
Sirlar tarjimoni
So‘z kim uchundir shunchaki muloqot vositasi, kim uchundir o‘tkir qurol yoki oddiy tovushlar yig‘indisi bo‘lsa, ilohiy iste’dod egalari uchun bemisl mo‘jizalar manbaidir. Hofiz Sheroziy ana shunday ulug‘ ijodkorlar sirasiga kiradi. Asrlar o‘tsa-da, uning dilbar va benazir ash’ori nazm shaydolarini hayrat ummoniga g‘arq etib kelayotir.
Xoja Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziy milodiy 1326-yili Eronning qadimiy ilm-u irfon maskanlaridan sanalgan Sheroz shahrida tug‘ilgan. Otasi Bahouddin asli isfahonlik bo‘lib, bazzozlik bilan shug‘ullanar, oila o‘rtamiyona kun kechirar edi. Otaning bevaqt vafoti sabab oila tang ahvolga tushib qoladi. Ikki aka ish qidirib yot o‘lkalarga ketadi, kichkina Muhammad esa novvoyga shogird tushadi. U arzimas maoshining bir qismini tirikchilikka, qolganini ilm tahsili va xayr-ehsonga sarflardi. Yoshligidan o‘tkir zehni, fasohati, yuksak she’riy qobiliyati bilan ajralib turgan Muhammad diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur o‘rgangan, Qur’oni karimni yod olgan. Shirali ovozda Kalomullohni tilovat qilishi, diniy kitoblar, qissa va marsiyalar, g‘azallarni o‘qishi barchaga manzur bo‘lganidan, u qissaxonlik qilib ro‘zg‘or tebratgan.
“Hofiz” so‘zi arabcha “hafaza” – asramoq kalimasidan yasalgan. Ikki toifa kishilar shu nom bilan izzatlanadilar: Qur’oni karimni yod olgan qorilar va shirali ovozga, yuksak iste’dodga ega bo‘lgan xonandalar. Bizda so‘zning ikkinchi ma’nosi kengroq qo‘llanadi.
Hofiz Sheroziy har ikki ma’noda bu nomga munosib edi. U Qur’onni o‘n to‘rt usulda qiroat qila olar, qasidaxonlig-u qissaxonlikda ham unga teng keladigani topilmas edi. Shu bois u o‘ziga Hofiz taxallusini olgan. Yoshligidan xattotlik ilmini ham egallagan.
Hofiz – inson qalbida jo‘sh urgan, ammo so‘z bilan ifoda etish mushkul bo‘lgan tuyg‘ularga nom bera olgan, ularni ifoda eta bilgan shoir, chin ma’noda ilohiy ishq kuychisi. Uning majoz vositasida bitilgan she’rlarida “avom ishqi”ga xos yuzakilik uchramaydi. Hofiz g‘azallarida rindlik, bodaparastlik, ko‘r-ko‘rona taqvo-yu toatni tark etish, haqiqatni ogoh va o‘tkir qalb ko‘zi ila ko‘rish va unga intilish g‘oyalari ilgari suriladi. Mutaassib ruhoniylar o‘z davrida uni dahriylikda ayblab, ta’qib etgan bo‘lsalar-da, ma’rifatparvar mutafakkirlar, orif allomalar shoirning biror misrasida shakkoklik belgisi yo‘qligi, aksincha, u Qur’on va hadislardan zinhor chetga chiqmaganiga shohidlik berishgan. Shu bois o‘z davrining yetuk fozillaridan bo‘lgan Mir Qosim uning kulliyotini “fors tilidagi Qur’on” deb atagan ekan. Shoirning o‘zi ham bir g‘azalida “Har chi kardam, hama az davlati Qur’on kardam”, ya’ni “Nimaiki qilgan bo‘lsam, hammasini Qur’onning sharofati, amri va davlati tufayli amalga oshirdim”, deydi.
