2024-yilda siz koʻzdan qochirgan, ammo koʻrishingiz kerak boʻlgan 4 ajoyib film


Saqlash
15:34 / 10.04.2025 503 0

2024-yil katta kino premyeralar bilan toʻldi. Barchaning eʼtibori “Anora”, “Brutalist”, “Dyuna 2” kabi filmlarga qaratildi. Ammo bunday shov-shuvli nomlar soyasida siz eʼtibor bermay oʻtgan, aslida esa alohida bahoga loyiq boʻlgan kartinalar ham yoʻq emasdi. Ushbu maqolada biz aynan shunday – siz koʻzdan qochirgan 4 ajoyib film haqida hikoya qilamiz.

 

Buvisining Nabirasi (2024)

Rejissyor: Pat Boonnitipat

Janr: drama, komediya

Davlat: Tailand

 

Film gʻarb mamlakatlariga “How To Make Millions Before Grandma Dies?” yaʼni ”Buvijon oʻlishidan oldin qanday qilib millionlar ishlab olsa boʻladi?” nomi bilan tarjima qilingan. Bu nomdan filmni qandaydir sirli qotillik haqidagi inglizcha komediya deb oʻylashingiz ham mumkin. Aslida esa, Tailandlik sanʼatkorlardan tuhfa boʻlgan ushbu film, oʻtgan yilning eng eʼtibordan chetda qolgan goʻzal filmlaridan biri.

Rejissor Pat Boonnitipatning debyut kartinasida ilgari reklama roliklarida modellik qilgan, lekin birinchi marotaba filmlarda rol oʻynayotgan 78 yoshli Usha Seamkhum keksa ayol Menju rolini ajoyib ijro etgan. Menju – oʻzining muqarrar saraton kasalligini xotirjamlik bilan, ortiqcha hissiyotlarsiz qabul qilgan beva kampir. Ammo u bir narsani aniq biladi: vasiyatnomasi oʻgʻillari – keskin tabiatli fond bozori treyderi Kiang, spirtli ichimlik va qimorga ruju qoʻygan Soyi va mehnatkash qizi Seyu oʻrtasida muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Ammo shunga qaramay, hikoya markazida Seyuning oʻgʻli Em turadi.

 

 

Em kollejni tashlab, faqat uyda oʻtiradigan yigirma yoshlardagi yigit. Palon pulga oʻyin kompyuteri sotib olib, striming orqali moʻmaygina pul ishlash rejasi chippakka chiqqach, oyisining qaramogʻida qolib ketgan. Lekin unda pul topishning yangi gʻoyasi paydo boʻladi: qariyalarga gʻamxoʻrlik qilib, ular vafotidan soʻng katta boylikka ega chiqish. Yaqinda amakivachchasi Mui bobosiga gʻamxoʻrlik qilib, katta uyni meros qilib olganini eshitgach, oʻzining buvisi Menjuni koʻz ostiga oladi. Ularga qancha vaqt qarash kerakligi haqidagi savolga amakivachchasi “ularning xonasiga kirganingda “qarilik hidi”ni burning sezmay qolguncha”, deya javob beradi.

 

Shundan soʻng, Em har kuni buvisining uyiga kelib, jon-jahdi bilan: “Sizga nima yordamim tegadi?” deb soʻray boshlaydi. Buvisi uning asl niyatini darrov tushunadi, ammo u boshqa farzandlariga qaraganda yosh va hali kelajagi oldindaligini oʻylab, gʻamxoʻrlik qilishiga rozilik beradi... Filmni tugatarkansiz, beixtiyor koʻzingizda yosh aylanadi. Rejissor oddiygina hikoyani bizga samimiy va iliq, yurakning tubigacha yetib boradigan kartinaga aylantirgan. Film yigʻlatadi, kuldiradi, baʼzi joylarida oʻylashga majburlaydi: Rostdan ham, texnologiyalar rivojlangan kelajakda avlodlarning oʻz yoʻlini topib ketishi qariyalarning vasiyatlariga bogʻliq boʻlib qolmasmikan?..

 

Em: Hech oʻzingizni yolgʻiz his qilmaysizmi?

Menju: Buni yolgʻizlik deb atamagan boʻlardim. Bu ham hayotning pallalaridan biri-da… Lekin Yangi yildan ertasi kuni men uchun qiyin boʻladi. Chunki kechki ovqatlar muzlatkichda qoladi va men ularni barini yolgʻiz oʻzim yeyishim kerakligini oʻylab, siqilaman.

 

Hayʼat aʼzosi №2 (2024)

Rejissor: Klint Istvud

Janr: kriminal, drama, triller

Davlat: AQSh

 

Amerikalik rejissor, 94 yoshli tirik afsona Klint Istvud oʻzining soʻnggi ishi deb taxmin qilinayotgan “Juror #2” filmida adolat, vijdon va insoniy tanlovlar haqidagi mavzularni chuqur yoritib bergan. Film oʻzining sokin, biroq tobora kuchayib boradigan dramatik tarangligi bilan tomoshabinni ichki ziddiyatlar girdobiga tortadi. Oddiy oilaparvar yigit Jastin Kempning hayotida shunday voqealar boʻladiki, yakunda oʻzini qotillik ishi boʻyicha sud hayʼatida koʻradi. Avvaliga qiziqarli sarguzashtdek tuyulgan jarayon vaqt oʻtishi bilan butunlay boshqacha tus oladi: yigit ayni jinoyatga oʻzining aloqasi boʻlishi mumkinligini anglab yetadi.

 

 

Gap shundaki, Jastin kuchli yomgʻir yogʻayotgan kechada koʻprikdan oʻtarkan, nimanidir turtib yuboradi va pastga tushib, atrofni tekshiradi – hech nima yoʻq. “Biror hayvon boʻlsa ahvoli yaxshidirki, qochishga ham ulguribdi”, deya bemalol uyiga qaytadi. Ammo, bir necha haftadan soʻng aynan yomgʻirli tunda qoʻpol va boshi gʻalvadan chiqmaydigan yigiti bilan boʻlgan janjaldan keyin jasadi koʻprik ostidan topilgan qizning sud ishida qatnasha boshlaydi. Butun ayb avvaldan turli giyohvandlik oldi-sotdisi bilan qoʻlga tushgan, keyinchalik ham bu ishlarini butkul toʻxtatgani dargumon yigitning yelkasiga yuklanadi. Aynan shu paytdan boshlab filmning asosiy dramasi boshlanadi: haqiqatni tan olish kerakmi yoki uni yashirish?

 

Bosh rol ijrochisi Nikolas Hoult filmda oʻzining yetuk aktyorlik mahoratini namoyon qilgan. U shunchaki aybdorlik va qoʻrquv orasida sarson boʻlgan odamni emas, balki oʻz hayoti, oila va jamiyat oldidagi masʼuliyatini anglay boshlagan shaxs tuygʻularini chuqur koʻrsatib beradi bizga.

 

Istvud doimgidek kamerani sokin, izchil va hissiyotlarga boy tarzda qoʻlga oladi. Filmda har bir kadr, har bir sukunat, har bir qarash – asosiy qahramonning ichki kurashini yoritishga xizmat qiladi. Hikoya tomoshabinga “biz qanchalik halol boʻlishga tayyormiz?” degan muhim savolni qoʻyadi. Soʻzimiz soʻngida sizga ham savol bilan yuzlanmoqchimiz: Haqiqatni ochiqlab, insoniyatga ozor berishni xayoliga ham keltirmaydigan, shunchaki tasodif qurboni boʻlgan, uyim-joyim deydigan tuppa-tuzuk odamni qamoqqa tiqishdan jamiyat koʻproq foyda koʻradimi yoki avvaldan xavf ehtimoli boʻlgan, yoshlarni bir necha bor yomon yoʻlga targʻib qilgan, zavolga boshlagan, ammo hozirgi vaziyatda mutlaqo begunoh yigitning ustidan jazoga hukm chiqarish toʻgʻrimi? Xaqiqat har doim ham adolat deganimi? Savollarga choʻmib film qanday tugab qolganini ham bilmay qolasan kishi. Kino qanday tugashi haqida yozmoqchi emasmiz, javob esa yolgʻiz hakam – vijdoningizga havola boʻla qolsin…

 

Haqiqiy ogʻriq (2024)

Rejissor: Jessi Ayzenberg

Janr: komediya, drama

Davlat: AQSh, Polsha

 

