Vatanparvarlik tuyg‘usi bilangina uzoqqa borib bo‘lmaydi – Dilmurod Quronov bilan suhbat


Saqlash
15:33 / 23.04.2025 43 0

Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov bilan suhbat.

 

– Dilmurod aka, aslida, Siz bilan adabiy jarayon, so‘z san’ati haqida suhbat qurishimiz kerak edi. Muzofotda yashasangiz-da, poytaxtning qaynoq muhitidan uzilmagansiz, talabchan olim, jonsarak ziyoli sifatida millat istiqboliga doir bahs-munozaralarda faol qatnashib kelasiz. Shu bois bu gal dunyoning ishlari, jamiyatning ravish-raftori xususida gurunglashmoqni ma’qul deb topdik.

 

Qush qanotsiz parvoz qila olmagani kabi ilm-fan ham akademik erkinliksiz taraqqiy etmaydi. Akademik erkinlik oliy ta’lim va ilmiy muassasalar xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning tafakkur, tadqiqot hurligini anglatadi. Yanada aniqroq aytsak, olimlar, tolibi ilmlar ilmiy-ijodiy faoliyatda hokimiyat, siyosiy guruhlarning taqiq-u ta’qibidan, umuman, har qanday nazoratdan omonda bo‘lmog‘idir. Nazarimizda, nainki ilm-fan va ta’lim sohalari, balki butun jamiyat ravnaqi uchun akademik erkinlik suv bilan havodek zarur.

 

So‘nggi hisobotlar (Academic Freedom Index 2024) dunyoda akademik erkinlik bilan bog‘liq vaziyat maqtangudek emasligidan dalolat bermoqda. Ayniqsa, G‘azo bo‘lgasida urush boshlangach, demokratiya yalovbardori bo‘lgan davlatlarda ham “qirol yalang‘och” ekani alayno oshkor ko‘rindi-qoldi. Masalan, Falastin zaminida sodir etilgan xunrezliklarni qoralagan amerikalik olimlar universitetlardan badarg‘a qilindi. Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r, deydilar. Mutaraqqiy dunyoda ro‘y berayotgan bu sira besaranjomliklar erkin jamiyat qurish yo‘lida sa’y-ko‘shish qilayotgan yosh mustaqil davlatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin...

 

Ilm-fan xizmatida sochi oqargan olim, ta’limning yoqasidan kirib yengidan chiqqan pedagog o‘laroq mamlakatimizda akademik erkinlik holatini qanday baholaysiz?

 

– Savol g‘oyat murakkabligidan, javobni soddadan boshlaganimiz ma’qul. Kamina oliy ta’limda ish boshlagandan beri mudom bir holni kuzataman: rahbariyat professor-o‘qituvchilarning ishga kelib-ketishini qat’iy nazoratga olishga intiladi. Ko‘p yillardan beri “Ertalab soat 8 da ishga kelganda va 15:00 da – ketar choqda daftarga imzo qo‘yasizlar” degan talabni eshitamiz. To‘g‘ri, IT zamonida shakl o‘zgardi: “Universitetga kirishda moslama o‘rnatilgan, ishga kelganda va ketish chog‘i barmoq bosasiz – kelasi yildan tabel shu asosda tuziladi” deyishyapti endi. E’tirozga o‘rin yo‘qdek, professor-o‘qituvchiga olti soatlik ish kuni belgilangan, axir. Ko‘ngillarimizni faxrga to‘ldirgan qizimiz, Kolumbiya universitetida professorlik maqomiga erishgan ilk o‘zbek olimasi Aziza Shonazarovaning “Daryo” nashriga intervyusida aytishicha, AQShda oliy ta’lim o‘qituvchilari kun tartibini o‘zi belgilar ekan. “Bu kasbning men uchun eng qulay tarafi ham ana shu. Bir semestr mobaynida haftada ikki yoki uch marta dars bergani boraman, xolos. Professorlar faoliyatiga daxlsiz ishlarga jalb etilmaydi va ulardan ertadan kechgacha ofisda o‘tirish talab qilinmaydi”, deydi u. E’tibor qildingizmi, Azizaxon qizimiz “Professorlar faoliyatiga daxlsiz ishlarga jalb etilmaydi” deb ta’kidlagan, chunki ona yurtida buning aksi ekanini yaxshi biladi-da. Bizda, masalan, o‘qituvchi tarjima ishiga oylab jalb etilishi, darslarini boshqa hamkasblari o‘tib yurishi oddiy hol. Yoki falon tumandagi maktabga “metodik yordam ko‘rsatish uchun” professor-o‘qituvchini bog‘lab qo‘yish, haftada bir kun o‘sha maktabda bo‘lish kabi talab ham bor. Rahbariyatni-ku aytmayoq qo‘yay, ularni chigit ekish yo bug‘doy o‘rimiga mas’ul etsa ham bo‘ladi, go‘yo o‘zlarining mas’uliyatidagi ishlar tugab-bitgan yo do‘ndirib qo‘yilgan kabi...

