Qimmatning sehrli sandigʻi va Pandora qutisi oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor – sirli qutilarning siri


Saqlash
15:04 / 11.04.2025 174 0

“Yertoʻlaga tushsang, ikkita eshikni koʻrasan. Birisi – oq, ikkinchisi – qizil. Oq eshikdan kirsang, oq sandiq bor. Oʻshani olgin, faqat uyingga borganda och.” (“Zumrad va Qimmat” ertagidan) Shu ertakni ilk bor eshitgan yoki oʻqiganingizda sandiqda nima borligiga Qimmatdan ham koʻproq qiziqqanmisiz? Men ham. Agar ertak qahramonlarining biriga aylanib qolganimda uyga borguncha sabrim chidamay, yarim yoʻlda sandiqni ochib koʻrgan boʻlardim. Axir kutish, ikkilanish, shubhalanish, qoʻrquv – barchasi salbiy tuygʻular. Ushbu maqolada asarlardagi sirli sandiqlarning maʼnolari haqida fikr yuritamiz.

 

Adabiyotda keng foydalaniladigan sirli yoki sehrli quti, sandiq yoki xumlarning ochilishi bilan bogʻliq motivlar bir qarashda arzimas detaldek tuyilsa-da, aslida uning zimmasiga katta missiyalar yuklangan boʻladi. “Chexovning miltigʻi” kabi har bir detal “otilishi kerak”. Keling, unda ushbu vositalarning asrorini ochamiz.

 

Ijobiy oʻrinlarda qoʻllanish

 

Yangilik va kutilgan natijalar: Sirli “quti” ochilishi, odatda, yangi imkoniyatlarni va kutilmagan holat boshlanishidan dalolatdir. Uning ochilishi orqali voqealar rivojlanishi mumkin. Masalan, “Ochil dasturxon” ertagidagi ochil dasturxonni voqealar rivojining boshlangʻich nuqtasi, deyish mumkin.

 

Oʻzgarish va rivojlanish: Sirli “quti” odatda qahramonning oʻzgarishi yoki rivojlanishining katalizatori sifatida xizmat qiladi. “Zumrad va Qimmat” ertagi buning klassik namunasi boʻlib, undagi har bir sandiqning ochilishi qahramonlarning hayotining oʻzgartirish nuqtasidir.

Sir va sarguzasht: Sirli “quti”ni ochish – sarguzashtlar boshlanganini ifodalovchi motiv ham. Masalan, “Yoriltosh” ertagini olaylik, unda tosh yorilishi bilan Gulnor va Oymomoning sarguzashtlari boshlanadi.

 

 

Salbiy oʻrinlarda qoʻllanishi

 

Xavf va noaniqlik: Sirli “quti” yoki sandiqning ochilishi baʼzan salbiy natijalarga ham olib kelishi mumkin. Misol uchun, “Pandora qutisi” haqidagi asotirda quti ochilganda undagi barcha illatlar dunyoga tarqaladi. Bu tasvir insoniyat uchun salbiy oqibatlarni anglatadi. Yanglish qarorlar: Sirli “quti”ni ochish baʼzan shaxsning xatosi yoki oqibati oʻylanmagan qarorlarga olib keladi. Bunga arab xalqining “Alouddin va shamchiroq” ertagida Alouddinning dastlabki istaklari nojoʻya oqibatlarga olib kelganini misol qilish mumkin.

 

Sirning fosh boʻlishi: Baʼzi hollarda, sirli “quti”da saqlanayotgan narsalar oshkor boʻlsa, ularning qiymati va ahamiyati yoʻqoladi. Maqsud Shayxzodaning “Iskandar Zulqarnayn” haqidagi ertak dostonini bir eslang, unda Iskandarning shoxi borligi haqidagi sir nay orqali butun dunyoga oshkor boʻladi. Bundan tashqari, “yopilish va ochilish” yoki “yashirish va oshkor qilinish” motivlari asosida chuqur falsafiy va psixologik holatlarga ham ishora qilinadi:

 

Psixologik asoslar

 

Qoʻrquv.

Noaniqlik va oʻzgarish qoʻrquvi: Sirli “quti” odatda noaniqlikni anglatadi. Odamlar mavhum va noaniq natijani kutishdan qoʻrqishadi. Bu noaniqlik psixologik jihatdan kuchli hayajon, qoʻrquv, kutish, va shubha kabi hissiyotlarni qoʻzgʻatadi. Pandora haqidagi asotirga yana qaytadigan boʻlsak, undagi psixologik holatlarni tahlil qilishimiz uchun syujetni eng boshidan oʻrganishimizga toʻgʻri keladi: Promotey Zevsdan oʻgʻirlagan olovini odamlarga keltirib, ularga hunar va sanʼatni oʻrgatgach, yerda baxtli hayot hukm sura boshlaydi. Olimpdagi xudolar esa bundan tashvishga tushib qolishadi. Chunki baxtli odamzodning xudoga hech qanday ehtiyoji qolmagani uchun ularga qurbonlik keltirmay qoʻyishgandi. Zevs odamzodni avvalgidek qurbonlik keltirishi uchun yovuzlik, kasallik va ogʻriqni yaratdi-da, barini bir xumga (XVI asrda Erasmus Rotterdam talqinidan soʻng “quti”ga aylangan) joylab, uni Promoteyning nodon ukasi Epimeteyga sovgʻa qiladi. Lekin Promotey ukasiga Zavsdan olgan sovgʻalarni olmaslik va ochmaslikni qattiq taʼyinlagan edi. Ammo Epimetey sovgʻani olib, eski omborga koʻmib qoʻyadi. Zevs esa taslim boʻlmay yana bir xiyla qoʻllaydi – Hefestga tuproq va suvdan ayol shaklini yasashni buyuradi va barcha maʼbudlar unga oʻz xislatidan inʼom etishi kerakligini aytadi. Afina va Xaritalar ipak libos va goʻzallikni, Hermes ayyorlik va tilyogʻlamalikni inʼom qiladi va unga Pandora (sovgʻalar sohibasi) nomini beradi. Zevs esa ayolga sovgʻa tariqasida yer yuziga illatlar tarqatish qismatini beradi. Pandora Epimeteyga turmushga chiqqanidan keyin xumni ochadi va barcha illatlar yer yuziga tarqaydi. Alaloqibat, odamzod yana Olimp xudolariga qurbonlik keltira boshlaydi. Afsonada Epimetey talqinida yangilik yoki oʻzgarishdan qoʻrquvchi mutaassib obraz timsoli yoritiladi. Pandora esa aksincha, qizuvchanlik, mavhumlikdan qoʻrquvchi obraz timsolini gavdalantirgan.

 

 

Kutuv.

Pozitiv kutilish: Boshqa tomondan, sirli “quti”da yaxshi narsa yashiringan boʻlishi mumkin. Qahramon uni ochishdan baxt, muvaffaqiyat yoki mukofot kutadi. Xuddi “Tilla tarvuz” ertagidagi boyga oʻxshab, laylakni urib tushiradida, uni davolab, qilgan “mehribonchiligi” evaziga mukofot talab qiladi.

 

 

Anglash.

Insonning oʻzini anglashi: Sirli “quti”ning ochilishi qahramon shaxsiyatining yashirin qirralari kashf qilishidan dalolat. Nazar Eshonqulning “Shamolni tutib boʻlmaydi” asarida Baynal momo vafotidan soʻng ochilgan sandiqda qahramonimizning asl shaxsiyati razmlangan ashyolar bor edi.