“Ijtimoiy tarmoq” (2010) filmidagi bosh roli bilan barchaga tanish boʻlgan isteʼdodli yosh ijodkor Jessi Ayzenberg “Haqiqiy ogʻriq” filmi orqali nafaqat yaxshi aktyorligini, balki mohir rejissor va ssenariynavisligini namoyon eta oldi. Kartina komediya va drama elementlarini ogʻriqli mavzular, ichki dilemma bilan boyitib, tomoshabinda katta taassurot qoldiradi. Film oʻtgan yilgi Sundance kinofestivalida ilk bor namoyish etilib, koʻplab tomoshabinlar va tanqidchilar eʼtiborini qozondi. Voqealar markazida uzoqlashib ketgan ikki amakivachchalar – Devid (Jessi Ayzenberg) va Benji (Kiran Kalkin) hikoyasi turadi. Ular bolalikdan bir-birlariga zid feʼl-atvorli edilar: biri kirishimli, hazilkash, baʼzan beparvo boʻlsa, ikkinchisi tortinchoq, oʻychan va sezgir. Film ularning Ikkinchi jahon urushida yahudiylar ustidan qilingan qirgʻindan omon qolgan bobosi vafot etgach, uning bolalik yillari oʻtgan joy – Polshaga qilgan safari bilan boshlanadi. Eski shaharni kezib yurarkan, ular orasidagi chuqur, tushunarsiz his-tuygʻular asta-sekin yuzaga chiqa boshlaydi.

 

Ayzenbergning rejissor sifatidagi eng katta yutugʻi – film ritmini nihoyatda tabiiy qurib borishidir. Dialoglar hayotdagidek, ortiqcha dramatizm yoki keraksiz tafsilotlar qoʻshilmagan. Film kuldirgan pallalarda ham tomoshabinni yuragidagi chuqur savollar bilan yolgʻiz qoldirishni biladi: oilamiz bizni, biz oilamizni qanchalik tushunamiz? Bolalikdagi travmalar hanuz bizni boshqaryaptimi? Haqiqiy yaqinlik nimalarda namoyon boʻladi?..

 

 

Film davomida qahramonlar Polsha boʻylab safarga chiqadi – lekin bu yoʻl xaritada emas, balki qalb va ong ichida bosib oʻtiladigan yoʻldek tuyuladi. Ajdodlar xotirasi, tarix bilan yuzlashuv, oilaviy ogʻriqlar va kechirilmagan xatolar film fonida emas, balki markazida turadi. Eng yaqin doʻsti boʻlgan bobosi vafot etgach, uyda siqilib qolgan Benjini tashqi dunyo bilan yana bogʻlashni oʻziga maqsad qilib olgan Devid, bu niyatiga erisha oladimi? Ayzenberg murakkab hissiyotlarni nafaqat tasvirlaydi, balki ularni tomoshabinga his qildira oladi. U hech qachon qanday oʻylash kerakligini aytmaydi – faqat his qilishga undaydi. Filmda koʻp narsalar aytilmagan gaplar, sukunatlar, qarashlar orqali yetkaziladi. Aynan mana shu jihati uni yilning eng diqqatga sazovor filmlaridan biriga aylantiradi.

 

Polshaning post-sovet arxitekturasi, urush monumentlari, eski qabristonlar ekranga chiqarkan, zukko tomoshabin ularni shunchaki kadrni boyituvchi fon emas, balki bosh qahramonlarning ichki ogʻriqlariga kontrast sifatida qabul qiladi. “Shindler roʻyxati” filmidagi qip-qizil plashli qizaloq koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak – filmda bu vazifani Benji bajaradi. Benji obrazi uchun aktyor Kiran Kalkindan boshqasi tanlanganida film butunlay boshqacha tus olgan boʻlardi, balki. Qahramonining ichki va tashqi ziddiyatlarini birdek aks ettira olgan aktyorning mehnati eʼtiborsiz qolmadi: u Oscar, BAFTA va Oltin Globus kabi nufuzli mukofotlarda “Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor” nominatsiyalarida gʻolib boʻldi. Film senariysi esa BAFTA mukofotining “Eng yaxshi senariy” nominatsiyasida sovrindor boʻldi. 

“Haqiqiy Ogʻriq” – kichik voqealar orqali katta savollarni koʻtaradigan film va bunday filmlar koʻproq yaratilishi kerak, nazarimda. Axir dunyoda eng muhimi inson hissiyotlari boʻlishi kerak emasmi?..

