To‘rt Qodiriy e’tirofi


Saqlash
17:20 / 07.04.2025 308 0

Akademik Yevgeniy Bertels “Dunyoda beshta – fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisini, ya’ni o‘zbek romanchiligi maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi” deya yuksak e’tirof etdi. Mashhur qozoq adibi Muxor Avezov “Qodiriy romanlari go‘yo tekis sahroda to‘satdan Pomir tog‘lari vujudga kelganday paydo bo‘ldi” deydi. Atoqli turkman adibi Xidir Deryayev Abdulla Qodiriyni o‘zining buyuk ustozi deb sanadi. Abdulhamid Cho‘lpon “O‘zbek onasi yaqin o‘rtada ikkinchi Abdulla Qodiriyni tug‘masa kerak...” dedi. Bu ta’riflar dengizdan bir tomchi, xolos.

 

Tan olish kerakki, oradan yuz yil o‘tyaptiki, “O‘tkan kunlar” yozilganida qanday shuhrat qozongan bo‘lsa, hamon qo‘ldan qo‘yilgani yo‘q. Zero, yozuvchining o‘zi ta’kidlaganidek, “Yozganing agar o‘zingni yig‘latmasa-kuldirmasa, o‘zgani hech yig‘latmas-kuldirmas...” Roman yaratilganidan buyon o‘zbek adabiyotida necha avlod shakllangan bo‘lsa, barchasining tanglayi Abdulla Qodiriy asarlari bilan ko‘tarilgan. Qodiriyshunos Umarali Normatovning yozishicha, tojikistonlik bir kishi “O‘tkan kunlar” romanini so‘zma-so‘z yod olgan ekan. U haqida “Guliston” jurnalida maqola ham e’lon qilingan. Yozuvchi O‘tkir Hoshimov ham “O‘tkan kunlar”dan butun bir sahifalarni yoddan aytib beradigan bir sportchi yigitni bilishini yozib qoldirgan...

 

Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan va yuzlab kitoblar nashr etilgan, minglab ilmiy-ommabop maqolalar e’lon qilingan, turli rakurslardan o‘rganilgan. Ammo bugun biz e’tibor qaratayotgan shaxs adibning o‘g‘li – Habibulla Qodiriydir.

 

Habibulla Qodiriy

 

Abdulla Qodiriy (1894–1938) bilan Rahbarbonu Rasulmuhammad qizi (1895–1943) besh nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ular: Nazifa (1916–1987), Habibulla (1918–1988), Adiba (1924–2011), Mas’ud (1926–1967) va Anisa (1928–2012). Farzandlar orasida Habibulla nafaqat tashqi qiyofa, ichki olami, ijodi, hatto taqdiri bilan ham otasiga munosib izdosh hisoblanadi. U 1936-yilda o‘rta maktabni bitirgach, Toshkent davlat meditsina instituti qoshidagi meditsina ishchilar fakultetiga o‘qishga kiradi. Ammo oradan bir yil o‘tib, sog‘ligi yomonlashgani tufayli ta’tilga chiqadi va 1943-yilda yana o‘qishga qaytadi. Otasi sababli 1945–1955-yillarda tutqunlikni boshdan kechiradi. Aybsizligi isbotlangach, 1956-yildan o‘qishini qayta tiklaydi va 1962-yilda o‘qishni tugatib, shifokorlik diplomini oladi. Dastlab, uch yil Glier nomidagi musiqa maktabida shifokor, 1965–1985-yillarda esa 10-shahar kasalxonasida mehnat qiladi. 1958-yildan uning ijodiy faoliyati boshlangan.

 

Biz Habibulla Qodiriyni asosan “Otam haqida” nomli xotira kitobi orqali bilamiz. 1974-yilda yozilgan mazkur kitob Abdulla Qodiriyning ajdodlari, xususan, otasi Qodirmuhammad (sarkor) hayoti, uning faoliyati, Abdulla Qodiriyning tavalludidan to 1926-yilda “Yig‘indi gaplar” maqolasi sabab ilk bor qamoqqa olinishi, oqlanishi, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romonlari, “Obid ketmon” qissasi yaratilishi tarixi, obrazlarning paydo bo‘lishi, umuman adib olami, hatto orzu qilgan, materillar to‘plagan va yozilmay qolgan “Amir Umarxonning kanizi” romani, umuman yozuvchining ijodiy laboratoriyasi haqida muxtasar ma’lumot beradi. “Otam haqida” 1983-yilda to‘ldirilgan holda qayta nashr etiladi va o‘sha yili Toshkent shahrining 2000 yilligi munosabati bilan “Toshkent oqshomi” gazetasining bosh mukofoti bilan taqdirlanadi.

 

Habibulla Qodiriy 1987-yilda otasining 1913–1926-yillardagi matbuotchilik faoliyatiga bag‘ishlab, “Felyeton qiroli yoki o‘z elining maxsus muxbiri” nomli maqola yozadi. Maqola “Yoshlik” jurnalining 1987-yil 11-sonining 42–54-sahifalarida e’lon qilingan.

 

Habibulla Qodiriy mohir hikoyanavis ham edi. Uning 1964-yilda “Nilufar”, 1978-yilda “Qora arab” nomli hikoyalar to‘plami chop etilgan. Ushbu asarlar bugun qayta nashrini va tadqiqotchilarini kutib turibdi...

 

Bundan tashqari, 1967-yilda Habibulla Qodiriyning “Afrikaga sayohat” va “Yaman-Misr lavhalari” kabi sayohatnoma xarakteridagi kitoblari ham nashr qilingan. U 1969-yilda adabiyotshunos Sherali Turdiyev bilan birgalikda Abdulla Qodiriyning “Kichik asarlar to‘plami”ni bosmadan chiqargan. Habibulla Qodiriyning 1985-yilda xotira-hikoyalar va rivoyatlardan iborat “Turmush saboqlari” nomli kitobi chop etilgan. Yozuvchi o‘sha yili “Mushtum” jurnalining birinchi darajali mukofoti bilan taqdirlangan. Muallif 1986-yilda “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitobini ham nashrga tayyorlagan.

 

Habibulla Qodiriyning vafotidan keyin chop etilgan asari – “Qodiriyning so‘nggi kunlari” deb nomlangan xotira-qissasi bo‘lib, unda Abdulla Qodiriy boshdan kechirgan mushkul kunlar, musibatlar qalamga olingan. Qissa ilk bor 1989-yilda “Yoshlik” jurnalining 4–7-sonlarida e’lon qilinadi va jurnal mualliflari o‘rtasida tashkil etilgan yillik tanlovda bosh sovringa, 1991-yilda esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mukofotiga sazovor bo‘ladi.

 

Darvoqe, Sherkon Qodiriyning yozishicha, otasi “Toshkand haqida bir narsa yozish niyatim bor. Bitsa, yozganlarimning eng zo‘ri bo‘lsa kerak”, der ekan. Habibulla Qodiriy 1964-yilda “Eski Toshkandda” nomli kichik tarixiy qissa ham yaratgan. Ammo orada “Otam haqida” kitobini yozishga berilib ketib, qissa chala qoladi. Sherkon Qodiriy o‘zining “37-xonadon”iga material izlash jarayonida ushbu asarni topib oladi va 2019-yilda nashr etilgan “Diydor qiyomatga qolsa netayin (Qodiriyning so‘nggi kunlari)” kitobiga kiritadi.

 

Umuman olganda, Habibulla Qodiriydan otasi bilan bog‘liq o‘chmas xotiralar, noyob manbalar va go‘zal hikoyalar qolgan. Uning o‘g‘illari Xondamir va Sherkon Qodiriylar bugun otalari izidan borib, Qodiriylar chirog‘ini yoqib, oltin avlod silsilasini davom ettirmoqda.

 

Xondamir Qodiriy

 

Xondamir Qodiriy bugungi kunda bobosi nomidagi uy-muzey direktori bo‘lib, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon”larni  asl holida tiklab, nashr etilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Shuningdek, “Kichik asarlari” (o‘sha paytda matbuotda chop etilgan maqolalar)ni  mukammal holda to‘plab, 2007-yilda “Diyori bakr” nomi bilan nashr ettirdi. Eng muhimi, uning ko‘p yillik harakati va mehnatlari bilan Abdulla Qodiriyning besh jildlik mukammal to‘plami (2017) chop etildi. U “Adabiyot, badiiyat, abadiyat” (2004), “So‘nmagan chiroq” (2014), “Turkistonda ocharchilik, qahatchilik” (2021)  kabi ko‘plab xotira kitoblarni nashrga tayyorlagan.

 

Sherkon Qodiriy

 

Sherkon Qodiriy 1958-yilda tavallud topgan. Uning tashqi qiyofasi, dangal, cho‘rtkesar xarakteri va do‘lvorligi Abdulla Qodiriyga o‘xshaydi. Uning bobosiga mehri shu qadar yuksakki, buyuk adib chekkan og‘riq va iztiroblarni o‘z og‘rig‘i, qalb iztirobi deb biladi. Abdulla Qodiriy 1937-yilning 31-dekabr kuni tunda, o‘z uyidan hibsga olingan. Taqdirning bir tasodifini qarangki, oradan ko‘p o‘tmay yozuvchi yashagan 19-tartib raqamli uyga 37-raqami beriladi. 1988-yilning 31-dekabr tunida Habibulla Qodiriy olamdan o‘tadi. Ertasiga asr namozida qabrga qo‘yadilar. Bu voqeani Sherkon Qodiriy shunday xotirlaydi. “Bizda bir odat bor: erkaklar mozordan qaytgach, ayollar bilan so‘rashadilar. O‘shanda onam meni bag‘rilariga bosib, “Otangning yuzlarini biroz yerga qaratib qo‘yish kerakmidi... Ko‘pgina gaplarini aytolmay ichlarida olib ketdilar. Zardoblari bu dunyoda qolardi...” deb yig‘lagandilar”. Vaqti-soati yetib, Sherkon Qodiriy ana shu “zardob”larning ba’zilarini aziz o‘quvchilarga havola qilishga jazm etadi va “37-xonadon” asari dunyoga keladi. Kitob bir necha bor nashr etilgan va Qodiriy muhiblarining sevimli asariga aylangan.

 

U 1994-yilda Abdulla Qodiriy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Qodiriyni qo‘msab...” nomli xotiralar kitobini tayyorladi. 2019-yilda “Otam haqida”, “Qodiriyning so‘nggi kunlari”, “37-xonadon”, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitoblari jamlangan “Diydor qiyomatga qolsa netayin” nomli ulkan majmuani, 2019-yilda “O‘tkan kunlar” va uning taqdiri” to‘plamini, 2024-yilda Habibulla Qodiriyning “Tirik xotiralar” kitobini nashr ettirdi.

 

Sherkon Qodiriy o‘tmish va yangi davr voqealari aks etgan bir  necha hikoyalar muallifi. “Do‘lvor yigit” kitobi uning adabiy miqyosi, badiiy tafakkuridan dalolat beradi. U adabiyot muhibi sifatida bobosining asarlarini chuqur tahlil etib, qiyosiy o‘rganib, 2023-yilda “Abdulla Qodiriy qoldirgan xazina” nomli risola yaratdi. Unda Qodiriyning badiiy so‘z jilvasini go‘zal, jonli misollar bilan ko‘rsatib, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romani, “Obid ketmon” qissasidagi badiiy ifoda, obrazlar tasviri, ularning yaratilishi, prototiplari asarda qo‘llanilgan hikmatlar va ibratli iboralarni o‘rganib, kitobxonlar uchun ijodiy bir guldasta taqdim etdi.

 

Sherkon Qodiriy buyuk sulola davomchisi sifatida zamondosh yozuvchi-shoirlar, ilm ahli bilan dildosh inson. Shu boisdan bo‘lsa kerak, xotira kitoblarini yaratishni, ustozlarning ijod sirlari, hayotiy saboqlarini kitobxonlarga yetkazishni xush ko‘radi.  Uning O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik (1946–2019)ka mehri o‘zgacha edi. Ustozning purma’no o‘gitlarini olgan, ijodiy laboratoriyasidan xabardor, yozuvchiga sirdosh sifatidagi buyuk bir ehtirom bilan “Kunlarning birida Tohir Malik” (2020), “Tohir Malik zamondoshlari xotirasida” (2022) kitoblarini yozdiki, har ikki to‘plam o‘quvchilar qalbidan joy egalladi.

 

Ko‘rinib turibdiki, Sherkon Qodiriy serqirra ijodkor. Hali u kishining o‘ylagan ko‘plab ijodiy rejalari, orzu-niyatlari bor. Quvonarlisi, Sherkon Qodiriyning bir o‘g‘li bugun qalam charxlab, tetapoya qilib kelmoqda... Umid qilamizki, oltin avlod davom etadi va “Har bir asarim – bir farzandim, chiroqchimdir” deya ta’kidlagan buyuk Qodiriy ruhi nafaqat asarlari, balki avlodlari orqali ham umrboqiylik kasb etadi.

 

Darvoqe, Qodiriylarni ruhan birlashtirib, ijodida mayoq vazifasini o‘tagan bir jihat – asosiy qon tomir borki, u alohida bir mavzu...

 

Xoliyor SAFAROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//