
Insoniyat juda qadimdan bu dunyo qanday yaratilganiga qiziqib keladi. Hayot qanday paydo boʻldi? Biz qayerdan kelib qoldik? Oʻlimdan soʻng nima boʻladi? kabi savollar barcha davr odamlari uchun qiziq boʻlgan. Dunyoni tushunishga boʻlgan bunday intilishlar har bir sivilizatsiyada oʻz ifodasini topgan. Olimlar buni “kosmologik tasavvur” deb atashadi. Mifologiyada esa olamning paydo boʻlishi haqidagi miflar “kosmogonik mif” deya nomlanadi[1].
Qadimgi yunonlar Yer atrofi okean bilan oʻralgan, yuqorida Olimp togʻi joylashgan, u yerda esa xudolar yashaydi, deya ishonilgan. Yer ostida esa Hades – oʻliklar dunyosi boʻlgan. Slavyan mifologiyasida ham olam uch qavatli: yuqorida samoviy kuchlar, oʻrtada odamlar, pastda esa ruhlar va arvohlar dunyosi mavjud, deya tasavvur qilingan. Xitoyliklar osmon va yer oʻrtasida muvozanat boʻlishi kerak, deb hisoblagan. Ular uchun bu muvozanat imperator hokimiyati va tabiat uygʻunligi orqali namoyon boʻlgan.
Qadimgi ajdodlarimiz ham dunyoni oʻzgacha tafakkur tarzida anglagan. Turkiy xalqlar mifologiyasida ham shu uch qavatli dunyo modeli mavjud. Koʻk yuzi yaʼni yuqori olam – Koʻk Tangri va uning yordamchilari joylashgan osmon. Yer yuzi yaʼni oʻrta olam – odamlar, hayvonlar va oʻsimliklar yashaydigan yashaydigan maskan. Yer osti yaʼni quyi olam – oʻliklar, jinlar va ruhlar makoni. Bu model qadimgi turkiy xalqlarning dunyoqarashida, hayot tarzida, urf-odatlarida, hatto mamlakat boshqaruvida ham muhim ahamiyat kasb etgan.
Taniqli olim Fuzuliy Bayatning “Turkiy xalqlarning mifologik hikoyalari” nomli ilmiy asarida quyidagi kosmogonik mif keltiriladi:
“Hanuz hech bir olam yaratilmagan zamonlarda butun borliq suvdan iborat edi. Suvning ichida Oq Ona deb nomlanuvchi bir yaratiq mavjud edi. (Oq Ona yorugʻlik, tozalik va hayot unsurlarini oʻzida mujassam ettiruvchi mifologik obraz hisoblanadi[2].) Suv ustida esa Ulgen ismli boshqa bir yaratiq yashar edi. Zamonlar oʻtib, Ulgenning xayoliga oʻzi uchun bir olam yaratish fikri kelib qoladi, ammo uni qanday amalga oshirishni bilmay uzoq izlanadi. Kunlarning birida cheksiz suv ostidan Oq Ona chiqib, Ulgenga olam yaratish gʻoyasini beradi. “Ettim pyutti, dep. Yoksa etkenim pyutneri, dep, dema!” yaʼni “Qilganim (Qilgan ishim) boʻl, degin, aslo qilganim boʻlmadi, dema” deya suv ichiga kirib gʻoyib boʻldi va boshqa hech kimga koʻrinmaydi. Shundan soʻng Ulgen uch qavatli dunyo modelini yaratadi. Ulgen insonlarni yaratganidan soʻng ularga Oq Onadan oʻrgangan quyidagi taʼlimotni beradi: “Bor boʻlgan narsani yoʻq dema. Agar yoʻq desang, u holda bori ham yoʻq boʻladi”.
Turkiy miflar orqali olamning vertikal holatda uch qismga boʻlinganini bilishimiz mumkin. Har bir qismning oʻz qonuniyatlari, oʻz mavjudotlari boʻlib, ular birgalikda eng oliy kuch – Koʻk Tangriga boʻysunishadi. Koʻk yuzi bir qancha qavatlardan iborat. Oltoyliklarga koʻra, samo 17 qavatdan iborat boʻlsa, Telutlar 16 qavat deb hisoblashadi. Tuvalar esa 33 yoki 9 qavat deb, yoqutlar 7 qavat deb ishonishadi[3]. Koʻplab turkiy xalqlar osmonni aynan 7, 9, 12 va 17 qavat deb tasavvur qilishgan va bu shunchaki tasodif emas, har bir raqamning oʻziga xos maʼnosi mavjud[4].
Koʻk Tangri samoning eng yuqori qismida joylashgan boʻlsa, qolgan qavatlarning har birida Koʻk Tangrining yordamchilari – ilohiy yaratiliqlar yashaydi. Yer yuzida insonlar hukmdorlik qiladi. Biroq oʻrta olam faqat odamzod yashaydigan dunyo emas. U hayvonlar, oʻsimliklar, yaxshi va yomon ruhlar, himoyalovchi yaratiqlar hamda Koʻkyuzidagi ilohlarning avatarlari yashaydigan makondir.
