Umay ona yoki Humoy qushi tilsimi – Olamning yaratilishida ayol kulti qanday boʻlgan?


Saqlash
16:54 / 25.03.2025 283 0

Badiiy tafakkurning ilk namunalari hisoblangan miflarda qadimgi odamlarning tafakkur tarzi, ichki dunyosi, anʼana va eʼtiqodlari, tabiat hodisalari haqida muhim maʼlumotlar mavjud. Manbalarga koʻra, qadimgi turkiy afsonalarning koʻpchiligi dunyo va insonning yaratilishi haqida soʻzlaydi. Turkiy xalqlar mifologiyasida iloha, jodugar, qahramon va afsonaviy ayol obrazlar hamda urgʻochi jonivorlar haqidagi afsonalar juda koʻp. Iloha Umay Ona, Oq Ona, Kishtey Sulton, Erka Sulton, Sariq qiz, Mortu va Alvasti shular jumlasidan. Ushbu maqolada koinotning yaratilishi va hayotning uzluksizligi haqidagi fikrlash tarzimizda maʼbudalar va afsonaviy ayollar kultining tutgan oʻrni haqida maʼlumot beramiz.

 

Qadimgi turk xalqlar miflarida uch qavatli olam modeli haqida maʼlumotlar borligi koʻplab yozma manbalarda tasdiqlangan. Yaʼni Koʻk yuzi, Yer va Yer osti dunyosi mavjud boʻlib, har bir qatlamning oʻz istiqomatchilari bor. Misol uchun, Koʻk yuzida yaʼni osmonda Koʻktangri va uning yordamchilari hukmronlik qiladi. Yerda esa insonlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda baʼzi yaratiliqlar kun kechiradi. Yer ostida Erlikxon, uning farzandlari hamda yordamchilari yashaydi.

 

Olamning yaratilishi haqidagi miflarda uch modullik dunyoning bunyodkori sifatida Tangri Bay Ulgen tilga olinadi. Ulgen garchi koinotning yaratuvchisi hisoblansa-da, eʼtiborga olish kerak boʻlgan nozik bir jihat bor: “Ming yillik afsonaga koʻra, yaratilish gʻoyasining ilhom manbai Oq Onadir. Oq Ona bir parcha ham tuproq boʻlmagan, barcha borliq suv bilan qoplangan mahal suvdan chiqib, Ulgenga yaratish buyrugʻini beradi. Oq Onaning bu buyrugʻi bilan Ulgen koinotni va biz yashayotgan dunyoni yaratadi” (Fuzuliy, 2022, 19-bet.). Bu jumla alohida tahlilga muhtoj, chunki koinotning yaratuvchisi erkak xudo Ulgen boʻlsa-da, yaratilish gʻoyasini ayol iloha Oq Ona bergan. Maʼlumki, biror narsani qanday qilishni anglash uni amalga oshirishdan koʻra qiyinroqdir. Bu yerda gʻoyaga ega boʻlgan, dunyoni yaratish yoʻlini tushunadigan va dunyo modulini koʻrsatuvchi ilohiy kuch ayol qiyofasida tasavvur qilinadi.

 

Oq Ona koʻplab turk xalqlarining afsonalarida Ak Ene va Ag Ana, Aq ena kabi turli xil variantlarda uchraydi. Bir obrazning mintaqaviy farqlarga qaramasdan bir qancha turkiy xalqlarda uchrashi, uning bu xalqlar madaniyatida muhim oʻrin tutganidan dalolat beradi. Bundan kelib chiqib, Oq Ona ham qadimgi ajdodlarimiz hayotida, diniy ishonchida ahamiyatli oʻrin egallaganini bilish mumkin.

 

Hayotning boshlanishi va davom etishi haqidagi afsonalarda hayot daraxti alohida qiymatga ega. Hayotni daraxt timsolida tasavvur etish va uni muqaddas hisoblash nafaqat turkiy mifologiyada, balki, dunyo mifologiyasida uchrovchi muhim holat hisoblanadi. Turk miflarida hayot daraxti bevosita maʼbuda Umay Ona bilan bogʻlanadi. Daraxt Ona maʼbuda arxetipining muhim jihatlaridan biri boʻlib, ayollik ramzi hisoblanadi. (Bilgili, 2022, 70-bet.) Homilador ayollar va bolalarning himoyalovchi iloha hisoblangan Umay Ona oʻzining koʻplab xususiyatlari bilan hayotning boshlanishi va davom etishini taʼminlovchi ilohiy kuch sifatida tasavvur qilingan.

