Sizifni jazolagan jamiyat qoidalari kerakmi? Inson erkinligi chegaralari


Saqlash
16:55 / 27.03.2025 594 0

Ogohlantirish! Iltimos, bu maqolani 35 yoshdan katta bo‘lmasangiz, o‘qimang.

 

(Hayron bo‘lyapsizmi, bu qanday cheklov ekan deb? Bu shunchaki hazil! Bu maqolaga kirish yo‘lakchasi edi. Siz maqolani o‘qib ko‘rishga qaror qildingiz, ochib qarasangiz, sizning tanlovingizni muallif poymol qilmoqchi. Xo‘sh, qaroringizda qat’iy turolasizmi yoki kimningdir qarorini so‘zsiz bajarasizmi?)

 

Iroda erkinligi nima? Qarorlarimizni mustaqil tanlashimizmi? Nima uchun rasmiy doirada bo‘lganimizda klassik uslubda kiyinamiz? Nima uchun dars jarayonida shunchaki turib xonadan chiqib ketolmaymiz? Nima uchun chorrahadan o‘tishda yashil chiroq yonishini kutishimiz kerak? Mutloq erkinlik bormi? Agar Iroda erkinligi tushunchasi mavjud bo‘lsa, nega soch o‘stirgan yoki saqich chaynaydigan yigitlarga ola qarash qilamiz? Nega farzandlarimizning jinsiga qarab o‘yinchoqlar tanlaymiz? Eslay olasizmi, necha yoshdan o‘zingiz mustaqil qaror qila boshlagansiz? Kasbingiz, sohangiz, umr yo‘ldoshingiz kabi jiddiy qarorlar o‘z tanlovingiz bo‘lganmi? Agar bularni mustaqil tanlovim deb hisoblasangiz, bu qarorga kelishingiz uchun kim yoki nima turtki bo‘lgan? Tasodifga ishonasizmi? Taqdirga-chi?

 

Erkinlik – bu insonning o‘zini-o‘zi boshqarish, xohish-istaklariga ko‘ra harakat qilish va qarorlar qabul qilish qobiliyatidir.

 

Unga ko‘ra:

Inson o‘z harakatlarini o‘zi tanlaydi va ixtiyoriy ravishda amalga oshiradi;

Har bir inson o‘z qarorlarini faqat o‘z xohishiga ko‘ra, tashqi bosimlar va ijtimoiy omillarni hisobga olgan holda qabul qiladi;

Erkinlik, faqat ba’zi muayyan shartlar (masalan, qonunlar, axloqiy me’yorlar) doirasida bo‘lishi mumkin, lekin inson o‘z harakatlarini to‘liq boshqarishga qodir.

 

Insoniy ehtiyojlarga nisbatan erkinlik ikki farqli yonalishga ajraladi:

 

Iroda erkinligi (Insonning tanlash erkinligi va oz qarorlarini qabul qilishda tashqi omillarga boysunmasligi);

 

Siyosiy erkinlik (Insonning jamiyatda erkin va ozod yashashi, oz fikrini erkin ifoda etishi va tanlov qilish huquqiga ega bolishi).

 

Yunon mifologiyasidagi Sizif afsonasini bilasizmi? U jussasidan bir necha barobar katta toshni cho‘qqiga olib chiqishga mahkum. Lekin har gal toshni cho‘qqiga olib chiqqanda tosh pastga dumalab ketaveradi. Sizifning ham irodasi erkinmidi?

 

Falsafada Iroda erkinligi haqida turli yondashuvlar mavjud. Shulardan eng birinchisi Deterministik yondashuv.

 

 

Determinizm – bu falsafiy qarash bo‘lib, u inson xatti-harakatlari va qarorlari oldindan belgilangan va ular tashqi kuchlar (tabiat qonunlari, ijtimoiy omillar, genetika va boshqalar) ta’sirida amalga oshiriladi, degan fikrni olg‘a suradi.

 

Unga ko‘ra:

Har bir hodisa, jumladan, insonning har bir tanlovi oldingi sabablar yoki omillar natijasidir. Ya’ni, sabab-natija qonuni asosida yuzaga keladi;

Insonning fikrlari, qarorlari va xulq-atvori har doim tashqi yoki ichki sabablar bilan bog‘liq bo‘ladi;

Inson o‘z ixtiyorida bo‘lgan narsalarni faqat muayyan shartlar va sharoitlar doirasida amalga oshiradi, lekin uning harakati oldindan belgilangan bo‘ladi.

 

Yana Sizifga yuzlansak. Xo‘sh, u nega toshni cho‘qqiga olib chiqishga mahkum? Sababi quyidagicha:

 

Sizif erkinlik timsoli bo‘lmish tizginsiz shamollar xudosi Eolning o‘g‘li edi. Yunonistonda hech kim makkorlig-u zukkolik bo‘yicha Sizifning oldiga tusholmasdi. Shu zehn va makr sabab o‘z qirolligi Korinfda beadad boylik to‘pladi. Bu xazinaning dovrug‘i olamda doston bo‘ldi. Kunlardan bir kun Sizif Yer osti saltanatiga olib ketish uchun o‘lim xudosi Tanat kelayotganidan xabar topdi va uni xiyla bilan kishanband etdi. Shundan keyin hech kim o‘lmay qo‘ydi, xudolarga atab qurbonlik qilmay qo‘yildi. Zevs yer yuzida o‘rnatgan tartib-intizom izdan chiqdi. Buni bartaraf qilish uchun Zevs Sizifning huzuriga urush xudosi Aresni yubordi. Ares Tanatni ozod qildi, Tanat esa Sizifning ruhini yer osti saltanatiga olib ketdi. Lekin makkor Sizif bu vaziyatga ham tayyor turgandi. U o‘limidan oldin xotiniga o‘lgandan so‘ng jasadini ko‘mmasliklarini va dafn marosimida yer osti saltanati xudolari sharafiga qurbonlik keltirmasligini tayinlagandi. Xotini uning amrini so‘zsiz bajardi. Bu yoqda qurbonlikni kutib ko‘zlari to‘rt bo‘lgan Aid va Persefona jig‘i biyron bo‘lardi. Shunda Sizif Aiddan Yеr ustiga chiqib, xotinimga qurbonlik keltirishga farmon berib kelay, deb ijozat so‘radi. Aid ham bu yolg‘onga laqqa ishonib unga ruxsat berdi. Tabiiyki, Sizif o‘liklar dunyosiga qaytmadi. U saroyida o‘liklar dunyosidan qaytgan yagona shaxs sifatida xudolar ustidan qozongan g‘alabasini nishonlab, bazm-u jamshid qilardi. Aidning g‘azabi qaynab, Sizifni olib kelish uchun yana Tanatni yubordi. Tanat uning ruhini bu gal boqiy dunyoga olib ketdi. U yerda Sizifni barcha qilmishlari uchun eng og‘ir jazo kutayotgandi.

 

Deterministik yondashuvning mohiyati ham shunda: Sizif xudolar ustidan kulgani sabab o‘liklar dunyosida bahaybat toshni cho‘qqiga olib chiqishga MAHKUM etildi.

 

Ikkinchi yondashuv esa Eksistensialistik yondashuv. Unga ko‘ra, inson erki mutloq o‘z qo‘lida va buni o‘zgartirishga hech qanday tashqi kuchlar ta’sir ko‘rsatolmaydi. Har bir inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi va hayotining ma’nosini o‘zi baholaydi, faqat har bir qarori ustida mas’uliyatni ham o‘z bo‘yniga olishi kerak.

 

 

Bu yondashuv mohiyatini yuqorida keltirilgan afsona misolida ko‘radigan bo‘lsak, makkorlig-u zukkolikda hech kim oldiga tusholmaydigan Sizif o‘z xatti-harakatlari oqibatini avvaldan bilgan va bila turib qisqa muddatga bo‘lsa ham xudolar ustidan g‘alaba nashidasini surish uchun qarorlari ustidan mas’uliyatni his qilgan holda ularni laqqillatgandir.

 

Eksistensialistik yondashuv biz yashayotgan dunyoning ma’no-mohiyati yo‘qligini tan oladi. Shuning uchun ham inson qisqa umri davomida hayotiga ma’no baxsh etishi uchun erki o‘z qo‘lida bo‘lishini yoqlaydi. Lekin bu insonni jamiyat yaratgan yozilmagan qonunlarga qarshi qilib qo‘yadi. Oqibatda inson jamiyatdan ajralib qoladi, ammo bu ajralish insonning o‘zligini topishga xizmat qiladi.

 

Liberalistik yondashuv. Buning mohiyatida insonning shaxsiy erkinligi, tengligi va xususiy mulkiga hurmat ko‘rsatishni ta’minlash yotadi.

 

 

Liberalizm – bu siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy nazariya bo‘lib, u asosan erkin bozorni, shaxs erkinligi, huquqlarini himoya qilish va hukumatning aralashuvini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Liberalizmdagi asosiy erkinliklar:

Ijtimoiy erkinlik va huquqlar (Har bir inson o‘z hayotini boshqarish huquqiga ega, davlat ularning huquqlarini himoya qilishda faqatgina cheklovchi rolni o‘ynashi kerak);

 

Tenglik (Barcha insonlar o‘z huquqlari, siyosiy va ijtimoiy imkoniyatlari jihatidan teng bo‘lishi kerak);

 

Erkin bozor (Bozor iqtisodiyoti va kapitalizmni qo‘llab-quvvatlash, hukumatning iqtisodiyotga minimal aralashuvi kerak);

 

Demokratik boshqaruv (Ommaviy fikr va siyosiy vakolatlarni ifodalashga imkon beradigan demokratik tizimlarni qo‘llab-quvvatlash).

 

Ijtimoiy erkinlik – bu shaxsning jamiyat ichidagi harakatlarini erkin amalga oshirish, o‘z fikrlarini erkin bildirish, o‘z tanlovlarini amalga oshirishi va hayot tarzini mustaqil yaratish huquqidir. Ijtimoiy erkinlik jamiyatda mavjud bo‘lgan ijtimoiy, siyosiy va madaniy strukturalar orqali belgilangan bo‘lsa-da, liberalizm bu erkinlikni eng yuqori darajaga ko‘tarishga intiladi.

 

Ijtimoiy erkinlikning asosiy tarkibi quyidagicha:

Fikr va so‘z erkinligi (Insonlar o‘z fikrlarini erkin bildirishi, so‘zlashuvi va axborot almashinuvi huquqiga ega bo‘lishi kerak);

 

Diniy erkinlik (Har bir inson o‘z diniy qarashlarini erkin tanlash va ularga amal qilish huquqiga ega);

 

Shaxsiy hayotga hurmat (Insonlarning shaxsiy hayotlariga davlat yoki boshqa tashqi kuchlarning aralashishi cheklangan bo‘lishi kerak).

 

Buni yana Sizif misolida aniqroq tushuntiradigan bo‘lsak, mazkur afsonani ramziylashtirib olishimiz kerak, ya’ni bunda Zevs – davlat, Sizif davlat qonunlarini buzgan jinoyatchi. Bu jinoyati uchun qamoqxonada mahbus sifatida jazo muddatini o‘tashi kerak. Yoki, umuman, umrbod qamoq jazosiga mahkum mahbus deb talqin etsak ham bo‘ladi.

 

 

Dialektik materializm va iroda erkinligi. Bunda moddiy dunyo materiya va uning rivojlanish jarayoniga bog‘liq, ong (fikr, idrok, ruh) esa moddiy jarayonlarning mahsuli sifatida paydo bo‘ladi. Shuning uchun inson ongi va fikrini materialist tushunchalar asosida tahlil qilish zarur. Ya’ni, har bir qarorimiz miyamizda kechayotgan neyronlar reaksiyasiga uzviy bog‘liqdir. Buning isboti tariqasida esa nevrojarrohlikdagi ko‘plab kuzatuv va tadqiqotlar keltiriladi.

