Olim, munaqqid, filologiya fanlari doktori Suvon Meli 70 yoshda


Saqlash
10:12 / 20.12.2021 2333 1

Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori Suvon Melining 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan ilmiy-adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, adabiyotshunos olimlar Naim Karimov, Ibrohim Gʻofurov, Ahmadjon Meliboyev, Qo‘chqor Norqobil, Norto‘xta Qilich va boshqalar Suvon Meliyevni tabarruk yosh bilan muborakbod etdilar.

 

Shu munosabat bilan Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri, professor Uzoq Jo‘raqulov tomonidan Suvon Meli haqida yozilgan ushbu ma’ruzani e’tiboringizga taqdim etamiz:

 

Davrimizning zabardast olimi, munaqqid, nazariyotchi, Navoiyning sodiq muhibi va yangi tipdagi tadqiqotchisi Suvon Meli Samarqandning Kattaqo‘rg‘onida, oddiy mehnatkash dehqon xonadonida tug‘ilgan. Uning otasi qat’iyatli, halol, odam edi. Urush ko‘rgan, qirg‘inbarot ichidan omon qaytgan. Suvon Melining aytishicha: “Jang maydonida “Ixlos” surasini tilimdan qo‘ymadim, Olloh qo‘lladi, ko‘p o‘limlardan qoldim, umrimning qolgani menga Egamning marhamati”, der ekan otaxon. Bu gaplarni aytishimga sabab shuki, Ollohning bunday marhamatidan bir shingili Suvon Meliga ham tegishli. Olloh urushdan omon qaytgan Meli Husanovga, boshqa bolalari qatori, 1951 yili yana bir o‘g‘il bergan. Unga Suvon deb ism qo‘yishgan.

Bugun shu voqeaga 70 yil to‘ldi. Yetmish yil avval ota xonadonini quvonchu umidga to‘ldirgan bolakay Suvonqul bugun o‘zbek deb atalmish millat xonadonining faxriga aylandi. Haqiqatan ham, bugun milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va adabiyotimiz maydonini bu nomsiz tasavvur qilish mumkin emas.

Ammo Kattaqo‘rg‘onda atak-chechak qilib, maktab ko‘rgan bu bolakay ertakdagidek bir aylanib mutafakkir Suvon Meliga aylanib qolgan emas. Bugunga qadar uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. O‘tgan asrning 70-yillarida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidi. Ammo talabalik davrining asosiy qismi o‘zbek filologiyasi fakulteti auditoriyalarida o‘tdi. U filolog ustozlar ma’ruzalarini tinglash, ular bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘rardi. O‘zini kelajakda jurnalistdan ko‘ra, ko‘proq filolog sifatida tassavur etardi. Shu tabiiy istak uni ijtimoiy kasb jurnalistlikka emas, botin ilmi – insonshunoslikka olib keldi. Ustoz tanlashda ham Suvon Meli plankani ancha baland qo‘ydi. O‘zbek filologiyasi fakultetida adabiy to‘garak ochib, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarni tarbiyalagan Matyoqub Qo‘shjonov etagini tutdi. Chunki Matyoqub Qo‘shjonov o‘z davrining asl adabiyotga yaqin, ilmiy demokratiya va akademizmga moyil yirik olimi edi. Suvon Melining 70 yillik shukrona kuni Navoiy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘tkazilishi, ayni jihatdan, ilohiy bitikka monand. Qonuniy asos va ramziy ma’noga ega.

Suvon Meli 1975 yilda O‘zRFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida laborant lavozimida ish boshlagan. 46 yildan beri shu institutda ishlab kelmoqda. Bu, menimcha, ko‘pchiligimizga ibrat bo‘ladigan fazilat. Zotan, donishmand o‘zbekda bir hikmat bor: “Daraxt bir joyda ko‘karadi”. To‘g‘ri, olim muayyan yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat agrar universitetlarida adabiyot ilmidan dars ham bergan. Biroq shunda ham asosiy ish joyi Adabiyot ilmiy-tekshirish instituti bo‘lgan.