Alisher Navoiy bobomizning ham shoir ijodiga ehtiromi yuksak bo‘lgan. Forsiy tilda bitgan g‘azallarida Hofizga xos fasohat va balog‘at jilva qilib turadi. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida unga “lison ul-g‘ayb va tarjumon ul-asror”, ya’ni g‘ayb tili va sirlar tarjimoni, deya ta’rif bergan. “Nasoyim ul-muhabbat”da yozilishicha Hofiz Sheroziy biror pirning sabog‘ini olmay, qo‘lidan tutmay turib, shunday komillikka yetishganki, bunday daraja hali biror insonga nasib etgan emas.
Biroq davr ijtimoiy muhiti, mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng parokandalikka yuz tutgan mamlakatdagi ahvol shoir ijodiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Hofiz garchi ko‘plab hukmdorlar e’tiborini tortgan, ular iltifotiga sazovor bo‘lgan esa-da, asosan faqirlik va muhtojlikda kun kechiradi. Kaltabin ulamolar, iste’dodsiz shoirlarning ta’qibiga uchrab, ulardan ko‘p aziyat chekadi. Saroy shoirlaridek boy, to‘q va farovon kun kechirishi ham mumkin edi, ammo u qalb xazinasi, ishq daqinasini har qanday boylikdan ustun bildi:
Chu Hofiz ganji o‘ dar siyna doram,
Agar chy muddaiy binad, haqiram.
Ma’nosi: garchi muddaiy – da’vogarlar ko‘ziga haqir, kambag‘al va miskin ko‘rinsam-da, xuddi Hofiz singari Yaratganning xazinasini qalbimda jo etganman.
Hofiz butun umr ona shahri Sherozda yashadi. She’rlari hayotlik chog‘idayoq Eron-u Turonni zabt etgan bo‘lsa-da, o‘zi Isfahon va Yazddan boshqa biror shaharga sayohat qilmadi; vatan sog‘inchi va hajriga mubtalo bo‘lmaslik uchun u har qanday safardan voz kechdi.
Namedihand ijozat maro ba sayr-u safar,
Nasimi bodi musallovu obi Ruknobod.
Ma’nosi: Musallo bog‘ining shabbodasi-yu Ruknobod arig‘ining suvi sayr-u safar qilishimga ijozat bermaydi.
Hofiz ijodiga nainki Sharq, balki g‘arbliklar ham katta qiziqish bilan qaragan; she’rlari Ovrupo tillariga tarjima qilingan. Mag‘ribliklar Hofizni o‘zlarining Heyne, Shiller, Dante, Volter singari buyuklari bilan yonma-yon qo‘yganlar. Bayron, Gyote, Pushkin kabi ulug‘lar Hofizdan ilhomlanib go‘zal she’rlar bitgan.
Hofiz turkiy xalqlarning ham sevimli shoiridir. O‘tmishda biror o‘zbek shoiri yo‘qki, shoir she’riyatining jonbaxsh bulog‘idan qonib, bahralanmagan bo‘lsin. Uning xo‘b mashhur baytini har bir o‘zbek kitobxoni tarjimasiz ham tushunadi-yu, lekin qo‘shmisra shoir Xurshid tarjimasida latif jarang sochadi:
Agar ko‘nglimni shod etsa, o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni.
Aytishlaricha, baytdan xabardor bo‘lgan Sohibqiron Temur Sherozni fath etgan choqda muallifni huzuriga chorlab, “Ey shoir, men shu ikki shaharni obod qilish, uning dovrug‘ini olamga taratish uchun yarim dunyoni egallashga jahd qilgan bo‘lsam-u, sen uni qandaydir xolga baxsh etsang – bu qanaqasi bo‘ldi?” deb so‘raydi. Shoir bunday javob qaytaradi: “Olampanoh! Saxovatim-u qo‘li ochiqligim tufayli buyla miskin ahvolga tushib o‘tiribman”. U shunday deb faqirona kiyimiga ishora qiladi. Javob Sohibqironga manzur bo‘lib, shoirni qimmatbaho in’omlar ila siylagan ekan.