 

Xalqaro istilohda akademik erkinlik ta’lim berish, tadqiqot yuritish, ilmiy izlanishlar natijalarini e’lon qilish, fikr-qarashlarni ifodalash erkinliklarini, ta’lim muassasasi yoki davlat tomonidan senzuraga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Ya’ni u davlat, ta’lim muassasasi va shaxsiy miqyosda voqelanadi. Demak, shu uch miqyosda ta’min etilmog‘i ham kerak. Davlat muayyan fan doirasida nimani va qanday o‘qitishni to‘laligicha professor yoki o‘quv muassasasi belgilashiga yo‘l qo‘yib bera oladimi? Tabiiyki, yo‘q. Chunki davlatning ham nimani, qanday o‘qitishga doir manfaati bor, bas, pulini to‘lagach, musiqani ham tanlaydi-da!

 

Aslida, bu bugunning yo kechaning muammosi emas: salkam uch ming yil avval Aflotun xayolidagi ideal davlatda qanday miflarni o‘qitish mumkin-u, qandaylarini o‘qitish mumkin emasligini muhokama qilgan. Xuddi shu obyektiv sabab sho‘ro zamonida jadid adabiyotining o‘qitilmagani-yu o‘zbek sovet adabiyotining “tirik klassiklari” keng targ‘ib etilganini izohlaydi. Mustaqillikdan keyin bunga mutlaqo ters holat kuzatilgani ham yana o‘sha obyektiv sabab bilan bog‘liq. Endi tasavvur qiling, sho‘ro davrida bizga saboq bergan ustozlar Fitrat, Qodiriy, Cho‘lponlar haqida gapirgisi kelmaganmi? Ular o‘zbek adabiyoti tarixi haqida berayotgan bilimlari chala, biryoqlama bo‘lib qolayotganiga o‘kinmagan deysizmi? O‘zimiz ham yaqin o‘tmishda – goh u, goh bu ijodkor darsliklardan chiqarilib, imi-jimida taqiqqa uchragan vaqtlar ularning asarlarisiz adabiyotimiz manzarasi notugal bo‘lib qolayotganini mudom his qilib turmadikmi? Hozir-chi, hozir bu hisdan to‘liq forig‘ bo‘lganmizmi?.. Sirasi, aytilganlar akademik erkinlikning ikkinchi qirrasi – tadqiqot erkinligiga ham bab-baravar tegishli. Albatta, azaldan shunday edi deganim qiyomatgacha shunday qoladi degani emas – munosabat rostlansa, holat ham o‘zgaradi. Buning uchun ko‘p narsa talab etilmaydi: davlat manfaati xolislik, ilmiy obyektivlik prinsiplariga zid kelmasa, har ikki tomonga maqbul “oltin oraliq” topilsa bas.

 

Akademik erkinlikning fundamental shartlaridan biri – oliy ta’lim muassasasining avtonomligidir. Ma’lumki, so‘nggi yillarda bizda ham bu borada ilk qadamlar qo‘yildi: ayrim oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik, akademik erkinlik taqdim etildi. Bu yo‘lda tetapoya qila boshladik, ammo mavjud sharoitda go‘dak rasmana yurib keta olarmikan, degan andisha yo‘q emas. Yashirib nima qildik, hududlarda OTMlarga hokimiyat tuzilmalaridan biri deb qarash shakllanib qolgan. Hokimlik o‘tkazadigan barcha yig‘ilishlarda OTM rahbarlarining qatnashishiga zarurat bormi? Ular bevosita ta’lim masalalari ko‘riladigan majlis bo‘lsagina taklif qilinishi kerak emasmi? OTM rahbarlariga hokimlarning yosh boladek dakki berishini-ku qo‘ying, kotibiyat mudirlarining zir yugurtirishlari, xodimlarning siyosat qilishiga nima deysiz?! “Amirlarning yaxshisi – olimlarni ziyorat qilganlari” degan gaplar unut bo‘lgandek. Dorilfununlarga asosiy faoliyatiga aloqasiz topshiriqlar berilishi odatiy holga aylangan. Zero, hokimiyat OTMlarni har vaqt safarbar qilish mumkin bo‘lgan kuch deb biladi. Eng yomoni, hokimiyatning ko‘ziga OTMlar “kontraktdan jaraq-jaraq pul topayotgan” korxona bo‘lib ko‘rinadi. To‘g‘ri, ular joylarda hisobiga muntazam mablag‘ tushib turuvchi tashkilot bo‘lib qoldi. Ammo o‘sha mablag‘ o‘quv jarayonini tashkil qilishga, ta’limni takomillashtirishga sarf etilmog‘i kerak-da. Hokimiyat katta-kichik xarajat talab qiluvchi topshiriqlarni universitetlarga yuklayveradi: smetada ko‘rsatilmagan sarf uchun mablag‘ning noqonuniy yo‘l bilan “yo‘ndirilishi”ni, ya’ni jinoyatga yo‘l ochilayotganini esa aytmasa ham bo‘ladi...

