
Aprelning ilk kunlarida Parij shahrida Markaziy Osiyodagi birinchi professional fotograf va kinotasvirchi Xudoybergan Devonovning fotosuratlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. “Zamonlar osha nigoh: Xudoybergan Devonov merosi” deb nomlangan ko‘rgazmada uning ko‘plab noyob fotosuratlari namoyish etildi. Bu fotolar o‘z davridan qimmatli ma’lumotlar berishi bilan birga, XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Xorazmda yashagan saroy ahlidan tortib, oddiy odamlarning turmushigacha o‘zida aks ettirishi bilan barcha fotografiya san’ati ixlosmandlarini hayratga soldi. Shu munosabat bilan mazkur badiiy fotografiya namunalari egasining taqdir yo‘llariga yana bir bor nazar tashladik.
O‘zbekning birinchi mohir fotografi va kinooperatori Xudoyberdi Devonovning hayot faoliyati haqida turli ma’lumotlarni o‘qirkanmiz, u betakror iste’dodi bilan birga ajoyib fazilatlar egasi bo‘lgani namoyon bo‘ladi. Bu insonni yaqindan tanigan, u bilan suhbatda bo‘lganlar hozir yo‘q, hisobi. Borlaridan ham barcha axborotlar yozib olinib, e’lon qilingan. Ayni maqolani ham Devonov haqidagi maqolalar, kitoblar, tayyorlangan ko‘rsatuvlardan foydalanib yozyapmiz. Ma’lumotlar ichida e’tiborimni tortgani, bu insonning birinchi o‘zbek fotografi, kinooperatori sifatida tarixda qolishi va ayni damda ijodiy merosi jahon miqyosida e’tirof etilishi ortida uning noyob iste’dodi, yaxshi sharoitda unib o‘sganidan tashqari, o‘zining jiddiy mehnatsevarligi yotadi.
Devonov tarjimai holida otasining ismini Xudoybergan Nurmuhamedov deb yozib qoldirgan. Ota-bolaning ismi bir xil Xudoybergan bo‘lgani sababi 9 yoshida o‘g‘irlanib, qul o‘rnida sotilgan bolaga Xudoybergan ismi berilgan bo‘lsa, yoshi qirqqa yaqinlashganida Xudoyobergan Nurmuhammad ham birinchi farzandini ko‘rganida Allohga shukrona sifatida o‘g‘liga Xudoybergan deb ism qo‘ygan edi. Devonov otasi 1850-yilda Eronning Kalat degan joyidan olib kelinib, xivalik Otajon to‘ra ismli boyga 18 tilloga qul o‘rnida sotilganini, bu odamning qo‘lida ishlab yurib, xat-savod chiqarganini, so‘ngra devonlik (mirza) qila boshlaganini yozadi. Keyinchalik, Xudoybergan Nurmuhammad Qadam mahramning xizmatiga o‘tgach, umrining oxirigacha bu oilaga ishonchli vasiy bo‘lib qolgan.
1878-yilda Xivada tug‘ilgan Devonov 9 yoshidan eski maktabga qatnab, 15 yoshida xat-savodini chiqarib, yo‘niqchilik ishiga kirishganida otasi bu ishni og‘ir hisoblab, yaxshiroq, odamning zehnini o‘stiradigan ishlarga undaydi. Shu sababidanmi yoki o‘zining qiziqishi sababmi u 1889-yilda soatsoz ustaga shogird tushadi. Bir yil davomida rus ustadan soatsozlikni o‘rgangach, bir muncha vaqt shu hunar bilan shug‘ullanadi. Keyinchalik nemis mennonitlaridan bo‘lgan Vilgelm Pinnerdan fotosuratchilikni o‘rganadi. Nemis mennonitlari Xorazm xoni Feruzning marhamati bilan Xivaning Oq machit qishlog‘iga kelib yashab qolgan, o‘ziga xos diniy e’tiqodiga ko‘ra hech kimga zarar bermaydigan, o‘rta osiyoliklar uchun yangilik bo‘lgan bir necha hunarlarni bilgan qavm edi. Ma’lumotlarga ko‘ra yosh Xudoybergan Vilgelm Pinnerning uyiga ikki yil davomida har kuni qatnab ham nemis tilini, ham fotografiyani o‘rgangan. Devonov ilm yo‘lida Xivadan 25 km uzoqlikda joylashgan Oqmachit qishlog‘iga kuniga 50 km yo‘l bosib borib kelar ekan. Ba’zan esa Panar buva (Vilgelm Pinnerni mahalliy aholi shunday deb atagan)ning o‘zi yakshanba kunlari Xudoyberganning uyiga kelib unga saboq bergan.
