Shayboniy Ubaydullaxonning Xurosonga yurishlari. Ikki saltanat va madaniyat toʻqnashuvi


Saqlash
17:26 / 18.03.2025 482 0

 

Turon va Eron tarixi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Baʼzi davrlarda turonliklar, baʼzida esa eronliklar siyosiy jihatdan ustunlikka erishgan. Ikkala tomon raqobatining asosiy sababi Xuroson oʻlkasi hisoblangan. Ayniqsa, Shayboniylar sulolasi davrida Xuroson uchun kurash shiddatli koʻrinish olgan.

 

Shayboniylar ham, Safaviylar ham musulmon sulolalar boʻlsa-da, shayboniylar islom dinining sunniy, Safaviylar esa shia oqimiga eʼtiqod qilgan. Bu esa ular oʻrtasida nafaqat hududiy, balki diniy ziddiyatlar ham vujudga kelishiga sabab boʻlgan.

 

Muhammadxon Shayboniyxon 1500-1505-yillar davomida Turkistonda oʻz hokimiyatini oʻrnatgach, bor eʼtiborini Xurosonga qaratadi. Uning jiyani Ubaydullaxon Xuroson yurishlarida ishtirok etadi. Ubaydullaxon shayboniylarning eng nomdor sarkardalaridan biri boʻlib, Xurosonni egallash davomida qoʻshinning asosiy qismlaridan biriga qoʻmondon etib tayinlanadi.

 

Muhammadxon Shayboniyxon Badiuzzamon mirzo va Muzaffar Husayn mirzolarni magʻlubiyatga uchratib, Hirot shahrini egallagach, oʻgʻli Temur sulton va Ubaydullaxonni Mashhadni zabt etishga yuboradi. Mashhad yaqinida boʻlgan jangda Husayn Boyqaroning oʻgʻillari Abulhasan mirzo va Kepak mirzo (Muhammad Muhsin mirzo) yengilib, asir olinadi va Ubaydullaxon tarafidan qatl etiladi.

 

Shundan soʻng oʻzbek qoʻshini Sabzavor tomon yuradi. Bu paytda Sabzavorda Husayn Boyqaroning boshqa oʻgʻli Ibn Husayn mirzo hokimlik qilayotgandi. Temuriy shahzoda oʻzbeklarni Sabzavorning Yakdar mavzeyida kutib oladi. Ikki taraf oʻrtasida qattiq jang boshlanadi. Ibn Husayn mirzo shayboniylar qoʻshining oʻng va soʻl qanotlariga qattiq zarba berib, ularni chekinishga majbur qiladi.

 

Ubaydullaxon chekinayotgan oʻzbek qoʻshini yoʻlini toʻsib, “Ey mardlar, qochmanglar! Nomusingiz va sharafingiz etagini sharmandalik changiga belamang. Muhammadxon Shayboniy sizni husn-u ragʻbat va iltifotlar bilan siylasin”, deydi.

 

Ubaydullaxon ovozini eshitgan oʻzbek jangchilari ortga qochishdan toʻxtab Ibn Husayn mirzo qoʻshinining markaziga shiddatli hujum qiladi. Bu hujum natijasida Ibn Husayn mirzoning qoʻshini sarosimaga tushib, chekina boshlaydi. Ushbu jangda Ubaydullaxon 16 marta jarohat oladi. Ibn Husayn mirzo magʻlubiyatga uchrab, jon saqlash maqsadida Shoh Ismoil saroyiga qochadi.

 

1507-1508-yilning qish faslida Husayn Boyqaroning oʻgʻli Muhammad Qosim mirzo qoʻshin toʻplab, Mashhad sari yuradi. Mashhad hokimi Sayyid Hodixoja Marvga qochib keladi. Bu xabar Muhammadxon Shayboniyxon qulogʻiga yetgach, xon farmoni bilan Ubaydullaxon Buxorodan chiqib, Muhammad Qosim mirzoni daf qilish maqsadida Mashhadga otlanadi.

 

Ubaydullaxon Marvga yetgach, Marv hokimi Qanbarbiy va Hodixojalar ham Ubaydullaxon qoʻshiniga qoʻshilib, birgalikda Muhammad Qosim mirzoga qarshi urush uchun Mashhad tomon yoʻnaldi. Mashhadda boʻlgan jangda Ubaydullaxon gʻalaba qozonib, Muhammad Qosim mirzo asir olinadi va qatl etiladi.

