Davlat tanazzulidan asrab qoluvchi kuch – Madaniy muvozanatga qanday erishiladi?


Saqlash
12:59 / 23.04.2025 26 0

“Madaniyat shaxs va jamiyatni mukammallik tomon boshlashi kerak”, deydi ingliz shoiri va madaniyatshunos Mettyu Arnold “Madaniyat va anarxiya” nomli kitobida. Arnold fikrini davom ettirarkan, dinni misol qilib koʻrsatadi, din ham insonni poklik va mukammal shaxsiyatga yetaklaydi. Ammo, madaniyatning dindan asosiy farqi shuki, u din kabi bir qancha fazilatlar birlashuvi emas, asosan, ikki unsur muvozanatidan tashkil topadi: Oʻrganish istagi va Goʻzallik ehtiyoji.

 

Arnoldga koʻra, bir inson biologiya yo matematika kabi fanlar boʻyicha ixtisoslashishi mumkin, biroq ruhoniy yetuklikka intilmasa, sanʼat yo adabiyotni bir chetga surib qoʻysa, madaniy shaxs hisoblanmaydi. Albatta, ijodkor asarlarini yaratish asnosida dunyoni oʻrganmasa, nimaning aslida nimaligini aniqlash uchun harakat qilmasa, madaniylik darajasiga erishmaydi. Aynan mana shu muvozanat jamiyat va davlatni qulashdan ushlab turadi.

 

 

Arnold XIX asrda, qirolicha Viktoriya davrida yashagan va bu palla Angliya tarixi uchun oʻta muhim sanalgan. Sanoat inqilobi, mashinalashuv, yangicha texnik qarashlar portlagan zamonda Arnold insonning ruhiyatdan uzoqlashishi va natijada yolgʻizlanishi mavzusini koʻtarib chiqadi. Chunki texnik taraqqiyot ingliz xalqida ilmiylikka nisbatan oʻta radikal ixlos uygʻotadi va shu yoʻsin jamiyat sanʼat kabi ijtimoiy sohalarni pisand qilmay qoʻygandi. Boshqa tarafdan, bunga qarshi chiqqan ijodkorlar bilimni yerga urib, faqat adabiyot, til va sanʼat kabi sohalarni himoya qilaveradi. Arnoldning qaygʻusi ham shu edi. Muvozanatdan uzoqlik uning nazarida anarxiya, yaʼni, davlat darajasida buzgʻunchilikni keltirib chiqaradi.

 

Oʻrganish istagining yoʻqligi bilimning oʻziga ham juda katta zarar edi. Chunki, siz texnologiyani ishlatishingiz va u hayotingizni yengillashtirgani bois undan mamnun boʻlishingiz mumkin. Biroq, aynan bu texnologiyaning aslida ijtimoiy tartibga qanday taʼsir qilishini bilmaslik, qiziqmaslik uni suiisteʼmol qilishga olib keladi. Yaʼni bilimga ergashishdagi koʻr-koʻronalik uni amaliyotda qoʻllashda ham namoyon boʻladi. Natijada davlat idoralari, ijtimoiy tashkilotlar, oila, taʼlim kabi ustunlar ham koʻr-koʻronalik botqogʻiga botadi.

 

Boshqa tarafdan, Arnold uchun goʻzallik ehtiyojining yoʻqolishi, xususan, goʻzallikni yerga urish insonga qarshi qaratilgan jinoyat edi. Boisi, Arnold insonning qalbini ulugʻlar va uni nafaqat bilim, balki sanʼat, adabiyot orqali ham tasvirlashga harakat qilardi. Aytaylik, ilmiy tadqiqotlar asosida ixtiro qilingan tandirda non yopdingiz. Qorin toʻydi. Endi-chi? Bu nonni oʻzingiz uchun yanada qadrli qilolmaysizmi? Unga oʻzingizdan nimadir qoʻshmaysizmi? Albatta qoʻshasiz. Bu esa sanʼatdir. Qisqasi, ijod va bilim – bugungi texnokratiya davridagi korchalonlar aytganidek, ikkita ayro soha emas, balki ijtimoiy tenglik va madaniy adolatning ajralmas rishtasi.