 

Xullas, ko‘rgan-bilganlarim bizda akademik erkinlik haqida gapirishga hali bir oz ertaroq emasmikan, degan andishani tug‘diradi. “Musulmonchilik asta-sekin, mana, ayrim universitetlarga moliyaviy mustaqillik, o‘quv jarayoni bilan bog‘liq erkinliklar berila boshladi-ku...” deyishingiz mumkin. Shunday, lekin bu boshlanmalar tomir yozadigan yer hali sho‘rxok, bas, avval sho‘rni yuvmoq lozim! Bizda akademik erkinlikni joriy etish tartibi boshqacha bo‘lishi kerak. Eng avval universitetlar avtonomligi qonunan qat’iy belgilanishi zarur. OTMlar nizom asosida mustaqil faoliyat olib borishi, vazirlik yoki markazga metodik jihatdangina bo‘ysunishi, ular ishiga chetdan aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Ana shundagina akademik erkinlik ro‘yobga chiqadi. Ana shundagina OTMlar butun kuch-quvvatini ta’lim sifatini oshirish va ilm-fan rivojiga yo‘naltirishi mumkin.

 

– UNESKO e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston xorijda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoning besh yetakchi davlatidan biri bo‘lib turibdi. 150 ming chog‘li vatandoshimiz chet el oliy ta’lim muassasalarida tahsil ko‘rmoqda ekan. “Yosh o‘zbek iqtisodchisi Harvardda doktorlik yoqladi”, “O‘zbekistonlik olima ilk bor Kolumbiya universitetida professor unvonini oldi”, “O‘zbek tadqiqotchisi Oksford universiteti shafeligida sun’iy idrok bo‘yicha salmoqli risola chop etdi”... Bu kabi xushxabarlar har birimizning qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi. Ayni choqda ko‘ngilda xavotiromuz savol ham tug‘iladi: jahonning obod shahr-u kentlarida tup qo‘yib palak yozgan qorako‘zlarimizning jillaqursa yarmi Vatanga qaytarmikan, yurt xizmatiga kamarbasta bo‘larmikan?..

 

Xabaringiz bor, bugun dunyoning boy davlatlari zakovat sohiblarini o‘ziga og‘dirish uchun raqobatga kirishgan. O‘z sohasining peshqadamlari xorijda, ta’bir joiz bo‘lsa, poyandoz solib qarshi olinadi. O‘zbekistonlik ko‘pdan-ko‘p iqtidorli olimlar ham xorijiy davlatlarda faoliyat yuritmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hazil-mutoyibada aytilganidek, “O‘zbekistonning oltin boshlari G‘arbga, oltin qo‘llari Shimolga ravona bo‘layotir. Yurt ichida esa faqat oltin tishlar qoldi”. Xo‘sh, aqllar hijratini tabiiy hol deya qabul qilish kerakmi? Yo davlat iqtidorlarni qaytarish uchun tizimli chora-tadbir ko‘rmog‘i lozimmi?

 

– Albatta, davlat iqtidorlarning yurtdan chiqib ketishi oldini olish (qaytarish) uchun tizimli chora-tadbirlar ko‘rmog‘i zarur. O‘z-o‘zidan keyingi savol qalqib chiqadi: u choralar qanday bo‘ladi? Sho‘ro davri kabi chegarani pashsha ham uchib o‘tolmaydigan qilib to‘sishning endi hech imkoni yo‘q, qat’iy taqiqlar bilan bir nimaga erishish dushvor, vatanparvarlik tuyg‘usining o‘zi bilan ham uzoqqa borib bo‘lmaydi. Yolg‘iz bitta yo‘li bor: iqtidorlar uchun o‘zimizda ham xorijdagi kabi shart-sharoit yaratish kerak, toki musofirlikda erisha oladiganiga muqimlikda erishsinlar... Chet eldagi kabi moddiy manfaatdorlik va badastir sharoit hozircha imkonsiz, deya e’tiroz bildirilishi mumkin. Ehtimol, shundaydir. Lekin tarki vatan qiluvchilarning hammasi ham moddiy shart-sharoitdangina bezib ketyapti, desak to‘g‘ri bo‘ladimi? Fikrimcha, yo‘q. O‘zimizda ishlashni, ota­ona, yaqinlaru yor-do‘stdan yiroq tushmaslikni istovchilar kam emas, lekin... Xo‘sh, hozirda oliy ma’lumotli mutaxassisning ishga joylashish imkoniyati qanday? U o‘z bilimi, ma’lumotiga munosib joyni bemalol egallay oladimi? Yo‘q-da, aksar ish o‘rinlari band. Deylik, u ishlashi mumkin bo‘lgan joyni yo o‘rta ma’lumotli birovi, yo boshqa mutaxassislikka o‘qigan boshqasi, yo diplom uchungina amal-taqal o‘qigan tag‘in biri egallagan. Asosiysi, ul mardum issiq o‘rnini aslo bo‘shatmaydi – yo rahbarning xeshi, yo ishga kirishda “xarajat” qilgan, yo qo‘lida “kompromati” bor, yo...