 

1510-yil Marv jangida Muhammadxon Shayboniyxoning fojiali magʻlubiyati ortidan butun Xuroson Safaviylar qoʻliga oʻtadi. Shundan soʻng Ismoil Safaviy Hirot shahrida qishlab, bahorda Turkistonga yurishga qaror qiladi. Ammo 1511-yil bahorida shayboniylar va safaviylar oʻrtasida sulh tuzilib, Amudaryo bu ikki davlatning chegarasi etib belgilanadi va shoh Ismoil Tabrizga qaytib ketadi.

 

Shayboniylarning zaiflashib qolganidan foydalangan Bobur Mirzo Hisor, Badaxshon, Qunduz va Bagʻlonga hujum qiladi. Bu hududlarning hokimi boʻlgan Hamza sulton va Mahdi sulton Boburning kelishidan xabardor boʻlib, oʻz qoʻshinlarini toʻplab, Boburga qarshi chiqadi. Ikki oʻrtada boʻlib oʻtgan jangda oʻzbeklar yengilib, Hamza sulton va Mahdi sultonlar oʻldiriladi.

 

Bobur Badaxshonni egallagach, Ismoil Safaviy huzuriga elchilar yuboradi. U agar Samarqand va Buxoro viloyatlarini egallasa, Movarounnahrda shoh Ismoil nomiga tanga zarb qilishini va xutbada uning nomi ham oʻqilishini elchilar orqali bildiradi.

 

Ismoil Safaviy Ahmadbek Soʻfioʻgʻli va Shohruxbek Afshariy boshchiligida Boburga qizilboshlardan iborat qoʻshin joʻnatadi. Ubaydulla sulton va Temur sulton Boburning katta qoʻshin bilan kelayotganini eshitib, Turkiston tarafga qochadi. Bobur Samarqand taxtini egallagach, Ismoil Safaviy nomini xutbada oʻqitib, uning nomidan tangalar zarb qildirdi.

 

Ammo Bobur Samarqandga kelgan, Najmi Soniyning eshikogʻasi boʻlgan Muhammadjon ogʻaga yetarlicha ehtirom koʻrsatmaydi. Muhammadjon ogʻa Qum shahridagi shoh qarorgohiga borib, Bobur mirzo itoatsizlikka moyilligi toʻgʻrisida arz qiladi. Najmi Soniy Bobur mirzoni jazolash maqsadida oʻzini Samarqandga joʻnatishni shoh Ismoilga taklif qildi. Ismoil Safaviy bir qancha nomdor harbiy amaldorlarni Najmi Soniy bilan birga Samarqandga joʻnatadi.

 

1512-yil Ubaydulla sulton, Temur sulton va Jonibek sulton katta qoʻshin bilan Buxoro sari yuradi. Bobur oʻzbek qoʻshinlarini bartaraf qilish maqsadida Buxoroga keladi. Buxoroga yetib borganida Bobur mirzo shayboniy sultonlar orqaga chekinganini eshitadi. Bundan jasoratlangan temuriyzoda oʻzbeklarni taqib qilishni boshlaydi. 1512-yil Buxoroga yaqin boʻlgan Choʻli Malikda yirik jang boshlanadi. Ubaydulla sulton harbiy hiyla ishlatishi natijasida oʻzbeklar Bobur qoʻshini ustidan gʻalaba qozondi. Bobur bu magʻlubiyatdan soʻng Samarqandni tashlab, Hisori-Shodmonga ketishga majbur boʻladi.

 

Najmi Soniy 12 ming otliq askar bilan Xuroson hududiga kelgan vaqtida Bobur mirzo shayboniylardan yengilib, chekinganini eshitadi. Qizilbosh askarlar oʻlimi uchun qasos olish va Turkistonni Safaviylar davlati tarkibiga qoʻshib olish maqsadida Najmi Soniy Amudaryoni kechib, Buxoroga yurish boshlaydi.

 

1512-yil 12-noyabrda Gʻijduvon yaqinida safaviylar hamda Ubaydullaxon, Jonibek, Temur va Abu Said sultonlarning birlashgan qoʻshinlari oʻrtasida qattiq jang boʻlib oʻtadi. Jangdan oldin baʼzi qizilbosh sarkardalari Najmi Soniy bilan kelisholmay, nizolashib uni tark etadi. Bu jangda oʻzbeklar gʻalaba qozonib, Najmi Soniy asirga tushadi va Ubaydulla sulton buyrugʻi bilan qatl etiladi.