Shoir o‘z g‘azallarida bizning shaharlarimizni go‘zallik, malohat va fasohat timsoli sifatida tilga oladi:
Ba she’ri Hofizi Sheroz meraqsand-u menozand,
Siyahchashmoni kashmirivu turkoni samarqandiy.
Mazmuni: Sheroz Hofizi she’r aytsa, samarqandlik suluvlar-u kashmirlik qorako‘zlar noz birla xirom aylar.
Baytdagi “turk” so‘zi ikki ma’noni anglatadi: turkiy millat va go‘zal, suluv, sho‘x. Hofiz Sheroziy hazratlari shu tariqa o‘ziga xos, hofizona nozikta’blik, sharqona so‘z o‘yini – iyhom san’ati bilan o‘zbek qizlarini ta’riflab ketganlar.
Qadimda Hofiz g‘azallari yurtimiz madrasalarida o‘qitilgan. Xattotlarimiz uning dilbar she’rlarini qayta-qayta ko‘chirib, kitobat qilib, nazm shaydolariga tarqatgan. She’rxonlik kechalarida albatta Hofiz g‘azallaridan namunalar o‘qilgan, xonandalar uning qo‘shiqlarini kuylaganlar.
Yo Rab, in sham’i dilafro‘z zi koshonai kist?
Joni mo so‘xt, bipursed: ki jononai kist?
Mazkur matla bilan boshlanuvchi g‘azalni o‘zbekona ohanglarda o‘zbek hofizi Sherali Jo‘rayev ijrosida tinglab go‘zal hislarga oshno bo‘lganmiz:
Qaysi uyning sham’idir u, qaysi joyda xonasi?
O‘rtadi jonni, so‘rang: kimning erur jononasi?
Shu qo‘shiqni har gal tinglaganimda ikki hofizning naqadar betakror iqtidor sohibi ekaniga ich-ichimdan iqror bo‘laman...
Hofiz bir g‘azalining maqtaida bunday degan:
Manam on shoiri sohir, ki ba afsuni suxan,
Az nai kilk hama qand-u shakar meboram.
Mazmuni: men shunday sehrgar shoirmanki, so‘z ila afsun o‘qib qalamning qamishi orasidan qandu shakar to‘ka olaman.
Rost, Hofiz qalamidan to‘kilgan bu “qand-u shakar” asrlar o‘tsa-da, laziz ta’mini yo‘qotmaydi.
Navoiyni yig‘latgan doston
Layli va Majnun. Mana, necha yuz yillarki bu ikki nom pok sevgi va sadoqat ramzi bo‘lib kelayotir. Ularning ishqi qanchadan-qancha qissa-yu afsonalarda kuylanmadi! Ne-ne shoirlar ularning qayg‘u-alamga to‘la hayotini doston etmadi deysiz!
Layli va Majnun chindan ham hayotda yashab o‘tganmi, degan savol adabiyotshunos olimlarni ko‘pdan o‘ylantirib keladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra Qays tarixiy shaxs bo‘lib, uning to‘liq ismi Qays ibn Muoz yoki Qays ibn Mulavvah bo‘lgan va Majnun taxallusi bilan she’rlar bitgan.
Darhaqiqat, arab mumtoz she’riyatida islomiyatdan avval ushbu taxallus bilan bir qancha shoir ijod qilgani ma’lum. Lekin ularning qay biri ishqi doston bo‘lgan Majnun ekanini aniqlash mushkul. XI asrda yashagan tarixchi va sayyoh Nosir Xisravning mashhur “Safarnoma”sida yozilishicha, arab o‘lkalaridan birida, Toif yaqinida mahalliy kishilardan biri unga Layli yashagan qo‘rg‘onning xarobalarini ko‘rsatgan.