Olimning katta-kichik barcha tadqiqotlari shu institut muhitida tug‘ilgan. Izzat Sulton, Matyoqub Qo‘shjonov, Homil Yoqubov, Abduqodir Hayitmetov, Salohiddin Mamajonov, Naim Karimov, Yoqubjon Ishoqov, Parizod Mirzaahmedova, Bahodir Sarimsoqov, Ninel Vladimirova kabi yetuk olimlar bilan hamkorlik, ilmiy suhbatlar olim ilmiy-nazariy qarashlarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Nemis mutafakkiri Iogann Volfgang Gyote aytgan edi: “O‘ziga xos ijodkor bo‘lish uchun ikki narsa lozim: buyuk meros va buyuk aql”. Suvon Meli uchun buyuk meros vazifasini milliy adabiyotimiz tarixi, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Navoiy, Mashrab, Boburlar ijodi, shuningdek, Platon, Aristotel, Platin, Gyote, Gegel singari Gʻarb mutafakkirlari asarlari bajardi. Buyuk aql esa, unga ota-bobolaridan, Samarqandning xokisor va serhosil tuprog‘idan meros bo‘lib o‘tdi.

Suvon Meli, garchi 40-50 yildan beri ilm tuprog‘ini yalab kelayotgan bo‘lsa ham, bugunga qadar bor-yo‘g‘i uchta kitob nashr ettirdi. 2000 yili ustozi akademik Matyoqub Qo‘shjonov bilan hammualliflikda chop qilingan “Abdulla Oripov” nomli kitob olimning to‘plam holidagi birinchi asari edi. 2020 yilda, ya’ni oradan 20 yil o‘tib, Suvon Melining biryo‘la ikki kitobi bosilib chiqdi: “So‘zu so‘z”, “Global talqin poetikasi”.

Yuzaki qarashda, ilm yo‘llarida yarim asrni qaritgan Suvon Meli, hajman juda kam yozgandek tuyuladi. Illo, gap hajmdamikan? Ruslardan chiqqan buyuk mutafakkir Mixail Mixaylovich Baxtin bilan zamondosh sovet olimlari o‘z davrida jild-jild kitoblar chop ettirishgan. Ular mashhurlik cho‘qqisiga chiqqan zamonlarda Baxtinni hatto ko‘pchilik tanimagan. Bugun Baxtin asarlari, ilmiy-nazariy qarashlari Sharqu Gʻarbga birdek yoyilgan. Ko‘pjildliklar mualliflarini esa, birov bilmaydi, eslamaydi ham.

Suvon Meli o‘zbekning Baxtini bo‘lishga da’vo qilmaydi. Uning ijtimoiyot, falsafa, psixologiya, estetika va adabiyotshunoslikni sintezlagan, ayni paytda milliy ma’rifatdan jon olgan o‘ziga xos yo‘li bor. Ha, Suvon Meli oz yozadi. Oz yozadi-yu, ma’noli, yangi gaplarni yozadi. Shu bois u yozgan kichik bir spravkaning ham o‘z o‘quvchisi bor. Zotan, o‘qilgan asar yashaydi, o‘qilmagan asar esa, u nechchi jild bo‘lishidan qat’i nazar, o‘likdir.

Suvon Melining ilk maqolalariyoq, oliftanamo aytganda, sensasiya bo‘lgan. Olim ijodiga xos bunday sensasion jarayon hamon to‘xtagani yo‘q. Bu xulosamiz “Hazillashmang daho bilan: kim haq, Fitrat yoki Navoiy?”, “O‘g‘rigina bolaning izzati yohud mehr sehri”, “Komik katarsis”, “Asl adabiyot ezgulikka xizmat”, “Shekspirning ruhdoshi yohud ko‘ngil so‘nggi bekat”, “Lirik fojelik”, “Nayning nolasi – kimning nolasi?”, “Kaufman nega kuldi?”, “Mangu mung. Qadim turkiylarning qabriston she’riyati” kabi o‘nlab maqolalarga tegishli. Qolaversa, sanalgan ishlar olimning adabiy jarayonga oid ishlaridan bir shingil, xolos.

Suvon Melining asl qiyofasi uning nazariy tadqiqotlarida ko‘rinadi. Badiiy adabiyotga xos liriklik, epiklik, tragiklik tushunchalari shunchaki nazariy istiloh yoki ilmiy formallik emas. Bu masala haqida so‘z yuritish uchun initellektual salohiyat bilan birga, intuitiv bilim ham kerak. Chunki mazkur tushunchalar badiiy asar botinida yashaydi. Hatto dunyo adabiyotshunosligida ham ayni hodisani badiiy kontekstda munosib kashf etgan olim barmoq bilan sanarli. Suvon Meli tadqiqotlarida nainki tragizm, balki tragizmning dramatiklik, komiklik, epiklik, liriklik bilan birikib, o‘ta nozik badiiy voqelikni tashkil etishi kashf qilinadi. Mung ichidagi kulgi, kulgi tarkibidagi fojia va liriklik mohir g‘avvos kabi so‘z sathiga olib chiqiladi. Bunday nazariy o‘ziga xoslik faqat maqolalarida emas, olimning “She’riy kontekstda so‘zning badiiy vazifasi” deb nomlangan nomzodlik dissertasiyasida ham yetakchi ilmiy konsepsiya bo‘lib kelgan.

