Falsafaning biror yo‘nalishi yo‘qki, Arastu asar yozmagan bo‘lsin. Fanning biror sohasi yo‘qki, uning tarixi Arastuni chetlab o‘tsin. Biror faylasuf yo‘qki, Arastu g‘oyalarichalik turlicha talqin qilingan, uningchalik maqtalgan va ayni choqda, la’natlangan bo‘lsin. Insoniyat tafakkuri taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan va ta’limoti umuminsoniy ma’naviy boylikka aylangan ushbu faylasuf, qomusiy olim tavalludining 2400 yilligi YUNESKO shafeligida xalqaro miqyosda nishonlanmoqda.
Xo‘sh, nega Arastuni buyuk deya alqaymiz? Nimasi buyuk uning? Axir, u emasmidi buyuk yolg‘onlarning ham asrlar osha yashashiga yo‘l ochib bergan? Arastuning fizik olam haqidagi qarashlari bugungi kun nuqtayi nazaridan xatoga to‘la emasmi? Nachora, xato qilmagan buyuk zot yo‘q va buyuklik xatoning oz-ko‘pligi bilan ham o‘lchanmaydi.
Arastu falsafasi moslashuvchan falsafa edi. Islomiy Arastu, nasroniy Arastu, yahudiy Arastu, majusiy Arastu – bular haqiqiy Arastuning turfa “qiyofa”laridir. Turli dinlar uning falsafasini (ayniqsa, fizika va metafizikasini) o‘ziga muvofiqlashtirgan va uning mantig‘idan o‘z aqidalarini ratsional asoslashda foydalangan. Arastu bo‘lmaganda, deylik, nasroniy va islomiy falsafa hozirgi ko‘rinishini olarmidi? G‘arbda sxolastika va uning doirasida bilim va e’tiqod munosabatiga doir bahslar, nominalizm va realizm vujudga kelmas edi. Nominalizm va realizm kurashisiz Uyg‘onish davri falsafasi pishib yetilmasdi. Yangi davrdagi empiritsizm va ratsionalizm o‘rtasidagi kurash ham aslida nominalizm – realizm bahsining mantiqiy davomi bo‘lganini hisobga olsak, Arastu ta’siri bu davrda ham falsafani tark etmagan.
To‘g‘ri, Arastu Aflotunsiz bu qadar yuksak maqomga chiqolmas edi. XII asrga – Ibn Sino, Ibn Rushd, Maymoniy kabi Sharq faylasuflari asarlari kirib borgunga qadar nasroniy olami Arastuni deyarli unutgan, bu din ilohiyoti esa asosan Aflotun va yangi aflotunchilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan edi.
Arastuning G‘arbni qayta zabt etishi oson kechmadi – ilk arastuchilar bid’atchilikda ayblandi. Arastu falsafasidagi materializm va ratsionalizmni hukmron nasroniy ilohiyotiga muvofiqlashtirish oson emas edi. Uning mantig‘i va fizikasi nuqtayi nazaridan esa ba’zi nasroniy aqidalar absurdga aylanib qolardi. Shunday sharoitda nasroniy olami aql va e’tiqodni o‘zaro kelishtirish yo‘llarini qidira boshladi.
G‘oyalarning, abstrakt tushunchalarning real mavjud ekani-yu konkret narsa va hodisalarning shunchaki “sharpa” ekani haqidagi Aflotun qarashlarining Arastu tomonidan tanqid qilinishi va shu negizda boshlangan bahs nasroniy diniy aqidalari kontekstida yangicha ko‘rinish olib davom etdi. Arastu falsafasi nasoro ilohiyotchilari o‘rtasida ratsional munozaralarga turtki berdi. Bibliyani so‘zi emas, ruhidan kelib chiqib talqin qilish tendensiyasi kuchaydi. Ovrupoda Renessans uchun qulay madaniy muhit hozirlandi.