O‘sha fotografiya ilmini o‘rganib, u bilan shug‘ullanishni boshlagan 1901-1902-yillari bu yangi kasbni katta gunoh sanagan mutaassib kishilar “Sen suratga olgan odamlar qiyomat-qoyim bo‘lganda tirilib kelib, jonimni qaytarib ber, deb sendan talab qilishadi. O‘zing ham o‘lganingda do‘zaxga tushib, shariat oldidagi gunohlaring uchun jahannam azobini tortib yotasan”, deb qo‘rqitadilar. Aytishlaricha, qozikalon Salimxon oxund Xudoyberganni kofir deb e’lon qilishi ortidan ko‘p kishilar undan yuz o‘gira boshlaydi. Bu haqida Devonov o‘z tarjimai holida shunday yozadi: “...1903-yil bir miqdor pul anjom qilganim holda Polvon hoji bilan birlikla Maskavga ketdim. U yerdan o‘zimga kerakli soat asboblari hamda apparat bilan foto materiallarini olib qaytdim-da, burung‘icha ishlay boshladim. Bu vaqtlarda rasm olish ishi din ahllari tomonidan “shariatga xilof” hisoblanar edi. Hatto otam yoniga elatning oqsoqol, mulla, eshonlari kelib: “O‘g‘ling rasm olishga kirishgan emish. Bu ish shariatda man qilingan, surat turgan joyga farishta kirmaydi, o‘g‘lingni bu yo‘ldan qaytar”, deb taklif qilganlar. Otam esa ularga javoban: “O‘g‘limning bu hunarni o‘rganishiga to‘sqinlik qila olmayman, uning o‘ltirgan joyiga farishtalar kirmasa, boshqa joyga kirganlari yetmaydimi?! Bunday quruq so‘zlarning nima zarurligi bor?!” deb qaytarib yubordi. Shu vaqtlarda Xivada foto havaskorlarining soni bir-ikkita edi...”. Xivalik birinchi o‘zbek fotografini ilg‘or fikrli saroy ahli, xususan shoh va shoir Muhammad Raximxon Feruzning o‘zi qo‘llab quvvatlagani boisidan ham Devonov foto ishini to‘xtatmadi. Aksincha, keyinchalik kinofilm olishga qiziqib qoldi.
Akademik Naim Karimovning “Birinchi o‘zbek fotografi” nomli ocherkida qahramonimiz hayoti va ijodiy faoliyati bilan shug‘ullangan bir necha ijodkorlarning ismi shariflari keltiriladi. Xususan, unda “Bu xayrli ishni boshlab bergan, birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori haqida bir necha maqolalar yozgan va hujjatli filmlarni yaratgan taniqli kinoshunos olim, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov, xorazmlik fidoyi yozuvchi va jurnalistlar Erkin Madrahimov, Salimjon Hasanov, Komil Nurjonov, Ro‘zimboy Hasan va boshqalar Xudoybergan Devonovning hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish ishiga muhim hissa qo‘shdilar...”, deb qayd etilgan. Shuningdek, Erkin Madrahimovning Devonov to‘g‘risidagi quyidagi qimmatli ma’lumotlari ham o‘rin olgan: “...1907-yilning kech kuzi. Xiva xonligining Islomxo‘ja boshliq bir guruh vakillari Amudaryo bo‘ylab kemada Chorjo‘yga yetib kelgach, u yerdan poyezdga o‘tirishdi-da, Toshkentga, u yerdan esa Peterburgga yetib kelishdi. Yigirma to‘qqiz bahorni ko‘rgan suratkash yigit – birinchi o‘zbek fotografi Xudoybergan Devonov Xiva ulamolarining Peterburgga safarlari, oq podsho, oliy mansabdagi boshqa amaldorlar bilan bo‘lgan uchrashuvlari, muzokara va ziyofatlarini suratga tushira boshladi. Nikolay II, uning rafiqasi, shahzoda Aleksey, podsholik ministrlari xorazmlik fotograf Xudoybergan Devonov olgan suratlarda o‘z aksini topdi...”.