 

Har qanday tekshirish-u attestatsiyalardan eson-omon o‘tadi deng! Holbuki, talabgor bo‘lmish undan bir kalla baland, shu joyga ko‘proq munosib ekanini anglaydi, illo qo‘lidan hech narsa kelmaydi: kamsitilgan, xorlangan sezadi o‘zini, ketgisi keladi. Muammoning kuchli ijtimoiy-psixologik omili ana shu. Afsuski, bu illat ajriq misoli tomir otyapti. Toki ijtimoiy-iqtisodiy muhit sog‘lomlashmas ekan, xususan, davlat tashkilotlariga ishga qabul qat’iy belgilangan muddat va tanlov asosida o‘tkazilmas ekan, toki bu jarayon mutlaqo ochiq va imkon qadar inson omili aralashuvisiz kechmas ekan, undan xalos bo‘lish amrimahol. Xo‘p, shunday tartib o‘rnatilib, illatdan qutuldik ham deylik, ammo bu muammoni hal qilish yo‘lidagi ilk qadam, xolos – endi iqtisodiy va demografik vaziyat bilan bog‘liq boshqa bir omil o‘rtaga chiqadi. Biz navqiron millatmiz, aholi tarkibida yoshlar nisbati yildan-yil ortib borayotir. Hammaga ish topib berishning imkoni yo‘q, jumladan, iqtidorlilarga ham. Albatta, imkoni yo‘q ekan deb qo‘l qovushtirib turilmaydi, ahvolni yaxshilash uchun zarur choralar ko‘riladi. Ayni choqda, nafaqat mehnat resurslari, intellektual resurslarimizning ham xorijga oqishi tabiiy. Agarki oqimni butkul to‘xtatishga ojiz ekanmiz, uni boshqarmoq, mamlakat ravnaqi va istiqboli uchun manfaatli o‘zanga burishga harakat qilmoq lozim.

 

Avvalo, chet eldagi iqtidorlarimiz o‘zlarini “emigrant” emas, “xorijda muvaqqat ishlovchi” deb his qilsin. Bu esa ularning yurt bilan robitasi uzilmasligini taqozo etadi. Demak, ularning Vatan bilan bog‘liq faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish zarur: mamlakatimizdagi ilmiy markazlar bilan muntazam aloqani ta’minlash, sohasi bo‘yicha markazlar, laboratoriyalar, klinikalar ochish, investitsiya kiritishi uchun qulay va imtiyozli sharoitlar yaratish... Qarangki, yechim yana birinchi omilga borib tutashyapti. Chindan ham, ijtimoiy-iqtisodiy muhit sog‘lomlashmay turib muammolarni adolatli va to‘g‘ri hal qilib bo‘lmaydi.

 

Darvoqe, avval ham o‘ylab yurardim-u, shu kunlarda bir faktga duch kelgach, yanayam ko‘proq o‘ylayotirman: biz inson resurslari borasida ham “xomashyo” yetkazuvchigina bo‘lib qolmayapmizmi?! Hozir hammaning og‘zida shu gap: belorus klubi futbolchimiz Abduqodir Husanovni tekinga olib ketib, keyinroq Fransiyaning “Lans” jamoasiga 100 ming yevroga sotgan. Uch mavsum o‘tib mohir himoyachi 40 mln yevro evaziga ingliz klubiga o‘tdi. Endi o‘sha mablag‘dan belorus klubiga ham ulush tegadi, “Bunyodkor”ga-chi?.. Iqtidorlar bilan ishlash risoladagidek yo‘lga qo‘yilsa, bizning klub ham yaxshigina hissa olarmidi? U holda bir Abduqodir emas, uni tarbiyalagan klub, butun o‘zbek futboli manfaat ko‘rgan bo‘larmidi?!

