Armiya islohotchisi – amir Nasrulloning harbiy islohotlari


Saqlash
15:33 / 07.04.2025 211 0

 

Buxoroning qudratli amirlaridan biri Nasrulloxon juda irodali, jasur va dovyurak inson boʻlgan. Aynan ushbu xislatlari tufayli unga “bahodir”, “botir” unvonlari berilgan. Biroq, tarixda uni shafqatsizligi sabab tanqid qilib,“qassob” deya ataganlar ham bor. Barcha jihatlarga qaramasdan amir Nasrulloxon Oʻzbekiston tarixida zamonaviy, kuchli armiya tuzgan, mustahkam davlatchilik qurgan hukmdor sifatida qoladi.

 

Amir Haydar oʻgʻli Nasrulloxon 1806-yilda Buxoroda tavallud topadi. Otasi uni 15 yoshligidan davlat boshqaruviga jalb etadi. Nasrullo otasi hamda inilari amir Husayn va amir Umar hukmronligi davrida Qarshi viloyatida hokimlik qiladi.

 

Nasrullo nihoyatda qatʼiyatli shaxs boʻlgani bois, otasi uni barcha yurishlarga oʻzi bilan birga olib borgan. Nasrullo yoshligidanoq otasidan harbiy va davlat boshqaruviga oid bilimlarni oʻrgangan. Manbalarga koʻra, amir Haydar boshqa oʻgʻillariga nisbatan hamisha uni oʻziga yaqin tutgan.

 

Otasidan soʻng qisqa kurashlarda ishtirok etgan Nasrullo nihoyatda mohirlik bilan taxtni egallaydi. U Buxoro amiriga aylangan vaqtda davlat qoʻshinlari ahvoli ogʻir, hatto mahalliy beklarning qarshiligini sindirish armiya uchun qiyin ishga aylangandi.

 

XIX asrning 30-yillarida Buxoro amirligida 20 ming atrofida askar boʻlib, harbiy zaruratga tugʻilganda Buxoro bekligidan 12 ming, Samarqanddan 2500, Qarshidan 2500, Maymanadan va Qorakoʻldan 1000 nafar askar yetkazib berilgan. Qoʻshinning asosiy qismi nayza va qilich bilan qurollangan, bir necha qismidagina pilta miltiq boʻlgan.

 

Amir Nasrulloxon taxtga kelishi bilan mamlakatda iqtisodiy, siyosiy, harbiy va maʻmuriy islohotlar amalga oshirishga kirishadi.

 

Zamonaviy qurol-yarogʻlar tayyorlash va foydalanishni oʻrgatish uchun xorijdan harbiy mutaxassislar jalb etiladi. 1834-yil Erondan kelgan Abdusamad Tabriziy amirlik askarlariga yevropacha uslubdagi harbiy tartibni oʻrgatadi va 1837-yili maxsus toʻpchilar qoʻshinini tuzadi. Keyinchalik Buxoroda toʻp va zambaraklar quyish uchun alohida toʻpxona ham quriladi. Ikki yuz kishidan iborat ingliz harbiy andozasidagi maxsus askariy guruh tashkil etiladi. Amir Nasrulloning oʻziga xos maxsus gvardiyasi vazifasini oʻtagan ushbu qismga eroniy qullar ham kiritiladi va unga Abdusamad Tabriziy boshchilik qiladi. Tabriziy, hattoki, Amir Nasrulloxonning harbiy maslahatchisi va noibi lavozimlarida ham faoliyat koʻrsatadi.

 

1837-yilda har biri 800 kishidan iborat 50 ta sarbozlar buluklari va 250 kishilik toʻpchilar guruhi tashkil qilinadi. Muntazam piyoda qoʻshin soni 40 ming kishiga yetkaziladi. Ikki mingga yaqin askar nayzali miltiq, qilich va toʻpponcha bilan qurollantiriladi.

 

Qoʻshin tarkibidagi sarbozlar asosan dehqonlar, hunarmandlar va asirlar orasidan tanlab olinadi. Amirlik harbiy qoʻshinida qizil kurtka, oq shalvar va qalpoqdan iborat maxsus harbiy kiyim joriy etiladi. Mazkur islohotlardan soʻng, Buxoro amirligi qoʻshinining jangovar holati, qoʻshin tarkibi va sifati yaxshilanadi. Rossiya imperiyasining amirlikka bosqini davrida ham qoʻshin Amir Nasrulloxon tomonidan olib kelingan oʻsha eski qurollar bilan janga kirganini koʻrishimiz mumkin.

 

Amir yangi tuzilgan toʻpchilar qismi uchun Oʻgʻlon va Talipoch darvozalari oldida kazarmalar barpo etadi. Shu tariqa, Buxoro atrofida “Sarbozxona” nomi bilan mashhur boʻlgan, 800 uydan iborat harbiylarning muntazam yashash manzillari paydo boʻladi. Amir Nasrullo tashkil etgan toʻpchilar otryadi tarkibida 14 nogʻarachi, 14 naychidan iborat musiqachilar guruhi mavjud boʻlib, har bir yuzlikda ikkita turk naʻmunasidagi barabanchi, 4 ta surnaychi, 6 ta trubachi faoliyat koʻrsatgan. Bundan tashqari, rus harbiy asirlaridan tuzilgan bolobomchilar ham boʻlgan.

 

Amir Nasrulloxon uchun eng qiyin kechgan Shahrisabz yurishi 20-yil davom etgan. Bu vaqt oraligʻida amir shaharga 32-marta hujum qilgan va 1856-yilda Shahrisabzni uzil-kesil boʻysundirgan. Shahrisabz markaziy hokimiyatga boʻysungach, sulh ramzi va hududa oʻrnashib olish uchun Nasrulloxon mahalliy hukmdor Iskandar Vallomaning singlisi Kenagasxonimga uylangan.

 

Amir Nasrulloxon davrida amalga oshirilgan harbiy islohotlar amirlik harbiy salohiyatini oshirdi. Eron, Rossiya va Turkiya armiyalaridan andoza olib, qayta tashkil etilgan, xorijlik mutaxassislar jalb qilingan Buxoro amirligi armiyasi Oʻzbekiston tarixida zamonaviy armiya boshlanishining ibtidosi boʻldi. Afsuski, amir Nasrulloxondan keyingi hukmdorlar harbiy sohaga yetarlicha eʻtibor qaratmadi, bu esa Buxoroning Rossiya mustamlakasiga aylanishiga olib keldi. Mustamlakachilarga qarshi janglardagi magʻlubiyatlar va koʻplab harbiy xatoliklarning asosi aslida amir Nasrulloxondan soʻng armiyada modernizatsiya ishlari olib borilmaganida edi.

 

Zavqibek Mahmudov

Abdulla Avloniy nomidagi milliy instituti v.b. dotsenti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:04 / 07.04.2025 0 309
To‘rt Qodiriy e’tirofi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//