Delegatsiya a’zolari safardan Xorazmga qaytadilar. Birinchi o‘zbek fotografi xonning ishonchli vaziri Islomxo‘janing qo‘llab-quvvatlashi bilan yana ikki oy Rossiyada qoladi. Bundan maqsad Nikolay II mehmonlarga ko‘z-ko‘z qilgan yangi kino apparati qanday ishlashini o‘rganish va yurtga qaytishda uni sotib olish edi. Ma’lumotlarga ko‘ra Devonov ikki oydan ortiq Rossiyada bo‘lib, u yerdagi chet el firmalari, kino-fotostudiyalarida tajriba to‘playdi. Keyin, 1908-yilning boshlarida “Pate” kinoapparati, teleskop, grammafon, fotoapparat va surat chop qiladigan qog‘oz bilan lentalar olib Xivaga qaytadi.
1910-yil 7-avgustda Muhammad Rahimxon II vafot etadi. Taxtga uning o‘g‘li Isfandiyorxon o‘tiradi. Isfandiyorxon davrida ham Devonov saroy a’yonlari bilan Rossiyaga borgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Har gal Rossiyaga borganida u Peterburg, Moskva, Kavkaz kabi shahar va dam olish maskanlarida xon va uning a’yonlarini suratga olish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shu bilan birga vataniga olib ketish uchun foto va kino ishiga taalluqli dastgoh, anjomlar sotib olgan. Lekin 1912-yildan keyin Xudoybergan Devonov saroydan uzoqlasha boshlaydi. 1915-yilga kelib Isfandiyorxonga qarshi tuzilgan inqilobiy guruhga qo‘shiladi. “1915-yildan keyin inqilobiy ishlarga aralashib ketib, 1917-yilda Isfandiyorxonni taxtdan tushirishda ishtirok qildim. Shu yilning o‘zida xon yovmutlarga suyangani holda inqilobiy ishlarda qatnashib yurgan kishilarni ta’qib qila boshladi. Boboxon Yoqubov, Otajon Safoyev, men va yana bir nechalarimiz Toshkentga qochdik. Xivada bir oz tinchlik boshlanganidan keyin qaytib kelib, tag‘in ham “Yosh xivaliklar” tashkilotida ishimizni davom ettirdik”, deb yozadi Devonov tarjimai holida.
Biz jadidlar haqida so‘z yuritganimizda birinchi kinooperatorimizni tilga olmaymiz. Aslida, xalqni dunyo yangiliklaridan boxabar qilishga intilgan, yoshlarni o‘qish va ilmga chorlagan, o‘z faoliyati bilan har jihatdan yurtdoshlariga o‘rnak bo‘lgan Devonov ma’rifatparvar jadidlarning birinchi qatorida turadi. Bu insonning betakror kasb mahoratiga xonlar ham, sho‘rolar ham talabgor edi. Uning foto-kinokamerasi obyektividan shoh ham, gado ham o‘tgan. Faoliyatidagi 40 yildan ortiq vaqt mobaynida olgan behisob suratlarning qiymati juda yuqori bo‘lgan. Ammo hozirda o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-etnografik, madaniy-ma’rifiy turmush tarzidan zarur axborotlar beradigan minglab fotolar, hujjatli kadrlardan sanoqlilarigina qolgan, xolos.
