Oʻlim yengolmaydigan odamlar toʻgʻrisidagi dostonlar


Saqlash
17:31 / 18.04.2025 1180 0

Bir qancha vaqt avval bir guruh folklorshunos olimlar va “Zabarjad media” nashriyoti jamoasi “Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi” toʻplamini nashr qildi. Unda “Goʻroʻgʻli”, “Rustamxon”, “Avazxon”, “Alpomish” kabi xalq dostonlari(mazmuniga zarar yetkazilmagan tarzda qisqartirilgan), maqollari, qoʻshiqlari va ertaklari oʻrin olgan. Xoʻsh, ayni vaqtda oʻzbek nashri dunyosida katta tavakkal boʻlgan ushbu noodatiy toʻplamdan oʻquvchi nimalarni oladi? Ushbu maqolada shu haqda hikoya qilamiz.

 

OʻYI, SOʻZI, AMALI CHAMBIL BOʻLGAN ALP – GOʻROʻGʻLI

 

Oʻzbek “Goʻroʻgʻli” dostonlarini baʼzilar qirq, koʻpchilik yetmish ikki, boshqalar yuz yigirma doston deb taʼriflaydi. Bu xil sanoq uni qardosh turkman, ozarbayjon, turk, qrim-tatar, qozoq, qoraqalpoq, tojik va boshqa versiya va variantlarda alohida ajralib turishini ham taʼminlaydi. Oʻzbeklarda qahramonning tugʻilishida boshlangan voqealar uning oʻsib, kamolga yetishi, alp sifatida dunyoga dong taratishi-yu, yuz yigirma yoshga borib, umri poyonida Sulduzi gʻoriga kirib, gʻoyib boʻlishigacha boʻlgan voqealar tafsilotini soʻzlaydi. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”, “Bolaligi – Rayhon poshshodan or olishi” dostonlari turkumni boshlab beradi.

 

Ayni paytda barcha variantlar orasida Qoʻrgʻon baxshilaridan yozib olingan namunalar badiiy jihatdan yuksakligi, tafsilotlarining keng bayon etilgani, qoʻshimcha obraz va motivlarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Shu bois Poʻlkan shoir va Rahmatulla Yusuf oʻgʻli variantlari nashrga tayyorlanib, keng kitobxonlar ommasiga yetkazilgan. Qoʻrgʻon variantida qahramon otasi Ravshan deb ataladi. Oʻzbek “Goʻroʻgʻli”sining Xorazm versiyasi va qardosh ozarbayjon hamda turkman dostonlarida esa Ravshan qahramonning yana bir ismi boʻlib keladi. Ushbu nom zamirida “goʻroʻgʻli” soʻzining qadimiy maʼno qatlamlariga yoʻl topishimiz mumkin. Goʻr/koʻr soʻzining yorugʻ, oydin, nur, yogʻdu maʼnolari davrlar oʻtishi bilan arxaiklashib, soʻnggi bosqichda “ravshan” nomi asosiy ism muqobili sifatida ommalashgan.

 

Eposning tili – ramz va timsollar tilidir. Barcha sanʼat asarlari qatori mumtoz epos namunalarida voqelik bir necha qatlam maʼnoga ega boʻladi. “Goʻroʻgʻli” dostonlarida ham hayotiy-maishiy, ijtimoiy-gʻoyaviy va ezoterik maʼno qatlami mavjud. Talqin etuvchi qaysi bir qatlam mazmunini asos sifatida olsa, ushbu mazmunning yuzaga chiqishiga asos boʻluvchi manbalarni topadi. Birgina misol: doston avvalida eranlar Goʻroʻgʻlidan “Ot kerakmi, zot?” deb soʻraydi. Goʻroʻgʻli otni tanlaydi. Ana shunda OT va ZOT muammosi hal boʻladi. MUSBAT quvvat MANFIYga evriladi. Goʻroʻgʻlining OTga egaligi-yu ZOTi yoʻqligi ulkan timsol, chunki hech bir xalq tepasida bir avlod, nasl uzluksiz hukm yurgizmaydi. ZOTlar almashadi, lekin OT davom etadi. Ulkan saltanat OTi bir millatga tegishli boʻlishi mumkin, lekin uning quvvatini shu nom bilan cheklash ham mohiyatni tor anglashdir. Aslida, saltanat tuzuvchi – Goʻroʻgʻlidek alplar bagʻrikenglik siyosatini yurgizgan tolerant shaxslar hisoblanadi. Ular oʻzi mansub “lokomotiv” millat atrofida koʻplab millat, el, elatlarni birlashtirib, ularning birdek kamol topishiga shart-sharoit yaratadi. Goʻroʻgʻli Ahmad sardordek mahdud, mayda millatchi, zotparast emas edi. Uning saltanatida Avazxon (Gurjistondan), Hasanxon (Vayangandan), Toʻlakbotir (Qandahordan), Xoldorxon, Asad-Shodmon kabi turli elat, urugʻlardan boʻlgan qirq yigit birlashib, Chambilning – ozod, erkin oʻlkaning gullab-yashnashiga oʻz quvvatini qoʻshishiga imkon yaratilgan. Ularning barchasi chambillik boʻlgan, shu oʻlka shaʼni, sharafini ulugʻ tutgan, Ahmad sardordek torfeʼllik boʻlmagan.

 

…Vatan va mamlakat taqdiri, shaʼni, shavkati bilan nafas oluvchi Erlar bor ekan, bu saltanat zavol topmaydi. Goʻroʻgʻli shunday Er edi. Goʻroʻgʻlining oʻyi, soʻzi, amali Chambil bilan bogʻliq edi. Oʻylaganing hayotingga, aytganing (yozganing), amaling taqdiringga aylanadi. Epos xalqning badiiy taqdirnomasidir. Eposning sabogʻi koʻp. Eposni oʻqib, oʻtmish, bugun, kelajak mohiyati tushuniladi, anglab yetiladi. Bu xil xulosalarni butun turkumlikni yaxlit idrok etish barobarida chiqarish mumkin.