Abadiy zulmat hukm suradigan yer osti dunyosi 7 yoki 9 qavatdan iborat deb tasavvur qilinadi. Yer osti saltanatida ham oʻziga xos yaratiliqlar boʻlib, ularni Erlikxon boshqaradi. Bu yer yoʻldan adashgan insonlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish uchun shakllantirilgan jazolash mexanizmiga oʻxshaydi. Yer osti saltanatining kirish eshiklarida Erlikxonning ikki qizi – Kishtey Sulton va Erka Sulton qoʻriqchilik qiladi. Afsonaviy qulf-kalitlar ularning ixtiyoridadir. Erlikxonning yana yettita oʻgʻli ham bor. Ulardan Botir, Kerey, Teberkan, Abragan kabilari miflar va shaman duolari orqali fanga maʼlum. Ammo barcha oʻgʻillarining ismi hozircha aniqlangan emas. Har bir oʻgʻlining oʻziga xos kuchi va yuklatilgan vazifasi bor. Erlikxonning oʻzi ayrim manbalarda yer osti saltanatining hukmdori, Koʻk Tangrining yordamchisi sifatida talqin qilinsa, boshqa manbalarda jahannam egasi sifatida tasavvur qilinadi va shayton obraziga oʻxshatiladi.
Qadimgi turkiy xalqlar olamni yuqori, oʻrta va quyi deya vertikal tarzda uchga boʻlib tasavvur qilisharkan, ular oʻzaro garmoniyada, bir-biriga uzviy bogʻliq holatda mavjud boʻlgan va umumilohiy qonuniyatlar asosida davom etishi lozim, deb hisoblashgan. Bu uch olamni bir-biriga bogʻlab turadigan afsonaviy daraxt – Hayot daraxti turkiy xalqlar ishonchida va urf-odatlarida alohida oʻrin egallaydi. Hayot daraxtining ildizlari Yer osti dunyosida (quyi olam), tanasi Yer yuzida (oʻrta olam) va shoxlari osmonlarda (yuqori olam) boʻlgani bois uch olam bilan doimiy munosabatdadir. Mavsumlarga koʻra oʻzgarishi esa hayot davomiyligini anglatadi. Yaʼni barglarning toʻkilishi va har bahorda yangidan kurtak ochishi oʻlim va hayotning takroriy oʻrin alishishini bildiradi. Bu kabi afsonaviy daraxt skandinav mifologiyasida ham boʻlib, Iggdrasil daraxti deb nomlanadi[5].
Xulosalaydigan boʻlsak, qadimgi turkiy xalqlar oʻz tafakkur tarzida olamni uchga boʻladi va har bir dunyoning oʻz qonunlari mavjudligini, biroq shu bilan birga barcha eng yuqorida turuvchi Oliy haqiqat – Koʻk Tangriga boʻysunishini anglagan.
Uch qavatli olam modelining gʻoya muallifi ayol qiyofali yaratiq boʻlsa, amalga oshiruvchi kuch esa erkak qiyofalidir. Bu bilan qadimgi ajdodlarimiz ayol va erkak birgalikda buyuk vazifalarni amalga oshira olishiga ishonishgan. Bu kabi tafakkur tarzi keyinchalik hatto davlat boshqaruviga ham oʻtgan. Turkiy hukmdorlarning ayollari ham davlatda yuqori lavozimlarga ega boʻlib, siyosatda faol ishtirok etishgan. Ayrim topilmalarda farmonlarga erkak hukmdor bilan birga ayolning ham muhri bosilgan. Tangalarning bir tomoniga hukmdor, ikkinchi tarafiga malika tasviri tushirilib zarb etilgan.
Qolaversa, turkiy miflarda zardushtiylikdan farqi ravishda keskin ikkiga boʻlingan yovuzlik va ezgulik kurashi yoʻq. Aksincha, yomonlik ham aslida yaxshilik uchun xizmat qilayotgan va Oliy Xaqiqatga boʻysunadigan kuch deb tushuniladi.
Dilbar HAYDAROVA,
adabiyotshunos
________________________________________
[1] Rahmonov N. Oʻzbek adabiyoti tarixi. Toshkent — 2017.
[2] Bayat F. Kadim Türklerin mitolojik hikayeleri. İstanbul — 2022.
[3] Bayat F. Kadim Türklerin mitolojik hikayeleri. İstanbul — 2022.
[4] Joʻraqoʻziyev, N. Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarida kosmogonik mifologiya. Toshkent — 2018.
[5] Gibson C. How To Read Symbols?. Ivy Press Limited — 2009.
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Falsafa
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q