doim dalda boʻldi. Universitetda imtihonlarim bor paytida oʻgʻlimizga qarab turardi. Ular ham oʻz navbatida talaba boʻlgan, ularning imtihoni boʻlgan paytida esa men masʼuliyatni zimmamga olaman.
Ona sifatida aytamanki, Vengriyada taʼlim olishning bir jihati yaʼni gibrid oʻqish imkoniyati menga juda qoʻl keldi. Topshiriq va vazifalarni onlayn topshirish mumkin edi, faqat seminar darslarga borib qatnashardim. Oʻylaymanki, Oʻzbekiston taʼlim tizimiga gibrid usuli kiritilsa yaxshi samara beradi. Har kuni talabaning universitetga qatnashi, davomati yuz foiz va doim formada boʻlishi uni hech qachon oʻz sohasining yetuk mutaxassisi qilib qoʻymaydi. Aksincha, talabalarga shunday muhit yaratish kerakki, ular oʻzlari anglab yetsin, chindan ham bu soha ularnikimi?! Majburiyat bilan, xoʻjakoʻrsinga universitetga borib kelgandan koʻra, qaysidir kunlari oʻz ustida oʻzi mustaqil ishlasa sohasini koʻproq oʻrganadi deb hisoblayman.
Qancha erta ish qidirishni boshlasangiz, shuncha yaxshi
“Hali qoʻlimda diplomim yoʻq. Oʻqishni tamomlagach bemalol ish qidiraman”, – degan xayollarga aldanib qolmang. Yevropa – bu Oʻzbekiston emas. Bu yerda tanish bilish orqali “sekingina rozi qilib”, ishga joylashib olish tushunchasi yoʻq. Ishga kirish uchun, avvalo oʻz sohangizni yaxshi bilishingiz, siz yashab turgan davlatning tilini oʻzlashtirgan boʻlishingiz va koʻp hollarda ish tajribasiga ega boʻlishingiz lozim. Qancha erta ish qidirishni boshlasangiz, shuncha yaxshi. Magistraturani tamomlashdan 6 oy avval ish qidirishni boshladim. Koʻplab ishlarga hujjatlar topshirdim va Minspire Consulting plc xususiy korxonasidan ish taklifi oldim.
Toshkentdagi Ipoteka bank bilan hamkorlikdagi loyiha
2023-yil sentyabr oyidan buyon ushbu korxonada biznes analitik sifatida ishlab kelyapman. Oxirgi bir yarim yilgi faoliyatim davomida OTP Group kompaniyasi va Toshkentdagi Ipoteka bankning bir loyiha ustida ishladim. Bu loyihaning asosiy maqsad va mazmuni avtomatlashtirilgan bank tizimi bilan bogʻliq va bu loyiha davomida bir necha marta biznes tashrifi bilan Toshkentga borib-keldim. Menga ichki faxr va minnatdorlik hissini bergan asosiy omil shu boʻldiki, xorijiy davlatda ishlasam-da, Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish va oʻz vatanimni ravnaqi uchun bir misqol boʻlsa-da, oʻz ulushimni qoʻsha olishda edi. Loyihani Vengriya va Oʻzbekistondagi hamkorlarimiz bilan muvaffaqiyatli tarzda yakunladik.
Sunʼiy intellekt tizimlari orqali kompaniya va korxonalar yanada rivojlanadi, asosiysi eng optimal variantni tanlash
Hozirda sunʼiy intellekt boʻyicha yana bir yangi loyiha ustida ishlayapman. Bugungi kunda bozorda raqobatbardosh va juda ham koʻp qulaylik va ustunliklarga ega boʻlgan sunʼiy intellekt tizimlari ishlab chiqilmoqda. Yangi loyihamizning asosiy maqsadi – sunʼiy intellekt tizimlarini oʻrganib chiqib, bizning korxonamizga mos keladigan eng optimal variantni tanlab olish.