O‘tgan asrning 70 yillaridan to bugunga qadar qahramonimizga doir barcha muhim ma’lumotlarni to‘plash, fotosuratlarni tiklash, merosini asrab-avaylashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan yana bir inson uning jiyani Abdulla Yusupovdir. Jiyanining maqolalaridan birida 1926-yili (Devonov hayot payti) “Yer yuzi” jurnalining 11-soni, 13-sahifasida nashr qilingan A.Yoqubovning “O‘zbek fotogrofchisi” maqolasidan muhim ma’lumotlar berilgan. “...Hozir Devonovning qo‘lida Xorazmning turmush, kun ko‘rish va tarixiga oid 500 xildan ortiqroq rasm bor. Agarda inqilob vaqtida olingan rasmlarni hisoblaganda 1500 ga yetardi. Hatto shunday rasmlar borki, bu rasmlar xon davrida, bundan 40–50 yil ilgari olingan bo‘lib, Devonovning qo‘lida saqlangan... Devonov 1903-yildan boshlab kino ishlariga havaslanadur va shunga kirishadur. Hozir Devonovning surat va kinolar uchun xususiy laboratoriyasi bo‘lib, 4 ta foto, 1 ta kino apparati bor. Devonovning qo‘lida Xorazm ko‘rinishlari va tarixiy voqealarga oid 300 metrdan iborat har xil kinoxabarlari borkim, buni Devonovning o‘zi va o‘g‘li ishlagandir. Devonov surat olish, kino olish bilangina shug‘ullanmay, balki xalqqa kartina ko‘rsatish vazifalarini ham bajaradur. O‘zining kartina ko‘rsatadurg‘on apparatlari bo‘lib, ichki Rossiyadan va boshqa yerlardan lenta olib xalqqa ko‘rsatadur. Devonov yosh havaskorlar yetishtirishda ham katta xizmatlar qildi. Bir xivalik yigitni shogird qilib olib, uni yaxshi fotografchi qilib tayyorladi. Shu qatorda yana bir yigitni 3 yildan beri o‘rgatib keladir. Bu yigit ham hozir g‘ayratli fotograf bo‘ldi. Devonov xususiy kishilarni yetishtirish bilan qanoatlanmay, mendan Xiva uchun esdalik qolsin, deb 1924-yilda Xivadagi ta’lim-tarbiya foto sho‘basi ochdi. Bunda o‘z apparati, o‘z g‘ayrati bilan 13 bolani tekinga fotograf ishiga tayyorladi. Devonovning mana shu xizmatlarini Xorazm viloyat ijroiya qo‘mitasi va Xorazm ishchi dehqoni taqdir etdi. Viloyat ijroqo‘mi Devonovning hurmatini taqdir etib, ishchi dehqonlar nomidan bir oltin soat taqdim etdi.”
Afsuski, 37-yillarda behisob millatdoshlarimiz boshiga tushgan ko‘rguliklar Xudoyberdi Devonovni ham chetlab o‘tmadi. Uni 59 yoshida ko‘plab xorazmlik ziyolilar qatorida qamadilar. Akademik N.Karimov bu mudhish yillar to‘foni haqida shunday yozadi: “1937-yilning qonli bo‘roni daf’atan ko‘tarildi. Bu bo‘ron sobiq sho‘ro mamlakatining barcha hududlarida yashagan aholini bir vaqtning o‘zida yamlab-yutib yubormoqchi bo‘ldi. Bu bo‘rondan na shaharning shinam uylarida istiqomat qilgan davlat va jamiyat arboblari, na olis tog‘ etaklarida mol boqib yurgan cho‘ponlar tirik qolishdi. Bu, Ollohdan emas, balki yer yuzida yashagan va o‘zini shu bepoyon hududlarning birdan-bir xo‘jayini deb o‘ylagan Iblisdan kelgan ofat edi”.
Kezi kelganda qayd etish kerakki, Devonovning tug‘ilgan yili, Rossiyaga borishi, V.Pinnerdan ta’lim olish vaqtlari va hibs etilishi bilan bog‘liq ma’lumotlarda har xillik ko‘zga tashlanadi. Nazarimizda o‘sha yillari haddan tashqari ko‘p qamoqqa olinganidan mahbuslarning o‘zlari ko‘rsatmalar berganda ayrim ma’lumotlarni yashirib, ayrimlarini chalkashtirib aytgan bo‘lishlari mumkinki, ularga yaqin bo‘lgan boshqa odamlarni ham olib ketmasin, qamamasin degan umidda. Boshqa tomondan esa sho‘rolarning maqsadi “nishonga olingan” shaxsni yo‘q qilish, o‘ldirish edi. Shuning uchun NKVD arxividagi ma’lumotlarda chalkashliklar ko‘p.
