Byurokratik labirintda adashganlar – Kafkaning zamonaviy qahramonlari


Saqlash
16:07 / 22.04.2025 406 0

I

 

Har birimiz shunday tajribani boshdan o‘tkazganmiz: qo‘lingizda barcha kerakli hujjatlar, yuzingizda umid bilan biror idora ostonasidan o‘tganingizda, ko‘zlaringizda hali so‘nmagan ishonch chaqnab turadi. Men ham xuddi shunday umid bilan universitet stipendiya bo‘limiga kirdim.

 

Stipendiya uchun ariza topshirmoqchiman”, dedim men, ovozimda yashirilgan hayajon bilan arang. Xodim hujjatlarimga qaraganicha ko‘zoynaklarini tuzatdi. Uning ko‘zlarida men ko‘rishga o‘rgangan narsa – beparvolik, zerikish va eng dahshatlisi, mendan oldin kelgan yuzlab talabalarning taqdiri allaqachon yozilgan protokolning muqarrar takrori aks etardi.

 

Siz noto‘g‘ri arizani to‘ldiribsiz. Bu o‘tgan semestrdagi forma2, dedi u, lablarini zo‘rg‘a qimirlatib. Yangi namunani olish uchun moliya bo‘limiga borishingiz kerak.”

 

Shu so‘zlardan keyin labirint ichiga tushib qoldim. Moliya bo‘limidan fakultet kotibiga, u yerdan yana boshqa bo‘limga – go‘yo ko‘rinmas ip bilan bog‘langan, hech qaysi biri mas’uliyatni o‘z zimmаsiga olishni istamagan odamlar zanjiri. Har bir yangi eshik ortida yashiringan umid va har bir rad javobi bilan cho‘kkan yelkalar.

 

Yotoqxonaga qaytarkanman, o‘zimni xuddi kimdir ichimda bor kuchimni so‘rib olgandek his qildim. Qadamlarim og‘irlashdi, nafas olishim qiyinlashdi. Boshimda aylanayotgan fikrlar esa to‘satdan tanish tuyuldi – bu his, bu tuyg‘u, bu mantiqsizlik... Uni qayerda uchrаtgаnimni esladim – Frans Kafka asarlarida.

 

Bir asr oldin qоrоng‘i va sovuq Praga ko‘chalarida yashagan yozuvchi, go‘yo mening bugungi kunimni, azobimni, ruhimdagi labirintni oldindan ko‘ra olgan ekan. Bu vaqt va makonni yengib o‘tib, zamonaviy dunyoning eng og‘riqli nuqtasini ilg‘ay olgan insonning “tizim” degan maxluq oldidagi nochorligi. Kafka bizdagi byurokratiya deb atalgan qafasni, uning sovuq metall panjaralarini, ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo yurakni siqadigan devorlarini ko‘ra olgan edi. Va eng yomoni, bu qafas hamon bizni o‘rab turibdi, hatto yanada mustahkamroq, yanada nozikroq, yanada mukammalroq shaklda.

 

Kafka (1883–1924) asarlarida insonning tushunarsiz, mantiqsiz tizimlar changalidagi azoblari va umidsizligini qalamga olgan. “Jarayon”dagi Yozef K. nimada ayblanganini bilmasdan sud oldida titraydi, “Qal’a”dagi janob K. esa hech qachon yuzini ko‘rsatmaydigan, faqat sovuq buyruqlar beradigan hokimiyat bilan bog‘lanishga intiladi, ammo har safar yangi to‘siqqa duch keladi.

 

Elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy intellekt va cheksiz raqamli ma’lumotlar asrida Kafkaning asarlari yanada aniqroq, yanada haqiqiyroq bo‘lib chiqmoqda. Qiziq holat, shunday emasmi? Biz raqamlar, ID-kodlar, login va parollar orqali belgilanadigan dunyoda yashaymiz. Qog‘ozli byurokratiya raqamli labirintga aylangan, ammo uning mohiyati o‘zgarmagan – biz hamon ma’lumotlar bazalari, platformalar va tizimlarda adashamiz, kimdir bizni eshitishiga umid qilamiz.

 

Universitetdagi mening tajribam – bu faqat kichik bir misol. Hayotimizning har bir qadamida – sog‘liqni saqlash tizimiga murojaat qilganda, bank xizmatlaridan foydalanganda, davlat idoralarida navbatda turganda, hatto oddiy onlayn xarid qilganda ham biz Kafka bashorat qilgan labirintga duch kelamiz. Va har safar, har bir yangi eshik oldida bizning ichimizda bir savol yangraydi: “Nahotki mening hayotim, vaqtim, qadrim shunchalik arzimas?”