Arastu falsafasining qamrovi va mahobatini namoyish qilmoq uchun birgina maqola ne, yirik monografiyalar ham yetarli emas. Biz quyida Arastuning ilmiy bisoti va bu merosning faylasuf vafotidan keyingi taqdiriga bir qur nazar tashlamoqchimiz.
* * *
“Inson tabiatan bilimga tashnadir”. Bu tashnalik qanday qondiriladi – shiftdagi dog‘larning sonini sanash bilanmi yoki olamning fundamenal qonunlarini kashf qilish bilanmi? Oqilona qiziquvchanlik va bilimga mubtalolik insoniyat erishgan yutuqlarning o‘q tomiridir. Arastu uchun yashashning maqsadi ham, vositasi ham aynan bilish edi. Uningcha, insonning insonligi uning ongi faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Bilish esa ana shu faoliyat maqsadi sifatida asl insonni yaratadi. Axloqning ham, baxtning ham, farovonlikning ham asosi bilimdir. Antik davr yunon falsafasi tayanchi aynan shu g‘oya bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Zero, Arastu ana shu an’anani haddi a’losiga yuksaltirgan mutafakkir edi. Yana shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, yunonlar nazarda tutgan bilishning (scientia) birlamchi vositasi mifologik rivoyatlar ham, o‘tmish ajdodlar nufuzi ham, mistik tajriba ham emas, balki aql va hissiy tajriba edi. Ana shu jihati bilan yunon falsafasi o‘sha davrdagi boshqa falsafiy an’analardan birmuncha oldinda turadi.
Arastu shu an’ananing mahsuli edi. O‘z navbatida, u bu an’anani shu qadar yuksaltirdiki, uning ta’siri ming yillarga uzandi. U Aflotun idealizmini Demokrit materializmiga muvofiqlashtira oldi. Bu jihatdan uni ratsionalizm va empiritsizmni sintezlagan (“kopernikona to‘ntarish”) Immanuel Kantga qiyoslash mumkin. Arastu falsafasida moddiyatga ham, ruhoniyatga ham o‘rin berilgani uni hammabop faylasufga – dini va millatidan qat’i nazar, barchaning “birinchi muallim”iga aylantirdi.
Arastu ratsional asosdagi chinakam falsafa vujudga kelganidan qariyb uch asr keyin yashagan. U vaqtda dunyo sir-sinoatga boy edi. Yunon falsafasi (Fales, Anaksimen, Anaksagor) tabiatni, uning o‘zgarmas, fundamental asoslarini kashf qilishga urinishdan boshlandi. Keyinchalik izlanishlar doirasi kengayib, inson va jamiyatni (sofistlar, Suqrot, Aflotun) ham qamrab oldi. Bu ikki yo‘nalishning qo‘shilishi esa Arastu falsafasida kuzatiladi. Shuning uchunmi, u tadqiqot sohasi eng qamrovdor faylasufga aylandi.
Tadqiqotchilar Arastu yozgan asarlar soni ikki yuztaga yetishi, ulardan o‘ttiz bittasigina bizgacha yetib kelganini aytadi. Allomaning antik davrda yashagan biograflari esa asarlar sonini turlicha ko‘rsatgan. Masalan, Diogen Laersiy (III asr) 143 ta, Isixiy (VI asr) 187, Ptolemey al-G‘arib (IV asr) 99 ta. Bir ro‘yxatdagi ba’zi asarlar ikkinchisida berilmagan. Masalan, Diogen Laersiy ro‘yxatiga Arastuning ba’zi yirik asarlari (“Jon haqida”, “Nikomax etikasi”, “Metafizika”) kiritilmagan. Shunday bo‘lsa-da, asarlarning mazmuni ochiqlanmagani bois, bu ro‘yxatlarga muayyan asar kiritilgan yoki yo‘qligini aniq aytish qiyin. Chunki asarlar bir necha marta qayta tartiblangan va nomlari o‘zgargan. Ular orasida til va mantiq, etika va estetika, siyosat va huquq, zoologiya va botanika, kimyo, astronomiya va mexanika, teologiya, metafizika va bilish nazariyasi, hattoki Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va Nil daryosi haqidagi asarlar ham bor.