N.Karimov Devonovning qamoqqa olinish voqeasini shunday yozgan: “30-iyun kuni, yarim kechada, NKVD xodimlari Xiva shahrining 4-mahalla 4-elatidagi Xudoybergan Devonov yashagan 18-uyga bostirib keldilar. X.Devonovni hibsga olish haqidagi qarorda uning xon noziri oilasidan ekani, o‘zining devon (mirza)lik bilan shug‘ullangani, Isfandiyorxon bilan Muhammad Rahimxonning fotografi bo‘lgani, inqilobdan so‘ng Xorazm Xalq Respublikasida moliya noziri bo‘lib xizmat qilgani, shu kecha-kunduzda esa Urganch shahrida suratkashlik kasbi bilan mashg‘ulligi aytilgan edi...”
Devonovning jiyani Abdulla Yusupov esa quyidagicha ma’lumot beradi: “Mudhish 17-avgustda Devonovlar oilasi Urganchda istiqomat qilar, qarindoshi Gavhar Yusupova kinooperatorni eng so‘nggi ko‘rgan insonlardan bo‘lib, bu haqda u shunday hikoya qilgandi: “Kechqurun soat 11 lar chamasi edi. Eshik zulfi qattiq sharaqlab undan qaynotam Hasanboy ota, uning izidan, oldinda bir melisa, keyninda yana bir melisa Devon buva bilan ( ya’ni Xudoybergan Devonov) kirib keldilar. Devon buva “Buvi, suratlar turgan jomadonni olib chiq” deb singlisi Bibijonga ters ayvonda turganicha noxushgina buyurdi. Bu paytda bir melisa hujjatlarni titkilash, suratlarni izlash bilan ovora edi. Devon buvaning ko‘zlaridan yosh oqar, yig‘lamsirab, Bibi, suv ber, deya singlisi olib kelgan suvdan ichardi. Devon buvani oxirgi ko‘rganimiz shu bo‘ldi”. Nazarimizda, Xudoyberdi Devonovni 30 iyunda Xivada qo‘lga olishgan-u, 17-avgustda o‘zi bilan Urganchdagi uyiga kelib tintuv o‘tkazishgan. Uning Xivadagi hovlisi tintuv qilinishi vaqtida unga tegishli qo‘shotar miltiq, 300 ga yaqin fotosurat, yozishmalar, hujjatlar va hali proyavka qilinmagan kinolentalar olib chiqib ketilgan. Keyinchalik bu shaxsiy mulk yo‘q qilib yuborilgan. Uning xonasiga qulf osiladi.
Shu bilan to 1960-yillargacha Devonov nomini ham, oilasini ham hech kim eslamaydi, bunga jur’at qilolmaydi. Faqat 1968-yilga kelib kinoshunos X.Akbarov birinchi o‘zbek fotografi va kinooperatori izlarini izlab, Xorazmga borganida Devonovning keksayib qolgan bevasi Bekajon aya bilan Xivadagi uyida uchrashadi va ularga davlat tomonidan pensiya tayinlanishiga erishadi. 70-yillarga kelib Devonovning nomi kinoshunoslar, olimlar, jurnalist va OAV xodimlari tomonidan tez-tez tilga olina boshlandi. U haqida bir necha marta ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar yaratildi va bu hozirga qadar davom etmoqda. Ayni damda O‘zbekiston Kinematografiya Agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida Xudoyberdi Devonov haqida badiiy film suratga olish rejalashtirilgan.
Aytishlaricha, mamlakat tarixida katta rol o‘ynagan ma’naviy meros qoldirgan shaxslar alohida tanlangan insonlardir. Tanlanganlarning taqdiri ko‘pincha ayanchli, hayot yo‘li mashaqqatli bo‘ladi. Birinchi o‘zbek fotografi va kinochisi Xudoyberdi Devonovning katta merosi 37-yillarda talon-taroj etilganiga qaramay, undan qolgan asarlar hozirda san’atshunoslar, etnograflar, tarixchi va hatto, siyosatshunoslar tomonidan jiddiy o‘rganilishga muhtoj. Xorijdagi kino arxivlarida uning asarlari saqlanayotganiga shubha yo‘q. Ularni topish, o‘rganish uchun bel bog‘lagan tadqiqodchilar, albatta, davlat tomonidan har taraflama qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Nazarimizda, Parijda o‘tkazilgan ko‘rgazma bu masalada hukumatga ishonish mumkinligini tasdiqlaydi.
Shohida ESHONBOBOYEVA
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Jarayon
Vatandosh
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q