 

II

 

Kafkaning olami bizni ushlab turishi mumkin bo‘lgan eng katta zanjir – bu umidsizlik his-tuyg‘usidir. Uning qahramonlari byurokratik tizimga qarshi kurashadi, lekin bu kurash boshidanoq mag‘lubiyatga mahkum. Ehtimol, Kafka zamonaviy dunyomizning bashoratchilaridan biri bo‘lgandir: u bizning tizimlar changalida adashib qoladigan, asl maqsadimizni yo‘qotadigan, o‘zimizni aybdordek his qiladigan, ammo aynan nimada ayblanayotganimizni bilmaydigan kunlarimizni ko‘ra olgandir.

 

Kafkaning olami ataylab qurilgan shaffof devorlar, ko‘rinmas to‘siqlar va tugamaydigan navbatlar dunyosidir. Siz Kafkaga xos so‘zlarda, quyosh nuri tushmaydigan marmar yo‘laklarda, qandaydir namlik va qog‘oz hidi anqib turgan, o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi vaqtning o‘zi muzlagandek joyda adashib yurasiz.

 

“Aftidan kimdir Yozef K.ga tuhmat qilgan chog‘i, birovga yomonlik qilmagani, biron-bir nojo‘ya ish sodir etmaganiga qaramay, uni hibsga olishdi.” Kafka “Jarayon” romanining shu birinchi jumlasi bilan bizni tushunarsiz olamga tashlaydi. Aybsiz bo‘la turib, aybdorlik hissi bilan yashaydigan zamonaviy odamlar uchun bu jumla hayotimizning shioriga aylangan. Bank kartamiz to‘satdan bloklanganda, davlat xizmatlaridan foydalanishda asossiz rad javobi olganda, onlayn to‘lovimiz o‘tmay qolganda yoki akkauntimiz hech qanday sabab ko‘rsatilmasdan bloklanganda – xuddi Yozef K. kabi, o‘zimizni qandaydir ko‘rinmas tizim xatosini deb aybdor his qilamiz.

 

Kafka tasvirlagan dunyodagi eng dahshatli narsa qoidalar mantiqsizligi emas, balki shu mantiqsizlikka asta-sekin ko‘nikib borishimizdir. Xo‘sh, zamonaviy inson bu holatni qanday qabul qiladi?

 

III

 

Odamlar yam-yashil ekinzor o‘rtasidagi tor yo‘ldan ketayotgan yo‘lovchiga o‘xshaydi. Yo‘l tobora torayib, nihoyat belgilar, ko‘rsatkichlar va qoidalarga to‘lib ketadi. Atrofdagi ekinzor yo‘qoladi, o‘rniga qog‘oz devorlar paydo bo‘ladi. Va shu paytdan boshlab insonning sayohat yo‘li o‘zgaradi.

 

Insonda bir tuyg‘u bor – qoidalardan qutulish, erkin nafas olish, o‘z yo‘lini topish istagi. Lekin erkinlik tomon harakat qilgan sari devorlar balandlashib boradi. Shunda yo‘lovchi ularni aylanib o‘tish o‘rniga, devorlar ichida o‘z yo‘lini topishga, qoidalarga moslashishga qaror qiladi. Fridrix Nitshe shunday degan edi: “Kimki yirtqich hayvonlar bilan kurashsa, u o‘zi ham yirtqichga aylanib ketmasligiga ehtiyot bo‘lish lozim. Agar uzoq vaqt jarga tikilib tursang, jarlik ham senga tikila boshlaydi”. Kafka dunyosidagi adashuvimiz ham xuddi shunday – biz tizimga qarshi kurashamiz, biroq asta-sekin o‘zimiz ham shu labirintning bir qismiga aylanamiz.

 

Buning eng yaqqol misolini byurokratiyada ko‘rish mumkin. Byurokratiya shunchaki qog‘ozbozlik emas – u bizni cheksiz to‘ldiradigan formalar, tekshiruvlar va tasdiqlar botqog‘iga botiradi. Aslida, uning maqsadi insonlarni emas, tizimni birinchi o‘ringa qo‘yishdir. Mas’uliyat aniq bir shaxsga emas, balki qog‘ozlar va qoidalarga yuklanadi. Barchamizga tanish manzara – pandemiya paytida qancha davlat tez va samarali harakat qila oldi? Ko‘pchiligi shunchaki qotib qoldi. Tizim ishdan chiqqanda esa, faqat oddiy insonlarning birdamligi va tashabbuslari inqirozdan chiqishga yordam berdi. Bu Kafka yozgan hodisaning xuddi o‘zginasi emasmi? Tizimlar bizni qal’a ichiga qamab qo‘yganida, faqat insoniy omil orqali najot topamiz.