Mustaqillik davriga kelib, o‘zbek navoiyshunosligi tabiiy ravishda ikki yo‘nalishga ajraldi: an’anaviy navoiyshunoslik, yangi navoiyshunoslik. Suvon Meli o‘zbek yangi navoiyshnosligida ham o‘z ilmiy imkoniyatlarini namoyon etyapti. Bu jihat uning “Navoiy va Platon”, “Dante va Navoiy”, “Farhod va Faust” singari qiyosiy adabiyotshunoslik, “Kongeniallik” singari tarjimashunoslik, “Xamsa” superjanr sifatida”, “Xamsa”da muallif obrazi kategoriyasi”, “Bir baytning qiyosiy tahlili” kabi nazariy ishlarida yaqqol ko‘rinadi. Eng muhimi, Suvon Melining Navoiyga doir tadqiqotlari yangi, salmoqli, o‘ziga xos xulosalarga boyligi bilan navoiyshunoslik sarhadlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Suvon Melining “Global talqin poetikasi” (Toshkent: Fan, 2020) nomli monografiyasi nainki milliy adabiyotshunoslik, hatto jahon adabiyotshunosligi uchun ham yangilik bo‘ldi. Zotan, adabiyotshunoslikda talqinning o‘nlab shakllari bor. Ammo global badiiy talqin muammosi hali hech bir adabiyotshunos tomonidan qo‘yilmagan. Biz globallashuv, global madaniyat, global iqtisod, global siyosat, global ekologik muhit kabi masalalarni ozmuncha bilamiz. Illo, global badiiyat yoki global ilmiy-badiiy talqin va uning poetikasi haqida tasavvurga egamizmi? Bu monogarfiya ongu tafakkurimizdagi mana shu kemtikni to‘ldirishi jihatidan muhim. Kitob muallifining tushuntirishiga ko‘ra, buyuk mutafakkir tomonidan ijod qilingan asar global – umumsayyoraviy muammolar doirasida ishlaydi. Bunday asrlarni tushunish, tushuntirish, ilmiy tadqiq etish uchun esa global darajadagi ilmiy talqin zarur.

Suvon Meli 70 yoshida ham faol, uyg‘oq. Milliy adabiyotimiz sofligi, kelajagi uchun jon kuydirib yashamoqda. O‘zligimizga, ma’naviyatimizga nomunosib asarlar paydo bo‘lsa, birinchi bo‘lib tanqid tig‘idan o‘tkazadiki, bunga misollar ko‘p.

U milliy adabiyotimiz rivoji yosh avlodga bog‘liqligi haqida ko‘p gapirardi. Yosh tanqidchilar avlodini shakllantirishni orzu qilardi. Nihoyat, bu yil, uniqversitetimiz rektori Shuhrat Samariddinovichning qo‘llovi bilan “Jahon adabiyoti va universal adabiyotshunoslik” kafedrasi tarkibida “Yosh munaqqid klubi” ish boshladi. 200 dan ortiq a’zosi bo‘lgan klub faol ishlamoqda. Suvon Meli  universitetimiz talabalari orasidan iqtidorlilarini ajratib olib, kelajak munaqqidlarini tayyorlamoqda. Bu klubning shiori: “Uchinchi Renessansning adabiy-estetik poydevorini quramiz” degan samimiy so‘zlardan iborat.

Xullas, Suvon Meli kabi asl ziyolilar Yaratganning xalqimiz va davlatimizga bergan yuksak ne’mati. Bunday ne’matni qadrlash esa barchamiz uchun farzdir.

Suvon aka, tavallud kuningiz qutlug‘ bo‘lsin! Kamida yana 70 yil o‘zbekning ma’naviy olami, adabiyot maydonida javlon urib yurish nasib etsin!

 

Uzoq Jo‘raqulov

 

 

 

 

1 Izoh

Shirin

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum ustozimiz Suvon Meli domlam!!! Sizni 70 yosh yubiley to'yingiz bilan samimiy tabriklayman. Mustahkam sog'lik tilayman. Ilmiy faoliyatingiz yanada gullab- yashnayversin. Ollohim umringizni ziyoda qilsin Nukus Shirin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19125
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15856
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi