Tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
16:16 / 11.04.2025 427 0

Oyina.uz portali o‘zbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 84-kuni tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi.

 

Kitob – insonning eng yaqin va eng yaxshi do‘sti. Garchi bugun turli elektron axborot qurilmalari turmushimizning asosiy vositasiga aylangan bo‘lsa-da, birortasi kitobning o‘rnini bosolmaydi. Kitob – bilim, kuch, aql, axloq manbaidir. Kitob o‘qigan kishi hech qachon xor bo‘lmaydi. Kitobxon oilada tarbiyalagan bolalar albatta jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.

 

Oyina.uz portalining o‘zbek ziyolilaridan “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiyasi” loyihasining doimiy kuzatuvchisiman. Ziyolilarimiz tavsiya qilgan ilmiy va badiiy kitoblarning barchasi inson tafakkurini yuksaltirishga xizmat qiladigan, bilimini rivojlantiradigan, axloqiy tarbiya beruvchi muhim va zarur kitoblardir. Buni tavsiyalar bir-birini takrorlaganidan ham bilish mumkin.

 

Men kitobxonlarimizga quyidagi kitoblarni tavsiya qilmoqchiman:

 

1.                Narshaxiy, “Buxoro tarixi”. Buxoroning qadimiy va o‘rta asrlar tarixiga oid muhim manba bo‘lib, shaharning barpo etilishi, qadimiy nomlari, podshohlari haqida, Buxoro atrofidagi Karmana, Nur, Tavois, Iskajkat, Sharg‘, Zandana, Vardona, Afshona, Barkat, Romitan, Varaxsha, Baykand (Poykend), Forob va boshqa shahar hamda qishloqlari to‘g‘risida ma’lumot beradi. Hudud aholisining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayoti bilan bog‘liq tarixiy voqealar va jarayonlar bayon qilinadi. Shuningdek, Turonga arablar bosqini, hukmronligining o‘rnatilishi,  islom dinining yoyilishi va Buxoroning arablar tomonidan bo‘lib olinishi hamda bosqinchilarga qarshi kurashlar haqida hikoya qilinadi. Kitobda 9-yuzyillikda Turonning arab xalifaligidan ajralib chiqishi, Movarounnahr va Xurosonda hokimiyat somoniylar sulolasi qo‘liga o‘tishi, bu davrda Buxoroning iqtisodiy va madaniy hayoti tasvirlangan. Asarda Buxoro shahri darvozalari, ichki va tashqi devorlari qurilishi, shuningdek ark, shahristonning bino qilinishi yozilgn. Faqat tarixchilar emas, hamma o‘qishi lozim bo‘lgan milliy tarixiy manbalarimizdan biridir.

 

2.                Yusuf Xos Hojib, “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga etuvchi bilim”). Asar markazida 4 masala:  adolat, davlat, aql, sabr turadi. Muallif hukmdordan tortib dehqon-u hunarmandgacha – jamiyatdagi barcha toifalarning huquq va burchlari haqida o‘z mulohazalarini bildiradi. Ilmni ulug‘lab, odam bilishi mumkin bo‘lmagan narsa, bilim bilan yechilmaydigan jumboq yo‘q, bilim tufayli osmon sari ham yo‘l ochiladi, bilish uchun esa tinmasdan o‘rganish lozim, deb uqtiradi. Pandnoma shaklida yozilgan ushbu kitob tarixiy, axloqiy, tarbiyaviy jihatdan juda muhim hisoblanadi. 11 asr oldin yozilgan ushbu asar bugun ham o‘zining qiymatini yo‘qotmagan.

 

3.                Abu Nasr Forobiy, “Fozil odamlar shahri”. Adolatli jamiyat qurish, fozil shahar hokimi va aholisining xususiyatlari, hukumatni boshqaruvchi kadrlarni tanlashga oid huquqiy maslahat beruvchi noyob kitob. Asar davlat boshqaruvi tartiblari, ta’lim, axloq, diniy e’tiqod, urush va kelishuv kabi  yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab olgan.  Farobiy shaxs va jamoa munosabatlari insonni yashash va yetuklikka erishishida muhim bo‘g‘in deb hisoblaydi. Insonlarni o‘zaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona insonlar jamoasini tuzish haqida orzu qiladi. Mutafakkir inson qadr-qimmatini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqadi. Doimiy urushlar va bosqinchilikka asoslanuvchi jamiyatni adolatsiz, johil jamiyat sifatida qoralaydi. Buyuk mutafakkir tomonidan taqdim qilingan huquqiy va axloqiy bilimlar barcha uchun birdek foydali deb hisoblayman.

 

4.                Kaykovus, “Qobusnoma” (Nasihatnomai Kaykovus). Qur’oni karim va hadisi sharif, tarbiyaviy mazmundagi hikoyalar orqali insonga axloqiy bilim beruvchi kitob. Asar Alloh va uning rasuli Muhammad s.a.v.ni tanish, shukronalik, ota-onani hurmat qilish, aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar, san’at, harbiy ish, savdo, dehqonchilik hamda turli hunarlarni o‘rganish, axloq qoidalariga rioya qilishga da’vat etadi. Farzand tarbiyasi eng muhim ish ekani ta’kidlangan. Odamlarni fazilatlariga ko‘ra uch guruhga: aqlli, haqiqatgo‘y, mard insonlarga ajratgan va jamiyatda tutgan o‘rni ushbu xususiyatlardan kelib chiqib belgilanishini ta’kidlagan. Uni yaxshilik, ezgulik, odamiylikka oid kitob deb atash mumkin. Fikrlar aniq, tushunarli va  sodda  tilda bayon qilingan. Insoniy fazilatlarni ixcham hikoyatlar, rivoyatlar, she’r va latifalar, maqol va hikmatlar yordamida mustahkamlab olish mumkin.

 

5.                Abdurauf Fitrat, “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari”. Oila – jamiyatning asosiy negizi bo‘lib, uning asosini to‘g‘ri qurmasdan va farzandni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilib bo‘lmaydi. Rivojlanish, taraqqiyot, faravon hayot haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Abdurauf Fitrat islohotlarni oiladan boshlash zaruratini anglagan holda Turkiston xalqiga oilalardagi muammolar, kamchiliklar, nuqsonlarni ko‘rsatib, ularning yechimini ushbu kitobi orqali ko‘rsatishga harakat qilgan. “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” asari oilaning paydo bo‘lishi, uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, oilada amal qilinadigan ichki tartib-qoidalarga bag‘ishlangan bo‘lib, har bir yangi oila uchun qo‘llanma vazifasini o‘taydigan masalalar yoritilgan.

 

Abdurauf Fitrat ushbu asarida har jihatdan sog‘lom oilada voyaga yetgan farzandlargina millatni yuksakka ko‘tara olishini, uni istibdoddan qutqarishini ta’kidlaydi: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sog‘lom jism-u tan, aql va axloqdir. Lekin ana shu qurol-aslahamiz sinib, zang bosib chirib ketgan. Shunday qurollar bilan bu dunyoda bizga na saodat va na rohat bor…”. Fitratning bu asari yosh avlod uchun hayotiy qo‘llanma bo‘luvchi tarbiyaviy asardir. U hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan axloqiy-ma’rifiy risola sifatida alohida e’tiborga molik.

 

6.                Teodor Drayzer, “Amerika fojiasi”. Bundan roppa-rosa yuz yil oldin yozilgan ushbu kitob Amerikaning emas, balki dunyoning barcha davlatlarida inson bilan sodir bo‘lishi mumkin jinoyat tarixiga bag‘ishlangan. Inson xato qiladi, bundan saboq chiqarib takrorlamasa, eng katta yutug‘i. Ammo bu xatoni qayta sodir qilsa, bu jinoyat hisoblanadi. Ushbu asarda xatolaridan saboq chiqarmagan, bir necha bor jinoyatga qo‘l urgan, hashamatli hayot orzusida oson boylik orttirishni niyat qilgan va buning uchun qotillikka qo‘l urgan Klaydning fojiali taqdiri  haqida hikoya qilinadi. Teodor Drayzerning ushbu mashhur asari o‘quvchini chuqur mulohazaga chorlaydi. Ochko‘zlik, nafsga ergashishning oxiri o‘lim bilan yakun topishiga ishora qilinadi.

 

7.                Tog‘ay Murod, “Otamdan qolgan dalalar”.  Bu roman eng ulug‘ ne’mat – mustaqilligini qo‘ldan chiqargan o‘zbek xalqining bosqinchi Rossiya imperiyasi tomonidan talanishi, xo‘rlanishi, turli ko‘rguliklarga duchor qilinishini ko‘rsatib beradi. Asarda sovet davrida oddiy mehnatkash  aholi to‘g‘riso‘zligi, halolligi, odobi, andishasi uchun xor-u zor bo‘lgani afsus bilan tasvirlangan. Ayniqsa, mustabid tuzumning ayollarga nisbatan zo‘ravon siyosati Guljamol, Bolxin, Qumri, Oysuluvlarning rangsiz, qora mehnatga qorishib qolgan hayoti misolida ochib berilgan. Muallif davrning naqadar kambag‘alligini, insonlarning insonlar tomonidan uyushtirilgan fojia qarshisidagi ojizligini tanqid qilib, paxta yakkahokimligining salbiy oqibatlarini badiiy ranglarda namoyish qilgan. Kitobxon asarni o‘qir ekan, qul bo‘lib yashashning dahshatlariga guvoh bo‘ladi, o‘z yurtida xor bo‘lgan o‘zbek xalqining qayg‘u va alamlarini anglab oladi.

 

8.                Qahramon Rajabov, “1924. Turkistoning parchalanishi”. Ushbu kitobda XX asr boshlarida bosqinchi sovet hokimiyati amalga oshirgan mudhish voqea – Turkistonda 1924-yil kuzida o‘tkazilgan “milliy-hududiy chegaralanish” siyosatining sababi va mohiyati ochib berilgan. Bevosita Kremlning ko‘rsatmasi bilan 1925-yil fevral-mart oylarida olti milliy tuzilma: O‘zbekiston SSR va Turkmaniston SSR, Qirg‘iziston ASSR va Tojikiston ASSR, Qoraqalpoq va Qoraqirg‘iz avtonom viloyatlarining tashkil etilishi jarayonlari tahlil qilingan. Turkistonning bolsheviklar tomonidan parchalab tashlanishi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelgani, bu siyosatdan eng ko‘p o‘zbek xalqi jabr va ziyon ko‘rgani O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida saqlanayotgan arxiv hujjatlari, yopiq jamg‘armalardagi “mutlaqo maxfiy” ma’lumotlar hamda o‘sha davr matbuoti, shuningdek, o‘zimiz va xorijda yaratilgan tarixiy adabiyotlarning qiyosiy tahlili asosida xolis va haqqoniy yoritilgan. Kitob sodda, ravon tilda yozilgan bo‘lib, uni turli yosh va qatlamlar bemalol o‘qishlari, tarixiy bilimlarga ega bo‘lishlari mumkin.

 

9.                Qahramon Rajabov, “O‘zbekiston SSRda sovet rejimining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (1917–1991 y.)”. O‘zbekiston xalqi 1917–1991-yillarda sovet davlati mustamlakasi ostida bo‘lib, juda murakkab davrni boshidan o‘tkazdi, ko‘plab qurbonlar berdi. Aslida Rossiya imperiyasi bosib olgan davrdayoq boshlangan qatag‘on siyosati sovet hokimiyati yillarida avj oldirildi. Milliy ozodlik, hurlik va erkinlik talab qilib chiqqan o‘zbek xalqining jasur va qo‘rqmas farzandlari turli yolg‘on ayblovlar va tuhmatlar bilan jismonan yo‘q qilindi. Kitobda XX asr 20-yillarining o‘rtalaridan totalitar jamiyatning xususiyatlari tobora aniq ko‘ringani, milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga munosabatning yomonlashuvi ochiqlanib, Lenin tomonidan e’lon qilingan “Kim biz bilan birga bo‘lmasa, u – dushmanimiz!” shiorini Stalin shafqatsizlik bilan amalga oshirib, tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi qatag‘on siyosatini, 30-yillardan boshlab 90-yillargacha o‘zbek xalqiga nisbatan ommaviy terror qo‘llangani ko‘rsatib berilgan. Ushbu asar ilmiy jamoatchilik va xalqimiz uchun foydali kitob bo‘lib, mustamlaka zulmining ayanchli oqibatlarini o‘qib, uqib, mustaqillik, ozodlik va erkinlikning qadriga yetishga undaydi.

 

10.           O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Konstitutsiya – bosh qomusimiz bo‘lib, huquq va erkinliklarimiz kafolati, burchlarimizning nazoratchisidir. Konstitutsiya siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotimizni tartibga soluvchi bosh qonundir. U bizni O‘zbekistonda va xorijda himoya qilish kuchiga ega. Insonparvar konstitutsiyamizda davlat va jamiyatning barcha yo‘nalishlariga oid huquqiy yechim va talablar belgilab qo‘yilgan. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha normalar belgilangan. Shuningdek, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati qayd etilgan. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etilgan. Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish kafolatlangan. O‘zbekistonning boshqaruv organlarining vakolatlari va vazifalari xalqaro huquq normalari asosida ko‘rsatib berilgan. O‘z huquqini bilgan inson huquqsizlik qurboniga aylanib qolmaydi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha o‘qishi, uqishi zarur va shart bo‘lgan kitob, deb hisoblayman.

 

 

Dilnoza Jamolova 1983-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2001–2007-yillari Buxoro davlat universiteti tarix fakultetida o‘qigan.

 

Mehnat faoliyatini 2005-yili Kogon qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. 2016–2019-yillari FA Tarix instituti tayanch doktoranti, kichik ilmiy xodimi, 2019–2019-yillari Kogon tumani 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi, 2019–2021-yillari Buxoro davlat universiteti Buxoro tarixi kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti, 2021–2023-yillari Tarix instituti doktoranti, 2023-yildan Tarix instituti direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

 

“Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)” (2021), “Turkiston va Sharq mamlakatlari taraqqiyparvarlarining o‘zaro aloqalari” (2023) asarlari, oliy o‘quv yurti talabalari uchun “O‘rta Osiyo ornamenti va tasviriy san’ati tarixi” (2021) o‘quv qo‘llanmasi hamda “Qonun muhofazasida, Buxoro viloyati prokuraturasi tarixi” kitob-albomi (hammuallif, 2022) muallifidir.

 

“Jadidlar so‘zi – millatning ko‘zi” hamda “Turkiston muxtoriyati milliy matbuotda” kitoblarini nashrga tayyorlagan. Milliy va xorijiy jurnallar, umummilliy va ellararo ilmiy yig‘inlar to‘plamlarida 100 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//