 

Filosofik asoslar

 

Sir va bilim (Epistemologiya)

Bilishga intilish: Odamlar sirli qutini haqiqatni izlash yoʻlida ochishadi. Shu maʼnoda baʼzan asarlardagi sirli quti insonning bilish, haqiqat va ilmga boʻlgan chuqur intilishlarini anglatadi. Masalan, yapon xalq ertaklarida Urashima Tarō ismli mehribon baliqchi bor. U bir kuni bolalar qiynayotgan toshbaqani qutqaradi. Biroq bu oddiy toshbaqa emas edi – u sehrli mavjudot boʻlib, Tarōni dengiz ostidagi sehrli saroyga – “Ryūgū-jō”ga olib boradi. U yerda goʻzal malika Otohime ularni mehmondoʻstlik bilan kutib oladi. Tarō saroyda bir necha kun farovon hayot kechiradi. Ammo oradan vaqt oʻtgach, yurti va oilasini sogʻinib, yer yuziga qaytishga qaror qiladi. Ketayotganida, malika unga “tamatebako” deb nomlangan sirli sandiqni bir shart bilan sovgʻa qiladi: uni hech qachon ochmaslik. Tarō yerga qaytgach, hammayoq oʻzgarganini, oilasi, doʻstlari yoʻqligini koʻradi. Chunki oradan 300 yil oʻtib ketgandi. Gʻamga choʻkkan Tarō sandiqni ochishga qaror qiladi. Sandiq ichidan faqatgina oq tutun chiqadi va bechora Tarō bir zumda keksayib, halok boʻladi. Bu yerda sandiq vaqt va jazoga aylangan haqiqat yashirib kelgan timsol ekanini koʻramiz.

 

Oʻz-oʻzini anglash (Ontologiya)

Insonning mavjudligi va oʻzlikni kashf qilish: Ontologiya (mavjudlik falsafasi) nuqtai nazaridan, sirli “quti” yoki sandiqni ochishni odamning oʻzligini anglash jarayoni sifatida talqin qilinishi mumkin. Bu yondashuvda quti oʻzligini tushunish va rivojlanish yoʻlida yangi imkoniyatlarni anglatadi. Bunga misol tariqasida Hans Kristian Andersenning “Uchar sandiq” ertagini keltirishimiz mumkin. Unda Sven ismli qahramonimiz, garchi otasi boy boʻlsa-da, ziqna va badjahl boʻlgani tufayli, voyaga yetgunga qadar yalangoyoq va yupun oʻsdi. Otasi oʻlgach, yagona merosxoʻr boʻlgani uchun yigitga bir sandiq tilla qoladi. U tillalarni yengil-yelpi orzulari yoʻlida behudaga sarflab yubordi. Oxir-oqibat bir chaqasiz qolib, qarzlarini uyini sotish evaziga toʻlaydi. Uysiz Sven tunlari oltinlardan boʻshagan sandiqda tunab kun kechira boshladi. Kunlardan bir kun sandiqdan kalit topib oladi va oʻziga-oʻzi “Bu kalit boʻm-boʻsh sandigʻimdagi havoni oʻgʻirlab ketmasliklari uchun boʻlsa kerak”, deydi-da, kalitni teshikka solib burab koʻradi. Sandiq harakatga kelib, ucha boshlaydi. Shundan soʻng qahramonning oʻzligiga qaytish yoʻlidagi sinovli sarguzashtlari boshlanadi.

 

Etika va Moralsizlik

Sirni ochish va etik qarorlar: Sirli “quti”ni ochish, baʼzan etik muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, sirni ochishning oqibatlari yaxshi yoki yomon boʻlishi mumkin. Misol uchun, Ali bobo izidan tushib, qaroqchilar qarorgohini ochuvchi sirli soʻzni bilib qolgan Qosim u yerdagi xazinani oʻgʻirlamoqchi boʻlganida qoʻlga tushib, tilka-pora boʻladi.

Xulosa qilganda, sirli quti yoki sandiq adabiyot, folklor va mifologiyada kuchli ramziy maʼnolarni ochishga xizmat qiladi. Ular koʻpincha sir, bilim, imkoniyat yoki xavfli oqibatlarning timsoli sifatida gavdalanadi. Ushbu obrazlar asarlarda kutilmagan hodisa yoki voqealar rivojining boshlangʻich nuqtasidir, bu esa oʻquvchi yoki tinglovchining asarga qiziqishini orttiradi.

 

Ziyoda TURDIBOYEVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//