Shuni eslatib o‘tish joizki, Arastu o‘zgalar o‘qishi uchun kitob yozmagan, undan qolgan asarlar o‘zi ma’ruzalarida foydalangan qaydlar, xolos. Ular bugun qo‘limizdagi yirik asarlar holida keyinchalik tartiblangan. Shu bois ularning yozilish sanasini aniq xronologik tartiblash mushkul. (Asarlarda bir-biriga berilgan havolalar, o‘sha davrdagi tarixiy voqealarning esga olinishiga ko‘ra ularning yozilish ketma-ketligi nisbiy aniqlanadi.) Bir necha asarlar qo‘shib yaxlitlangan yoki paragraflar mavzusiga ko‘ra bir asardan boshqasiga o‘tkazilgan. Xo‘sh, bu qachon va kimlar tomonidan amalga oshirilgan?
Muhojir faylasuf
Arastuning Afinadagi hayoti ikki davrga bo‘lib o‘rganiladi. Birinchi davrda (mil. avv. 367–347) u Aflotun akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan, ikkinchi davrda (mil.avv. 335–323) Aleksandrning homiyligida shu yerda o‘rnashib, o‘z maktabi – Litseyga asos solgan. Arastu, garchi umrining yarmidan ko‘pi o‘sha yerda o‘tgan esa-da, Afina fuqarosi bo‘lmagani bois, huquqlari cheklangan edi. Masalan, xususiy yer-mulkka ega bo‘lolmasdi. Maktabi uchun ajratilgan joy ham ijaraga olingan edi. Arastuning, Suqrot va Aflotundan farqli o‘laroq, afinaliklar orasida e’tibori yuqori bo‘lmagan. Buning ustiga, afinaliklar orasida makedoniyaliklarga qarshi kayfiyat kuchayib borgan. Arastuga, Aleksandrning hammaslagi bo‘lmasa-da, bosqinchining ustozi va ma’naviy rahnamosi sifatida qaralgani ham mutafakkirning Afinadagi hayotini chigallashtirgan. Miloddan avvalgi 323-yili Aleksandrning to‘satdan vafot etishi Arastuni qudratli homiydan judo qildi. Afinada yashash endi uning uchun yanada xavfli bo‘lib qoldi. Uni Suqrot kabi bid’atchilik va dahriylikda ayblovchilar paydo bo‘ldi. U afinaliklar “ikkinchi marta falsafaga qarshi jinoyat qilmasliklari uchun” shaharni tark etadi. Suqrotning o‘ldirilishi birinchi jinoyat edi desak, Arastuga nima xavf solgani ayonlashadi.
Shundan so‘ng Evbeya orolidagi Xalkis shahriga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda miloddan avvalgi 322-yili, aksar tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, oshqozon-ichak yo‘llaridagi surunkali kasallikdan vafot etadi. Arastudan katta kutubxona meros qolgan. Strabonning yozishicha, u qoldirgan kutubxona keyinchalik Aleksandriya kutubxonasiga andaza bo‘lgan. “U biz bilgan kitob to‘plagan birinchi shaxs edi. Misr hukmdorlari undan namuna oldi”.
Arastuning kutubxonasida o‘zinikidan tashqari boshqalarning asarlari ham bo‘lgan. Ma’lumki, Arastu qaysi muammoni tadqiq etmasin, uni o‘zigacha kimlar o‘rgangani bilan qiziqqan, ularning nomlarini tilga olib o‘tgan, argumentlarini tahlil qilgan. U, shuningdek, zoologiya, geografiyaga doir fikrlarini asoslash uchun faktlar to‘plagan va bunda o‘z kuzatuvlaridan tashqari boshqalar bergan ma’lumotlarga ham suyangan. Ustozi Aflotundan farqli o‘laroq, Arastuning tabiatshunoslikka astoydil qiziqqani, empirik bilishni qadrlagani ham kitob to‘plashiga sababdir ehtimol. Xo‘sh, bu kutubxonaning kelgusi taqdiri nima bo‘lgan? Biz mutolaa qilayotgan Arastu asarlari qanday qilib bugungi ko‘rinishga keldi?