 

Mahmud Qoshgʻariy asarida embrionni himoya qiluvchi qobiq, platsenta “Umay” deb ataladi. (Koshgʻariy, 1967, 303-bet.) Bugungi kunda ham Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida va Toshkent atrofidagi qishloqlarda tugʻilish vaqtida homila bilan birga keladigan yoʻldoshni koʻmish odati saqlanib qolgan. Anʼanaga koʻra, mahalliy aholi yoʻldoshni Umay maʼbuda ramzi boʻlgan mevali daraxt tagiga koʻmadilar. Qolaversa, qirgʻiz afsonasiga koʻra, ona bugʻu qirgʻiz qabilasini yoʻq boʻlib ketishdan saqlab qolgan. Manbalar bizga ona bugʻuning Umay yerdagi, insonlarga koʻrinuvchi avatari hisoblanishini koʻrsatadi. Umay Ona ishonchi bugungi kunda ham saqlanib kelayotganining yana bir dalili, qirgʻiz ayollari biror muhim ishni boshlashdan avval “Bu mening qoʻlim emas, Umay Enamning qoʻli” jumlasi qoʻllaydi. Oʻzbek ayollari orasida “qoʻl berish” tushunchasi mavjud boʻlib, maʼlum bir toifa ayollar bu udumni qoʻllaydi. Ushbu tushunchaning kelib chiqishi Umay Ona obraziga borib taqaladi.

 

Umayning yana bir avatari Humoy qushi hisoblanadi. Ushbu afsonaviy qush baxt, toʻkislik va tangrining xabarchisi sifatida turkiy mifologiyada uchraydi. Biz Umay Onani obraz sifatida oʻzbek mumtoz adabiyotida uchratmaymiz. Ammo bu iloha Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarida Humoy nomi bilan quyidagi baytda uchraydi:

 

Tun oqshomkim Koshundi hayit oyi,

Muhammad-hoja bek davlat humoyi. (Xorazmiy, 1959, 10-bet).

 

Ozarbayjon mumtoz adabiyotida ham Umayning avatari hisoblangan Humoyni uchratish mumkin. Humoy nomi ozarbayjon mumtoz adabiyotida birinchi marta Katran Tabriziy (11-asr) asarlarida quyidagi iboralar bilan uchraydi: “Sadoqat qushi – Huniya qushi bu dunyodan qanot oldi”. Huniya bu – Humoyning fonetik oʻzgarishga uchragan shakli boʻlib, ushbu satrlardan maʼlumki, Umay Ona qush timsolida tasvirlangan. Buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (XII. asr) ham oʻz ijodida Humoyni qalamga olgan. “Humay oppoq kiyinsa, Humoyun boʻladi.” Nizomiy Humayni oq qushdek tasavvur qilgan va Humay oʻz soyasi ostidagi bolalarni asrashini aniq taʼkidlagan: “Bir huma boshimga soya soldi”. (Gʻaybullayev, 1999, 215-218-betlar). Humay ozarbayjon tili va madaniyatida ayollik maʼnosiga ega va bugungi kunda ham qizlar ismi sifatida qoʻllanilib kelishini taʼkidlash lozim.

 

Humay ayrim turkiy asarlarda Humain yaʼni Humoyun deb atalgan, uni Eron adabiyotida tilga olingan afsonaviy qush – Humo nomidan ajratib tushuntirish kerak. Chunki Humay – Umay Onaning avatarini ifodalaydi. Bizningcha, bu avatar qush, avvalboshida ilohaning nomi bilan Umay deb atalib, keyinchalik arab va forslar bilan turkiy xalqlarning yaqin aloqasi natijasida /h/ undoshi soʻzboshida orttirilgan boʻlishi ehtimolga yaqin. Tillarning tuzilishi va qoʻllanilishida /h/ undoshi keyinroq isteʼmolga kirganini eski turkiy til haqidagi ilmiy manbalar taʼkidlaydi. Misol uchun, ovuch – hovuch, oʻkiz – hoʻkiz, oʻl – hoʻl kabi soʻzlarni dalil sifatida keltirishimiz mumkin. Ushbu soʻzlarni bugungi oʻzbek tilida ham qoʻllaymiz, biroq VII-X asrlarda koʻplab turkiy xalqlar lahjasida /h/ undoshi mavjud boʻlmagan. Bu undosh til taraqqiyotining nisbatan keyingi davrlarida leksikonga qoʻshilgan.

 

Yuqorida taʼkidlanganidek, ayol maʼbudalarning dunyoning yaratilishida va hayotning davom etishida tutgan oʻrni ming yillar davomida qabul qilingani, Umay Ona turkiy xalqlarning asosiy maʼbudasi sifatida tushunilganini anglash mumkin. Tadqiqotlar natijasida olingan maʼlumotlar hamda devoriy suratlar va tangalardagi tasvirlar asosida Umay Onaning qiyofasini bugungi zamonaviy insonlarimizga yanada tushunarli boʻlishi uchun harakat qildik. Ilova qilingan rasmda biz manbalar asosida Umay Onaning zamonaviy koʻrinishini tasvirlaganmiz:

 

 Umay Ona

Dilbar HAYDAROVA,

adabiyotshunos

Rasm muallifi: Mohina RAIMOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 26138
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//