
Muqaddima
Jinoyat tushunchasi davlat tuzilmasi kabi qadimiy. Tabiat qonunlaridan huquqiy tartib-nizomga o‘tgan jamiyatda jinoyatning xilma-xil turlari paydo bo‘lgan. Xo‘sh, mazkur istiloh davlat qonunlarini buzishga nisbatan ishlatiladimi yoki mavjudlik qonunlarini buzishga nisbatan? Deylik, qotillik mudhish jinoyat hisoblanadi, ammo urushda dushmanni o‘ldirish ayb emas. Ya’ni odamkushlik uchun bir holatda jazo tayinlansa, boshqasida mukofot beriladi.
Masalaga falsafiy yondashsak, dunyoda asosan ikki nuqtai nazar keng tarqalganiga amin bo‘lamiz. Birinchisiga ko‘ra, olamni Xudo yaratgan va biz ilohiy qonunlarga ko‘ra yashashimiz, yaqinlarimizni sevishimiz va ojizlarga yordam berishimiz kerak. Ikkinchi yondashuvga muvofiq, bizning dunyomiz uzoq davom etgan evolyutsiya mahsulidir. Binobarin, biz tabiiy tanlanish qonuniyatiga muvofiq umrguzaronlik qilishimiz kerak. Bunda eng kuchlilar omon qoladi, zaiflar esa nobud bo‘ladi. Xo‘sh, qay bir qonuniyat asosida yashagan ma’qul: inson har qanday holatda ham omon qolmoq uchun kurashishi kerakmi yo yaqinlari, do‘st-yori uchun jon fido etmog‘i lozimmi?
Bunday bahs-munozaralar faylasuflar va huquqshunoslar o‘rtasida necha zamondan beri davom etib kelayotir. Ilgari jinoyatchilik sabablarini ijtimoiy shart-sharoitlardan izlash kerak deyilgan bo‘lsa, zamonaviy nuqtai nazarga ko‘ra, uning ildizlari inson genetikasida yotadi. Bugungi voqelik jinoiy xatti-harakatlarning sodir etilishi nafaqat jamiyatdagi norasoliklar, balki inson ichki olamidagi beqarorliklarga ham bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Inson ruhiyatida mudom ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasida kurash kechadi. Bu ziddiyat inson tabiatida gohida bunyodkor, gohida vayronkor hissiyotlar shaklida yuzaga chiqadi. Inchunin, inson hayoti ana shunday tuyg‘ular qorishmasidan iborat. Ammo masalaning yana bir muhim jihati bor. Insonlar ruhiyati davlatning ijtimoiy, ma’naviy asoslarini belgilaydi, o‘sha o‘lchamlarga hamohang siyosiy tuzum vujudga keladi. Inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi murakkab munosabatlar, xususan, atoqli rus adibi Fyodor Dostoyevskiy asarlarida teran tadqiq etilgan.
Dostoyevskiy asarlari bashariyatning qimmatli ma’naviy merosiga aylangan. Adibni Zigmund Freyd, Erix Fromm kabi olimlardan-da yuksakroq shuhrat cho‘qqisiga olib chiqqan badiiy g‘oya ham aynan inson falsafasining ziddiyatli qirralariga daxldordir. Yozuvchi cho‘ng iste’dodi ila inkishof etgan badiiy, hayotiy haqiqatlar davlat va inson o‘rtasidagi aladdavom ixtilof, odamzodning ma’naviy-ruhiy inqirozi, zo‘ravon siyosat asoratlari, jamiyatdan ajralib qolgan, begonalashgan yolg‘iz inson fojiasi, axloq va huquq tafovutlarida namoyon bo‘ladi. Muallif “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Jinlar” kabi romanlarida insonning vijdoniy tanlovini tahlil qilar ekan, achchiq xulosalarga keladi.