Sarson bo‘lgan kitoblar
Strabon Arastu kutubxonasi haqida bunday yozadi: “Suqrotga izdosh faylasuflar Erast, Korisk va uning Arastu hamda Teofrastning shogirdi bo‘lmish o‘g‘li Neley skepsislik edi. Neley Teofrastning kutubxonasi va unga qo‘shib Arastu kitoblarini ham meros qilib oldi. Arastu o‘z kitoblari va maktabini Teofrastga vasiyat qilgan edi... Teofrast kitoblarni Neleyga topshirdi, u esa kitoblarni Skepsisga olib ketdi. Neley vafotidan so‘ng kitoblar johillar qo‘liga o‘tdi. Ular kitoblarni yashirib, qarovsiz tashlab qo‘ydilar. Skepsisliklar attal qirollari kitoblarni izlayotgani, Pergam kutubxonasini boyitish niyatida ekanini bilib, kitoblarni chuqurga ko‘mib qo‘ydilar. Kitoblar mog‘or bosib, qurtlarga yem bo‘lib yotdi. So‘ng neleyzodalar ularni kitob to‘plovchi Taoslik Apellikontga sotib yubordi. Apellikont faylasuf emas, shunchaki kitobsevar kishi edi. U kitoblarning qurt yegan qismlarini tiklash uchun asl matndan nusxa ko‘chirdi, yo‘qolgan joylarini xato yozilgan talay qo‘shimchalar bilan to‘ldirdi... Apellikont vafotidan so‘ng Sulla Afinani bosib oldi, kutubxonani esa o‘zi bilan olib ketdi”. Strabon kitoblarning Afina – Skepsis – Afina – Rim yo‘nalishida ko‘chib yurgani tarixini bayon qilmoqda. Kutubxona miloddan avvalgi 84-yili Rimga olib ketilgan.
Shu o‘rinda Apellikontning zararlangan kitoblarni to‘ldirish asnosida ularni buzib qo‘ygani haqidagi ma’lumotga diqqatni qaratish lozim. O‘sha kitoblar aynan Arastu qalamiga mansubmidi? Yuqorida aytdikki, faylasuf kutubxonasida uning o‘z asarlaridan tashqari boshqa mualliflarning talay kitoblari ham bo‘lgan. Keyinchalik ular qatoriga Teofrastning asarlari va u to‘plagan kitoblar ham qo‘shilgan. Apellikont ularning hammasini sotib olgan. Strabon esa undagi ba’zi kitoblarga xato tuzatish kiritilganini yozgan. Biroq ular aynan Arastuning asarlari bo‘lganiga yetarli asos yo‘q.
Kitoblarning Rimga keltirilgunga qadar bo‘lgan kechmishi haqida so‘zlovchi boshqa tayinli va ishonarli tarixiy manbani uchratmadik. Tadqiqotchilar orasida Strabon bergan xabarning to‘g‘riligiga shubha qiluvchilar bo‘lsa-da, peripatetiklarning (arastuchilar) muxoliflari bu ma’lumotlarni atay bo‘rttirishi aytilsa-da, shu sohaga doir aksar kitoblarda unga tayaniladi. Shunday qilib, shaharma-shahar ko‘chib, sarson bo‘lgan kitoblar Rimdagi kutubxonadan joy oldi. Ular o‘z tadqiqotchisini kutar edi.