 

Xonasi kelib qoldi, futboldan yana bir misol keltiray. Hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev SSKA (Moskva) jamoasining peshqadam o‘yinchisi bo‘lgani holda oyiga 10 ming yevroga yaqin maosh olarkan. Holbuki, o‘sha klubning boshqa bir yetakchisi Igor Akinfeyevga yiliga 1,6 mln yevro maosh berilar ekan. Ravshanki, bu bir Abbosbekning emas, o‘zbek futboli, umuman, O‘zbekistonning zarari...

 

Xulosa shuki, iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash bilan birga ularni nomdor klublarga o‘tkazish ishini ham rejali yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislarini yetishtirish – pul tikishga loyiq ishdir. Maktabni bitiriboq Rossiyaga otlanib, “Hunaring nima?” so‘rog‘iga “raznorabochiy” (asli “chernorabochiy”) deb yurgan bo‘y yigitlarga biron bir hunarni puxta egallash imkonini yaratish ham muhim. Hunar egasi o‘laroq ko‘proq maosh olsalar, topganlari oxir-oqibat yurt farovonligiga xizmat qiladi-da!..

 

Alhol, latifadagi “oltin qo‘l” va “oltin bosh”larning chiqib ketishi – obyektiv jarayon, uni butkul to‘xtatishga ojizmiz, lekin el-u yurtga zarari imkon qadar kam, foydasi esa ko‘p bo‘lishiga erishmog‘imiz shart.

 

– “Bugun Ovrupo xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari; ovrupoliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va kalta kiyim janjallari. Ovrupo shaharlari bugun elektr bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jug‘rofiya va tibbiyotni o‘qitish-o‘qitmaslik ixtiloflari...” Bu – jadid harakati sardori Munavvar qori Abdurashidxonovning 1923-yil “Turkiston” ro‘znomasida chop etilgan maqolasidan iqtibos. Ne tongki, oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, ahvoli ruhiyamiz deyarli o‘zgarmagandek. “Hayotning kurash maydonida va jahon xalqlari orasida islom olamining farsax-farsax orqada qolganligini bayon qilishga ehtiyoj yo‘qdir. Biz turkistonlilar esa boshqa islomiy jamiyatlarga nisbatan dunyoi jahon parishonlikka tushib, yo‘limizdan adashganmiz”, deydi boshqa bir ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat. Yuz vahki, bugun ham mutaraqqiy dunyo bilan o‘rtamizdagi farsax-farsax masofa qisqarmagan...

 

To‘g‘ri, millat zehniyatiga asrlar mobaynida o‘rnashgan zanglarni ketkazish oson kechmaydi. Ammo “to bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Olloh ularning holini o‘zgartirmas”ligi ham ayon haqiqat. Nahot, Hollivudning “Sug‘ur kuni” filmida tasvirlangani kabi yakrang holatni qayta-qayta boshdan kechirmoqqa abadiyan mahkum bo‘lsak?! Fitrat domla kuyunib yozganidek, “bu parishonlikning sababi nedir?”

 

– Tushkunlik (pessimizm) – odamning o‘ziga yuk bo‘ladigan narsa, marra yaqinlashgani sari nekbin (optimist) bo‘lgingiz kelarkan. Shu ma’noda, so‘nggi yillar ijobiy o‘zgarishlarni ko‘proq ko‘rayotgandekman. Avvalo, yoshlarda bilim olishga intilish kuchaydi – mustaqillikning ilk yillariga qiyoslansa, farq – osmon bilan yercha. Ikkinchidan, yoshlar ichida “Mana bu – halol, mana bu – harom” degan mezon bilan harakat qiladiganlar ko‘paymoqda. Umid shuki, ertami-indin ular “Davlatniki – hammaniki, men esa o‘sha hammaning biriman, demak, meniki ham” deydiganlar o‘rnini egallaydi. Ular endi “Davlatnikida yetim-yesirning, g‘arib-u miskinning, maktab-u xastaxonaning... mag‘ribdan mashriqqacha haqdorlarning ulushi bor” deb qaraydi. Shu tariqa yurtda haloldan farovonlik barpo bo‘ladi. Haloldan kelgan farovonlik anchayin to‘kinlik emas, bunday sharoitda non-u choy bilan kun kechirayotgan ham, umri jamshidona ziyofatda o‘tayotgan ham birdek qanoatda yashaydi – ko‘nglida xotirjamlik hukmron, aql-u idroki yuksak materiyalar haqida o‘ylashga ehtiyoj tuyadi. Utopiyaga o‘xshayaptimi? Yo‘q, bu xayolot emas! Xudo xohlasa, shunday kunlar keladi: xalqimiz chin ma’rifatga erishadi, uning tarixidagi eng shonli sahifalar o‘shanda bitiladi. Ha, aytgancha, qoloqlikning boisini so‘radingiz. Fikrimcha, ko‘ngil xotirjamligiga putur yetkazuvchi nimaiki bo‘lsa bari “parishonlik sababidir” – xususan, nafsga mag‘lubligimiz, shukronalik faqat tilda bo‘lib qolgani...