 

Ishkalchi (Problemista) (2023)

Rejissor: Julio Torres

Janr: komediya, drama

Davlat: AQSh

 

Ishkalchi” – tom maʼnoda dunyo yuzini koʻrishni juda uzoq kutgan filmlardan biri hisoblanadi. Asl premyerasi 2023-yil faqat katta-kichik kinofestivallarda boʻlib oʻtgan kartina 2024-yili qisqa vaqt ekranlarda namoyish etildi-yu, keyinchalik A24 studiyasi tomonidan onlayn striming servislariga taqdim etildi. Kartina aksar muhojirlarning ichki dardlarini, ularning katta shaharda yashash orzusi bilan kurashi va tizim bilan boʻlgan jangini fantastik, biroq juda insoniy tarzda hikoya qiladi. Rejissor, senariy muallifi va bosh rol ijrochisi Julio Torres filmni oʻz hayotiy tajribasidan ilhomlanib yaratgan va bu yaqqol seziladi.

 

Salvadorlik yosh muhojir Alexandro noodatiy, bir qarashda gʻalatiroq tuyuladigan gʻoyalari bilan tanilgandi. Bolaligidan Mattel oʻyinchoqlar kompaniyasida ishlashni niyat qilgan yigitcha New York shahriga keladi-yu hayot shamollari uni umuman boshqa yoʻnalishda uchirib ketadi: ilojsizlikdan kichik shaxsiy muzeyga katalog yaratish uchun ishga joylashadi. Aksiga olib, uning Qoʻshma Shtatlarga Vizasining tugash vaqti ham kelib qoladi. Byurokratik jarayonlar, kechikkan hujjatlar va keskin vaqt chegarasi unga bosim oʻtkaza boshlaydi. U bu qogʻozlar oʻyinida nafaqat huquqiy maqomini, balki orzularini yoʻqotish xavfi ostida ham qoladi.

 

 

Ammo Alexandroning hayoti bir lahzada oʻzgarib ketadi. U gʻayrioddiy sanʼatshunos va juda emotsional ayol – Elizabet (Tilda Suinton) bilan toʻqnash keladi. Elizabet vafot etganiga koʻp boʻlmagan rassom sevgilisining ishlari bilan shugʻullanishi kerak edi. Biroq u oʻziga yarasha talabchan, injiq, jarangdor soʻzlar va noodatiy metaforalarni yaxshi koʻradigan ayol boʻlib, birga ishlash oson kechadigan odamlar xiliga kirmasdi. Ayol Alexandro uchun bir qarashda “muammo” boʻlib tuyulsa-da, aslida yigitchaga eng katta imkoniyatni beradi.

 

Film strukturasi klassik syujetlar ketma-ketligiga mos kelmaydi. “Problemista”ni tomosha qilish bu – gohida kulgi, gohi esa yurakni ezadigan hislar koʻliga gʻarq boʻlishdek tuyiladi. Undagi vizuallik, metaforik obrazlar, hatto syurreal unsurlar – bularning barchasi filmga oʻziga xos fantastik, qaysidir maʼnoda hujjatli film tusini beradi. Bu yerda byurokratik tizim sovuq, sirli labirintga oʻxshaydi, vaqt esa odamlarni quvlaydigan haqiqiy antagonist. Baʼzan filmdagi holatlar sizni kutilmaganda koʻzingizni namlaydi, chunki siz oʻzingizni Alexandro oʻrnida his qilib yuborasiz.

 

Suintonning obrazi ham alohida eʼtiborga loyiq. U filmda nafaqat kuchli ayol obrazini yaratadi, balki Alexandro bilan boʻlgan murakkab, bir-birini tushunishga intilgan, ammo baribir gʻalati tarzda mehrga aylanuvchi munosabatlar orqali filmga emotsionallik qoʻshadi. Tilda Suinton baʼzan oʻziga xos komedik holatlarni ham, jiddiylik talab qiladigan vaziyatlarni ham mohirlik bilan ijro eta olgan. U filmda real hayotdagi murakkab insonlar bir vaqtning oʻzida qanchalik gʻayrioddiy tabiatga ega boʻlishi mumkinligini koʻrsatib berolgan.

 

Ijodkorona ruh inson qalbi tubidan doimo yuksaklikka koʻtarila olishini isbotlab bergan ushbu film orzular haqida, byurokratiya haqida, sanʼat haqida. Eng muhimi kartina normal jamiyat tomonidan ajratib qoʻyiladigan “gʻalati” shaxsiyatlar haqida. Oʻylashimcha, ushbu kartina yilning eng noodatiy va yurakka yaqin filmlardan biri biri boʻlib qoladi.

 

Jamshidbek TOSHPOʻLATOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//