Dostoyevskiy inson, Arastu ta’riflaganidek, siyosiy mavjudot ekanini e’tirof etgani holda, u qonunlarni buzishga moyil ijtimoiy maxluqot ekaniga ham e’tibor qaratadi. Adib talqinidagi insonning ko‘p qatlamli, ko‘p qiyofali “men”i biron qolipga sig‘maydi, uning ruhiyatidagi isyonkorlik ijtimoiy fazilatlarga ega bo‘lgan bunyodkor shaxs “men”idan ko‘ra murakkabroq va jamiyat uchun xatarlidir. Uni keltirib chiqaruvchi omillar qalbning ichki “oshxona”si yoxud “jinoiy fikrlar laboratoriyasi” bilan chegaralanmaydi (Бачинин В. Антропокриминология Достоевского: типы преступников. Журнал социологии и социальной антропологии. Том III. 2000, № 2. Cтр. 67–81).
Yozuvchi qahramonlarining “men”ida sof e’tiqodga zid da’volar bilan birga mushohadaga undovchi axloqiy, huquqiy dalillarni kuzatish mumkin. Inson ruhiyatining tushuniksiz, hatto paradoksal xususiyati shundaki, u vaqti-vaqti bilan mavjud hukmron tartibdan norozilik tuyib, ijtimoiy me’yorlar, qonunlarga “asirlik”, yakranglikdan bezor bo‘lgani bois tartib o‘rnida tartibsizlik, yaratuvchanlik o‘rnida buzg‘unchilikni qo‘msay boshlaydi.
“Jinoyat va jazo”dan anglashiladiki, “jinoyatchilikda g‘ayrioddiy qobiliyat”ga ega shaxsiyat zulmatda qolmoqqa mahkumdir. U erkinlikni suiiste’mol qilib, hokimiyat va umume’tirof etilgan qadriyatlarni inkor etadi. Asar qahramoni ruhiyatiga soya solgan qorong‘i xarizma uni pirovardida dunyoda Xudo borligini his qilish ne’matidan ham mosuvo qiladi.
Roman tafsilotlariga ko‘ra, “jinoyatchi odam” obrazi ijtimoiy-tarixiy nuqtai nazardan istiqbolli bo‘lib chiqadi. Qahramon timsolida biz davr da’vatlariga qarshi kurashuvchi “mashina-odam”ni ko‘ramiz. Har qanday axloqiy to‘siqlarni osongina bosib-yanchib o‘tadigan sovuqqon “mashina-odam” siyosiy jinoyatchining yangi bir avlodi sifatida namoyon bo‘ladi. “Jinoyat va jazo” qahramoni bunday deb xitob qiladi: “Qonun bu, Sonya! Shunday!.. Men kimda-kim qudratli, aql-irodada kuchli bo‘lsa, ularning ustlaridan hokim bo‘lishini endi bildim! Kim qancha ko‘p uddalay bilsa, ular ichida o‘sha haq bo‘lib chiqarkan. Kim uzoqroq tupursa, o‘sha ularning nizomi bo‘larkan, kim chovutini qancha ko‘p narsaga urishga jur’at qilsa, o‘sha ularning hammasidan ham haqliroq bo‘lib chiqarkan! Shu zamongacha shunday bo‘lgan va bundan so‘ng ham shunday bo‘lib qolajak!” (Ibrohim G‘afurov tarjimasi.)
1
Dostoyevskiycha “mashina-odam” istilohi birinchi navbatda g‘arbona ishbilarmonlik muhiti vakili bo‘lgan qahramonlarga nisbatan qo‘llanadi. U hisob-kitobli, shafqatsiz, maqsadiga erishish uchun har qanday yo‘ldan borishga shay, hatto qabohat va jinoyatlardan-da tap tortmaydi. Hokimiyatga intiladigan kuchli mexanik irodaga ega bo‘lgan Rodion Raskolnikov ham o‘z tabiatiga mos mashinamonand siyosiy dasturni maqbul deb biladi. Unga muvofiq, totalitar boshqaruv usullariga asoslangan davlat o‘z fuqarolarini doimo qo‘rquv, tahlikada tutib turishi, fuqarolar ustidan muttasil kuzatuv olib borishi, iste’dodlar va yorqin shaxslar mafkuraviy bosim, politsiya terrori orqali yo‘ldan supurib tashlanishi kerak edi. Bu dasturni amalga oshirmoq uchun axloqiy tutumlarni butunlay yo‘q qilish, tartibni tartibsizlikka aylantirish lozim bo‘lar edi.
Dostoyevskiyning mushkul-murakkab vaziyatda siyosiy sahnaga chiqqan qahramonlari o‘z mayllarini qondirish yo‘lida dahshatli vositalarni o‘ylab topadi. Ularning aql-tafakkuri nainki g‘oyalar, balki hukmronlik qutqusidan kuch oladi. “G‘ayrioddiy” odamlar ezgulik yo‘lida har qanday jinoyatni sodir etishi mumkin, degan sog‘lom aqlga zid da’voni ilgari suradi ular. Yodingizdadir, Raskolnikov ham “Men jamiyat uchun ziyon keltirayotgan bir sudxo‘rni o‘ldirdim, davlat esa minglab odamlarni qurbon qilib yubormoqda. Nega u jinoyatchi emas, nega u javob bermaydi?” deya o‘zini oqlamoqqa urinadi.
Aslida, inson ruhiyatini majruh etgan, davlatni o‘zak mohiyatidan mahrum qilgan inkvizitsiya hodisasi “jinlar jamiyati”ning tamal toshini qo‘ygan edi. Darvoqe, barcha “izm”larning aynan G‘arbda vujudga kelishi sabablaridan biri ham shu bo‘lsa ajab emas. Xususan, fashizm va bolshevizm ta’limotlari “telbalar va jinlar jamiyati”ni tartibga solishga urinar ekan, inson qiyofasini yo‘qotgan “xo‘rlangan va haqoratlanganlar” uchun go‘yo xaloskor g‘oyalarni taklif etdi.
Ziddiyatli shaxs, ulkan iste’dod sohibi Fyodor Dostoyevskiyning o‘zi ham uzoq muddat tutqunlik va surgun azobini totgan bo‘lsa-da, yolg‘izlik, yovuzlik iztiroblaridan qutula olmaydi. 1861–1863-yillar “Время” jurnalida ishlab yurgan davrlarida rus dvoryanlarining ma’naviy qashshoqligi, axloqiy tubanligi hamda xalqni shafqatsiz ekspluatatsiya qilishini fosh etadi. Keyinroq esa adib Turkistonni zabt etish targ‘ibotchilaridan biriga aylanadi. Ruslar Yevropaga yurish qilsa, “varvarlar” deb atalar ekan. Osiyoda esa ular madaniyatli millat o‘laroq kutib olinar emish (qarang: Достоевский Ф. Собрание сочинений в 15 томах. Том 14. СПб, “Наука”, 1995).
Rossiyada bolshevizmning vujudga kelishi qisqa muddatli inqilob mahsuli emas edi. Uning nazariy ildizlari imperiya aholisi ongi va qalbida shakllangan shovinistik ruhiyatga borib taqaladi. Biz bejiz inson va u yashab turgan muhitga urg‘u bermayotirmiz. Faylasuf Karl Popper “ochiq jamiyat dushmanlari”ni sanaganda, gapni shunchaki Aflotundan boshlamaydi. Gap shundaki, erkinlik va mutlaq erkinlik o‘rtasidagi muvozanat tanlovi ko‘pincha ikkinchisining foydasiga hal bo‘lgan. Mutlaq erkinlikka ega bo‘lgan ruhiyat axloqiy chegarani unutadi. Bu esa jinoyatning jazosiz maydonini vujudga keltiradi.
Bolshevizm totalitarizm demakdir. Totalitarizm – hokimiyat ijtimoiy hayot, jamiyat va shaxs ustidan yalpi nazorat o‘rnatgan tuzum. U jamiyat qarashlarini rasmiy mafkuraga bo‘ysundiruvchi siyosiy usullar orqali qaror topadi. Garchi noinsoniy va adolat tamoyiliga ters bo‘lsa-da, bolshevizm g‘oyasini bayroq qilgan totalitar davlat muayyan huquqiy tamoyillarga tayangan, bu maqom uning Konstitutsiyasida muhrlangan edi.
2
Sovet davlati o‘ta markazlashgan va buyruqbozlik xarakteriga ega boshqaruvni shakllantirdi. Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalar ustidan to‘liq davlat nazorati o‘rnatildi. Fikrlar xilma-xilligi, tafakkur hurligi, muxolifatchilik qat’iyan man etildi, siyosiy erkinliklar taqiqlandi. Millatlarning qadimiy urf-odat va qadriyatlari cheklandi, adolatparvar ziyolilar qatag‘onga uchradi. Hukmron partiyaning o‘zboshimchaligi va zo‘ravonligi millionlab odamlarning umriga zomin bo‘ldi.
Stalin davrida siyosiy zulm va zug‘um eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Bu davrning xarakterli jihati shuki, repressiv organ sanalgan Davlat xavfsizligi qo‘mitasi tizimli ravishda barcha katta-kichik tashkilotlar ustidan yalpi nazorat o‘rnatdi. Sho‘rocha tipdagi bu tuzilma jamiyatda yuz minglab begunoh kishilarni nohaq jazoga mustahiq etdi. Chinakam qo‘rquv saltanati bunyod etildi.
1940-yillar oxiri – 1950-yillar boshlarida Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi direktivalarini amalda tatbiq etish jarayonida dastavval ilm-fan, adabiyot va ishlab chiqarish sohalaridagi yetakchilar, ziyolilarni ijtimoiy qatlam sifatida mahv etishga qaratilgan maxfiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Jumladan, 1947-yil iyun oyida Ichki ishlar xalq komissarligining (NKVD) 44 banddan iborat (003) 47-sonli yo‘riqnomasi (“Josusnoma” dasturi – T. A.) qabul qilinadi. O‘ta maxfiy hujjatda Sovet davlati tasarrufidagi mustamlaka respublikalarni tobelikda tutib turishning o‘ziga xos usullari belgilab berilgan edi. Yo‘riqnoma, jumladan, quyidagi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi:
– Tashkilotchilik qobiliyatiga ega va xalq orasida mashhur bo‘lgan kishilarga alohida e’tibor berish kerak. Bunday kishilarni og‘dirib olishga urinish zarur, mabodo taklif rad etilar ekan, ularning yuqori lavozimlar tomon yo‘lini to‘sib qo‘yish lozim bo‘ladi.
– Shunday bir vaziyat yaratish kerakki, davlat xizmatchilarining (maxsus xizmat va harbiy sanoatdan tashqari) daromadlari juda kam miqdorni tashkil etsin. Bu, avvalo, sog‘liqni saqlash, sud va ta’limga, qolaversa, barcha rahbar xodimlarga taalluqlidir.
– Boshqarmalar va korxonalardagi idoraviy lavozimlarga (joylardagi hukumat organlari bilan kelishuvsiz) maxsus xizmat bilan hamkorlikda bo‘lgan kishilarni tayinlash zarur.
– Shunday qilish kerakki, har qanday masala bilan bir vaqtning o‘zida bir qancha qo‘mita, muassasa va tashkilotlar shug‘ullansin, ammo ularning birortasi uni hal etish huquqiga ega bo‘lmasin. Rahbarlarning faoliyati faqat topshiriqlarni bajarish bilan chegaralanishi kerak.
– Kasaba tashkilotlari zinhor korxona rahbariyatiga qarshi chiqa oladigan huquqlarga ega bo‘lmasligi kerak. Ularni boshqa ishlar bilan, masalan, dam olish va ta’tillar uyushtirish, pensiya, kredit arizalarini hal qilish, sayohatlar, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish, kamyob mollarni taqsimlash singari yumushlar bilan band qilib qo‘yish kerak. Ular siyosiy rahbariyat qarorlarini yoqlashlari va tushuntirish ishlarini olib borishlari lozim.
– Partiya, davlat va xo‘jalik apparatida ishlayotgan tub yer kishilarini shunday vaziyatga solish kerakki, o‘z qo‘llari ostidagilar ko‘z o‘ngida ularning obro‘si to‘kilib, avvalgi davralariga qaytishga imkoni qolmasin.
– Barcha ilmiy tekshirish institutlari va laboratoriyalarini doimiy kuzatib borish zarur.
– Mahalliy aholi orasidan yetishib chiqqan rahbarlarga milliy tus berilishiga yo‘l qo‘yiladi, ammo bu hol millatning o‘sishi, birlashuviga xizmat qilmasligi kerak.
– Xususiy korchalonlar va hunarmandlarni shunday dastgoh hamda xomashyo bilan ta’minlash kerakki, sifatli mahsulot tayyorlashning imkoni bo‘lmasin. Ularning mahsulotlari narxi davlatnikidan qimmat bo‘lishi kerak.
– Boshlang‘ich va o‘rta maktablarda, eng asosiysi, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida o‘ta e’tibor qozongan o‘qituvchilar ishdan chetlashtirilishi lozim. Ularning o‘rniga biz tomonimizdan belgilanadigan kishilarni qo‘yish kerak. Fanlar orasidagi farq yo‘qotib yuborilishi, lotin va eski yunon tillari, umumiy falsafa, mantiq va genetika fanlari o‘tilishi to‘xtatilmog‘i shart. Tarix darslarida o‘tmishdagi siyosatdonlar vatan ravnaqiga xizmat qilgani yoki xizmat qilishga uringani haqida gapirish mumkin emas. E’tiborni faqat podshohlar zulmi va ularga qarshi xalq kurashiga burmoq lozim.
– Siyosiy rahbarlikka muqaddam qamalgan shaxslarni qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rish lozim. Mahalliy aholi ixlos qo‘ygan g‘animlarimizni og‘dirib olmoq yoki ta’zirini bermoq zarur. Ularni qonunbuzarlikda ayblab qamash yoki “baxtsiz hodisa” atalmish bahonai sabab ila yo‘q qilib yubormoq kerak.
– Siyosiy ayblov bilan qamalgan fuqarolarni oqlashdan mumkin qadar qochish kerak. Mabodo, oqlash lozim bo‘lib qolsa, u holda yangi sud jarayonisiz (sudya, aybdor, qoralovchi va ma’lumot beruvchini chaqirmay) sudning xatosini tuzatish sifatida ish ko‘rish mumkin.
– Partiya tomonidan tayinlanadigan rahbarlar ishimizga ziyon keltirsa ham, o‘ziga bo‘ysunadigan kishilar o‘rtasida norozilik uyg‘otsa ham baribir sudlanmasligi darkor. O‘ta qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishsa, ularni lavozimidan bo‘shatib, boshqa bir shunday mansabga yoki undan-da balandrog‘iga qo‘yish lozim bo‘ladi. Buning imkoni bo‘lmagan vaziyatda ularni biron bir rahbarlik lavozimiga mo‘ljallab, zaxiradagi kadrlar ro‘yxatiga kiritib qo‘yish kerak.
– Ish joylarida peshqadam mutaxassislar bo‘shatilishi hamda ular o‘rniga chalasavod, mulohazasiz xodimlar qo‘yilishiga erishmoq kerak.