Sharq adabiyotida Layli va Majnun mavzusining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq xilma-xil fikrlar, taxminlar mavjud. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari fors adabiyotining yetuk salaflari bu mavzuda bir-biridan rangin va go‘zal dostonlar yaratganlar. Ana shu uch buyuk siymoni o‘ziga ustoz bilgan, o‘z ta’biricha, “as’hobi Kahf” itidek uch birodarga ergashgan hazrat Mir Alisher Navoiy ilk bora bu qissani turkiy tilda qaytadan dunyoga keltiradi, ko‘hna qissani navoiyona ruh va fasohat ila yangilaydi.
Navoiy talqinicha, ikki yosh qalbida ishq g‘unchalari aynan bahor faslida paydo bo‘ladi. Majnun ishqining maromiga yetib “pishishi”, u hijron otashida yongan palla esa saratonning jaziramasiga uyg‘un keladi. Ikki ishq asirining umri xazonga yuz tutishi kech kuzning mahzun va dilgir manzaralariga uyqashib ketadi.
Asarni o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimda ikki xil qiyofadagi Majnun gavdalanadi. Birinchisi – oqil, har jihatdan komillikka erishgan, qobil farzand; u ota-ona rizosi uchun har ishga tayyor. Ikkinchisi – butun jism-u joni Layliga aylangan, vujudi junun savdosi-la to‘lib-toshgan savdoyi...
Ikki yoshning muhabbati shu qadar kuchliki, ular ota-onalarining amridan bo‘yin tovlab, visolga yetishmog‘i (xuddi bugungi kundagi aksar romantik filmlar qahramonlari singari) ham mumkin edi. Yo‘q, ularning har ikkisi ota-ona oldidagi mas’uliyatni unutmaydi. Har ikkisi ota-ona mayli, orzu-havasini deb umrini o‘zgalar bilan payvandlashga rozi bo‘ladi. Ammo taqdirning o‘yinini ko‘ringki, har ikkisi ham muayyan sabablarga ko‘ra chimildiqni tark etadi va tasodif ularni uchrashtiradi.
Layli va Majnunning uchrashuv onini ham shoir o‘zgacha ishtiyoq bilan tasvir etgan. Aynan o‘sha tunda butun borliq ikki qalbning birlashuvi uchun sharoit yaratgan, parranda-yu darrandalar sukutga cho‘mgan. Yulduzlar ham falakda jimgina ularga baxt tilar, tun ham bu diydorning uzoq davom etishini istab saharning yo‘liga qora parda tutgan edi. Bu visol o‘tli dil izhorlaridan, jonbaxsh suhbatlardan, shirin erkalashlardan nariga o‘tmaydi... Tong otgach, Layli va Majnun qismat amriga bo‘yin egib ortga qaytadilar. Majnun chin ma’noda poklik va beg‘uborlik timsoli edi. Uning muhabbati shunchaki – bir jins vakilininig ikkinchi jinsga intilishi emas edi. Asar so‘ngida Navoiyning o‘zi aytganidek, bu ishq majoziylikdan boshlanib, haqiqatga qovushgan ilohiy bir muhabbat edi. Shu bois Majnun jamiyat uchun begona, hatto dali-devona bo‘lib ko‘ringan.
Ne ajabki, uni insonlar emas, hayvonlar, tilsiz jonzotlar tushundi. Hatto eng hurkak jonivor bo‘lmish jayronlar ham undan qochmay, do‘st tutinadi. Vahshiy hayvonlar sodiq itdek yuvosh tortib qoladi. Qushlar yelkalariga qo‘nib, u bilan sirlashadi. Agar Majnun bu qadar pok bo‘lmaganida otasi Laylini o‘ldirmoqqa qasd qilgani ham, ota-onasining o‘limi ham uning tushida ayon bo‘lmas edi. Hatto Laylining o‘limi haqida ham unga g‘oyibdan xabar yetadi.
