Tirikligida unutilgan iste’dod. Vunderkind shoira Nika Turbina taqdiri


Saqlash
12:12 / 17.12.2021 1657 0

 

Shoira Nika Turbinaning hayoti ham she’riyati kabi qisqa va dramatizmga boy kechdi. U 1974-yil 17-dekabrda tug‘ilib, atigi 27 yoshida vafot etdi, biroq ko‘plab ijodkorlar 90 yoshda ham ulgurmagan ijodiy meros qoldirdi, shon-shuhratga erishdi.

 

U adabiyotda chinakam fenomen edi. Ilk she’rlarini juda erta, 4 yoshidan boshlab to‘qiy boshlagan, ularni onasi va buvisi yozib borgan. Bular shunchaki bolalarcha bitilgan yashil o‘tloq va moviy osmon haqidagi misralar emas, tom ma’nosida yetuk lirika edi. 

 

 

Tungi fonuslarga aldanmang – 
Mudroq joylab ko‘zlaringizga,
Qalbdan quvar bedorlikni ham.
Vaqt kelar,
Siz bedor turgan dam,
O‘zi tomon chorlar yulduzlar.
Tungi fonuslarga aldanmang– 
Mudroq joylar ko‘zlaringizga.*

 

Shoira tili va uslubini qolipga solish, tahlil qilish murakkab edi. U Axmatovadan so‘ng ikkinchi sovet shoirasi degan nomga erishgan, Venetsiyaning “Oltin sher” mukofotini bejiz qo‘lga kiritmagandi. Anna 60 yoshda erishgan bu mukofot bilan Nika 12 yoshda taqdirlandi.

 

 

Turbina tug‘ilganidan boshlab bronxial astmadan azob chekar, shu sabab deyarli uxlamasdi. Tunlari krovatchasida o‘tirib, og‘ir nafas olarkan, nimalardir deb pichirlardi. Biroz esini tanigach, u onasidan so‘zlarini yozib olishini so‘raydi – u “Yaratgan menga so‘zlarni aytib turibdi”, derdi. Qo‘rqib ketgan ona va buvi qizchani shifokorga olib boradi. Niyatlari bir narsa edi: qiz she’r to‘qishni bas qilib, tinchgina uxlashini istashar edi. Shifokorlar aniq javob bera olishmadi, ular astmani davolash kerakligi, lekin she’r yozishni to‘xtatish qo‘llaridan kelmasligini aytishdi.

 

Qo‘g‘irchoq

Men bir siniq qo‘g‘irchoq kabi…
Ko‘ksida bo‘sh qolgan bir yurakka joy
Va keraksiz bir matohdek
Nim qorong‘u burchakka tashlab qo‘yilgan.
Men bir siniq qo‘g‘irchoq kabi…
Bir safar, tong chog‘i uyqu ohista
Qulog‘imga shivirlab aytdi:
«Uxla, mittiginam, ko‘zlaringni yum.
Yillar uchib o‘tar-uyg‘onganingda
Nihoyat odamlar istab qolishar
Seni qo‘lga olishni,
Allalab, shunchaki, o‘yin qilishni.
Shunda ura boshlar sening yuraging.»
Faqat, qo‘rqinchlidir kutish onlari…**

 

Keyinroq Nika o‘zini tun odami deb atay boshladi. Intervyularda “Faqat tundagina o‘zimni bu olamdan himoyalagandek sezaman, bu shovqin, bu talato‘p, bu muammolardan holi bo‘laman. O‘zim bilan tanho qolaman” der edi. Qizchaning hech qachon risoladagidek bolalagi bo‘lmagan: astma hurujlari, uyqusizlik va eng og‘iri – ijod dardi qiynardi.

 

Turbina yetti yoshga to‘lgach, uning vatani Yaltaga yozuvchi Yulian Semyonov tashrif buyuradi. U qo‘nim topgan mehmonxonada Nikaning buvisi ishlardi. Shunda u yozuvchidan nabirasining she’rlarini o‘qib ko‘rishini so‘raydi. Avvaliga rad etgan Semyonov ikki misrani majburan o‘qirkan, “Yuksak!” deb baho beradi. Shu tariqa yosh shoiraning taqdirida burilish yuz beradi. Oy o‘tib Nikaning she’rlari gazeta yuzini ko‘radi, 9 yoshida esa ilk to‘plami – “Qoralama” bosilib chiqadi. Kitob 12 tilga tarjima qilinadi.

 

 

Qoralama

Qoralamadir mening hayotim – 
Hamma harflar aylanib burjga
Men hali kechib ulgurmagan
mahzun umrdan qilar bashorat.
Qoralamadir mening hayotim – 
Go‘yo hayqiriq
O‘z aksidan parchalangandek
Bo‘laklangan baxtu iqbollar
Yozig‘liq.*

 

Uyqusizlikdan qiynaladigan qiz uchun mashhurlik yana bir og‘ir sinov bo‘ldi.

Uning birinchi kitobi chiqishida bosh-qosh bo‘lgan taniqli shoir Yevgeniy Yevtushenko “Sakkiz yashar qiz qaysidir ma’noda yetuk insonning qoralamasidir” deb yozadi. Lekin bu “qoralama”ning muxlislari yoshu qari aralash edi, uning misralari ko‘p o‘tmay butun mamlakat bo‘ylab dovrug‘ qozondi. Vunderkind qiz turli shaharlarda gastrollarda bo‘lar, davralarda she’r o‘qir, maktab uchun vaqti qolmasdi. 