Ilk mukammal to‘plam
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Arastu asarlarining aksari o‘zgalar o‘qishi uchun emas, balki o‘zi ma’ruzalarida foydalanishi uchun yozilgan qaydlar edi. Bu qaydlar ortiqcha izohlarsiz va uzuq-yuluq bo‘lgan. Shungami, uning uslubi Aflotunnikiga qiyoslaganda xiyla murakkabdek tuyuladi. U ijodining ilk pallalarida – Aflotun akademiyasi tinglovchisi bo‘lganda sanoqli dialoglar yozgan, xolos. Ularning aksari bizgacha yetib kelmagan. Qolgan asarlari monolog shaklida, ya’ni uning o‘z tilidan naql qilingan.
Asarlar Rimga keltirilganda na sanasi va na mavzusi bo‘yicha tartiblangan edi. Kitoblar orasidan Arastuga tegishlilarinigina ajratib olish, ularni odamlar bemalol o‘qiy oladigan holatga keltirish lozim edi. Strabon va Plutarx (46–120) bu ishga Rimdagi arastuchilar kirishganini yozadi. Avvaliga Tirannion ismli til va adabiyot muallimi bunga urinib ko‘rgan. Biroq u biror natijaga erishganmi-yo‘qmi – bu haqda aniq ma’lumot yo‘q. Bu mushkul vazifani Rodoslik Andronik uddaladi. U Arastu va Teofrastning asarlarini mavzu bo‘yicha tasniflab, tartibga keltirgan.
Andronikning hayoti va ijodi haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Sitseron o‘ziga zamondosh ko‘plab faylasuflar haqida ma’lumot bersa-da, Andronik, uning Arastu asarlariga tartib bergani haqida lom-mim demaydi. Shunga ko‘ra, aksar tadqiqotchilar u miloddan avvalgi birinchi asrning ikkinchi yarmida yashaganini taxmin qiladi.
Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslansak, Arastu asarlari Teofrastning vafotidan so‘ng g‘oyib bo‘lgan, oradan ikki asr o‘tgach, Rimda qayta kashf qilingan. Xo‘sh, ikki asr mobaynida peripatetiklar Arastu an’anasini qanday davom ettirgan? Faylasuf ta’limoti og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurganmi? Arastushunos Georgios Anagnostopulosning yozishicha, Teofrastning vafotidan Andronikka qadar Arastu qo‘lyozmalari butunlay, hatto Arastu maktabidan ham g‘oyib bo‘lishi mumkin emas. Litseyda, ba’zi kutubxona va shaxslarda ayrim qo‘lyozmalar nusxasi saqlangani ehtimoli bor. Aksar mutaxassislar fikricha, ayni shu davrda Afina, Rim, Kichik Osiyo va umuman O‘rtayer dengizining sharqiy sohillaridagi shaharlarda Arastuga, uning g‘oyalariga qiziqish katta bo‘lgan.
Qo‘lyozmalarning “g‘oyib bo‘lishi”, ikki asr o‘tgach qayta kashf qilinib, mukammal to‘plamlar holiga keltirilishi haqidagi ma’lumot ularning boshqa nusxalari ham bo‘lgan, degan fikrni inkor qilmaydi, albatta. Andronik qo‘lyozmalarni tahrir qilib, bugun bizga tanish bo‘lgan “Metafizika”, “Siyosat”, “Fizika”, “Nikomax etikasi” kabi asarlar shakliga keltirgan. Demak, aytish mumkinki, Arastu “Metafizika” kabi alohida traktatlar yozmagan, ular tarqoq qo‘lyozmalarning mavzuga ko‘ra to‘plamlaridir.
Andronikning oldida turgan eng mushkul vazifa – Arastu asarlarini boshqalarnikidan ajratib olish edi. Arastuning uslubi, tili, g‘oyalaridan puxta xabardor muharrirgina bu ishni eplay olardi. Andronik Rim peripatetiklari orasida eng bilimdonlaridan bo‘lgan, o‘zi ham falsafiy asarlar bitgan. Biroq u qo‘lyozmalarni nechog‘li tahrir qilgani bizga noma’lum. Porfiriy Plotin asarlarini qayta ishlab tartib berishda Andronikka taqlid qilganini yozadi. Porfiriyning ishlari asosida Andronikning tahrir uslubi haqida birmuncha tasavvur hosil qilish mumkin.
Andronik Arastuni mantiqan izchil fikrlovchi faylasuf deb bilgan va uning tarqoq qo‘lyozmalarida bu aks etishiga ishongan. Ayni ishonchga asoslagan holda ularni tahrir qilgan. Arastuning “Birinchi analitika” va “Ikkinchi analitika” asarlaridagi deduktiv mulohazalar va aksiomatik metodga doir fikrlarni nazarda tutsak, u haqiqatan ham mantiqiy izchillikka alohida e’tibor qaratgan. Biroq shunday izchillik uning asarlarida haqiqatan ham bo‘lganmi yoki Andronik bunga qattiq ishonganidan tahrir jarayonida o‘zi bilib-bilmay, zo‘rma-zo‘rakilik bilan ularni tartibga solib qo‘yganmi – bizga qorong‘i. Arastuga Andronik “ko‘zoynagi” orqali qarashga majbur ekanmiz – qo‘limizdagi barcha asarlar uning tahririga asoslanadi – bu savolga ishonarli javob berish dushvor. Boz ustiga, Arastuda butun boshli izchil falsafa birdan paydo bo‘lmagandir? U ham muayyan rivojlanish bosqichidan o‘tgan, binobarin, turli davrlarda yozilgan asarlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lishi kerak emasmi? Bizningcha, shu masala – arastushunoslikning hal etilmagan muammolaridan biri. Har nima bo‘lganda ham, Andronik ma’lum ma’noda Arastuni bizga tanitgan, u haqdagi qarashlarimizni shakllantirgan. Bunga ishonch hosil qilish uchun Arastuning “Metafizika”si qanday tartiblanganiga e’tibor qarataylik.
“Metafizika” bir-biriga yaqin mavzudagi, ammo mustaqil o‘n to‘rt kitobdan tashkil topgan bo‘lib, har biri yunon alifbosining o‘n uch harfi bilan belgilangan. Kitoblar raqamlab ajratilgan boblardan iborat. Bu bir qarashdayoq turli davrlarda yozilgan qo‘lyozmalar to‘plami ekani seziladi. Arastu bu nomda asar yozmagan va umuman “metafizika” degan tushunchaning o‘zi Arastu falsafasi leksikonida yo‘q. (Aflotunda ham uchramaydi.) Bugungi kunda “metafizika” deganda moddiy borliqdan tashqarida, undan yuqori turuvchi borliq haqidagi qarashlar tushuniladi. Biroq buning Arastu “Metafizika”siga daxli yo‘q. Aftidan, Andronik Arastu asarlarini to‘plashda avvaliga tabiat haqidagi qo‘lyozmalarni fizika, zoologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tartiblagan, ulardan ortib qolgani esa “Metafizika” – “fizikadan keyin” nomi bilan bir kitobga jamlangan. Ular ma’lum ma’noda fizikaning mantiqiy davomi-yu, biroq aynan fizika emas. O‘quvchi avval fizikani o‘rganib, so‘ng metafizikaga o‘tishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin.
Arastu “metafizika” atamasini qo‘llamagan bo‘lsa ham, uning o‘rnini bosuvchi “birinchi falsafa”, “hikmat” kabi istilohlarni ishlatgan. Borliqning birlamchi, o‘zgarmas asosini, mavjudning mavjudligini belgilab beruvchi xususiyatni axtarish shu yo‘nalishdagi falsafaning maqsadi bo‘lgan. “Birlamchi asos” esa materiya ham, ruh ham yoki yo‘qlik ham bo‘lishi mumkin. Borliqning yagona asosi – materiya deguvchi faylasuf ham, agar u shu xulosaga falsafiy tafakkur vositasida kelgan bo‘lsa, metafizik deb atalishi mumkin. Qolaversa, sabab va oqibat, potensiallik va aktuallik, mohiyat va shakl kabi tushunchalar moddiy borliqqa ham bevosita daxldor. Shu ma’noda, metafizikani tabiatdan, moddiy borliqdan yuqori turuvchi asos haqidagi ta’limot deyish uning qamrovini toraytiradi. Xullas, “metafizika” atamasini Andronik ilk bor alohida traktat nomi sifatida falsafaga olib kirgan.