Bu “market research” deyiladi, yaʼni bozorni oʻrganib chiqamiz, keyin analitik tahlil asosida, narxlar, qulayliklar, xavfsizlik va boshqa tomonlarini bilib, eng maqbul variantni tanlaymiz. Hozirda mana shu tadqiqotni jamoamiz bilan birgalikda amalga oshiryapmiz. Bizning jamoamizda ancha katta va tajribali mutaxassislar yigʻilgan. 10 dan ortiq maslahatchi mutaxassislar, biznes analitiklar, arxitektorlar va loyiha menejeri birgalikda ushbu loyiha ustida ishlaydi. Optimal sunʼiy intellekt tizimi orqali korxonamiz yanada kengayadi, xizmat sifati yaxshilanadi va tezlashadi.
Ukrainadagi urush Vengriyaga ham salbiy taʼsir qildi
Vengriya davlati Yevropaning markazida joylashgani va tabiati juda chiroyli ekani bilan ajralib turadi. Oxirgi uch oy va uch yillikdagi Vengriyadagi vaziyat hamda bir oylik xarajatlarni taqqoslaydigan boʻlsam, bu ikki davr oʻrtasida ochigʻi juda katta farq bor. Oxirgi uch yillikda Vengriyada uy narxlari, oziq-ovqat va boshqa toʻlovlar keskin koʻtarildi. Buning asosiy sababi Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush. Vengriya Ukraina bilan chegaradosh, bundan tashqari, Vengriya siyosiy va iqtisodiy tomondan Rossiya va Ukraina bilan hamkor. Shu sababdan qoʻshni mamlakatdagi notinchlik Vengriyaga ham katta taʼsir qilmoqda. Yashash xarajatlari so‘nggi uch yil davomida deyarli 2-3 barobar oshib ketdi.
Eng asosiy xarajat bu uy ijarasi. Hozirda bir oilaga ikki xonali uy ijarasi barcha qoʻshimcha toʻlovlari bilan Budapesht markazida oʻrtacha €750-800 ni tashkil qiladi. Oila daromadi esa ikki kishi ishlaganda soliqlardan tashqari €3000. Albatta, bu oʻrtacha miqdor bundan koʻp ham, oz ham boʻlishi mumkin. Uch kishilik oilaga xarajatlari uchun 1000-1500 yevro sarflanadi.
Vengriyada bolalar bogʻchasi mutlaqo bepul
Vengriyada ikki xil bogʻchalar bor: olti oydan uch yoshgacha boʻlgan bolalar asosan yasli bolalar bogʻchasi va uch yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bogʻchalar. Oʻgʻlimni bir yoshligidan kichik yoshli bolalar bogʻchasiga berganman. Yaslilar ertalab 7 dan kechki soat 5 gacha faoliyat yuritadi. Faqatgina doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatga olingan yashash manzilingizga qarab, farzandlaringizni bolalar bogʻchasiga berishingiz mumkin. Davlatga qarashli boʻlgan bogʻchalar mutlaqo bepul va venger tilida faoliyat yuritadi.
Agar farzandlaringizni ingliz tilida oʻqitiladigan bogʻchalarga bersangiz oʻrtacha hisobda oyiga 500-600 yevro toʻlaysiz. Ochigʻini aytganda, bu oʻrtacha daromadli oilalar uchun ancha qimmat. Yaslilar va bogʻchalardagi sharoitlar juda ham yaxshi. Menga eng yoqqan jihati esa bir guruhda 10-12 ta atrofida bolalar boʻladi. Har bir guruhga bittadan asosiy va yordamchi tarbiyachilar biriktiriladi. Oʻgʻlim venger tilida yaxshigina gapira oladi. Albatta, oʻz ona-tilimizni oʻgʻlim yaxshi oʻrganishini xohlayman. Shu sababli, uyda koʻproq oʻzbek tilida oʻgʻlim bilan gaplashishga harakat qilaman.
Vengriyadagi Oʻzbekiston elchixonasini Vengriyadagi uyim deb his qilaman. Oʻzbekistondagi eng koʻp men sogʻinadigan narsa bu mehr-oqibat, qoʻni-qoʻshnichilik va jamiyatimizdagi shaxslar bir oʻzi uchun emas, balkim birlashib jamiyat uchun harakat qilishi. 10 yil ortga qaytib, oʻzimga bir gap aytish imkoni boʻlganda “ortga qaramasdan, faqat oldinga intil”, deb aytgan boʻlardim. Bugungi kunimga cheksiz shukronalik his qilaman.
Mashhura Rahmonova suhbatlashdi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q