Buyuk adib Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar”dagi Kumushbibini, Onore de Balzak o‘zining sevimli qahramoni Gorio otani “o‘ldirib” qo‘yganida yosh boladek ko‘zyosh to‘kkan. Xuddi shu holni hazrat Navoiy ham boshdan kechirgan ekanlar:
So‘gin nechakim uzottim oxir,
Yig‘lay-yig‘lay tugottim oxir.
Atoqli adabiyotshunos Suyima G‘aniyevaning eslashicha, xorijlik mashhur sharqshunos olim katta minbarda turib doston haqida gapirarkan, ko‘ziga yosh olib, “Men ana shunday buyuk shoirni yetishtirgan o‘zbek xalqi oldida ta’zim qilaman!” degan ekan.
Dostonni o‘qirkanman, miyamda doim bir fikr charx uraveradi: chin dildan sevmagan inson bunday jonli, g‘amgin va o‘tli asarni bitolmagan bo‘lardi! Navoiy bir lahzalik visoldan so‘ng yana Majnunni o‘z izmiga solgan firoq haqida yozar ekan, deydi: “Kishi yuz yil hijron dardini yutib, bir damgina vasl lazzatini totsa-yu, yana ayriliqqa duchor bo‘lsa-da, g‘am chekmasa bo‘ladi, axir baribir vasldan bahra oldi-ku, shuning o‘zi ham bir ne’mat. Ammo ana shu ne’mat ham menga nasib etmadi...” Bu jumlalar buyuk bobomizning hali hech kimga ma’lum bo‘lmagan armonidan so‘z ochgandek tuyuladi. Zero, takror aytsak ayb sanalmas – sevgini o‘z boshidan kechirmagan inson muhabbatni bu qadar oliy darajada tarannum etishi mumkinmi?! Ha, Majnun bu – oshiq Navoiy. Zotan, hazrat o‘zini Majnunga bejiz qiyoslamagan:
Vomiqu Farhod-u Majnundeklar ul vodiy aro
Bo‘lsalar paydo, meni ham ul arodan izlangiz.
Xayolot olamidagi odam
Ingliz postmodern adabiyotida Jon Robert Faulzning o‘ziga xos o‘rni bor. U, ayniqsa, “Kolleksioner”, “Afsungar”, “Fransuz zobitining xotini”, “Deniel Martin”, “Mantissa” singari roman va qissalarida voqelikni noan’anaviy usulda, o‘tkir va teran nigoh ila yoritishga harakat qilgan.
Adib 1950–1963-yillarda Fransiyaning Puate universitetida, Gretsiyaning Spetsess orolidagi gimnaziyada, Londondagi Avliyo Godrik kollejida o‘qituvchilik qiladi. Yunon orolida mashhur “Afsungar” (“The Magus”) romanini yaratish g‘oyasi tug‘iladi; asar voqealari ham shu yerda bo‘lib o‘tadi. Jon bo‘lajak umr yo‘ldoshini ham aynan Spetsess orolida uchratgan. Darvoqe, Faulzning ko‘plab qahramonlarida Elizabetning qiyofasi, sajiyasi, fe’l-atvori muhrlangan, buni yozuvchining o‘zi ham e’tirof etgan.
“Afsungar” adibga shon-shuhrat olib keldi. Asar bosh qahramoni Nikolas Erfening prototipi muallifning o‘zidir. Romanda kundalik turmushidan zerikib, sarguzasht istab, ona yurtidan bosh olib chiqib ketgan, keyin o‘zi istagandek real voqelikdan yiroq, xayolot olamiga tushib qolgan, oxir-oqibat dastlabki hayot tarziga qaytgan odam qismati hikoya qilinadi. Inson istaklarining cheksizligi, taqdir esa har bir odamga imkoniyatlari darajasidagi hayotni in’om etishi asarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Roman o‘z imkoniyatimiz xorijidagi narsalarni orzulab emas, hayot bizga taqdim etgan ne’matlardan to‘g‘ri foydalanib, umrning har lahzasidan zavq olib yashashimiz lozimligini uqtiradi go‘yo.
Roman syujeti oddiy emas. Nikolasning Gretsiyadagi chekka orolda Konchis bilan uchrashuvi uni hayoti tubdan o‘zgarishiga olib keladigan sirli o‘yinlar va sinovlar silsilasiga giriftor qiladi. Konchisning shaxsi va maqsadlari sir bo‘lib qoladi. U faqat afsungar emasligi, balki Nikolasning hayotini o‘zgartirgani kelgan sirli kuch ekani sezilib turadi. Romanda erkinlik, mas’uliyat, tanlov, haqiqat, illyuziya va hayotning ma’nosi kabi falsafiy, ekzistensial masalalar ko‘tarilgan.
Nazarimda, roman nihoyasi ongli ravishda ochiq qoldirilgan. “Nikolasning hayoti qanday o‘zgardi? Konchis maqsadlariga erishdimi? Nikolasning yangi shaxsi shakllanganmi?” Bu kabi savollarga javob yo‘q. Javobsizlik esa o‘quvchiga o‘z talqinini yaratish, roman ma’nosini o‘zicha anglash imkonini beradi. O‘qish asnosida unda Homerning “Iliada” va “Odisseya”si, Shekspir dramalari ta’sirini ilg‘agandek bo‘lasiz.
70-yillarga kelib, Faulz hayotiy qarashlarini o‘zgartiradi. Bu o‘zgarishlar “Qora yog‘ochdan qurilgan minora” (1974) qissasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Asar qahramoni ozodlik va odatiy hayot tarzidan qay birini tanlash haqida uzoq o‘ylanib, nihoyat ikkinchisini tanlaydiki, bu hol har bir o‘quvchida ayricha munosabat uyg‘otishi tabiiy...
Hayot unchalik yomon emas
…XIX asr oxirlari. Fransiya, Parij. O‘rtahol odamlar to‘planib, gurunglashib o‘tiradigan qahvaxonalardan biriga sochlari to‘zg‘igan, odmigina kiyingan, shopmo‘ylovli kishining kirib kelishi hech kimning e’tiborini tortmadi. Davra ahli gurungga chandon berilib ketgan, biri olib biri qo‘yib, mashhur adib Gi de Mopassanning asarlarini muhokama qilishar edi. Bahs haddan tashqari qizib ketganidan va hamma o‘z fikri, taassurotlarini aytishga oshiqayotganidan bu yerda adibning ashaddiy muxlislari jamlanganini anglash qiyin emasdi.
Notanish kishi sekingina davraga qo‘shilib, gali kelishini sabr bilan kutdi. Nihoyat, vazmin so‘z boshladi:
– Azizlar, Mopassaning asarlarini men ham o‘qiganman. Ammo ular siz aytganchalik mukammal so‘z durdonalari emas, kundalik hodisalarning oddiygina aks sadosi, xolos. Hayronman, ularning nimasi sizni shu qadar maftun etdi ekan?
Davra suv quygandek jimib qoldi. Ammo bu jimlik butun qahvaxonada qo‘pajak to‘polonning ibtidosi edi.
– Nega qarab turibmiz? Mopassanni tanqid qilish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymaymizmi bu sayoqqa!
Sho‘rlik notanish kishi olomonning oq kaltak-qora kaltagi ostida qoldi. G‘azabga mingan muxlislar bechorani ayamay tepkilar, do‘pposlar, u esa butun vujudi bilan o‘zini musht va tepki yomg‘iridan himoyalashga tirishar edi. Shu choq kimdir o‘zini chetga olgancha, bor ovozda qichqirib yubordi:
– Shoshmanglar, nima qilyapsizlar?! Axir bu... Gi de Mopassanning o‘zginasi-ku!..