 

Ammo bir savol tug‘iladi: agar byurokratiya shuncha noqulaylik keltirsa, nega undan voz kecholmaymiz? Nega bu tizim shunchalik mustahkam o‘rnashgan? Sababi, ehtimol, biz o‘zimiz bilmagan holda undan nimadir olayotganimizdadir.

 

IV

 

Bizning zamonaviy Kafka labiritinda qolishimizga sabab bo‘luvchi asosiy tuyg‘u – bu xavfsizlik illuziyasi. Biz turli formalarni to‘ldiramiz, qoidalarga bo‘ysunamiz, raqamlar ortiga yashirinamiz. Shu orqali hayotning tartibsizligi va mas’uliyat yukidan qochamiz. Byurokratik tizimlar bizga virtual qal’a devorlari ichida yashashga imkon beradi – biz ularga ishonmaymiz, ularni yomon ko‘ramiz, ulardan shikoyat qilamiz, lekin ular bizga belgilangan yo‘nalish, tartib va maqsad beradi.

 

Bizning zamon – Kafka insoniyatning qalbiga qo‘ygan tashxisning isbotidir. Byurokratiya – bu tashqi kuch emas, balki inson ichki holatining ko‘rinishi. Biz “tizim” deb nomlangan narsani o‘zimiz yaratganmiz, uni quvvatlab turamiz va unga qurbonlik keltiramiz.

 

Kafka aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikr shuki, bizni qo‘rqitadigan, azoblaydigan labirintni o‘zimiz qurganmiz. Bir tarafdan bu tushkunlik keltiradi: agar bu qafasni o‘zimiz qurgan bo‘lsak, undan qutulish mumkinmi? Boshqa tomondan esa, bu umid bag‘ishlaydi: agar bu bizning o‘z ijodimiz bo‘lsa, uni o‘zgartirish ham qo‘limizdan keladi.

 

Byurokratik qafasni o‘zimiz qurganimizni tushunish – bu qafasdan chiqishning birinchi qadami. Lekin undan qanday qutulish mumkin? Qanday qilib Kafka labirintidan chiqish yo‘lini topish mumkin?

 

V

 

Zamonaviy insonning Kafka dunyosidan qutulish yo‘llari bormi? Yo‘llardan biri – insoniylikni qayta kashf etish. Bizning byurokratik tuzoqqa tushishimizning sababi, bir-birimizga munosabatimiz yuzakilashib, muloqotimiz xuddi mashinalar harakatidek ko‘rinishga kirib qolganidadir. Tizimda raqam bo‘lib qolmaslik uchun, qarshimizdagi insonning yuzini ko‘rishimiz, uning ko‘zlariga qarashimiz, uning insonligini tan olishimiz kerak. Qoidalar, formalar, tizimlar – bularning barchasi insonlar tomonidan insonlar uchun yaratilgan. Ular muqaddas yoki o‘zgarmas emas.

 

Gap shundaki, byurokratiya bizning nafaqat tashqi dunyomizni, balki ichki dunyomizni, ruhiyatimizni ham qamrab oladi. O‘zimizga nisbatan ham byurokratik tizim o‘rnatamiz – o‘z-o‘zimizni tekshiramiz, baholaymiz, o‘lchaymiz. Zamonaviy ijtimoiy tarmoqlar o‘z-o‘zini nazorat qilish byurokratiyasining eng yorqin namunasidir. Har bir postimiz qancha “layk” olganini, qancha odam ko‘rganini doimiy ravishda tekshiramiz. Bu Kafka nazarda tutgan tizimning zamonaviy bir shakli emasmi?

 

Ichki byurokratiyamizni anglash va undan ozod bo‘lish – o‘z-o‘zini anglashning muhim qismi. Lekin jamiyat miqyosida bu muammoni qanday hal qilish mumkin? Kafka bizga qanday yo‘l ko‘rsatadi?