Qolgan traktatlar ham “Metafizika” kabi asosan to‘plamlardir. “Ba’zi traktatlarning tuzilishini Arastuning o‘zi belgilagan bo‘lsa, qolganlari muharrirlar mehnati samarasidir. “Nikomax etikasi” tuzilishida noizchilliklar bor, “Metafizika” esa yaxlit traktat emas, esselar majmuasidir”. Arastu ularni turli vaqtlarda va turli vaziyatlarda yozgan. Ba’zi traktatlar, mavzusiga ko‘ra, bir-biriga juda yaqin va bir-birining mantiqiy davomi. Masalan, “Siyosat”ni “Nikomax etikasi”ning davomi desak xato bo‘lmaydi. “Metafizika”ni istalgan joydan o‘qib ketaverish mumkin. “Fizika”da bugungi kunda metafizik masala hisoblangan ko‘plab savollarga javob izlangan. Ya’ni bugungi kun nuqtayi nazaridan, bu kitob ham metafizik asardir.
Andronik kitoblarni tartiblaganda Arastuning ilmlar tasnifiga muvofiq ish tutgan. Shu bois asarlarni quyidagicha shaklda guruhlash mumkin:
Organon |
Kategoriyalar Talqinlar haqida Birinchi analitika Ikkinchi analitika Topika Sofistik raddiyalar
|
Nazariy ilmlar |
Fizika Vujudga kelish va yo‘q bo‘lish haqida Osmon haqida Metafizika Jon haqida Tabiat haqida qisqacha traktatlar Jonzotlar tarixi (yoki Zoologik tadqiqotlar) Jonzotlar a’zolari Jonzotlar harakatlari Meteorologiya Jonzotlarning harakatlanishi haqida Jonzotlarning paydo bo‘lishi haqida
|
Amaliy ilmlar |
Nikomax etikasi Evdem etikasi Axloqi kabir Siyosat
|
Ijodiy ilmlar |
Ritorika Poetika
|
Falsafada metafizika (ontologiya – borliq falsafasi ham shuning ichida) va epistemologiya (bilish nazariyasi), etika va estetika, mantiq va naturfalsafa kabi yo‘nalishlar ana shu tasniflashlardan keyin paydo bo‘la boshladi. Arastu traktatlari esa ushbu yo‘nalishlardagi muhim boshlang‘ich manbalar qatoridan o‘rin oldi. Zamonaviy falsafadagi tarmoqlanishlar va falsafa ta’limi ham Arastu ta’limotiga asoslanadi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Bu tizimni Arastu yaratdi, Andronik uning ommalashuviga ko‘maklashdi.
“Birinchi muallim” asarlari dunyoga kelishining muxtasar tarixi ana shunday. Keyinchalik ular boshqa tillarga tarjima bo‘lib, Mag‘ribu Mashriqqa tarqadi. Sharhlar yozildi, hatto bir-biriga qarama-qarshi talqinlar paydo bo‘ldi. Uning “Organon”i bugun ham mantiqning o‘zagini tashkil qiladi. U ishlab chiqqan va izohlagan deduktiv mulohazalar sillogizmi oddiy aksiomalar, postulatlardan murakkab falsafiy ta’limotlarning shakllanishi va asoslanishiga yordam berdi. Aslida bu metoddan Suqrot ham foydalangan bo‘lsa-da, uning yaxlit ifodasi Arastuga tegishlidir. Shu ma’noda, uni mantiqning otasi deyish mumkin. Arastuning poetikasi, etikasi yoki metafizikasi bo‘lsin, bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. “Fizika” asarida o‘zgarish, aktuallik va potensiallik, sabab va oqibat, zamon va makon, bo‘shliq haqidagi ontologik masalalar muhokama qilinganki, ular hozir ham o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga undaydi. Arastuning zoologiya va kosmologiyaga oid ko‘plab fikrlari xato bo‘lib chiqsa-da, g‘ayriilmiy emas edi. Ularni tekshirish, baholash, ratsional yoki empirik jihatdan inkor qilish yoki tasdiqlash mumkin bo‘lgan. Arastu mistikaga mukkasidan ketgan faylasuflar toifasidan bo‘lmagan. U imkon qadar dalil va mantiqqa tayangan.
Arastu o‘z davri nuqtayi nazaridan ilg‘or faylasuf edi. Biroq uning izdoshlari orasida o‘z salafiga mutaassiblarcha e’tiqod qo‘yganlar paydo bo‘ldiki, bu holat Renessans davriga kelib, Arastuni ancha obro‘sizlantirdi, uni taraqqiyot “dushmani”ga aylantirdi. Ikki ming yil muqaddam yashab o‘tgan odam taraqqiyot dushmani bo‘lishi mumkinmi? Shu bois, bizningcha, Arastu va arastuchilikni bir-biridan farqlash lozim. Arastu mutlaq, o‘zgarmas haqiqatga da’vo qilmagan. U o‘z g‘oyalarini imkon qadar asoslashga uringan. Uning bilishga, o‘rganishga, izlanishga bo‘lgan munosabati emas, balki fikrlari, qarashlari mutlaqlashtirildi, holbuki, aksincha bo‘lishi lozim edi. Shu ma’noda, arastuchilarda Arastu falsafasining g‘oyalari bor-u, ammo uning ruhi, g‘ayrati yo‘q edi. Arastuchilarning keskin tanqidiga uchragan Galileo Galileyning ritorik savol shaklidagi e’tirofi diqqatga loyiq: “Agar Arastu koinot borasida qilingan yangi kashfiyotlardan boxabar bo‘lganida o‘ziga ko‘r-ko‘rona ergashgan kaltabinlardan uzoqlashib, o‘z fikrini o‘zgartirishi, asarlaridagi xatolarni tuzatishi, eng ma’qul g‘oyalarni qabul qilishiga shubhangiz bormi?” Arastudek faylasuflar haqiqatni bilishga samimiy, xolis intilish bilan yashagan. Ana shu intilishning o‘zi ular yo‘l qo‘ygan xatolarni oqlashga kifoya qiladi.
Arastushunos Jonatan Bernes ulug‘ faylasuf asarlarini mutolaa qilmoqchi bo‘lganlarga bunday maslahat beradi: “Istalgan biror traktatni oling, ularni ma’ruza uchun yozilgan qaydlar deb va o‘zingizni ma’ruzaga tayyorlik ko‘rayotgan muallim deb tasavvur qiling. Siz qaydlardagi argumentlarni kengaytirishingiz, misollar bilan boyitishingiz kerak... U nima demoqchi? Berilgan fikrlardan yana qanday mantiqiy xulosalar chiqarish mumkin? Bu xos atamalar nimaga kerak?” Bu kabi savollar orqali biz falsafaning muhim muammolari ichiga kirib boramiz. Arastu mutlaq haqiqatdan so‘zlaguvchi mutafakkir emas. Uning qarashlari falsafiy izlanishlar uchun zarur debocha, xamirturush vazifasini bajargan va bajarajak. Arastu o‘z xatolari bilan ham yangi fikrlarga turtki bera oluvchi sanoqli faylasuflardan biridir.
Xurshid YO‘LDOSHEV
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.
“Arastu xazinasi”
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q