
Andijonda qayta-qayta radarga tushib, jarima toʻlagani bois shahardagi 52 ta radarni pnevmatik qurol bilan shikastlagan erkak ijtimoiy tarmoqlarda “xalq qahramoni”ga aylanmoqda. Foydalanuvchilar hatto, qonunbuzarligi uchun 1 milliard soʻmlik jarima solingan fuqaroga moliyaviy yordam kampaniyasini ham oʻtkazyapti. Faollar esa bunday “samosud”ni qoralab, mulkka zarar yetkazgan shaxsni oqlash mumkin emasligini taʼkidlamoqda.
14-aprel kuni Andijonda pnevmatik qurol bilan 52 ta radarni otib, ishdan chiqargan erkakka nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida videolar tarqaldi. Videoda 49 yoshli erkak yoʻl harakati qoidalarini buzgani uchun koʻp bor jarimaga tushgani ortidan bu ishga qoʻl urganini aytgan.
U shahardagi 29 ta chorrahaga oʻrnatilgan 51 ta Hikvision rusumli foto va video qayd qilish dasturiy-texnik vositasi hamda 1 ta Hikvision rusumli radar kompleksini oʻzining pnevmatik miltigʻidan oʻq uzib, qasddan shikastlagan.
Fuqaro jami 1 mlrd 147 mln soʻm moddiy zarar yetkazganlikda ayblangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (koʻp miqdorda mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tarmoqlarda bu xabarga turli xil munosabat bildirilmoqda. Aksariyat foydalanuvchilar erkakni “xalq qahramoni” deb atab, u qilgan ishni toʻgʻri deya baholayapti. Baʼzilar esa fuqaro shunchaki qoidalarga rioya qilsa, radarlar unga hech qanday muammo tugʻdirmasligini taʼkidlagan.
Koʻplab faollar va blogerlar ham bu borada oʻz fikrini bildirgan. Oyina.uz ularning ayrimlarini bu yerga jamladi.
Xushnudbek Xudoyberdiyev. Huquqshunos, bloger
“Jismoniy va mulkiy zarar yetkazgan holda qilingan har qanday samosudning oqibati juda yomon.
Radarlarga qarshi oʻzboshimchalik bilan urush ochgan shaxs hech qanaqa zamonamiz qahramoni emas. U eng avvalo qoidabuzar, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagan. Oʻzi tartibli yurishni oʻrganish oʻrniga, alamini radarlardan olmoqchi boʻlgan va samosudga yoʻl qoʻygan. Buni hech qanaqa sabab yoki bahona bilan oqlab boʻlmaydi.
Masalan, bir kishi har safar taqiqlangan joyga, shundoq yoʻl yoqasiga, chiqindi tashlab ketar edi. Oxiri oʻsha yerga kamera oʻrnatishdi va chiqindi tashlaganlarni jarimaga tortish boshlandi. Haligi qoidabuzar yana koʻchaga chiqindi tashlashda davom etdi hamda jarima toʻlagani uchun kameralarni urib sindirdi. Nima qilish kerak, uni ham oqlash kerakmi? U qahramonmi? Qaysi ishi uchun? Qoidalarga boʻysunmagani uchunmi yoki oʻzboshimchalik bilan mulkka zarar yetkazgani uchunmi? Vaholanki, koʻchaga chiqindi tashlash bevosita odam oʻldirmaydi, lekin yoʻl qoidalari buzilishi sababli har yili 2 mingdan oshiq yurtdoshimiz halok boʻlmoqda.
Unaqada keyingi bosqichda hadeb qoʻlga tushavergani uchun kameralarni sindirgan oʻgʻrilarni ham oqlashni boshlaymizmi?
Har qanday norozilikni qonun doirasida bildirish kerak. Agar radarlarni notoʻgʻri deb oʻylasangiz, unda bunga qarshi qonuniy yoʻl bilan kurashing. Lekin zinhor oʻzboshimchalik bilan emas. Davlat bunga yoʻl qoʻyib bersa, ertaga xaos boshlanadi, istalgan inson bironta yoqmagan odamining oʻziga yoki mulkiga zarar yetkazishni boshlaydi. Bu har birimiz uchun xavf.
Agar oʻsha inson radarlar yomonligi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali tanqidiy fikr bildirganda edi, garchi uning gaplariga qoʻshilmasam ham, lekin unga fikri uchun bosimlar boʻlsa, himoya qilgan boʻlardim. Xuddi “metan zapravka”dagi haydovchi holatidagi kabi. Chunki tanqidiy fikr aytish jinoyat emas, soʻz erkinligi Konstitutsiya bilan kafolatlangan.
Ammo birovning mulkiga zarar yetkazish — qonunlarga zid.
Boʻlgan ishdan esa na haydovchilarga, na boshqa yurtdoshlarimizga manfaat tegadi. Bir tiyinlik foydasi yoʻq. Asosiy jabrni oʻsha insonning oʻzi koʻradi endi, qonun oldida javob berishga majbur boʻladi”.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
“Koʻzlarida qilgan ishidan zarracha afsuslanish yoʻq. Qaytaga ʼmen xalq uchun qildim, kerak boʻlsa toʻlab qoʻyishʼ, degan iddao bor”.
Obidjon Latipov, faol
“Ziyolisi xor, radar sindirgani ʼqahramonʼ boʻlgan jamiyatning holiga maymunlar yigʻlaydi”.
Nozim Safari, bloger
“Monovi avtoterrorist Andijondagi 52 ta radar va kameralarni urib, ishdan chiqaribdi. Endi esa yetkazgan zararini toʻlash uchun karta qoʻyib, mashinaparast aholidan pul soʻrayapti. Juda xavfli shaxs va keys. Bundaylarni joyi qamoq”.
Shuningdek, foydalanuvchilardan biri “haydovchilar qoidani buzsa radar aybdormi?” deya voqeaga munosabat bildirgan. Radarlar YTHʼlarning oldini olish, YTH qurbonlari sonini kamaytirish uchun qoʻyilishini taʼkidlagan foydalanuvchilar ham kam emas. Biroq aksariyat izohlarda odamlar qonunga teskari ravishda harakat qilgan insonni xayrxohlik bildirgan.
Rivojlangan davlatlarda radarlar bilan bogʻliq ahvol qanday?
Dunyodagi eng xavfsiz yoʻllarga ega Shvetsiyada tezlik nazorati kameralari (radarlar) harakat xavfsizligi kameralari deb ataladi. Aksariyat mamlakatlarda bunday kameralardan birinchi galda har bir qoidabuzarlik (masalan, tezlikni meʻyordan oshirish holati)ni qayd etish, qoidabuzarni tutib, uni jarimaga tortish vositasi sifatida foydalaniladi. Shvedlar fikricha, bunday anʻanaviy yondashuv haydovchilarda hukumatga ishonchsizlik uygʻotadi.
Shvetsiya bu masalaga boshqacha yondashadi. Mazkur Skandinaviya mamlakatida kameralar birinchi galda haydovchilarga tezlik cheklovlari haqida axborot berish va yoʻllarning xavfli qismlaridan ogohlantirish vositasidir. Alohida qoidabuzarlarni qayd etish – ikkinchi darajali masala: Shvetsiyada haydovchilarga kameralar orqali yoziladigan jarimalar soni koʻplab mamlakatlarnikidan ancha kam.
Buning asosiy sabablaridan biri – odamlarda bu tizimga ishonch bor va ular yangi kameralarning oʻrnatilishiga qarshilik koʻrsatmaydi. Bunday yondashuv ish beryapti: yoʻllarning xavfsizlik kameralari oʻrnatilgan qismlarida haydovchilarning 95 foizi belgilangan tezlik meʻyoriga rioya qiladi.
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
San’at
Vatandosh
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q