– Oliy o‘quv yurtlariga shunday kishilarni qabul qilish kerakki, ular xalqning omi qatlamidan bo‘lsin, ularni mutaxassislik bo‘yicha chuqur bilim emas, balki faqat diplom qiziqtirsin (O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. Toshkent, “Sharq” NMAK, 2000. 510-bet).
Sovet davlati shu tariqa jamiyatning mafkuraviy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarini “temir musht” siyosati asosida muvofiqlashtirish va yanada mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi. Insonlarni kodifikatsiya qilgani, qullikning industrial bosqichini boshlab bergani qizil imperiya siyosatining eng katta “yutug‘i” sanaladi.
3
Siyosat vositasida uyushtiriladigan jaholatni davlat sodir etadigan jinoyat deb atash mumkin. Shu ma’noda Raskolnikovning ayrim mulohazalari muayyan mantiqqa ega. Dostoyevskiy qahramoni bo‘ysunmas odamning axloqiy qonunlarga qarshi jinoyat sodir etish huquqini yoqlaydi. Totalitar tuzum ham inson qiyofasidan mahrum bo‘lgan xastalar jamiyatini vujudga keltiradi. Bunday muhit mudhish jinoyatlarga doyalik qiladi.
Ma’muriy-buyruqbozlik usuli zamirida taraqqiyot yoxud farovonlikka intilish emas, balki jamiyatni yalpi parokandalik holatini vujudga keltirish orqali idora etish maqsadi yotadi. Bunda vazifalar ulug‘, amallar esa mavhum keladi. Ana shu maqsadlar ijrosiga kamarbasta boshqaruv tizimi ham shakllantiriladi. Parlament, sud hokimiyati va boshqa turli institutlar, mahalliy ijro organlari yagona partiya (shaxs) irodasiga bo‘ysundiriladi. Boshqaruv idoralari umumiy yoki mavsumiy yumushlarga jalb etilib, asosiy vazifalardan chalg‘itiladi. Aholi turli ommaviy yumushlarga yoxud qishloq xo‘jaligi ishlariga safarbar etiladi. Yo‘riqnomada uqtirilganidek, shunday muhit yaratiladiki, bironta vazirlik samaradorlikka erishish imkoniga ega bo‘lmaydi.
Insonning madorini quritadigan, ruhiyatini charchatadigan usullardan yana biri bu – surunkali va davomli majlislar o‘tkazish amaliyoti. Majlislarda go‘yo tahliliy xulosalar chiqariladi. Aslida esa, ulardan ko‘zlangan maqsad utopik g‘oyalarni (kommunizm qurish) singdirish, rahbarlarni manqurtlarga aylantirish edi.
Iqtisodiyot, moliya, soliq, sanoat va xo‘jalik yuritish ishlarining ilmiy tamoyillardan uzib qo‘yilishi ham ongli ravishda amalga oshirilgan usullar sirasiga kiradi. Byudjet tanqisligi, yo‘qchilik, inflyatsiya kabi qator muammolarning vujudga kelishi yo‘riqnomada ko‘rsatilgan talablarga mos keladi. Bu hol korrupsiya tegirmoniga suv quyadi. Oqibatda aksar rahbarlar muttahamga aylanadi va ularning har biri ustidan jinoiy ish ochish mumkin bo‘lib qoladi. Inson bo‘lsa bas, ayb-u nuqson topiladi, jazo ham tayyor! Asosiy daromadlar esa yuqori qatlam orasida taqsimlanadi. Quyi bo‘g‘indagi ijrochilar rejalarni bajara olmayotganidan o‘zini mudom aybdor his qilib yuradi. Jamiyatda oddiy tadbirkorlarning daromadlari soliqlar asosida cheklab qo‘yiladi. Qarabsizki, barcha qatlam nazoratda va tobelikda!
Totalitar tuzumda hatto qonunlar ham mustabid mafkura va yakkaqo‘l iqtisodiy tartibotni himoya etishga xizmat qiladi. Qonunlar mavhum, mubham bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. Muayyan qonunlar ommaga tushunarli bo‘lib qolsa, u darhol o‘zgartiriladi. Boz ustiga, qonunlarni amalga tatbiq etish mexanizmi ishlab chiqilmaydi. Bor-yo‘g‘i falon qonunlar qabul qilingani ovoza etiladi, xolos. Yana bir salbiy jihat shuki, qonunlar orqali inson manfaatlari davlat manfaatlariga qurbon qilinadi. Inson sha’ni, qadr-qimmati, e’tiqod-irodasi, erkinlik orzusi davlat qonunlari qolipiga kiritiladi. Bu qolipdan chiqqan shaxs jinoyatchiga aylanadi.
Mas’ul lavozimlarga munosib kadr tanlash va tayinlash davlatning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Ammo NKVD yo‘riqnomasida qayd etilganidek, sho‘ro davrida ko‘pincha topshiriqlarni og‘ishmay ijro etadigan, ammo tahlil, tafakkur layoqatidan mahrum shaxslarga lavozim pillapoyalaridan ko‘tarilishga imkon berilgan. Zotan, bu toifa rahbarlar tuzumga sadoqat bilan xizmat qilgan, uning barqarorligi, poydorligiga hissa qo‘shgan. Mustaqil fikrli kadrlar esa siqib chiqarilgan.
Boshqa mustabid rejimlar kabi sovet davlati ham “quloqlar” texnologiyasidan keng foydalangan. Aksar ishlab chiqarish muassasalarida ayg‘oqchilik shtati joriy etilgan. Ularning vazifasi “nomaqbul” odamlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatishdan iborat edi.
Totalitar tuzum ilm-fan va ta’lim sohasini ham o‘z yo‘rig‘iga solishga uringan. Shu sababdan, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida katta e’tibor qozongan, odamlarni o‘z ortidan ergashtirish salohiyatiga ega o‘qituvchilar turli sabablar bilan, ko‘pincha “sopini o‘zidan chiqarib” ishdan chetlashtirilgan. Sovet davlati ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirishga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Zero, bu fanlar fikr erkinligi, ijodkorlik qobiliyatini o‘stirishda muhim o‘rin tutadi. Maxfiy yo‘riqnomadagi oliy o‘quv yurtlariga chuqur bilim egalarini emas, balki quruq diplom ixlosmandlarini qabul qilish haqidagi ko‘rsatma ham mustabid tuzum juda uzoqni ko‘zlaganidan dalolat beradi. Chunki bilimdon, mustaqil fikrli odamlarning ko‘payishi sardor-u sarkorlarning boshqaruv faoliyatiga xalal berishi mumkin edi. Universitetni amal-taqal bitirgan talabalar esa parokanda va alamzada jamiyatga singib, yo‘q bo‘lib ketar edi.
NKVD ishlab chiqqan maxfiy hujjat sho‘ro davlati boshqaruvida dasturulamal vazifasini o‘tagan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ayni shu yo‘riqnoma asosida Kommunistik partiyaning siyosati shakllantirilgan, hayotga tatbiq etilgan. “Insonparvarlik”, “xalqlar do‘stligi” kabi jozibador g‘oyalar bilan niqoblangan qizil mafkura, aslida, ulkan mamlakatni insoniyatga qarshi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan nobakorliklar sodir etilgan jazo koloniyasiga aylantirgan edi. Taassufki, mudhish jinoyatlarning aksari huquq doirasida, qonun shamsiyasi ostida amalga oshirilgan edi.
Xulosa
Hokimiyatning axloq sarhadlarini buzishi va zulmga berilishi davlatni tanazzulga olib keladi. Boz ustiga, zo‘ravonlik siyosati uzoq muddat davom etsa, bu hol butun xalqlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ularning milliy g‘ururi va vatanparvarlik fazilatlariga zaxa yetadi. O‘tgan asrning 90-yillarida Sovet davlati ham intihoga yuz tutdi. Xo‘sh, milliy respublikalar shu bilan qizil mafkuraning g‘ayriinsoniy merosidan butkul forig‘ bo‘ldimi? Mustabid tuzum inson, jamiyat va davlat munosabatlarida, ma’naviy jabhada qanday asoratlar qoldirdi?
Jamiyatda totalitar siyosat turli ijtimoiy shart-sharoitlarga ko‘ra qaror topadi. Bunday jamiyat shakllanishi inson tafakkuri bilan bog‘liq hodisa ekan, uni o‘tmishga aylandi, deb bo‘lmaydi. Boz ustiga, jamiyatda raskolnikovlar ham mudom mavjud. Har doim zo‘ravonlik qilishga “qodir va haqli” odamlar chiqadi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, totalitar tafakkurning milliy qiyofasi yo‘q, u insoniyatga xos xususiyatdir. Bugun ham dunyoning ba’zi mamlakatlarida millionlab odamlar o‘z erki va taqdirini ixtiyoriy ravishda mavhum g‘oyalar yoxud g‘ayriinsoniy mafkuralar ilkiga topshirib qo‘yayotgani mazkur xulosani tasdiqlaydi.
Darvoqe, dunyo bo‘ylab tomir otgan bozor iqtisodiyoti va liberalizm ruhiy qullikning iste’molchilik deb atalgan yangi ko‘rinishini paydo etdi. Ayni vaqtda ana shu ehtiyoj va mayllarni qondiruvchi davlat mashinasi mukammallashtirilmoqda. Endilikda insonni tobelik va mutelikka olib kelayotgan omil og‘ir ijtimoiy turmush emas, balki iste’molchilik psixologiyasidir. Modomiki, jamiyat taraqqiyoti iste’molchilikning o‘sishiga bog‘liq bo‘lsa, bu davlatning asosiy tamoyiliga aylanib, oxir-oqibat uning yo‘q bo‘lishiga olib kelishi tayin.
Odamzod yaxshilik va yomonlik, nafosat va zalolatni qorishtirib yuborgan, soxta qadriyatlar asirligida yashayotgan bir davrda Fyodor Dostoyevskiyning inson haqidagi falsafiy qarashlari yanada muhim ahamiyat kasb etayotir. Yozuvchi romanlarida qalamga olganidek, aksar jamiyatlarda sodir bo‘layotgan zulm va zo‘ravonlik, tengsizlik va umidsizlik sababli odamlarning qizil chiziqlardan hatlash ehtimoli ortmoqda.
Og‘ir sharoit yoki noinsoniy muhitni qotillikka oqlov sifatida ko‘rsatuvchilar ham bor. Ammo jinoyatni biror nazariya bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Shu ma’noda, Raskolnikovning qonunsizlikka izn berish, “ezgu maqsadlar yo‘lida jinoyat sodir etish” nazariyasi o‘ta xavfli, halokatlidir.
Dostoyevskiy shaxslar, hatto eng a’lo odamlar bo‘lsa ham, zulm-zo‘ravonlik qilishga haqli emasligini butun dunyoga anglatdi. Bugun ham insonning ma’naviy olami, xulq-atvori, xatti-harakatlari, umuman, jamiyat oldidagi javobgarligi muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Zotan o‘zgaruvchan, beqaror dunyoda har bir inson o‘zi va butun insoniyat kelajagi uchun mas’uldir. Bu jihatdan, daho adibning “Inson ruhiyatida faqat bunyodkorlik qudratigina mavjud emas” degan xulosasi bizni hamisha, har doim ogohlikka undaydi.
To‘lqin ALIMARDON
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Jinoyat jazosiz qolganda” maqolasi
Vatandosh
Til
Adabiyot
San’at
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q