
XX asrning eng dahshatli voqealaridan biri, shubhasiz, Ikkinchi jahon urushidir. Bu urush millionlab insonlarning oʻlimiga va katta vayronagarchiliklarga sabab boʻldi. Urush oʻzbek xalqini ham oʻz girdobiga tortdi. Bir necha million oʻzbek yigitlari frontning eng oldingi chiziqlarida kurash olib bordi. Ularning aksariyati harbiy tayyorgarliksiz va yetarli darajada qurollanmasdan eng oldingi chiziqqa tashlanishi natijasida dushmanga asir tushadi. Keyinchalik ushbu turkistonlik harbiy asirlardan Turkiston legioni tuziladi.
Turkiston legionining tashkil etilishiga bu paytda Yevropada yashayotgan turkistonlik ziyolilar: Mustafo Choʻqay va Vali Qayumxon rahbarlik qiladi. Ular Germaniya jamloqlarida saqlanayotgan millionlab turkistonlik asirlarning hayotini qutqarib qolish yoʻlida harakat boshlaydi. Shu maqsadda turkistonlik harbiy asirlarning jamloqlariga tashrif buyuradi.
1941-yil avgustning oxirida Germaniya hukumati ularga kavkazliklar bilan birgalikda jamloqlarga borishga ruxsat beradi. Mustafo Choʻqay kavkazliklar bilan Hannoverdagi lagerga, Vali Qayumxon esa nemis zobiti bilan Suvalki jamlogʻiga borib, turkistonliklar bilan uchrashadi. Biroq, Mustafo Choʻqay borgan legarda bironta ham turkistonlik asir boʻlmaydi.
Vali Qayumxon esa Mustafo Choʻqayga Suvalkida 30-40 ming atrofidagi 15-60 yoshli turkistonliklarning ochlikdan qiynalib, bitlab ketganligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Bu asirlarning hayotini saqlab qolish uchun qatʼiy choralar koʻrish kerakligini bildirardi. Mustafo Choʻqay, Vali Qayumxon va boshqa muhojir ziyolilar Germaniya hukumatiga protest shaklida maxsus nota yoʻllaydi.
Maʼlum muddatdan soʻng Germaniya hukumati tomonidan sovet harbiy asirlarining ahvolini oʻrganish boʻyicha maxsus komissiya tuziladi. Bu komissiya tuzilishida turkolog olim Gerhard von Mende katta rol oʻynaydi.
Komissiya tarkibi quyidagilardan iborat boʻlgan: Mustafo Choʻqay va Vali Qayumxon – Turkiston vakili, Alixon Kantemir – Shimoliy Kavkaz vakili, Talʼat va Hoji oʻgʻli – Ozarboyjon vakili, aka-uka Harutunjonlar – Armaniston vakillari, Abdurahmon Shafiy, Temur, Gʻani Usmon – Itil-Ural oʻlkasi vakillari. Millati nemis boʻlgan Geybel komissiya boshligʻi boʻladi. Komissiya aʼzolari Suvalki konslageriga borib, sovet harbiy asirlari, jumladan, turkistonliklarning dahshatli holatda saqlanayotganiga guvoh boʻladi. Turkistonlik asirlarning ogʻir ahvoli va ularning hech qanday insoniy huquqlarga ega emasligi Mustafo Choʻqayga qattiq taʼsir qiladi.
Turkistonliklarning ogʻir sharoitlarda qiynalayotgani Mustafo Choʻqayni chuqur qaygʻuga soladi. U yurtdoshlarini oʻlimdan qutqarib qola olmayotganligida oʻzini aybdor sifatida koʻradi. Qish fasli yaqinlashayotgani va turkistonliklarning yarim-yalangʻoch, issiq kiyimlarsiz qolishi Mustafo Choʻqay hamda Vali Qayumxonni tezlik bilan biror chora koʻrishga undaydi.
1941-yilda Mustafo Choʻqay Parijdagi rafiqasi Mariya Choʻqayga yoʻllagan maktubida quyidagilarni yozadi: “Bu baxtsiz odamlarga yordam bera olmasligim menga qattiq alam qiladi. Ular mendan yordam soʻrayapti, ular mendan umidvor. Men ularga yordam berishga vaʼda berdim, lekin bularning bari ularni tinchlantirish uchungina edi. Yordam berishga ojizligimni bilganim uchun ularni aldashga toʻgʻri keldi. Bu holatga ortiq chiday olmayman. Kecha 35 kishini oʻlimdan qutqarib qolishga muvaffaq boʻlindi. Lekin bu qancha davom etadi? Hozir noyabr, ular esa yozgi kiyimlarda, isinish uchun qoʻllari bilan chuqur qaziyapti. Ularga xuddi itga tashlagandek non tashlashadi, suv haqida gap boʻlishi ham mumkin emas.
Qayumxon bilan birgaman. Bahor faslida Nojanaga borgan odam esingdami? U orqali nemislardan turkistonlik asirlarning holatini biroz boʻlsa ham yaxshilashni soʻradim. U buni kimgadir yetkazdi. Foydasi boʻladimi yoki yoʻq, nomaʼlum. Kuniga oʻn kilometrlab yurib, lagerlarni piyoda aylanib chiqmoqdaman. Kuchim tugab bormoqda. Mening ruhan charchaganligim senga ham maʼlum”.
Turkiston legioni tuzilishiga birinchi qadam 1941-yil oktyabrida qoʻyiladi. Turkistonliklardan kichik harbiy guruhlar tashkil etiladi. 1941-yil 15-noyabrda sanasida esa Vermaxtning 444-xavfsizlik diviziyasi tarkibida turkistonliklardan iborat 1-Turkiston polki tuziladi. Dastavval Turkiston polkidan jang maydonida emas, balki front ortidagi maxsus hudud yoki binolarni qoʻriqlashda foydalaniladi.
Turkiston legionining rasmiy harbiy birlik sifatida tuzilishini koʻrish Mustafo Choʻqayga nasib etmaydi. U 1941-yil 27-dekabrda ogʻir kasallik sabab vafot etadi. Choʻqay 1942-yil 2-yanvarda ustiga Turkiston bayrogʻi yopilgan holda Berlin shahridagi turk-musulmon qabristoniga dafn etiladi. Uning vafoti xorijda yashayotgan barcha turkistonliklarni qattiq larzaga soladi. Lekin, uning ishlari Vali Qayumxon rahbarligidagi Turkiston legioni va Milliy Turkiston Birlik Qoʻmitasi tomonidan davom ettiriladi.
1942-yilning boshlaridan sovet harbiy asirlarini yangi tuzilayotgan harbiy birliklar tarkibiga kiritish maqsadida Germaniya hukumati lagerlarga nazorat guruhlarini yuboradi. Bu guruhlarning vazifasi harbiy xizmatga yaroqli va xohishi bor boʻlgan asirlarni alohida qarorgohga oʻtkazish edi. Qarorgohda ularga ikki oy davomida Germaniya armiyasida mavjud boʻlgan boshlangʻich harbiy bilimlar (safda yurish, qadam tashlash va boshqalar) oʻrgatilgan.
1942-yil 19-fevral sanasida 7 ta batalyondan iborat Turkiston legioni rasmiy ravishda tuziladi. Uning rahbari etib kapitan Erneke tayinlanadi. SMERSH Bosh boshqarmasining 1943-yil maʼlumotnomasida ham Turkiston legioni 1942-yilda tuzilganligi aytilgan. Turkiston legionining harbiy boshqaruviga nemislar tayinlanishi, Germaniya hukumati harbiy asirlarga toʻliq ishonch bildirilmaganini anglatadi.
Turkiston legionining birinchi guruhi 1942-yilning 2-may sanasida Bryansk oʻrmonlarida jangga kiradi. Bu Turkiston legionining birinchi jangi edi. Yangi tashkil etilgan Turkiston batalyonlarining katta qismi general-polkovnik Fridrix Paulyus rahbarligidagi 6-armiyaning boʻlinmalariga biriktiriladi. 1942-1943-yillarda Germaniya armiyasining Kavkaz hududida amalga oshirgan hujumida oltita Turkiston legioni batalyoni qatnashadi.
Xususan, Maykop va Rostov shaharlari uchun olib borilgan janglarda Turkiston legionining 3-batalyoni Germaniya qoʻshini tarkibida jang qiladi. Mashhur Stalingrad shahri uchun boʻlgan jangda ham Turkiston legioni askarlari Germaniya tarafida turib ishtirok etadi. Chunonchi, legionning uchta batalyoni Stalingrad jangida qizil armiyaga qarshi kurashadi.
Vali Qayumxonning taʼkidlashicha, Stalingrad va Kavkaz hududlarida jang qilgan legion askarlarining katta qismi qizillar tomonidan yoʻq qilingan. Sovet hukumatining buyrugʻi bilan legion askarlari koʻp hollarda asir olinmasdan jang maydonining oʻzida otib tashlangan. Ular “qora fashist”lar nomi bilan atalib, fashistlarning yaqin hamkori sifatida koʻrilgan.
Turkiston legioni tarkibidagi 162-Turkiston piyoda diviziyasi Germaniya hukumatining ishonchiga sazovor boʻlgan diviziyalardan biri boʻladi. Bunga diviziyaning sovet davlati va partizanlarga qarshi kurashda koʻplab muvaffaqiyatlari sabab boʻlgandi. Diviziyaga general-mayor fon Nidermayer rahbarlik qilgan. Bu diviziya 1943-yilning sentyabr oyida Sloveniya hududiga joʻnatiladi va u yerda bir qator harbiy harakatlar olib boradi.
1944-yil 21-martda ushbu diviziya Italiyaning Verona-Paduya tumaniga yuborilib, bu hududda xavfsizlikni taʼminlash va partizanlarga qarshi kurash vazifasini bajaradi. Shuningdek, ushbu diviziya urushning oxirgi davrlarida Normandiya hududida Buyuk Britaniya va AQSH qoʻshinlariga qarshi janglarda ham qatnashadi. Diviziyaning tarkibidagi koʻplab askarlar urush yakunida sovet davlatiga qaytariladi va GULAG lagerlariga tashlanadi.
Xulosa qilib aytganda, turkistonlik harbiy asirlar Germaniya jamloqlarida eng ogʻir sharoitlarda saqlangan. Ochlik, kasallik va boshqa bir qator omillar tufayli minglab turkistonliklar halok boʻlgan. Mustafo Choʻqay va Vali Qayumxon saʼy-harakatlari bilan koʻplab turkistonlik tutqunlarning hayoti saqlab qolinadi hamda ulardan Turkiston legioni va Milliy Turkiston Birlik Qoʻmitasi tuziladi. Turkiston legioni Germaniya tomonida sovet davlatiga qarshi janglar olib boradi.
Zohidjon XOLDOROV
Tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q