 

– Olis o‘tmishda ham, yaqin kechmishda ham mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik illatlari xalqimiz boshiga ne-ne sho‘rishlarni solmagan deysiz. XIX asr mavlonosi “Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onaman” deya shikva-shikoyat bitgan bo‘lsa, XX asrda chaqmoqdek umr kechirib o‘tgan boshqa bir shoirimiz “O‘zbekni quritar mahalliychilik” deya fig‘on chekdi. Mahalliychilik millatning og‘riq tishlaridan ekani haqrost. Negadir keyingi vaqtlarda bu illat yana bosh ko‘tarib qoldi. Maishiy jabhadagi ayirmakashlikni qo‘yaturing, ijtimoiy tarmoqlarda hatto o‘n minglab “murid” yiqqan ba’zi blogerlar “Toshkentni qishloqilar bosib ketgani”dan yozg‘irmoqda. Bu illat faqat poytaxt ahliga xos desak adashamiz. Farazan, mamlakatning bosh kenti Farg‘ona yoki Qashqadaryoga ko‘chirilsa, vodiy, voha ahli ham “o‘zimiznikilar va o‘zgalar” tarzida ish tutmasligiga kafolat yo‘q. Davlatchiligimiz ildizi ming yillarga borib taqaladi. Zamonaviy respublika tuzilganiga ham bir asr bo‘ldi. Mahalliychilikdan hali-hanuz xalos bo‘la olmaganimiz yagona millat o‘laroq shakllanmaganimizdan dalolat emasmi? Taraqqiyot karvonining peshqadami bo‘lmoqqa bel bog‘lagan millatga bu xil maydalik yarashadimi?!

 

– Hech shubha yo‘qki, mahalliychilik ham, urug‘-aymoqchilik ham taraqqiyotimizga tushov – buni hamma birdek e’tirof etadi. Biroq amalga kelganda beixtiyor ularga dast berib qo‘yamiz. Hatto bu illatlarni siz-u biz qatori keskin tanqid qilib yurgan kishi falakning gardishi bilan mansabga tayinlanib qolsa-yu fursat o‘tkazib razm solsangiz, uning “komanda”si ham asosan qarindosh-urug‘lari-yu hamyurtlaridan iborat bo‘lib chiqadi. Albatta, mas’uliyatli vazifa yuklangan odamning o‘z yonida ishonchli kishilar bo‘lmog‘ini istashi tabiiy. Lekin o‘sha vazifani bajarmoq uchun salohiyat kerak, axir. Munosib odam yon-atrofidan – qarindosh-urug‘i, hamshahar, hamqishloqlari, tanish-bilishlari orasidan bo‘lsa-ku – e’tiroz yo‘q, bo‘lmasa – “chetdan” olinishi kerak-da! Afsuski, ko‘pincha iqtidorli nomzod qolib, saviyasi bir kalla pastroq bo‘lsa ham, qondosh-qarindoshlik yo quda-andalik rishtalari bilan bog‘langan kishi yoki hamqavm tanlanadi...

 

Nazarimda, bu illatning psixologik ildizlari juda chuqur – ho‘-o‘v odamzod mamont ovlab yurgan zamonlarga qarab ketsa ajab emas. Ibtidoiy odam atrofidagi maxluqlar qarshisida o‘zini ojiz sezganidan hamisha qarindosh-u g‘ordoshlari ko‘magiga muhtoj bo‘lgan – ular yonida bo‘lsagina o‘zini tabiat kuchlari-yu maxluqotdan himoyalangandek his etgan. Ayni shu ojizlik hissi suyak surib kelib har bir insonning kollektiv ongsizligida muqim o‘rin olgan. Ibtidoiy ajdodidan farq etaroq, bugungi kun kishisi o‘zini tabiat qarshisida ojiz sezmaydi; u tabiat mening izmimda degan yanglish ishonchida yasharkan, o‘zini jamiyat qarshisida ojiz his etadi. Bu his yuragidagi qo‘rquvni kuchaytiradi: atrofini dushmanlar qurshagan, muvaffaqiyatini hech kim ko‘rolmaydi, hamma uni chalish payida, yoniga ishonchli odamlarni to‘plashi kerak, o‘zi ham kimningdir ishonchiga kirmog‘i darkor, aks holda yem bo‘lib ketadi...

 

Mahalliychilik va qarindosh-urug‘chilik – shaxs sifatida yetilmaganlik asorati. Bu toifa kishilar uchun eng kichik ijtimoiy birlik shaxs emas, balki to‘da. Uning to‘dasidagi mutlaq hokimligi SHAXS ekaniga dalolat qilmaydi, chunki o‘zi doxil yuqoriroq to‘dada u mute bir a’zo, xolos... Ha, afsuski, siz haqsiz: “Mahalliychilikdan hali-hanuz xalos bo‘la olmaganimiz yagona millat o‘laroq shakllanmaganimizdan dalolat”. Zotan, millat degani aksariyati o‘zligini, jamiyatdagi o‘rni va qadr-qimmatini, ijtimoiy missiyasini anglagan shaxslardan tarkiblanuvchi tuzilmadir.

 

– “Hujjat ul-islom”ning otdoshi, misrlik zabardast olim shayx Muhammad G‘azzoliy (1917–1996) G‘arb tamaddunini afsonaviy maxluq – inson siyoqli, hayvon jismli Abul Havlga (Sfinks) o‘xshatgan ekan. Alloma zamon kishisining tafakkuri bashariy, tabiati esa hayvoniy ekaniga ishora qilgan, nazarimizda. Aziz-u mukarram deb sifatlangan odamzod vakillari bugun sodir etayotgan ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qilg‘iliklarni kuzatib, G‘azzoliy haq ekaniga takror va takror iymon keltirasiz. “Ma’rifat asri”da kechayotgan urushlarda lak-lak inson qoni to‘kilmayaptimi?! Harb ahli kiprik qoqmay ma’sum go‘daklarni-da qatl qilmayaptimi?! Axloq, e’tiqod, ma’naviyat kabi muqaddasotlar poymol etilmayaptimi?! Tushovi uzilgan “nokas-u nojins” toifaning xurmacha qiliqlarini... eslagisi ham kelmaydi kishi. Holbuki, insoniyatning aql-u tafakkuri yuksalgani sari johiliyat chekinmog‘i lozim emasmidi?..

 

– Inson farishta bilan hayvon oralig‘idagi hodisa deyish bilan shayx Muhammad G‘azzoliy aytgan, ungacha aytilgan va keyin ham aytilajak ko‘plab purma’no ta’rif-u tashbehlar mohiyati ifodalab qo‘yilgan. Inson shu ikki qutb oralig‘ida sargardon ekan, undan har ne ezgulikni ham, har ne tasavvurga sig‘maydigan yovuzlikni ham kutish mumkin. Shu yoshgacha ko‘rgan-bilganlarimni umumlashtirib, taraqqiyot degani bashariyat hayotining faqat ezgulik jabhasidagina emas, yovuzlik tomonida ham birdek kechaverar ekan, degan noxush xulosaga kelib qolaman-da, bundan qutulmoq uchun qayta boshdan mulohaza yuritaman – yana o‘sha natija, lekin uni tan olgingiz kelmaydi, o‘ylayverasiz, o‘ylayverasiz... Inson Yaratgan izmi bilan bo‘lgan kor-amalni o‘zgartirishga urindimi, fojia muqarrar.

 

Tafakkurimizni yuksaltgan kitoblarda erkinlik eng oliy qadriyat deya talqin qilingan. Biz ham romantik kayfiyatda – erkinlikni sog‘inib, unga talpinib ulg‘aydik, hammaning so‘zda, fikrda, e’tiqodda hur bo‘lmog‘ini orzu qildik. Bilmadim, bir men shundaymidim yo boshqalar hammi, mudom G‘arb kishisini erkinroq bilib, unga havaslanib yashaganim rost. Endi, o‘sha havaslanganim hurlik kamalak bayroq ko‘tarib ko‘chalarni to‘ldirgan dayus-u nojinslar timsolida yuz ko‘rsata boshlaganida... bir nokasga Yevropa poytaxtlaridan birining keng maydonida turib bemalol Qur’onni yoqish – ikki milliard musulmon ko‘ngliga tuflashga izn berganida... o‘zga din kishilarini-ku qo‘ying, Olimpiya o‘yinlari yopilishida xristian aqidasini masxara qilganlarida... – bu erkinlikning endi aslo Rahmondan emas, naqd Shaytondan bo‘lib qolganiga ishonib o‘tiribman. Yoshlikda erkinlikni orzulaganimiz xato edi demoqchi emasman, aslo! Ammo erkinlik tushunchasining “taraqqiyot”i uni shu qo‘rqinch holga keltirdi. O‘tkir aqllar-u toza qalblarda mavhumot o‘laroq yashagan kezlar u mutlaq ezgu edi, hayotga joriy bo‘lgach esa inson botinidagi illatlarga ham qorishdi – odamzod erkinlik talabida haddan osha boshladi. Hadni unutish esa, bilasiz, inson uchun beshak halokatdir. Zero, had unutilsa, ezgu narsa ham yovuzlikka do‘nadi. Inson esa, afsuski, nafsiga mag‘lub bo‘libmi yo iblisga aldanibmi, ko‘pincha haddan oshishga moyil keladi.

 

– Dilmurod aka, yetti-sakkiz yil avval chop etilgan “She’rda mantiq kerakmi?” degan maqolangiz qo‘lma-qo‘l o‘qilgani yodimizda. O‘shanda Ahad Qayum otlig‘ havaskor qalamkashning qoralamalarini zo‘r hafsala bilan tahlil qilarak badiiy didning yalpi o‘tmaslashuvi haqida bong urgan edingiz. Taassufki, “shig‘irchi”lar shoirlik da’vosidan voz kechgani yo‘q. Bil’aks, keyingi yillarda nazmbozlik kasali yanada kuchaydi. Bu hol so‘z san’ati o‘rtamiyonalikka yengilganini anglatmaydimi? Chin adabiyot ahli, nima, “oq bayroq”ni ko‘taraversinmi endi?

 

– Siz aytmoqchi, “zo‘r hafsala bilan tahlil qilganim” uchun ayrim hamkasblardan “Tanqiddan tuban narsalar haqida yozish nega kerak?!”, “Umrni zoye qilibsan!” qabilida dashnomlar ham eshitganman. Negadir bu maqolani ko‘pchilik Ahad Qayumni tanqid qilish uchun yozilgan deb tushundi. Holbuki, u bir bahona, maqola adabiy jarayondagi hodisa haqida edi – nazmbozlik kasali kuchaygani-yu badiiy didning susayib borayotgani, yengil-yelpi she’rlarning kun sayin ommalashayotgani sabablarini anglashga harakat qilganman. Lekin, baribir, ko‘pchilik uchun to hanuz o‘sha havaskor qalamkashni “boplab urib chiqqan”gina bo‘lib qolayotirman. Hay, mayli, bu boshqa masala...

 

To‘g‘ri, shig‘irchilar shoirlik da’vosidan voz kechgani yo‘q. Bu yog‘ini so‘rasangiz, ularni taslim qilish, qalamini sindirish niyatini ko‘zlamaganman ham. Zero, she’r yozish, to‘lib ketgan ko‘ngilni qog‘ozga to‘kish ehtiyoji ko‘pchilikda bo‘ladi. Jillaqursa, ilk muhabbatdan boshi gangigan mahal, to‘rt satr bo‘lsin, she’r bitadida odam. Lekin satrlarga ajratib yozilganki matn she’r emasligini, ichidan to‘kilganki narsani boshqalarga ko‘rsatsa bo‘lavermasligini ham bilishi kerak-da odam degan! Ilgarilari ham ko‘pchilik ko‘ngil holini mahram daftariga she’riy alfozda izhor etgan, lekin u qoralamalarga faqat xos kishilarning ko‘zi tushgan. Endilikda esa xos daftarning nasibasi ham tarmoqda olamga yoyilyapti – bamisoli kelinchakning ichkiyimi balkondagi dorga yoyilgani kabi. Nashr imkoni ortganidan shaxsiy daftarlarni ham kitob qilib chiqarish ko‘paydi. Kitobki, muqova san’atkorona ishlangan, qog‘oz sifati a’lo, matbaasi yuqori saviyada... xullas, qarshisida Alisher Navoiy nashrlari bo‘ynini qisib qoladigan darajada! Hech yo‘q hazratdan andisha qilinmasa-ya! Asli, maqola shu haqda – xos daftarlarga qaytish zarurligi to‘g‘risida edi.

 

Nihoyat, “oq bayroq” ko‘tarish masalasiga kelsak. Yo‘q, hartugul so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarayotgandek – matbuotdagi chiqishlar, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar shunday yaxshi gumon qilishga dastak beradi. Nazm san’ati mudroqlik holatidan chiqqandek, chor tarafdan yaxshi she’rlar jarangi kelayotir. “Izlam” va u bilan bog‘liq tadbirlar, “Qaqnus”dagi chiqishlar, “Duel” singari jo‘shqin bellashuvlar, yana qaytadan ommalasha boshlagan nazmiy konsertlar – bularning hammasi yuksak she’riyat, siz aytganga zid o‘laroq, zafar tug‘ini baland ko‘targancha hujumga o‘tganini ko‘rsatadi.

 

Sobirjon YOQUBOV suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Halollik maslagi, qanoat matlabi” suhbati.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//