
Jadidchilik milliy harakatining yirik vakili Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda Toshkent shahri “Samarqand Darvoza” mahallasida tug‘ilgan. U keyinchalik tarjimai holida oilaviy sharoiti haqida quyidagilarni yozadi: “Boshida boy oilada tug‘ildimmi yoki kambag‘al oiladami, albatta bilmadim: Ammo yoshim yetti-sakkizga yetgach, qornim oshga to‘ymaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog‘i faqat sakson yoshli bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin (yarim gektardan ko‘proq yer) bog‘ning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelib, bog‘ mevalari ofatga uchrab qolsa, biz ham ochlikka duch kelib, qishi bilan javrashib chiqar ekanmiz... ”.
Biz mazkur maqolada o‘zbek romanchiligi asoschisi hayoti va faoliyatining ayrim nuqtalariga urg‘u bermoqchimiz.
Abdulla Qodiriy dastlab ikki yilcha eski maktabda boshlang‘ich bilimni olgach, 12 yoshida ota-onasi tomonidan maktabdan olinib Rasulmuhammadboy xonadoniga xizmatchilikka beriladi. Rasulmuhammadboy o‘zining ruscha o‘qish-yozishni biladigan kishiga ehtiyoji borligi sababli ham uni rus-tuzem maktabida o‘qitadi. 1908–1912-yillari rus-tuzem maktabida a’lo baholarga o‘qigani uchun Abdulla Turkiston general-gubernatori Samsonov tomonidan kumush soat bilan taqdirlanadi. Maktabni tugatgach, Rasulmuhammadboy unga mirzalik ishlarini topshiradi va katta qizi Rahbaroyga uylantirib qo‘yadi. Ular Nazifa, Habibulla, Adiba, Mas’ud va Anisa ismli besh farzandni voyaga yetkazgan.
Abdulla Qodiriy mirzalik qilish bilan bir paytda rus, arab, fors va turk tillarini mukammal o‘rganadi.
Rasulmuhammadboy uyida tez-tez ilmiy va ma’rifiy yig‘inlar bo‘lib, asosiy ishtirokchilar jadidlar edi. Yig‘inlarda “Sadoyi Turkiston”, “Oyina”, “Samarqand”, “Turon” kabi gazeta va jurnallar sahifalari muhokama qilingan. Abdulla Qodiriy shunday muhit ta’sirida ijodga kirib kelganini e’tirof etadi: “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyina” chiqa boshlag‘ach, menda shularga gap yozib turish fikri uyg‘ondi. 1913-yilda chiqqan “Padarkush” ta’sirida 1915-yili “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim”.
***
Adib asarlarida qahramonlari taqdiri orqali chor hukumatining kirdikorlarini fosh qilishga uringanini keltirgan holda, uning harbiy sohaga bo‘lgan fikriga to‘xtalsak.
U davriy matbuotdagi chiqishlaridan birida askarlik, harbiy ish bo‘yicha o‘z qarashlarini ilgari surgan. O‘zi muharrirlik qilayotgan “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 4-noyabr sonida chop qilingan “Bizda askarlik masalasi” maqolasida milliy qo‘shin masalasini kun tartibiga qo‘yadi: “Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik, chet millatlarga o‘z tovushingni eshitdirub eshitmoqqa majbur etuvg‘a shubha yo‘qkim, qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingg‘a qarab bo‘lur”.
Yevropa va Amerika harbiy sohani rivojlantirib, Sharq mamlakatlarini bosib olgani va harbiy kuch bilan ularni mustamlaka zulmi ostida saqlayotganini ta’kidlaydi. Askar yo‘qligi va qurolsizlik tufayli Turkiston xalqi ham shu holatga tushib qolganidan afsuslanadi. Milliy qo‘shin tuzishning dolzarbligini qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat bilan ko‘rsatib berishga harakat qilgan: “Buning uchun dalil qilib afg‘on qarindoshlarimizdan ko‘rsatilsa mumkindirki, afg‘on xalqi hozirda va mundan elli-oltmish yil ilgarida ham madaniyatcha biz turkistonlilardan ortiq bo‘lmay yurar edi. Lekin boshqa madaniy millatlarning taxt hokimiyatiga o‘tkani yo‘qdir. Bu nimadan edi?.. Ko‘z oldimizdadirkim, shu madaniyatsiz afg‘on xalqi butun dunyoga hokimlik da’vosiga yetishgan Angliyadan o‘zining ozgina harbiy kuchi ila o‘z tilagini imzo etdirdi”.
1918-yil aprelda tuzilgan Turkiston ASSR hukumatida 1919-yildan milliy kadrlar ham o‘z faoliyatini boshlagan. Ular oldida turgan muhim masalalardan biri armiya tuzib, mudofaa tizimini joriy qilish bo‘lgan. Ammo yigitlar armiyaga borishdan bosh tortib, mudofaa ishida ishtirok etishni xohlamaganlar. Abdulla Qodiriyni turkistonliklarning askarlikdan qochishga harakat qilayotgani ranjitadi: “Ammo biz Turkiston ishchilariga kelganda og‘zimizg‘a qo‘yulgan tayyor oshni ham eblab icholmaymiz. Qurol, kiyim, joy va ovqat hozir bo‘lgan holda askar bo‘luvdin farsaxlarcha yiroqg‘a qochamiz…”.
***
Abdulla Qodiriy “Mushtum” jurnalining 1926-yil 2-sonida “Ovsar” taxallusi bilan “Yig‘indi gaplar” maqolasini nashr qildiradi. Unda sovet hokimiyatining kirdikorlarini Yo‘ldosh Oxunboboyevning saviyasiz ma’ruzasi orqali ayovsiz fosh qiladi. Uning ta’lim tizimi haqidagi fikrlarini tahlil qilar ekan, O‘zbekistonga, o‘zbek xalqining savodli bo‘lishiga dushman kishining qarashlari deb baholaydi. Yo‘ldosh Oxunboboyevning “Jumhuriyatimizda har 200 murassa’ chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg‘a bitta maktab bor. Yoki o‘qish yoshida bo‘lg‘an bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!” degan so‘zlaridan nafratini yashirmaydi: “Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh!”.
Abdulla Qodiriy aynan shu maqolasi uchun hukumat rahbarlarini obro‘sizlantirishda ayblangan va tergovga tortilgan. Uch oylik tergovdan so‘ng, O‘zbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hay’atining 1926-yil 16-iyundagi hukmi bilan, O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyusion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq O‘zbekiston SSR Markaziy ijroqo‘mi Rayosatining 1926-yil 17-iyundagi qaroriga asosan adib jazodan ozod etilgan.
Ushbu voqeadan so‘ng Abdulla Qodiriy jurnal tahririyatiga ishga bormay qo‘yadi va o‘zining ikkinchi buyuk asari “Mehrobdan chayon”ni yozib tugallaydi. Ammo kitobni chop etishda bir qator to‘siqlarga uchraydi. Chunki kitob go‘yo muhabbat haqida yozilgan bo‘lsa-da, aslida jamiyatdagi muammolarni ochiqchasiga ko‘rsatishni maqsad qilgan edi. Adib bu asarni nashr qilish uchun jiddiy kirishib, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov bilan uchrashgan. Akmal Ikromov asar qo‘lyozmasini o‘qib ko‘rib, ustiga bosilsin, deb imzo qo‘ygan. Shundan so‘ng kitob 1928-yili nashr qilingan.
***
Qalami o‘tkir yozuvchi, qo‘rqmas va tolmas adib hukumat rahbarlarining doimiy e’tiborida turadi. Fayzulla Xo‘jayev Abdulla Qodiriyni uch-to‘rt marta chaqirtirib, undan kolxozchilar hayoti haqida asar yozib berishini so‘raydi. Adib kolxoz hayotiga oid yangi asar yozish uchun Toshkent atrofidagi qishloqlarga borib, kolxozlar hayotini o‘rganadi. Ushbu o‘rganishlar natijasida “Obid ketmon” (1932–1934) qissasini yozadi. Muallif asar qahramoni Obid orqali o‘sha davrning ijtimoiy hayotini haqqoniy ochib berishga harakat qilgan. Kolxozlar odamlarning tashabbuskorligi, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuyg‘ularini yo‘q qilib yuborishini uqtirgan.
