“Biz o‘z g‘aflat va jaholatimiz soyasida tobora yerga kirmoqdamiz” –“Sadoi Turkiston”ning ilk sonida nimalar yozilgan edi?


Saqlash
17:31 / 24.04.2025 56 0

Ushbu maqola “Sadoi Turkiston” gazetasi chop etilganiga 111 yil to‘lishi munosabati bilan yozildi.

 

Matbuot orqali jamiyatning tafakkurini boshqarish mumkinligini bilgan Turkiston jadidlari “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Oyina”, “Al-Isloh” va shular kabi ko‘plab gazeta-jurnallarni tashkil etishdi. Bular orasida milliy taraqqiyparvarlarning yirik namoyаndalaridan biri Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev tomonidan ochilgan “Sadoi Turkiston” gazetasi ham bor edi.

 

Gazetaning ilk soni hijriy hisob bilan 1332-yil jumodul-avval oyining 21-sida (milodiy 1914-yil 4-aprelda) juma kuni chop etilib, uning birinchi sahifasida keltirilishicha obuna bahosi Rusiya fuqarolari (jumladan, turkistonliklar uchun ham) bir yilga 4 so‘m, olti oyga 2 so‘m 50 tiyin, uch oylik 1 so‘m 50 tiyin etib belgilangan. Shuningdek, xorijliklar uchun ham obuna narxlari ko‘rsatilgan: yillik 6 so‘m, olti oylik 3 so‘m 50 tiyin, gazetaning bir nusxasi esa 5 tiyin.

 

“Sadoi Turkiston” gazetasining ilk soni. 1914-yil 4-aprel.

 

Gazeta o‘z davri uchun ilg‘or g‘oya va fikrlarni olib chiqib, tez orada butun turkistonliklarning sevimli matbuot nashriga aylanadi. Buni keyinchalik Sovet hokimiyatining milliy zulmi va istibdodi sabab xorijga ketishga majbur bo‘lgan Abdulvahob O‘qtoy ham e’tirof etgan. U o‘zining “Turk gazetachilig‘i” nomli maqolasida, xususan: “Haftadan ikki marotaba chiqadirgan adabiy, iqtisodiy, fanniy va maishiy turkcha jarida” bo‘lg‘on “Sadoi Turkiston” gazetasining muhim ishlarini Munavvar qori (!) qilardi. “Sadoi Turkiston” turkistonliklarni xabardor etuvchi turli masalalarga – tabiiy u zamong‘i vaziyatning yo‘l berganicha – harakat qilmishdir. Diniy masalalarga esa xalqning hayajonini qo‘zg‘atmaydigan tarzda, mamlakatimizdagi mutaassiblikni yo‘qotishg‘a harakat qilmishdir. “Sadoi Turkiston” rus hukumati tarafidan “ko‘p qo‘rqinchli” bir gazeta o‘laroq tanilmishdi. Bu gazetaning siyosiy rahbari bo‘lg‘on Ubaydullaxo‘ja Rusiyaning Turkistondagi umumiy voliysi tomonidan bir necha marotaba surgun qilinish bilan tahdid etilmishdi. “Sadoi Turkiston” sahifalarida turk gazetachiligi tarixida muhim o‘rin tutg‘on va boshida Fotih Karimiybek bo‘lg‘oni holda zamonning eng kuchli qalam egalarining qatnashishlari ila Orenburgda chiqarilib, Idil-Ural, Turkiston, Sibiriya, Qirim va Kafkaziyag‘a qadar yoyilib, har tomonda sevilib o‘qilg‘on “Vaqt” gazetasi bilan buning nashriyotidan bo‘lg‘on “Sho‘ro” jurnalidan olinib bosilg‘on maqola va xabarlarni ham uchratasiz. Bu gazeta Turkiya, Misr, Hindiston va Arabiston ahvolidan ham turkistonliklarni xabardor etib turmishdir. “Sadoi Turkiston” 1915-yilning may oyig‘acha davom etib, 67 ta soni dunyo yuzig‘a chiqmishdir. Mas’ul muharriri Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘ja bo‘lg‘on bu gazeta sahifalarida boshida Munavvar qori bo‘lmoq uzra Abdulla Avloniy (“Indamas” taxallusi bilan), Abdurauf Muzaffar, To‘lagan Xo‘jamyor (“Tavallo” taxallusi bilan), Sayyidnosir Mirjalil, Hamza Hakimzoda, Xolid Said, Abdulhamid Sulaymon (“Cho‘lpon” taxallusi bilan), Mo‘minjon Muhammadjonov, Abdulla Erg‘ozi, No‘shirvon Yavushev, Siddiqiy, Lutfullo Olimiy, Mulla Sayyidahmad Vasliy, Fozil Jonboy, mudarrislardan Mulla Muhammadjon, Badriddin A’lamiy, Hoji Muin, Shokirjon Rahimiy, N.Aziziy va boshqalarning maqolalari bosilmishdir”,  [1] deb xotirlagan edi.

 

Gazetaning muharriri advokat bo‘lgani sababli, mavjud murakkab vaziyatni teran his qilgan holda, “Shaxsiy g‘arazlardan xoli bo‘lgan maktub va maqolalargina gazetada bosilishini” eslatma sifatida belgilab qo‘ygandi.

 

Xo‘sh, “Sadoi Turkiston” gazetasining ilk sonida qanday masalalar o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan?

 

Ilk sonda Ubaydulla Xo‘jayevning “Maqsad va maslak” nomli maqolasi chop etilgan bo‘lib, unda muallif gazetaning chop etilish sabablari, nashrning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va maslagini keskin bayon qilib bergan. Muallif maqolasining kirish qismida hozirgi zamon madaniyat va taraqqiyot zamoni ekani, afsuski ushbu taraqqiyotdan eng oz foydalanayotgan xalq Turkiston xalqiligini urg‘ulab quyidagicha yozadi: “Ajabo! Bundan bir necha yil muqaddam porloq tarixlarga molik bo‘lgan biz Turon xalqi ne uchun bu holga tushdik? Buxoroda, Samarqandda, Ho‘qandda va Toshkandda… tog‘ kabi madrasalar, dorulfununlar vujudga kelturgan zotlar bizim bobolarimiz emasmi edi? Bu Alilar, G‘azzoliylar, Farobiylar, Navoiylar, Abu Layslar… kabi faylasuflar, hakimlar, olimlar, adiblar va faqirlar yetishdirgan tufrog‘ shu yashadigimiz Turkiston tufrog‘i emasmi edi? Boshqa millatlar o‘z ota-bobolari tarafidan vujudga keltirilgan osari taraqqiy va madaniyatni kundan kunda ziyodalashtirib, isloh qilib turgan bir zamonlarida, biz turkistonliklar (!) bobolarimizning osori madnaiyati bo‘lgan madrasalarimizni islohi bir tarafda tursin, bir chetdan buzib g‘isht, tufrog‘ va koshinlariga qadar sotib yemakdamiz… Boshqa millatlar o‘zlarining o‘tkan olim va adiblarining ismini qiyomatgacha boqiy qoldirmak harakatida ularlarning ismlarina ulug‘-ulug‘ haykallar, ko‘chalar, maktablar va madrasalar bino qilib turgan bir zamonlarida, biz turkistonliklar o‘tkan hakim va olimlarimizning birini sohirlikka (sehrgarlikda – M.Alijonov) ikkinchisini kofirlikda tag‘in bilmam nelarga isnod berib ismlarini avlodimizdan unutdirmakdamiz… Bundan ma’lum bo‘ladiki, biz turkistonliklar hozirda na zamonga qarab harakat qilurmiz, na din va shariatimizg‘a bo‘ysunarmiz va na tarixmizdan ibrat olurmiz. Bizim shul qadar g‘aflat va jaholatimizni ko‘ra turib yanadan sabr va tahammul [2] ila sukut etmak muqaddas vatanimiz va mehribon onamiz bo‘lgan “Turkiston”ga ko‘p og‘ir keldi [3]”.

 

Ubaydulla Xo‘jayev gazeta nomini izohlab, “Mana bizim shul jaridamiz shul vatani muqaddasamiz bo‘lgan “Turkiston”ning o‘z avlodlarina so‘ylagan so‘z va chiqargan sadolarining tarjimoni bo‘ladir. Shuning uchun ismini-da “Sadoiy Turkiston” qo‘ygan”ini keltirib o‘tgan.

 

Tabiiyki, gazeta ishini yuritish oson emas. Birgina Ubaydulla Xo‘jayev Munavva qori bilan bu ishni samarali yo‘lga qo‘ya olmas edi. Shu boisdan ham muallif maqolaning so‘ngida “Muhtaram ahli qalamlarimiz, qalamlari ila, ahli sarvatlarimiz sarvatlari ila va yoshlarimiz himmat va g‘ayratlari ila yordam va muovanatda [4] bo‘lib tursalar, biz ham tez fursatda jaridamizni kunlik qilmak fikri va orzusinda o‘ldig‘imizni ojizona arz va e’lon etmak ila xatmi kalom [5] qilurmiz”, deb zamondosh ziyoli ijodkorlarni gazeta ishida faol ishtirok qilishga da’vat etadi.

 

Ubaydulla Xo‘jayevning “Yosh Turkiston” jurnalida bosilgan surati.

 

Shuningdek, gazetaning ilk sonida chop etilgan muhim materiallardan biri “Maktab do‘sti” taxallusi ostida e’lon qilingan “Turkiston maktablari” maqolasidir. Muallif maqolaning avvalida har mamlakat xalqining taraqqiy va tanazzuli, hayot va mamoti maktab masalasiga bog‘liq ekanini, qaysi millatning maktabi tartib va nizomli bo‘lsa, ul millatning istiqboli umidli va dunyoda yashamakka iste’dod va qobiliyatli sanalishini, agarda qaysiki millatning maktabi tartibsiz va nizomsiz bo‘lsa, istiqboli ham qo‘rqinchli va madaniy qavmlar qoshida e’tiborsiz, xor va zalil hisoblanishini alohida ta’kidlab o‘tadi.

 

“Maktab do‘sti”ning “Usuli-jadid” maktablari hamda bu turdagi maktablarga nisbatan Turkiston xalqining qarashlari to‘g‘risida juda muhim ma’lumotlarni keltirgan. Muallifning fakt va mulohazalaridan XX asr boshlaridagi turkistonliklarning jadid maktablariga nisbatan qarashlari qanday bo‘lgani to‘g‘risida yanada aniqroq fikrga kelish mumkin.

 

Maqoladan iqtibos keltirishdan oldin bir jihatni alohida ta’kidlash lozimki, “Usuli-jadid”gacha ham Turkistonda eski usul maktablari, no‘g‘ay maktablari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, bu turdagi maktablarning samarasizligi turkistonliklarni qattiq cho‘chitib qo‘ygan edi. “Maktab do‘sti” maqolasida jadid maktablarini e’tirof etish barobarida bu jihatga ham e’tiborini qaratgan: “Usuli jadida maktablari “новый метод” (yangicha metod, usul – M.Alijonov) unvoni ila hukumat tarafidan rasman tanilmish murattab [6] va muntazam maktablardirki, buni Toshkentda vujudg‘a chiqmog‘ina sabab bo‘luvchi zotlar Toshkent ag‘niyolaridan [7] muhtaram Mirdadaxoji Mirvafoyev, Abdulvalixoji Abdulmalikov, Mulla Toji Muhammadiso Mahmudov, Abdurasulxoji Abdumavlon Qoriyevlar kabi himmatli zotlar bo‘lmishlar. Bu maktablarning pro‘g‘rommalari har tarafdagi murattab maktablardan olinib yerli xalqning maishatina to‘g‘rilanib yasalg‘onlig‘i otirg‘a olinsa Turkiston musulmonlari uchun eng foydali maktab shular ekanligiga hech kim inkor qilmasa kerak. Xalqning hujumig‘a sabab yuqorida yozilmish usuli savtiya maktablari edi. Bir daraja bolalarin berib oylik to‘lab og‘izlari kuymish zotlar usuli jadidg‘a ham shul ko‘z ila qarab: “Bu maktablarning foydasi yo‘q, bolalarning xat va savodlari chiqmaydir. Qalandarlik o‘rganadir, bundan o‘zimizning eski maktablarimiz yaxshi”, deb qarshi turar edilar. Bu hujumlar va qarshiliklar uzoqqa bormadi. Bu maktablar sanaviy imtihonlar vositasi ila o‘zining ne ekanligini xalqg‘a, hukumatga bildirdi. Shul sababli xalq muhabbat qilib o‘z bolalarin bera boshladilar. Avvallarda o‘qitadurg‘on shogird topolmay o‘turgan bu maktablar, shogird qabul etmakka joy va muallim topolmay boshladilar. Hukumat ham pro‘g‘rommalarin tasdiq qilib ijozat bera boshladi. Mana usuli jadida deganimiz shul rasmiy maktablarga hozir Turkistonda kamoli muvaffaqiyat ila tomir yoymakda va ko‘paymakdadir” [8].

 

Garchi taraqqiyparvarlar maktab va matbuot orqali Turkiston xalqining qalb ko‘zini ochishni niyat qilgan bo‘lsa-da, biroq mazkur maqsad yo‘lida bu ikki subyektning o‘zi yetarli emasligi tez orada ma’lum bo‘ldi. Ular qisqa fursat ichida millatni pomol [9] holiga olib kelib qo‘ygan illat – jaholatdan qutqarish uchun keng miqyosdagi faoliyat zarurligini anglab yetdilar. Begali Qosimov ta’kidlaganidek, “Ma’rifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘rsin” [10]. Taraqqiyparvarlar oyna  o‘laroq teatrni tanladi.

 

“Sadoi Turkiston”ning ilk sonida “Indamas” taxallusi ostida bir “Felyeton” chop etilgan, unda Turkiston xalqining teatr xususidagi qarashlari o‘zaro dialog shaklida yoritib berilgan. “Indamas” taxallusi Abdulla Avloniyga tegishli bo‘lib, garchi Avloniy maqolani felyeton janriga oid deb belgilagan bo‘lsa-da, u ko‘proq hikoyaga o‘xshab ketadi. Mazmuniga e’tibor bersak, Avloniy bevosita o‘zi guvoh bo‘lgan manzarani qandoq bo‘lsa shundoq keltirib, biroz adabiy bo‘yoq bilan bezagan. Hikoya qahramonlari bir mulla va chapanidir.

 

Hikoyaning kirish qismi quyidagicha: Qahramon (ya’ni Avloniy) bir do‘stining bog‘ida tabiatga mahliyo bo‘lib o‘tirar ekan, yana boshqa ikki mehmon ham kelib davraga qo‘shiladi. Kelgan mehmonlarning biri mulla bo‘lib, ahvoli olamdan xabardor bir kishi ekani so‘z va qiyofasidan ma’lum edi. Ikkinchisi esa o‘qimagan chapani, qiziqroq bir kishi bo‘lib, ikkisining o‘rtasidagi suhbat qizib  ketib teatr xususida so‘z ochilib ketadi:

 

Chapani: Mulla aka, men avval kuni teatrga borib edim, xo‘b yaxshi tomosha bo‘ldi. Keyinroq borib qolgan ekanman arzon bilet topolmay ikki yarim so‘mga bilet olib kirdim, siz ham borib edingizmi?

 

Mulla: Men ham borgan edim, o‘yunlari ko‘p yaxshi chiqdi. “Hech bir teatr o‘ynamagan kishilar qanday bo‘lar ekan? Boshqa millatlar qoshlarida kulgili bo‘lib qolmasalar edi”, deb xavotirda edik. Juda xursand bo‘ldik, boshqalar qoshida butun musulmonlarni obro‘larini olib berdilar. Teatr ko‘ngildagidek bo‘lib o‘tdi. Lekin, keyini ko‘p yomon bo‘lib ketdi. Shul teatr xususida Toshkand odamlari yetmish firqaga bo‘lindilar. Ba’zilari: “Teatr harom, teatrdan kelgan aqcha ham harom”, deyarlar. Holbuki, teatr harom emas bid’at, bid’at bo‘lsa ham bid’ati hasanadir [11], bid’ati sayyialardan [12] emas. Teatr har bir millatning yomon urf-odatlarini yo‘q qilmak uchun chiqarilgan ibratxona, o‘zini va ahvolini tuzatmak uchun boqadirgan oyinasidir. O‘shal harom degan kishilarning o‘zlari madrasa va yo mehmonxonalarda birovni qizdan suluk bolasini ko‘zlaridan mo‘ldir-mo‘ldir yoshlarini oqizib, boshiga kokil solib aylansun, o‘rgilsun deb yurgan kishilar. Yoki dallol va yallachilarni o‘ynatib, tishlarini oqini ko‘rsatib, tanga tashlatib yurgan kishilarga, bilmayman nima uchun bul ibratxona ma’qul bo‘lmaydir.

 

Chapani: Yo‘q, mulla aka, teatr harom bo‘lmasa kerak. Meni bir akam hajga borgan edi. Istanbul, Misr, Quddusi Sharif, Qozon, Orenburglarni uch-to‘rt yil yurib sayohat qilib keldi. Teatr to‘g‘risida uning bilan ham so‘zlashgan edim, avval Qozon, Misr, xususan Istanbul teatrlarini ko‘p maqtadi. O‘zing borib ko‘zing birla ko‘rmaguncha gapirib bergan bilan tushunmaysan, deydir. Agar harom bo‘ladirgan bo‘lsa, Qozon, Misr, Istanbul olimlari nima uchun mone’ qilmaganlar? Ul yerlardagi olimlar bizning Toshkand olimlarini bir cho‘qishda qochiradirlar deydir. Uni-muni qo‘ying, shul kuni teatrdan qancha foyda qolibdir?

 

Mulla: Sal kam bir yarim ming so‘m sof foyda qolibdir.

 

Chapani: O… askiyalari… o‘zlari o‘ng besh kishicha bor edilar. Bir kechada har birlari bir yuz so‘mga yaqin tushiribdular. Mendek odam bularni har birlarini bir kechada topgan pullarini bir yilda qancha mahtal [13] qilib zo‘rg‘a toparman.

 

Mulla: Bular o‘z nafslarining foydasiga o‘ynaganlari yo‘q, millat foydasiga, ya’ni jamiyati хayriyaning foydasiga o‘ynaganlar. Teatrdan kelgan sof foydani o‘zlari bir tiyin olmay hammasini jamiyatga beribdirlar. Avvalgi tamosha bog‘dagi bo‘lgan teatrni ham ramazonda, mozorda bo‘lgan sharq kechasidan kelgan aqchalarni ham jamiyatga bergan edilar.

 

Chapani: Aytganday, esimda borida sizdan so‘rab qolayin, tamoshabog‘dagi teatrga ham borgan edim. O‘shal kuni ham tamoshada xalq ko‘p edi. Mullalar, boylar ham bor edilar. Nimaga o‘shal teatr harom bo‘lmay, puli ham halol bo‘lib hech kim lom-lum demasdan o‘tib ketdi. Emdi bul teatr nimaga durust bo‘lmay, puli ham harom bo‘lib chiqdi. Munda nima sir bor, bilasizmi?

 

Mulla: Men sirini yaxshi bilmayman, lekin eshitishimcha ba’zi firqalar bizlarning ota-bobomizdan qolib kelgan odatiy kuylarimizni she’rga solib o‘qib hajv qildilar, chilon bangi deb boylarimizni masxara qildilar. Bolangni o‘qutmasang qorning yorilib o‘larsan, deb kulgi qildilar, der emishlar.

 

Chapani: Men bir kun Piyon bozoriga chiqib edim. Bir baqqolning do‘konida bir necha kishi jam bo‘lib, so‘zlashib turubdurlarki, “Курер” gazetida Qur’oni karimni bir juhud she’r birla hajv qilib yozibdir, deb. Mana ul teatrda bizni hajv qildi, deb ul bechoraga tish va tirnoqlari ila yopishgan botirlar Qur’on karimni hajv qilg‘on juhudni tegishlik joyda so‘ramoq uchun birgina ariza ham qilib berolmadilar. Munga nima deysiz?

 

Mulla: Ey birodar, “Yomonni kuchi yapaloqg‘a yetar” degan so‘z to‘g‘ridir. Ul juhud, bular o‘z musulmonlaridir. Biz musulmonlar har vaqt bir-birimizni chaynashmoqdan boshqa qo‘limizdan bir ish kelmaydir.

 

Chapani: Mulla aka, o‘shal kuni yana millat, millat deb bir she’r o‘qidilar. Shul so‘zga yaxshi tushunmadim, lekin qulog‘imga yaxshigina kirdi. Biroz yig‘lab ham oldim. Yonimda o‘lturgan ba’zi mulla va boylar qiqi-qiqir yig‘lashib o‘lturdilar. Ammo ba’zi shul siz aytgan qoramachilarmi (ichiqoralar – M.Alijonov), yotashyuraklarmi (yuragi begona, millatga nisbatan qalbi begonalik nazarda tutilmoqda – M.Alijonov) – qiqir, qiqir kulishib o‘lturdilar. Shunday achchig‘im chiqdiki, qo‘limdan kelsa hammasini teatrdan chiqarib yuborur erdim.

 

Mulla: Bizlarning millatimiz islom millati, ruslarniki nasoro millati, juhudlarniki yahudiy millati deb ayturlar. Shul kuni bizlar nimaga boshqa millatlardan keyin qoldik. Nimaga harakat qilib o‘qimadik, hammaga oyog‘ osti bo‘ldik, dunyoda yashamoqchi bo‘lsak har turli ilmlarni o‘qiylik, har xil yangi hunarlarni o‘rganaylik, biz ham boshqa millatlar birla barobar ketaylik, degan mazmunda she’r o‘qig‘on edilar.

 

Chapani: Balli, taqsir. “Qaromug‘ donasi bo‘lguncha, bug‘doyni somoni bo‘l”, “Yomonni yaxshisi bo‘lguncha, yaxshining yomoni bo‘l” degan baytni bir mulla o‘rtog‘im o‘rgatib har vaqt mullalar birla hamsuhbat bo‘l, chapanilarga jo‘raboshi bo‘lganingdan mullalarga oshpazlik qilganing yaxshiroqdir. Chunki mullalardan hikmatlik so‘zlar eshitib yaxshi xulqlik kishi bo‘lursan. Chapanilardan bachchabozlik, ichkilik, qimorbozlik, samovardan samovarga yurib safsatabozlikdan boshqa nimani o‘rganursan, deb edi. Hozir men sizning oldingizda tavba qildim emdi, aslo mullalarning suhbatidan ayrilmasman! O‘zim musulmon bo‘lib turib hozirgacha birgina millat degan so‘zga tushunmaydurgan darajada nodon va johil bo‘lib yurgan ekanman! Afsus, o‘tkan umrlarimga emdi. Siz guvoh bo‘ling, millat degan joyda jonimni ham ayamasman!”.

 

Xullas, Abdulla Avloniy shu qisqacha dialog orqali bir tomondan teatrga gunoh yorlig‘ini yopishtirayotgan dindor qatlamni, ikkinchi tomondan esa oddiy xalq vakillarining teatrga nisbatan munosabatlarini ijobiy tomonga o‘zgartirishga chaqirdi, jadidlarning teatr-spektakllarini qo‘yishdan maqsad faqat ezgulik ekanini uqtirishga harakat qildi.

 

Bundan tashqari “Sadoi Turkiston”ning ilk sonida Abdusamiqori Ziyoboyevning “Tuprog‘imiz oltindir” maqolasi ham chop etilib, unda Turkiston yerining oltinga tengligi aytilib, undan samarali foydalanishga chaqirilgan bo’lsa, Abdulhakim Sarimsoqovning “Qalandalar yoxud tanballar” nomli maqolasida esa tasavvufni o‘ziga niqob qilib olgan chirkin shaxsiyatlar qattiq tanqid ostiga olingan.

 

Shu bilan birga gazetaning ilk sonida jadid maktablari uchun yig‘ilgan ionalar, Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub “Padarkush” spektaklining Toshkentdagi namoyishidan tushgan pullar hisoboti, haddan ortiq hashamat bilan qilingan to‘ylarga qarshi harakatlar to‘g‘risida ham xabarlar berilgan.

 

Ayniqsa, Abdulla Avloniy va Mirmulla Shermuhammadlar tomonidan e’lon qilingan millat va vatan xususidagi o‘tli she’rlar gazetaning ilk soniga alohida ko‘rk bag‘ishlagan.

 

Shunday qilib, “Sadoi Turkiston” yonib, yashnab tarix sahnasiga kirib keldi. Va hamon unda chop etilgan she’rlar va maqolalar bizni ogohlikka, sergaklikka chorlab turibdi.

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1)                To‘qtamish o‘g‘li (Abdulvahob O‘qtoy). Turk gazetachilig‘i // “Yosh Turkiston” jurnali. 1933-yil oktyabr. 47.

2)                Tahammul – bardosh bermoq, chidamoq, sabr-toqat qilmoq.

3)                Ubaydulloh (Ubaydulla Xo‘jayev). Maslak va maqsad // “Sadoi Turkiston” gazetasi. 1914-yil 4-aprel. № 1.

4)                Muovanat – yordam, ko‘mak.

5)                Xatmi kalom – so‘zni tugatmoq.

6)                Murattab – puxta, mukammal.

7)                Ag‘niyo – boy.

8)                Maktab do‘sti. Turkiston maktablari // “Sadoi Turkiston” gazetasi. 1914-yil 4-aprel. № 1.

9)                Pomol – oyoqosti qilingan, ezilgan. 

10)           Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoiylik. –T.: Ma’naviyat nashriyoti, 2002. – B. 219.

11)           Bid’ati hasana – yaxshi odat.

12)           Bid’ati sayyia – yomon odat.

13)           Mahtal – kutib, qarab qolgan, muntazir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:04 / 24.04.2025 0 60
Termiziy haqmi yo Farog‘iy?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//