Mopassan o‘z davrida minglab adabiyot muxlislarini o‘tkir tili, haqqoniy hikoyalari, betakror ijodi bilan rom eta olgan buyuk fransuz yozuvchilaridan. U jahon adabiyoti tarixiga kichik janr – hikoyachilikning yirik darg‘asi bo‘lib, o‘quvchini ham kulishga, ham yig‘lashga, ham fikrlashga chorlaydigan o‘lmas novellalari, inson va hayot haqidagi takrorlanmas asarlari bilan kirdi. Qisqa va sermazmun hikoyalarida inson ruhiyatining hamma anglaydigan, ammo ifodalashga qiynaladigan qirralarini, mavhum hissiyotlarni, inson tabiati, fe’l-atvori va taqdirini tiniq-ravon tasvirlay oldi.
Mopassanning onasi o‘z davrining buyuk yozuvchisi va mutafakkiri Gyustav Floberning muxlisi va do‘sti edi. Mopasanning yozuvchi sifatida shakllanishida ma’rifatparvar onasi hamda Flober ijodining ahamiyati benihoya katta bo‘lgan. Bo‘lg‘usi adib Floberning ruhiy va ma’naviy tarbiyasi ostida kamol topdi. Ustoz adib uning ilk mashqlarini o‘qib, “Senda iste’dod bormi-yo‘qmi – bilmadim, ammo, hech qachon unutmaki, iste’dod uzoq va mashaqqatli sabr-bardoshni talab etadi, tinimsiz izlanish kerak”, deya maslahat bergan edi.
Mopassanning yozuvchilik iste’dodi yuzaga chiqqan davr Fransiya-Prussiya urushidagi sharmandali mag‘lubiyat, Parij kommunasi voqealari yuz bergan yillarga to‘g‘ri keladi. Adib asarlarida ana shu siyosiy-ijtimoiy dolg‘alar ham o‘z aksini topgan.
Yosh adibning “Do‘ndiq” hikoyasi (1880) katta hodisa sifatida baholangan. Ustozi Floberning ta’rifi bilan aytganda, “shu birgina hikoyaning o‘ziyoq Mopassanning adabiyot tarixida qolmog‘i uchun yetarli edi”. Hikoyaga ruanlik yengiltabiat bir qizning sarguzashti asos qilib olingan. Prusslar tomonidan ishg‘ol qilingan Ruandan yo‘lga chiqqan dilijansda bir guruh zodagonlar, oqsuyak xonimlar va janoblar orasida shaharda yengiltakligi bilan tanilgan “Do‘ndiq” laqabli qiz ham bor edi. Dastlab hamrohlar qizning o‘zlariga nomunosib hamsafar ekanini oshkora sezdiradilar. Ammo uzoq yo‘lga yetarlicha oziq-ovqat g‘amlamay chiqqan oliymaqom yo‘lovchilar qizning kamtarona mehmondorchiligini rad etishmaydi. Do‘ndiq hamsafarlarini tazyiqdan qutqazmoq uchun dushman ofitserining jirkanch talabini bajarishga majbur bo‘ladi. Oliynasab kimsalar o‘z joni, huzur-halovati uchun uni dushman to‘shagida yotishga undaydi. Ta’qib va o‘lim tahlikasidan qutulishi bilan esa u kimsalar yana nafrat ko‘zoynagini taqib olishadi...
“Hayot” romani (1883) adib ijodiy kamolotining yuksak cho‘qqilaridan biridir. Ushbu asarda inson hayoti har doim bir xil kechmasligi, taqdir uning orzu-istaklari, his-tuyg‘ulari bilan hamisha ham hisoblashavermasligi bosh qahramon Janna de Vo qismati misolida aks ettiriladi. Hayotda inson har qadamda aldov, xiyonat, nohaqlik bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Ishonuvchanlik, oqko‘ngillik, soddadillik bilan hayotning shafqatsiz kurashlarida g‘olib chiqish mushkul. Buning uchun odamdan sabr-toqat, chidam, aql-idrok va kerak bo‘lsa ayyorlik ham talab etiladi. Asar nihoyasida qahramonlardan biri aytgan gap muallif xulosasini ifoda etadi: “Hayot unchalik durust emas, ammo u ayrimlar o‘ylaganidek yomon ham emas”.
Darvoqe, Mopassanning bir necha hikoyasini o‘zbek tiliga o‘girganman. “Zebigardon” hikoyasi meni qattiq hayajonga solgan. Televideniyeda aynan shu hikoya asosida telenovella ssenariysini ham yozganman. Adibning “Tazarru” hikoyasi ham tarjimon, ham o‘quvchi sifatida meni larzaga solgan, bir necha kun g‘alati kayfiyatda yurganman...
Rim bilan g‘oyibona tanishuv
Dunyo bolalar adabiyotida Janni Rodari ijodi muhim o‘rin tutadi. Uning ertak va hikoyalari, qissalari jahonning turli mamlakatlarida yashayotgan bolalar qalbiga, ongu shuuriga chuqur kirib bora olgan.
Janni Rodari Italiyada tug‘ilgan (1920). Uning otasi yoshligida vafot etadi va onasi uch o‘g‘lini olib o‘z qishlog‘i – Varesottoga jo‘naydi. Janni akalariga qaraganda nimjon va kasalvand edi. U bolaligidan musiqa va adabiyotga oshno bo‘ladi. Skripka chalish sirlarini qunt bilan o‘rganadi. Nitshe, Shopenhauer, Tolstoy asarlarini sevib mutolaa qiladi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganda talaba bo‘lgan Rodari Qarshilik harakatiga a’zo bo‘ladi. Urushdan so‘ng 1948-yilda “Unita” gazetasiga muxbir bo‘lib ishga kiradi. O‘sha yildan e’tiboran u bolalarga atab asarlar yoza boshlaydi.
Rodari butun dunyo bolalarining mehrini qozongan “Chipollinoning sarguzashtlari” asarini yaratgan. “Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida”, “Osmondagi va yerdagi she’rlar”, “Yangi yil archalari sayyorasi”, “Osmondagi tort”, “Bekorchi laqabli Jovanninoning sarguzashtlari” singari asarlari ham kichkintoylar kitob javonidan o‘rin olgan.
Adib asarlari o‘zbek tilida ham bosilib chiqqan. Jumladan, 1990-yilda “Rim ertaklari” kitobi nashr etilgan edi. Menga bu kitobni o‘rta maktabda, qaysi bir tanlovda sovg‘a qilishgan. 600 sahifaga yaqin kitobni bir hafta qo‘ldan qo‘ymay o‘qiganim esimda. Ayniqsa, “Uchtadan oxiri bor ertaklar” asari boshqacha, g‘ayrioddiy uslubi bilan murg‘ak shuurimda iz qoldirgan. Bu turkumdagi ertaklarning har birida muallif o‘quvchiga voqealarning uch xil yechimini taqdim etadi. Maktabda “Siz yoqtirgan asar” mavzusida insho yozganimizda, kamina xuddi shu asarni tahlil qilib, “besh” olgan edim. Keyinchalik har bir ertakni turli yechimlarda taqdim etish an’anasi sinfimizda keng tarqalgan. Har bir ertakni o‘qiganimda Rodarining shu uslubi esimga tushar, o‘zimcha uning ikkinchi, uchinchi xotimasini o‘ylab topib, maxsus daftarga jamlab borganman. Ijod yo‘lini tanlashimga ham, ehtimol, shu asar turtki bergandir?..
...Kuni kecha Italiya safaridan qaytdim. Rimning gavjum, sershovqin ko‘chalarini kezarkanman, bu qadimiy va betakror shahar bilan meni g‘oyibona tanishtirgan buyuk adib Janni Rodarining quvnoq va hikmatli ovozi qulog‘im ostida tinimsiz jaranglab turgandek bo‘ldi...
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“So‘zdan yaralagan mo‘jizalar” maqolasi
San’at
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q