 

Turonning markaziy hududlari Bobur va qizilboshlardan qaytarib olingach, Ubaydullaxon mamlakatning janubiy hududlarini ham qayta egallash uchun kurash boshlaydi. Xususan, shu yilning oʻzida Hisori-Shodmon va Chagʻoniyon egallanadi.

 

1513-yil Ubaydullaxon va Jonibek sulton Amudaryodan kechib oʻtib, Hirot shahrini qamal qiladi. Hirot qamalida shayboniylar ilk bor toʻfanglardan foydalanadi. Qamal muddati 60 kun boʻlgach, Ubaydullaxon va Jonibek sultonlar oʻrtasida qarama-qarshilik paydo boʻlib, har ikkisi qoʻshinlari bilan Hirot qamalini toʻxtatib, oʻz viloyatlari sari yoʻlga tushadi.

 

Ammo, oʻsha paytda Muhammad Temur sulton Samarqanddan yoʻlga chiqib, Amudaryodan kechib oʻtadi va Murgʻob daryosi yonida Hirotdan kelayotgan Ubaydullaxonga qoʻshiladi. Ubaydullaxon va Temur sulton birgalikda Tus va Mashhad sari qoʻshin tortadi. Oʻzbeklarning kelayotgani xabarini olgan Marv va Mashhad hokimi Dudabek Iroq tomonga qochadi. Natijada, shayboniyzodalar bu shaharlarni jangsiz egallaydi.

 

Bundan xabar topgan hirotliklar shaharni mudofaasiz qoldirib, Iroq va Ozarbayjon tomon qochadi. Shundan soʻng Ubaydullaxon Mashhad va uning atroflarida, Temur Sulton esa Hirotda boshqaruvni qoʻlga oladi.

 

Katta qoʻshinni saqlab turish katta xarajatlarni talab qilgani uchun shayboniylar qoʻshinni tarqatib yuboradi. Ammo, shu asnoda shoh Ismoil katta qoʻshin bilan Xurosonga kelgani xabari tarqaladi. Shayboniyzodalar qoʻshinlarini tarqatib yuborgani uchun Hirot va Mashhadni tashlab, Ubaydullaxon Buxoroga, Temur sulton esa Samarqandga qaytadi.

 

1521-yil erta bahorida Ubaydullaxon 30 ming otliq va piyoda qoʻshin bilan yana Xuroson yurishiga otlanadi. Ubaydullaxon katta qoʻshin bilan kelayotganini eshitgan Hirot hokimi Amirxon, qalʼa mudofaasiga kirishadi. Qizilboshlar toʻfanglardan foydalanishi ularning mudofa janglarida ustunliklarini taminlaydi. Ubaydullaxon Hirotni 12 kun qamal qilgach, qamalni toʻxtatib, ortga qaytadi.

 

1524-yilda Ismoil Safaviyning vafot etgani, uning oʻrniga taxtga chiqqan shoh Tahmaspning yoshligi, qizilbosh turkman qabilalarining oʻzaro urushlaridan foydalanib qolish maqsadida Ubaydullaxon Xuroson yurishini boshlaydi. U Xurosonni qoʻlga olish niyatida 6 marta yurish uyushtiradi.

 

1525-yilda Xuroson beklarbegisi Durmushxonning oʻlimi va qizilbosh turkman qabilalari oʻrtasidagi oʻzaro urushlar natijasida Xurosonda shayboniylarga qarshi kurasha oladigan mohir qizilbosh sarkardasi yoʻqligi xabari Ubaydullaxonga yetgach, u Marvga keladi. Marvdan esa Tus sari yuradi. Qizilboshlar Tus shahri darvozalarini berkitib, Hirotdan yordam istaydi. Ammo Hirotdan yordam kelmagach, Ubaydullaxon Tusda qizilboshlarni yengib, u yerga oʻzining amirlaridan birini tayinlab, Astrabodga yuradi. Astrabod hokimi Zaynalxon bu xabarni eshitgach, Ubaydullaxonga qarshi qizilboshlardan iborat bir qism qoʻshinni yuboradi. Ammo qizilboshlar yengilib, Zaynalxon Rayga qochadi.

 

Ubaydullaxon Astrabodga oʻgʻli Abdulazizni hokim etib tayinlab, oʻzi Balxga qarab ketadi. Oʻzbeklarning Xurosonga harbiy yurishlari xabari Safaviylar saroyiga yetib kelgach, Takali Axi Sulton, Shomli Temir Sulton va Ustajli Shoh Ali Sulton qizilbosh qoʻshini bilan Zaynalxonga yordam uchun yuboriladi va ular Rayda Zaynalxon bilan birlashib, Astrabod sari yuradi. Abdulazizxon qizilboshlarga qarshi kurashishga koʻzi yetmay Astrabodni tashlab, otasining oldiga ketadi. Ubaydullaxon qizilboshlarni kutib olish uchun Bistomga qaytadi. Bistomda oʻzbeklar va qizilboshlar lashkari toʻqnashdi. Jangda oʻzbeklar gʻalaba qozonib, qizilbosh sardorlari oʻldiriladi.

 

Shundan soʻng Zaynalxon Astarbod shahrini mudofaa qilishga koʻzi yetmay yana qochib ketadi. Ubaydullaxon bu safar shahar hokimligiga oʻzbeklarning nomdor amirlaridan boʻlgan Ranish Bahodirni tayinlab, oʻzi Hirot sari yuradi. Ammo qish fasli boshlangani sababli xon Hirot qamaliga kirishmay, shaharga yaqin boʻlgan Guryonda qishlaydi.

 

Kelasi yil bahorda Ubaydullaxon Hirot qamalini boshlaydi. Ukasi Durmushxon oʻlimidan soʻng Hirot hokimi boʻlgan Shomli Husaynxon shahar mudofaasini tashkil qiladi. Qamal 7 oy davom etadi. Shaharda ochlik boshlangach, Husaynxon shahar xalqini shahardan haydab, ularning oziq-ovqatini qizilbosh askarlariga beradi. Ubaydullaxon qamalni davom ettirayotgan bir paytda poytaxtdan yordamga kelgan qizilbosh qoʻshini Ranish Bahodirni yengib, uni oʻldirdi degan xabar keladi. Natijada Ubaydullaxon qamalni toʻxtatib, Buxoroga qaytadi.

 

1528-yil Ubaydullaxon Turonning barcha hududlaridan katta qoʻshin toʻplab, yana qaytadan Xuroson yurishiga otlanadi. “Lubbu-t-Tavorix” asari muallifi Mir Yahyoyi Sayfiy shayboniylar qoʻshini soni 120 ming deb, Iskanderbek Munshiy esa 80 ming askar edi, deb yozadi. Qizilboshlarni esa 24 ming deb qayd etadi. Bobur “Boburnoma” asarida shayboniylarning qoʻshini soni 105 ming, safaviylarning qoʻshinini esa 40 ming deb yozgan.

 

Hijriy 935-yil 9-muharramda, yaʼni 1528-yil 23-sentyabrda Xurosonning Jom shahrida shayboniylar va qizilboshlar oʻrtasidagi eng yirik janglardan biri sodir boʻladi. Qizilbosh qoʻshinining markazidan Vakil Chuxa Sulton Takali, Takali Ulamo Sulton, Shomli Husaynxon, Sheroz hokimi Hamisli Hamza Sulton, Zulqodir oʻgʻli Muhammadxon, Ustajli Ahmadxon, Qojar Yoqub Sulton, Sharafiddin oʻgʻli Takali Muhammadxon, Rumli Hasan Sulton, Afshar Ahmad Sulton kabi amirlari bilan shoh Taxmasp joy oladi.

 

Eronliklar qoʻshin oldini mustahkamlash uchun aravalarga oʻrnatilgan fransuz toʻplaridan iborat Ustoz Toʻpchiboshi Shayxbekning qoʻshinini oldinga joylashtiradi. Ubaydullaxon Koʻchkinchixon bilan qoʻshinning markaziga joylashadi. Chap qanotga Baroqxon, Poʻlat sulton, Abdulaziz sulton va Abulatif sultonlar, oʻng qanotga esa Jonibek sulton, Keldi Muhammad sulton va Abusaid sultonlarni tayinlanadi.

 

Har ikki tarafdan muhoraba boshlanganini bildiruvchi boru va dovullar ovozi yangraydi.

 

Oʻzbeklar qizilboshlarning oʻng qanotiga qattiq zarba berib, uni tartibsiz holatga keltiradi. Qizilboshlarning chap qanoti ham qattiq hujumga uchrab tarqalib ketadi. Oʻzbek askarlari tartibsiz holatda chekinayotgan qizilboshlarni taqib qiladi.

 

Shayboniylar qizilboshlar chekinganini koʻrib, gʻalaba qozondik deya beparvo holga keladi. Xabarchilar Ubaydullaxonga oʻzbeklar gʻalabasi haqidagi xabarni yetkazadi. Oʻzbeklar qoʻshinining beparvoligidan foydalangan shoh Taxmaspning xos askarlaridan iborat qizilbosh qoʻshini Ubaydullaxon va Koʻchkinchixon boshchiligidagi markazga hujum qiladi. Hatto bir qizilbosh askari Ubaydullaxonga jarohat yetkazadi.

 

Qizilboshlarning kutilmagan hujumi natijasida shayboniylar qoʻshini parokanda boʻlib, chekina boshlaydi. Natijada, Jom jangida shayboniylar magʻlubiyatga uchrab, oʻzbeklardan 20 mingdan ortiq jangchi oʻldiriladi.

 

Ammo Ubaydullaxon 1529-yil boshida yana Xurosonga yurish qiladi. Dastlab Mashhad egallanib, u yerga oʻzbeklardan hokim tayin etiladi. Soʻngra Hirot yurishi boshlanadi. Hirot hokimi Husaynxon bir necha oy shaharni mudofaa qilgach, Ubaydullaxonga sulh tuzish uchun elchilar yuboradi.

 

Sulhga koʻra, Ubaydullaxon Hirotdan bir necha masofa ortga chekinishi va Husaynxon boshliq eronliklar bu vaqtda shaharni tashlab chiqishi kerak edi. Sulh Ubaydullaxonga maqul kelgach, oʻzbek qoʻshinlari ortga chekinadi va Husaynxon boshchiligidagi qizilboshlar va shia boʻlgan aholi shaharni tark etib, Seiston tomonga ketadi. Shahar esa Ubaydullaxon qoʻliga oʻtadi.

 

1529-yil kuz faslida shoh Taxmasp 70 ming kishilik qoʻshin toʻplab, Ubaydullaxonga qarshi Xuroson safarini boshlaydi. Ubaydullaxon Marv qalʼasiga chekinib, Turondan yordam kelishini kutadi. Ammo Koʻchkinchixon vafot etib, oʻrniga xon boʻlgan oʻgʻli Abusaidxon Xurosonga yurish qilishdan bosh tortadi. Boshqa shayboniyzodalar ham Ubaydullaxonni qoʻllab-quvvatlamagach, Ubaydullaxon Buxoroga qaytishga majbur boʻladi.

 

1532-yilda Ubaydullaxon yana Xuroson yurishini boshlaydi. Ubaydullaxon Hirot shahri atrofiga oʻrdugoh tikib, oʻgʻli Abdulaziz Sultonni Mashhadga, Qamash Oʻgʻlonni Astrabodga, Xonkeldi Bahodirni Sabzavorga va boshqa shayboniy amirlarini Bistomga joʻnatadi.

 

Ubaydullaxon Hirotni bir yarim yil qamal qiladi. Shaharda ochlik boshlanib, qizilboshlar shahar aholisini shahardan tashqariga haydab, ularning bor-budlarini tortib oladi. Bora-bora mushuk va itlarni topish ham muammo boʻlib qoldi.

 

Qizilboshlar Ubaydullaxonga agar Ubaydullaxon Hirotdan biroz ortga chekinsa va qizilboshlar shaharni tark etguncha ularga hujum qilmasa, Hirotni Ubaydullaxonga topshirishni taklif qiladi. Ammo Ubaydullaxon bunga rozi boʻlmay, qizilboshlar chodirining iplari ostidan egilib oʻtib ketishini istaydi. Lekin qizilboshlar ham bunga rozi boʻlmay shahar mudofaasini davom ettiradi.

 

1533-yil shoh Taxmasp Ubaydullaxonning Xurosonga yurishlarini bartaraf qilish maqsadida katta qoʻshin bilan Xuroson safariga chiqadi. Hirot qamalining uzoq davom etgani qoʻshin taʼminotida muammolar tugʻdiradi. Shu sababli Ubaydullaxon shoh Taxmaspning katta qoʻshin bilan kelgani xabarini eshitgach, Hirot qamalini toʻxtatib, Buxoroga qaytadi.

 

Shoh Taxmasp shayboniylarning Xurosonga yurishlariga butunlay chek qoʻyish uchun Turonga yurish qilmoqchi boʻladi. Ammo Usmonli sultoni Sulaymonning safaviylarga qarshi harbiy yurish boshlagani haqidagi xabar kelgach, Turon yurishidan voz kechib, ortga qaytadi.

 

Usmonlilar Taxmaspning Xurosonda shayboniylar bilan band boʻlganidan foydalanib, Safaviylar mamlakatining shimoli-gʻarbiy va markaziy hududlariga bostirib kiradi.

 

Usmoniylar va safaviylar urushlaridan foydalangan Ubaydullaxon 1536-yilda Mashhadga yurish qiladi. Mashhad qamali boshlangach, Hirot hokimi Soʻfyon Xalifa Ubaydullaxonga qarshi kurashish va oʻzbeklarning Xurosonga yurishlarini toʻxtatish uchun 3 ming qizilbosh askari bilan Mashhaddga keladi. Mashhad yaqinida boʻlgan jangda Ubaydullaxon gʻalaba qozonadi va Soʻfiyon Xalifa asir olinib, qatl etiladi. Soʻfiyon Xalifaning magʻlubiyatga uchrab oʻldirilgani xabari Hirotga yetib kelgach, shahar noibi Xizir Chalabiy shahar mudofaasiga kirishadi. Ammo Soʻfiyon Xalifa va uning odamlari tomonidan xalqqa koʻrsatilgan jabr-zulm sabab xalq Ubaydullaxonga xayrixohlik bildirib, uni Hirotni egallashga daʼvat etadi. Bir necha oy davom etgan qamaldan soʻng Hirot egallanib, Xizir Chalabiy va boshqa qizilboshlar oʻldiriladi.

 

Ubaydullaxon oʻzbek askarlariga xalqni talash va oʻldirishni taqiqlab, Hirotni obodonlashtirish ishlariga kirishadi. Ubaydullaxon 14 oy Hirotni nazorat qiladi.

 

1538-yil boshlarida shoh Taxmasp Hirot qaytarib olish maqsadida Xuroson tomon yuradi. Bu xabar Ubaydullaxonga yetgach, Ubaydullaxon barcha shayboniy sultonlarni toʻplab mashvarat oʻtkazadi. Ubaydullaxon Taxmasp qoʻshini qish mavsumida uzoq yoʻldan kelayotgani uchun qattiq charchaganini taʼkidlab, shoh bilan jang qilishni maslahat qiladi. Lekin boshqa shayboniy sultonlar qizilbosh qoʻshinlarining soni koʻpligini iddao qilib, Hirotni tashlab Turonga qaytishni toʻgʻri deb biladi. Ubaydullaxon shayboniy sultonlarni qizilboshlar bilan urishishga koʻndirolmagach, noilojlikdan Buxoroga qaytishga majbur boʻladi.

 

1540-yil 17-martda Ubaydullaxon 53 yoshida vafot etadi. Ubaydullaxon vafotidan keyin shayboniy sultonlar orasida boshlangan taxt uchun kurashlar natijasida shayboniylarning Xurosonga boʻlgan kurashlari maʼlum muddat toʻxtab qoladi. Biroq oradan biroz oʻtib, oʻzbeklarning qudratli hukmdori Abdullaxon II Xuroson uchun kurashda yaqqol ustunlikka erishadi.

 

Xulosa qilib aytganda, Ubaydullaxon oʻzbek davlatchiligi tarixida muhim oʻrin egallagan shaxslardan biridir. U Muhammadxon Shayboniyxon oʻlimidan soʻng shayboniylar orasida birlikni saqlashda katta rol oʻynagan. Ubaydullaxon butun faoliyati davomida amakisi Muhammadxon Shayboniyxon davrida shayboniylar tomonidan egallangan hududlarni qayta tiklash uchun shiddatli kurashlar olib bordi. Ayniqsa, Ubaydullaxonning Xurosonga boʻlgan daʼvosi uning vafotiga qadar davom etdi. Ubaydullaxon davrida Balx va uning atroflari doimiy, Tus, Mashhad, Bistom, Hirot kabi Xurosonning yirik viloyatlari esa maʼlum muddat shayboniylar nazoratida boʻldi.

 

Abdullajon Usmonov

Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 26129
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//