 

VI

 

Kafka bizga tizimdan qochish taqiqlanganini, lekin tizim ichida insoniylkni saqlab qolish mumkinligini ko‘rsatadi. “Qal'a” romanida janob K. oxirida o‘z vaziyatini qabul qiladi, ammo bu mag‘lubiyat emas, balki murosaga kelishdir. U tizimga qarshi bo‘lib emas, tizim ichida yashashni o‘rganadi. Shunday ekan, zamonaviy Kafka tuzog‘idan qutulishning yo‘li – unga qarshi kurashish emas, balki uni insoniylashtirish.

 

Byurokratik mashina ichiga insoniylk, mehr, bir-birini tushunish va sabr-toqat urug‘larini ekishimiz kerak. Byurokratik mashinani o‘zgartirishning yo‘li oddiy: har bir muloqotga insoniylik olib kirish kerak. Bank navbatida turganda xodimga tabassum qilish, davlat idorasida hujjat topshirayotganda shoshilmaslik, onlayn xizmatda xato yuz berganda tushunish bilan yondashish – bularning barchasi kichik, lekin muhim qadamlar. Bu urug‘lar vaqti kelib katta o‘zgarishlarga olib keladi.

 

“Jarayon” romanida Yozef K.ning so‘nggi so‘zlari shunday bo‘ladi: “Xuddi it kabi!” – u qatl etilayotganida shu so‘zlarni aytadi. Lekin biz, Kafka o‘quvchilari, boshqacha yakun yaratishga qodirmiz. Bizning zamonaviy byurokratik labirintimizda “odam kabi” yashash, “odam kabi” munosabatda bo‘lish, “odam kabi” o‘zaro hurmat ko‘rsatish imkoniyati bor.

 

VII

 

Nega Kafka hanuz bizning zamonamiz bilan hamohang? Chunki u insoniyatning eng chuqur ziddiyatlarini: tartib va erkinlik, xavfsizlik va tavakkal, javobgarlik va mas’uliyatsizlik o‘rtasidagi tinimsiz kurashni ko‘ra olgan. Byurokratiya – biz yaratgan tizim, ammo u bizga xizmat qilish o‘rniga, aksincha, bizni o‘rab olib, hukmronlik qiladi. Kafka asarlarida eng og‘riqli savollardan biri shu: shaxsiy erkinlik va ijtimoiy tartib o‘rtasida qanday muvozanat topish mumkin? Va biz ushbu muvozanatni topa oldikmi?

 

Byurokratik labirintda adashgan har bir inson – bu Kafkaning zamonaviy qahramonidir. Biz ham Yozef K. kabi nima uchun ayblanayotganimizni, qanday qilib bu tizimdan qutulishimizni bilmaymiz. Lekin bizda Kafka qahramonlarida bo‘lmagan narsa bor – uning asarlari. U bizga koʻzguni tutgan, labirintning xaritasini koʻrsatgan – agar biz Kafkani tushunishga harakat qilsak, ehtimol, byurokratiya labirintidan chiqish yo‘lini ham topa olarmiz.

 

Bugungi kunda, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari asrida, yangi va yanada murakkab labirintlar qurmoqdamiz. Kafkaning bashoratlari haqiqatga aylanmoqda, lekin biz uni o‘qiganmiz, tushunganmiz, undan saboq olishimiz mumkin. Insonlarni tizimlar uchun emas, tizimlarimizni insonlar uchun moslashtirish – bu Kafka maktabidan olgan asosiy dars bo‘lishi kerak.

 

Kafka faqat o‘tmishning adabiy dahosi emas, balki bugungi kunning eng dolzarb muammolarining bashoratchisidir. Uning qora, tushkunlikka to‘la tasvirlarida zamonaviy odamzodning tizim, texnologiya va hokimiyatga munosabatini ko‘ra olamiz. Va eng muhimi, Kafka bizga “tizim” degan niqob ortiga yashiringan va yo‘qolayotgan insoniylik masalasini ko‘tarib chiqadi.

 

Kafka byurokratiyasi haqidagi fikrlarimizni yakunlar ekanmiz, bir haqiqatni tan olishimiz kerak: biz hech qachon tizimlardan butunlay ozod bo‘la olmaymiz. Jamiyat mavjud ekan, ma’lum qoidalar, tartiblar va tizimlar bo‘ladi. Lekin bizning vazifamiz – tizimlarni insoniylashtirish va tushunarli qilish. Kafka bizga qoldirgan eng muhim meros – qorong‘ilik ichida ham insoniylikni saqlab qolish imkoniyati borligini ko‘rsatib berganidir.

 

Samandar ERKINJONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//