 

Gap shundaki, madaniyat insonning aynan Xudodan berilgan ikki ehtiyoji – oʻrganish va zavq olishga asoslanadi. Faqat shu ikki unsurgina butun boshli jamiyatni birlashtirib turuvchi madaniy tartibni vujudga keltiroladi. Madaniyat boʻlmasa, ijtimoiy birlik ham yoʻq. Jamiyat bir boʻlmagach, albatta, turli guruhlar kelib chiqadi va omma parchalana boshlaydi. Bu nuqtada Arnold Angliyadagi turli madaniy guruhlarni tanqid ostiga oladi. Chunki bu guruhlar aynan butun boshli jamiyatni emas, faqat bir hovuch kishininggina manfaati uchun fikriy zamin yaratayotgandi. Yana boshqa yozuvchi – Uolt Uitmen “Oʻzimga qoʻshiqlar” da shunday deydi: Demokratiya, avvalo, farqlarga koʻrsatilgan hurmatdir. Yaʼni bir jamiyatda ming xil odam boʻlsa, bu ming xillik boricha qabul qilinishi va totuvlikda yashay olishi kerak. Aynan shu totuvlikkina demokratik birlik yaratadi. Yoʻqsa, farqlar yoʻq qilingach, odamlarning oʻzligi ham yoʻqoladi va endi u jamiyat emas, shaxsiyatsiz manqurtlar podasiga aylanadi. Poda ichidagi demokratiyani esa demokratiya deb boʻlmaydi.

 

 

Arnoldning bu fikrga boʻlgan taʼsirini shunday ochiqlashimiz mumkin: Madaniyat jamiyatni birlashtirgani holda jamiyat ichidagi insoniy ehtiyoj va zaruratlarni muvozanat ichida ushlab turadi. Madaniy jamiyat faqat bir hovuch insonga emas, balki butun boshli xalqqa tenglik bergani holda odamlarning shaxsiy didi, holati ruhiyati va farqlarini hurmat qiladi. Men qizil, boshqa odam oq kiygani uchun bir-birimizdan farq qilarmiz, ammo men nega qizil kiyishimni bilishim, yaʼni oʻrganishga ishtiyoqim u kishining nega oq kiyganini oʻrganishga boʻlgan istagimni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Mazkur oʻrganish istagi esa oʻz oʻrnida qarshimdagi odamning ruhiy ehtiyojidan xabar topib, asl sababni bilishim va uning didiga boʻlgan hurmatimning oshishiga sabab boʻladi.

 

Madaniyatsizlik anarxiyani keltirib chiqaradi, dedik. Xoʻsh, modomiki, madaniyat baribir davlat va boshqa kuch egasi boʻlmish institutlar tomonidan nazorat qilinadigan boʻlsa va agar jamiyatda madaniy birlik yaratilmay, anarxiya kelib chiqsa, bu davlatning aybi. Va bunday ojiz, muvozanat va birlik muhitini yarata olmagan davlat qulashga mahkum. Shuning uchun, nazarimda, diktatorlar koʻp yashamaydi. Ular madaniy birlikni xalqqa zoʻravonlik bilan singdirmoqchi boʻlishadi. Va, albatta majburan tiqishtirilgan “madaniy marom” insonning ilohiy tabiatiga zid unsurga tobe boʻladi. Insonga begona unsur esa oxir-oqibat inson tomonidan rad qilinadi. Ushbu raddiya bevosita ana oʻsha gʻayri insoniy madaniyatni yaratgan davlatga yoʻnaladi. Keyin esa davlatning qulashi roʻy beradi. Xulosa qilib aytganda, bir davlat oʻz madaniy, yaʼni ilmiy va ijtimoiy muvozanatini yarata olmasa, oxir-oqibat qulaydi. Shu maʼnoda madaniyat va bilimni birvarakayiga rivojlanishiga imkon berish, sharoit yaratish eng birlamchi oʻrinda tanazzuldan yoki sharmisorlikdan asrab qoladi.

 

Mirzohid ABDULLAYEV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//