Disneyni yenggan yapon qanday qilib animeni san’at darajasiga ko‘tardi?


Saqlash
17:25 / 01.04.2025 1418 0

Shunday bir dunyoni tasavvur qilingki, unda shamol daraxtlar orasidan shivirlasin, otlar mayin tebransin va bulutlar osmon boylab suzib yursin. Bu oddiy tasvir ortida Hayao Miyazaki – jahon animatsiyasida tub burilishni amalga oshirgan, 11 ta to‘liq metrajli film yaratgan, Oskar mukofoti sohibi va anime janrini bolalarning oddiy ko‘ngilochar filmidan teran falsafiy san’at darajasiga ko‘targan afsonaviy rejissyordir.

 

Animatsiya san’ati bir asrlik tarixga ega, ammo uning ichida Miyazaki fenomeni qanday paydo bo‘ldi? Qanday qilib u Spirited Away va the Boy and the Heron filmlari bilan Oskar mukofotini 2 marta qo‘lga kiritib, Disney imperiyasining monopoliyasiga soya soldi? Nega uning Studio Ghibli tomonidan yaratilgan filmlari 1,5 milliard dollardan ortiq daromad keltirib, 35 dan ortiq tillarga tarjima qilindi?

 

Miyazaki ijodi madaniy chegaralarni osonlikcha kesib o‘tib, butun dunyoda e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Ushbu maqolada biz uning ijodiy olamiga chuqurroq nazar tashlaymiz, tabiat, inson, jamiyat va texnologiya o‘rtasidagi murakkab munosabatlar haqidagi falsafasini tahlil qilamiz.

 

 

Miyazaki: Urush farzandidan orzular bunyodkoriga

 

 

Hayao Miyazaki 1941-yilda, Ikkinchi jahon urushi avj olgan paytda Yaponiyada tug‘ilgan. Bolaligida urushning dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu inson keyinchalik o‘z ijodida tinchlik va tabiat bilan uyg‘unlik g‘oyalarini markaziy o‘ringa qo‘ydi. Uning otasi aviatsiya qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod rahbari bo‘lgan – bu esa keyinchalik The Wind Rises filmi yaratilishiga turtki bo‘ldi.

 

Miyazaki anime sanoatida an’anaviy uslublarni saqlab qolishga qat’iy intildi va aksariyat hollarda raqamli animatsiyadan voz kechdi. 1985-yilda u Isao Takahata bilan birga Studio Ghiblini tashkil etdi – bu studiya keyinchalik jahon animatsiya san’atining mayog‘iga aylandi.

 

U o‘z filmlarini yaratishda mukammallikka intiluvchi qat’iy yondashuvi bilan ajralib turadi. Har bir kadr uning shaxsiy nazoratidan o‘tadi, ko‘pincha asosiy animatsiyaning katta qismini o‘zi chizadi va eng mayda detallarni ham nazardan qochirmaydi. 2023-yilda chiqqan The Boy and the Heron uning “so‘nggi filmi” bo‘lishi kerak edi, ammo avvalgi “nafaqaga chiqishlar”i kabi, bu ham uzoqqa cho‘zilmasa kerak.

 

Miyazakining hayot yo‘li bevosita uning filmlarida aks etgan. Urush farzandi qanday qilib tinchlik va muvozanat tarafdoriga aylandi? Otasi aviatsiya zavodida ishlagan bola nima uchun texnologiya va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni o‘z asarlarining markaziy g‘oyasiga aylantirdi? Quyida Miyazaki animeni qanday qilib oddiy ko‘ngilochar vositadan falsafiy san’at darajasiga olib chiqqanini ko‘rib o‘tamiz.

 

Asosiy masala: Miyazaki animeni qanday yangi bosqichga ko‘tardi?

 

 

Hayao Miyazaki animatsiyani nafaqat badiiy jihatdan yuksaltirdi, balki unga falsafiy va ma’naviy unsurlarni qo‘shdi. U G‘arbning an’anaviy Disney-modelidan qochib, Sharq falsafasi va tabiiy muvozanatga asoslangan betakror olam yaratdi. Uning filmlarida ezgulik va yovuzlik mutlaq tushunchalar emas – har bir qahramon murakkab va o‘ziga xos tabiatga ega.

 

Miyazaki falsafasining asosiy unsurlari:

 

Tabiat va inson o‘rtasidagi bog‘liqlik – u ekologik mavzularni san’at darajasida ifodalaydi. Princess Mononoke filmida o‘rmon ruhlari va sanoat shahri o‘rtasidagi to‘qnashuv, My Neighbor Totoroda esa tabiat bilan uyg‘un yashash go‘zalligi aks etgan;

 

Mustaqil va kuchli ayol qahramonlarNausicaä, San, Chihiro, Sophie kabi qahramonlar orqali Miyazaki an’anaviy gender rollarini qayta ko‘rib chiqadi. Uning ayol obrazlari – o‘z yo‘lini o‘zi tanlaydigan, jasorat bilan sinovlardan o‘tadigan kuchli shaxslardir;

 

Inson murakkabligi va o‘zgarish imkoniyati – Miyazaki dunyosida mutlaq yovuzlik yo‘q. Howl’s Moving Castle filmida Howl dastlab mas’uliyatdan qochadi, ammo Sophie (Sofiya) bilan uchrashgach, o‘zgaradi. Princess Mononokedagi Lady Eboshi o‘rmonni yo‘q qilayotgan bo‘lsa-da, bu shunchaki shafqatsizlik emas – u o‘z xalqining farovonligi uchun kurashmoqda;

 

Nostalgiya va yo‘qotish tuyg‘usiLaputa: Castle in the Skyda yo‘qolgan sivilizatsiya afsonasi, The Wind Risesda esa orzu va reallik o‘rtasidagi kurash tasvirlangan. Miyazaki filmlarida ba’zan hech qanday harakat yoki gap bo‘lmaydi, lekin aynan shu jimjitlik va bo‘shliq hissiyotlarni chuqurroq yetkazadi. Bu yapon madaniyatida “ma” deb ataladi;

 

Fantaziya va realizm uyg‘unligi – u fantastik dunyolarni yaratadi, biroq ular haqiqiy hayot qonuniyatlariga bo‘ysunadi.  Uning filmlarida sehr hayotning ramziy ifodasi bo‘lsa, hayotning o‘zi esa sehr kabi mo‘jizalarga to‘la.

 

Miyazakining falsafiy qarashlari mavhum nazariyalar emas – ular har bir filmida jonli tasvirlar, unutilmas qahramonlar va chuqur ma’no orqali gavdalanadi. Endi uning eng mashhur asarlarini tahlil qilib, bu g‘oyalarning qanday jonlanishiga nazar tashlaylik.

 

 

Filmlar tahlili: Miyazaki falsafasining jonli namunalari

 

1. “Spirited Away” – O‘sish va ichki o‘zgarishlar ramzi

 

 

Spirited Away - Official Trailer

 

Bu film 2003-yilda Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan va Miyazakining eng mashhur asarlaridan biri hisoblanadi. Hikoya markazida – Chihiro ismli oddiy qiz. U tasodifan ruhlar olamiga tushib qoladi va u yerdan chiqish uchun jasorat topishi, o‘zini o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Film shuningdek, zamonaviy jamiyatning iste’molchilik madaniyatiga tanqidiy yondashadi. Masalan, Chihironing ota-onasi ochko‘zligi tufayli cho‘chqaga aylanadi. Film yapon xalq ertaklari va g‘arbiy qahramonlarning o‘z kuchini topish motivlarini birlashtirib, butun dunyo uchun tushunarli bo‘lgan qadriyatlarni ko‘rsatadi.

 

2. “Princess Mononoke” – Tabiat va taraqqiyot to‘qnashuvi

 

 

Princess Mononoke Official Trailer

 

Bu filmda tabiat va texnologiya o‘rtasidagi kurash tasvirlangan. Rejissyor tomoshabinga hech kim mutlaq yovuz yoki mutlaq yaxshi emasligini ko‘rsatadi. San – o‘rmon ruhlarini himoya qiluvchi jangchi qiz. Lady Eboshi esa o‘z shahridagi zaif odamlarni (kambag‘allar, kasallar) himoya qilish uchun tabiatni yo‘q qilishga majbur. Ashitaka esa bu ikki qarama-qarshi tomon o‘rtasida muvozanat topishga harakat qiladi. Miyazaki bu film orqali biz taraqqiyot va tabiat o‘rtasida murosaga kelish yo‘lini topishimiz kerakligini uqtiradi.

 

3. “Howl's Moving Castle” – Erkinlik va haqiqiy go‘zallik