***
Adib sovet hukumati bilan murosa yo‘lini tanlab, uning siyosatini adabiy jihatdan targ‘ibot qilish ishlariga kirishsa-da, bosqinchi hukumat uni yo‘q qilish yo‘lini tanladi. 1937-yil 31-dekabrda Abdulla Qodiriy NKVD (Ichki ishlar xalq komissariyati) tomonidan qamoqqa olinadi. O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari, Davlat xavfsizligi mayori Apresyan tasdiqlagan qarorda Abdulla Qodiriyga quyidagicha ayblovlar e’lon qilingan:
1. “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti a’zosi bo‘lib, qator yillar mobaynida sovet hokimiyati va partiyaga qarshi faol aksilinqilobiy-millatchilik kurashini olib borgan;
2. Matbuotda partiya va hukumat rahbarlari siyosatiga nisbatan keskin aksilinqilobiy-millatchilik va tuhmatdan iborat maqolalar bilan chiqqan;
3. Shu kunlarda tugatilgan o‘zbek aksilinqilobiy-panturkistik tashkilotining a’zosi bo‘lib, uning aksilinqilobiy ishida faol qatnashgan;
4. Yig‘ilishlarda muntazam ravishda aksilinqilobiy-millatchilik, aksilsho‘roviy-millatchilik ruhidagi fikrlarni bayon qilgan.
Qodiriy mazkur qaror bilan tanishib, uning tagiga “Ushbu qaror menga e’lon etilgan (o‘qudim), bunda ko‘rsatilgan ayblarga rozi emasman va bo‘ynimga olmayman” deya imzo chekkan.
Apresyan boshliq NKVD xodimlari Qodiriyni “jilovlash”ning uddasidan chiqisholmaydi. Qodiriyning biror aksilinqilobiy tashkilotga daxldorligiga isbot topolmagan tergovchilar yoz oylarida qamalgan yozuvchilarning tergov bayonnomalarini titkilay boshlaydi. Faqatgina tergov jarayonida G‘ozi Olim Yunusov bilan Qayum Ramazon O‘zbekistondagi panturkistlarni sanaganlarida Qodiriy nomini ham tilga olgan, Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon) Qodiriy bilan Shohid Esonni millatchi-aksilinqilobchilar qatoriga qo‘shgan, Mo‘min Usmonov Fayzulla Xo‘jayevning Qodiriy, Elbek, Cho‘lpon va Fitratga yaxshi sharoit yaratib berganini eslagan, A’zam Ayub esa Akmal Ikromov “Turkiston” gazetasiga muharrirlik qilgan vaqtda Qodiriyning ham shu gazetada xizmat qilganini aytib o‘tgani kabi “ayblovlar”ni aniqlaydilar. Bu ma’lumotlar, avvalo, nomi tilga olingan shaxslardan qiynoq ostida olingan bo‘lib, dalil-ashyosiz, puch gaplar bo‘lgan.
O‘ziga qo‘yilgan barcha siyosiy ayblarni tan olmagan Qodiriy tergov jarayonida o‘z haqiqatini mardona himoya qiladi. Tergovchilar uch oy mobaynida Qodiriyga nisbatan eng dahshatli qiynoq usullarini qo‘llasa-da, uning irodasini sindira olmaydi. U tergovchilar talqinida yozilgan tergov bayonnomalariga imzo chekmaydi. Shuning uchun ham imzo chekkan yagona tergov bayonnomasiga “1937-yil, mart” deb yozilgan bo‘lsa-da, sana o‘rniga uch nuqta qo‘yilgan. Bu tergovning nechanchi tergov ekanini ham, 1938-yil martining qaysi kuni bo‘lib o‘tganini ham hech kim bilmaydi.
Abdulla Qodiriy O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 64- va 57-moddalari bo‘yicha, ya’ni O‘zbekistonni Sovet Ittifoqidan ajratib olish maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lganlik va shu maqomda sovetlarga qarshi aksilinqilobiy faoliyatni olib borganlikda ayblanadi. 1938-yil 4-oktyabrda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan va shu yerdagi xandaqlardan birida maxfiy ravishda dafn etilgan.
Adbulla Qodiriy millat oydini va millat xodimi sifatida Vatan ozodligi, milliy istiqloli orzusi bilan yashadi. O‘zining noyob iste’dodi bilan yaratgan asarlari orqali Turkiston xalqini ma’rifatli qilishga intildi. Shu yo‘lda jonini fido qildi. Mustaqilligimiz tiklangan dastlabki kunlarda uning buyuk xizmatlari e’tirof etildi. 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. 1994-yili adib tavalludining 100 yilligi, 2019-yili 125 yilligi keng nishonlandi. 2019-yil dekabrda Abdulla Qodiriy yashagan uy va uning nomi bilan ataluvchi bog‘da unga atab muzey tashkil qilindi, haykali qad rostladi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashkil qilindi.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti direktor o‘rinbosari,
tarix fanlari doktori
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Jarayon
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q