 

 

Masalan, Jonatan Haidtning “The Happiness Hypothesis” asarida keltirilishicha: “Virjiniya universiteti shifoxonasida shunday hodisa sodir bo‘ldi. Qirq yoshlardagi bir maktab o‘qituvchisi to‘satdan fohishaxonalarga qatnaydigan, bolalar pornografiyasiga oid video materiallarni ko‘radigan va yosh qizlarga tegajonliq qiladigan bo‘lib qoldi. Ko‘p o‘tmay u hibsga olindi va voyaga yetmaganlarga nisbatan shilqimlik qilishda aybdor deb topildi. Hukm o‘qilishidan bir kun oldin u boshi qattiq og‘riyotgani va uy egasini (Xotini uni bir necha oy oldin uydan haydab yuborgani sababli bir ayolning uyida ijarada turar ekan) zo‘rlashga xohishi kuchayib ketgani tufayli shifoxonaning shoshilinch yordam bo‘limiga bordi. Hatto shifokor bilan suhbatlashayotgan paytda ham u yonidan o‘tib ketayotgan hamshiralarni o‘zi bilan yotishga undardi. Miya tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, uning peshona qismidagi ulkan o‘simta boshqa hamma narsani siqib qo‘ygan, natijada bosh miya noo‘rin xulqni tiyish va oqibatlar haqida o‘ylash vazifasini bajara olmayotgandi. (Aqli raso odam hukm o‘qilishidan bir kun oldin bunday qiliq qilarmidi?) O‘simta olib tashlangach, uning tiyiqsiz jinsiy mayli yo‘qoldi. Ammo keyingi yili o‘simta qaytalangach, yana o‘sha xulq paydo bo‘ldi; o‘simta yana olib tashlangach esa belgilar yana yo‘qoldi.” (Ma’lumot Xurshid Yo‘ldoshevning telegram kanalidan olindi.)

 

Eng so‘nggida esa Pragmatik yondashuv.

 

 

Bunda diqqat-e’tibor amaliy natijalarga, tajriba va hodisalarni baholashda ularning manfaatli tomoniga qaratiladi hamda uning asosiy tamoyillari, odatda, quyidagicha tavsiflanadi:

 

Amaliy natijalar (Pragmatizmda biror narsa yoki g‘oya haqidagi yakuniy qaror, uning amaliy hayotdagi ta’siri va manfaati orqali belgilanadi. Agar g‘oya yoki amaliyot o‘zini oqlasa, u haqiqatan ham to‘g‘ri deb hisoblanadi);

 

Tajribaga asoslanganlik (Pragmatizm ilmiy metodga yaqin bo‘lib, tajriba va eksperimentlarga asoslanadi. Biror narsaning foydaliligi yoki ahamiyati ko‘proq uning amaliy hayotda qanday ishlashiga bog‘liq);

 

Inson va jamiyatning amaliy ehtiyojlari (Pragmatizmga ko‘ra, falsafiy masalalar faqat nazariy emas, balki insonlarning kundalik hayotidagi amaliy muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak).

 

Masalan, o‘quv dargohlariga aloqador shaxslar uchun belgilangan forma tartibi joriy etilganiga sabab – o‘quvchi va o‘qituvchilarni mas’uliyatli qilib tarbiyalash, jamoadan ajralib qolmasligi uchun shu jamiyatga tegishli shaxslarni tenglashtirishdir.

 

Yana bir misol sifatida yo‘l harakati qoidalarini olaylik. Bu ham asrlar davomida shakllangan tartib-qoida bo‘lib, amaliyot va tajribalarga asoslanadi. Ushbu qoidalardan maqsad esa yo‘l harakatini tartibga solish asnosida avtohalokatlarning oldini olishdir.

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, pragmatik yondashuvga ko‘ra, dars vaqtida shunchaki o‘rnimizdan turib ruxsatsiz chiqib ketolmaymiz yoki chorrahani qizil chiroqda kesib o‘tolmaymiz. Liberalistik yondashuvga ko‘ra, farzandlarimizning jamiyatdagi ijtimoiy o‘rnini belgialash uchun ularning jinsiga qarab o‘yinchoq tanlaymiz. Eksistensialistik yondashuvga ko‘ra, kasb-korimiz, umr yo‘ldoshimizni o‘zimmiz tanlaymiz.

 

Bir so‘z bilan aytganda har bir insonda iroda erkinligi mavjud, lekin o‘zga shaxsning erkinligi boshlangan joyda bizning erkinligimiz tugashi, qarorlarimiz oqibatiga mas’uliyat bilan yondashish kerakligi, tanlovlarimiz jamiyat va davlatga xavf solmasligi kerakligini unutmasak bo‘lgani.

 

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

 

Foto: Abdumannon Muhammad

 

#shaxsiymaromiylik

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//