 

YEVGENIY YEVTUSHYENKOGA

Siz xaloskor yo‘ldosh, men ko‘zdan qolgan chol.
Yo‘lboshchi – siz. Chiptasiz ham eltyapsiz meni.
Lekin bir savolga hech topolmam javob:
Toptalmayaptimi do‘stlar turobi.
Jimlik…
Siz qalbdagi nido. Men – unutilgan she’r.*

 

 

Qiz otasiz o‘sardi, shu sabab ustozi Yevtushenkoga bog‘lanib qolgandi. Lekin bir kuni kutilmaganda, shoir undan kechdi – hech qanday sabab va izohlarsiz. Shoira bu haqida intervyularda shunday degandi: “Balki u meni ko‘tar-ko‘tar qilishdan tiyilish lozim, yo‘qsa u yozolmay qoladi, deb o‘ylagandir”. Bu orada esa Nikaning onasi turmushga chiqib, ikkinchi farzandini dunyoga keltirdi.

 

Uxla, mening ukajonim,
Allalar aytay.
Oq to‘shaging bo‘lsin sening
Keng qorli dala.
Yostig‘ing ostidagi
Daryolar toshqini– 
Nurli yo‘ling bo‘lsin
Va men g‘amlaring olay.
Uxla sen,
Men esa gullar ekayin, ukajon,
Bolalik tushlaringni
Faqat ularga ishon.**

 

Ona yangi oilasida baxt yaratishga urinsa-da, 13 yoshli qiz uydan ketib, mustaqil yashashga qaror qildi. Uzoq yillik omad va mashhurlikdan so‘ng u tamoman yolg‘iz qoldi – onasi, buvisi va ustozisiz. Hatto muxlislar va jurnalistlar ham qizni unutishdi, sababi favqulotda iste’dod endi ulg‘aygandi va hayratga solmay qo‘ygandi. “Shlyapamni qo‘limga olgan ko‘yi turibman. Olomon to‘plangan. Bir vaqtlar she’rlar yozgan qizaloq Nika mana shumi, – xe-xelab kuladi kimdir. Kimdir chekib bo‘lgan sigareta qoldig‘ini chekkaga irg‘itadi”, deb yozadi u kundaligida. Nika bunga bardosh bera olmay, uyqu dori ichib o‘zini derazadan tashladi. Lekin omon qoldi.  

 

1990-yilda Nika turmushga chiqib, barchani hayratda qoldirdi. Uning eri italiyalik badavlat ruhshunos Jovanni edi. Ular bir yilgina yashashdi: o‘shanda qiz 16, turmush o‘rtog‘i esa 76 yoshda edi. Turbina Rossiyaga qaytdi va yana yolg‘iz qoldi. Oqibatda ichkilikka berildi.

 

 

Do‘stlarimni izlayman,
Gʻoyib bo‘lishdi birdan.
Men so‘zlarni izlayman– 
Ketdi do‘stlari bilan.
Kunlarni izlayman, lek
Qochib qolishdi nari.
Ular ortimda, mendan
Yiroqlar borgan sari!**

 

Nika institutni ham bitira olmadi. She’rlar yozib turar, lekin ularni uzoq yillar hech kimga ko‘rsatmadi. Katta bo‘lgani sari muammolari ham ulg‘aya boshladi. U hayotini tartibga sololmas, bolalikdan o‘rgangan e’tibor esa endi uning she’riyatiga emas, yurish-turishiga qaratilgan edi. Yonida qarindoshlari yo‘q, faqat kuchugi va mushugi hamroh edi. U yana o‘z joniga qasd qilishga urinib, 5-qavatdan o‘zini tashladi – ammo gilamga ilashib qolib tirik qoldi. Umurtqasi, tos suyaklari sindi, 12 ta operatsiyani boshdan o‘tkazdi.

 

Yomg‘ir. Tun. Siniq deraza.
Shamolga ters kelgan bargdek
Havo uzra uchdi shisha parchalari
Qoldirib jarangdor ovoz.
Odatda
Shunday uzilar inson joni ham.*

 

Shu tariqa, uning hayoti barbod bo‘ldi. Oradan besh yil o‘tib, u yana shu mash’um xatoni takrorladi: tag‘in may oyida, tag‘in beshinchi qavatdan. Bu gal u maqsadiga yetdi. Uni so‘nggi yo‘lga dugonasi Alena Galich kuzatdi.  

 

 

Nika onasi va buvisiga “Men 27 yoshimda vafot etaman, ungacha esa o‘n marta o‘lib-tirilaman” deb aytgandi. Intervyularida ham bolalari bo‘lmasligini ta’kidlardi. Erta kelgan shuhrat shoirani hayotdan erta olib ketdi. Ko‘pchilik uning iztirobli hayoti va o‘limiga onasini ayblashadi. Nikaga hamma uchun lozim bo‘lgan bir narsa – oila mehri yetishmadi.  

 

O‘z manzilin topmoq qasdida
Keza-keza chiqib qolar kas
Hayot-o‘lim tutashgan joydan.
Qani endi topa olsaydim
Ajal quvib yetolmas maskan.
Biroq tong otganday botar shom…
Shuning-chun men chiqdim otlanib
Quyosh botmas tomonni ko‘zlab.*

 

She’rlarni Umid Ali* va Rafiq Saydullo** tarjima qilgan.

 

Nodira IBROHIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19244
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16104
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi