
Abdallar (eftalitlar) imperiyasi – V asr oʻrtalaridan VI asr oʻrtalariga qadar Turon hududida hukmronlik qilgan turkiy davlatlardan biridir. Bu davlat oʻz qudratining choʻqqisiga erishgan vaqtda mamlakat chegaralari Xoʻtandan (Sharqiy Turkiston) Eron chegaralarigacha va hozirgi Qozogʻiston dashtlaridan Shimoliy-gʻarbiy Hindistongacha choʻzilgan. Yaʼni Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Pokiston, Hindistonning bir qismi va Xitoyning (Sharqiy Turkistonning bir qator vohalari) katta qismini eftalitlar tasarrufiga kirgan.
Ularning ashaddiy dushmani boʻlmish Sosoniylar imperiyasiga esa milodiy 224-yilda asos solingan boʻlib, bu davlat Fors va Mesopotamiyaning muayyan hududlarini qamrab olgan. 651-yilda Yazdigard III davrida (632–651-yillar) Sosoniylar davlati Arab xalifaligi tomonidan tugatilgan.
Xuroson mintaqasi Turon va Eron oʻrtasidagi doimiy nizo obyekti sifatida, ushbu ikki imperiya toʻqnashuvlariga sabab boʻlgan. V asrda yashagan arman tarixchisi Elishaning yozishicha, sosoniy hukmdor Yazdigard II (438-457-yillar) davrida Sosoniylar imperiyasining shimoliy-sharqiy chegaralari Turon tahdidi ostida boʻlgan, 442-yildan boshlab sosoniylar oʻz chegara xavfsizligi uchun abdallar bilan jang qilishga majbur boʻlgan, hatto Yazdigard II oʻz qarorgohini shimoliy chegaraga koʻchirishga majbur boʻlgan.
457-yilda otasi Yazdigard II vafot etgach, oʻgʻillari Firuz va Hormizd oʻrtasida toj-u-taxt uchun ayovsiz kurash boshlanadi. Fors zodagonlarining yordami bilan Hormizd taxtni egallaydi. Bunday vaziyatda Firuz hokimiyatni Hormizdan tortib olish uchun abdallardan maʼlum bir hududlarni ularga berish evaziga harbiy yordam soʻraydi. Abdallarning yordami bilan Firuz taxtni egallab olishga muvaffaq boʻladi.
Biroq, Firuz hukmronligining boshlanishi noxush kechadi, chunki 459-yilda Eronda qurgʻoqchilik boshlanadi va u qariyb 7-yil davom etadi. Bundan tashqari, 463-yilda nasroniylar qoʻzgʻolon koʻtaradi. Shuningdek, Kidariylarga otasi va akasi davridan toʻlab kelinayotgan odatdagi oʻlponni toʻlay olmagan Firuz 462-yildan ularga qarshi kurashishga majbur boʻladi. Abdallarning harbiy yordami evaziga 468-yili Firuz kidariylarni magʻlubiyatga uchratadi.
Abdallar Toxaristonni egallab olgach, sosoniy Firuz 474-yilda taxminan 70 ming kishilik qoʻshin bilan oʻzining sobiq homiysi boʻlmish abdallarga qarshi yurish boshlaydi.
Vizantiyalik tarixchi Prokopiy Kesariyskiy oʻz asarida urushni shunday tasvirlaydi: “..endi abdallar dushmaniga oʻzlarini qochib ketgandek koʻrsatishdi... ular har tomondan tik togʻlar bilan oʻralgan va keng tarqalgan daraxtlarning zich oʻrmoni bilan moʻljallangan joyga bordilar. Togʻlar orasida uzoq masofaga siljib borganda, vodiyda keng yoʻl paydo boʻldi,... lekin oxirida umuman chiqish yoʻli yoʻq edi, balki yoʻl togʻlarning oʻrtasida tugagan edi. Shunday qilib, Firuz, hech qanday xiyonat haqida oʻylamasdan va dushman mamlakatida yurayotganini unutib, ehtiyotkorlikning eng kichigini ham qilmasdan taʼqibni davom ettirdi. Uning oldida bir ozgina xunlar (abdallar) qochib ketishardi, ularning kuchlarining katta qismi esa yashirinib, dushman armiyasining orqasiga oʻtib oldi... forslar buni anglay boshlaganda... garchi ular Firuzdan qoʻrqib, vaziyat haqida oʻzlari gapirishdan tiyilgan boʻlsalar ham, Yevseviydan Firuzga, oʻz ahvolidan bexabar boʻlgan shohga, vaqtsiz jasorat koʻrsatishdan koʻra, maslahat berishlarini iltimos qilishini soʻrashdi... shunda u Firuzning oldiga bordi... Firuz buni eshitgach... U bundan keyin oldinga siljimadi. Bu paytga kelib, abdallar hech qanday yashirinmasdan ularning orqasidan ergashib kelishardi... Shunda, nihoyat, forslar oʻzlarining qanday qiyin ahvolda ekanliklarini aniq koʻrishdi...
Shunda abdallar shohi oʻz tarafdorlaridan bir necha kishini Firuz tomoniga yubordi... Agar Firuz uning oldida, ularning xoʻjayini ekanligini isbotlab, yerga egilsa va qasam ichib... abdallar millatiga qarshi boshqa hech qachon jang qilmaslikka vaʼda bersa, xunlar (abdallar) ularni qutqarishardi. Firuz buni eshitgach, mogʻlar bilan maslahatlashdi... Mogʻlar javob berishdiki, qasam borasida u bu masalani oʻz xohishiga koʻra hal qilishi kerak, qolgani borasida esa, u dushmanini hiyla bilan aldashi kerak. Ular unga forslar har kuni quyosh chiqishi oldidan yerga egilishi odati borligini eslatishdi, shuning uchun u vaqtni diqqat bilan kuzatib, abdallarning rahbari bilan tong sahar uchrashishi va keyin quyosh chiqishiga qarab, taʼzim qilishi kerak.
Shu tarzda, unga (Firuzga) kelajakda bu ishning sharmandaligidan qutulishi mumkin, deb tushuntirishdi. Firuz shunga koʻra, tinchlik borasida vaʼdalar berdi va dushmani oldida mogʻlar maslahat berganidek aynan yerga egildi va shunday qilib, butun fors armiyasi sogʻ-salomat holda uyiga xursand holda qaytdi...”.
Bundan anglab olish mumkinki, Firuz oʻz joni va qoʻshinini qutqarish uchun abdallar shohiga boshqa hech qachon bostirib kirmaslikka vaʼda beradi. Ammo, bu qasamyodning samimiyligi shubha ostida, chunki shohning maslahatchilari unga bu qasamyodni qanday qilib buzish yoʻllarini oʻrgatishadi. Bu holat qasamning siyosiy maqsadlarda manipulyatsiya vositasi sifatida qoʻllanilganini koʻrsatadi. Yaʼni, qasamyod dushmanni aldash uchun ishlatilgandi.
479-yilda sosoniylar va abdallar oʻrtasida boʻlib oʻtgan ikkinchi urushning sababini keltiradigan yagona manba Balʼamiydir. Unga koʻra, Abdallar shohi Axshunvorning koʻplab fuqarolari uning zolim hukmronligidan norozi boʻlgan va chegaraning Fors tomoniga qochib ketgan hamda u yerda Firuz ularga boshpana bergan. Firuz abdallar shohi Axshunvorga ikkita elchi yuborib, abdal qochqinlari uning yordamiga muhtoj ekanliklarini va endi Axshunvor oʻzining chegara hududlarini nazoratga olishi, aks holda Fors armiyasining bosqiniga duch kelishini aytgan.
Oradan toʻrt yil oʻtgach, Fors saroyida abdallar qirolligidan kelgan qochqinlar soni koʻpayadi. Firuz nihoyat qoʻshin toʻplab, abdallarga qarshi urush eʼlon qiladi. Shubhasiz, Fors hududidagi bu norozi abdal qochqinlari Firuzni tavakkal qilishga undagan. U Abdallar davlati ichki nizolar bilan boʻlinib ketgan va zabt etishga tayyor deb oʻylagan, ammo adashganini keyinchalik sezgan. Abdallar shohida forslarga qarshi turish uchun hali ham yetarlicha sodiq fuqarolar hamda kuchli qoʻshin mavjud edi.
Arab va fors manbalardagi Firuzning ikkinchi yurishi haqidagi maʼlumotlar Poliyening “Shiroq rivoyati” ni eslatadi: ...u (Firuz) Xurosonga oʻz armiyasi bilan yoʻlga chiqdi va uning maqsadi abdallar shohi Axshunvorga qarshi urush qilish edi. Bu xabar Axshunvorga yetgach, uni qoʻrquv bosdi. Shunday rivoyat qilinadiki, Axshunvorning xizmatkorlaridan biri u uchun oʻz hayotini qurbon qilishni taklif qilgan va unga shunday degan: “Mening qoʻllarim va oyoqlarimni kesib, Firuz yoʻliga tashlab yubor, lekin mening bolalarim va oilamga qara”...
Firuz uning yonidan oʻtib ketayotganda, bu odamning ahvolidan qaygʻuga tushdi va undan nima boʻlganini soʻradi. Bu odam Axshunvorga Fors qoʻshinlariga qarshi tura olmasligini aytgani uchun ham shunday holga tushganini bildirdi... Bu odam Firuzga... uning va uning tarafdorlariga qisqa yoʻl koʻrsatishini aytdi... Firuz bu hiylaga uchdi va uning qoʻshinlari mayib odam aytgan yoʻl boʻylab yurdi. Ular bir choʻldan ikkinchi choʻlga botib boraverdi va har gal chanqoqlikdan shikoyat qilganda, bu odam ularga suv yaqin ekanligini va choʻlni deyarli kesib oʻtganliklarini aytardi. Nihoyat, bu odam ularni na oldinga, na orqaga keta olmaydigan joyga olib kelgach, nima qilganini ochiqladi.
Firuzga xizmatkorlari: “Biz sizga bu odam haqida ogohlantirgan edik, ey shoh, lekin siz ogohlantirishga quloq solmadingiz. Endi biz faqat dushmanga duch kelgunimizga qadar oldinga borishimiz mumkin, qanday sharoit boʻlishidan qatʼiy nazar”, deyishdi. Shunday qilib, ular doimo oldinga boraverdilar, chanqoqlik ularning katta qismini oʻldirdi va Firuz tirik qolganlar bilan dushmanga qarshi bordi. Ular oʻzlarining qanday ahvolga tushib qolganliklarini koʻrib, Axshunvordan tinchlik shartnomasi tuzishni iltimos qildi”.
Manbadagi maʼlumotlardan koʻrinadiki, birinchi yurishidagi qasamini buzgan Firuz, Abdallar hukmdoridan tinchlik shartnomasini imzolashni yana iltimos qiladi. U oʻzining zaifligini anglab yetadi va tinchlik shartnomasini imzolashga majbur boʻladi.
Fors manbalariga koʻra, abdallar hukmdori Firuz va uning odamlaridan eftalitlar yerlariga boshqa hech qachon bostirib kirmaslik vaʼdasini olgan. Shundan soʻng eronliklar qoʻyib yuborilgan. Firuz va Axshunvor oʻrtasida rasmiy shartnoma tuzilgan. U muhrlangan va guvohlar huzurida tasdiqlangan.
Vizantiya manbalari asosida shuni aniq koʻrish mumkinki, Fors manbalari kelishuvning eng sharmandali tafsilotlarini qasddan yashiradi. Yoshuaga koʻra, Firuz abdallarga qarshi ikkinchi marta jang qilganda, uning armiyasi tor-mor etilgan (bu notoʻgʻri) va u asir olingan. Bu safar Firuz ozodlik evaziga 30 tuyaga yuklangan dirham (kumush tangalar) berishni vaʼda qilgan. Biroq, davlat xazinasi urushlar tufayli boʻsh edi, natijada u faqat 20 ga yaqin yukni yigʻa oladi. Qolgan oʻn tuya yuk uchun oʻgʻli Kubodni garov sifatida beradi. Shundan keyin Firuz ozod qilinadi. Shoh oʻz yurtiga qaytgach, jon soligʻi kiritadi va kerakli oʻn tuyaga yuk kumushni yigʻib, oʻgʻlini qaytarib oladi.
Balʼamiyning soʻzlariga koʻra, oldingi urushdan uch-toʻrt yil oʻtgach va vaziyat yetarli darajada barqarorlashgach, Firuz sharmandalikka chiday olmagan va oliy kohindan yana urushni boshlashda maslahat soʻragan. Kohin shartnomani buzish va yolgʻonchi boʻlish notoʻgʻri boʻlishini aytadi. Firuz hiyla orqali yolgʻonchi boʻlmaslik yoʻlini topadi. Biroq kohin hiyla bilan yolgʻonchilikdan qutulib boʻlmasligini taʼkidlaydi. Balʼamiyning soʻzlariga koʻra, sarkardalar ham oliy kohin kabi javob bergan.
Firuz 484-yilda yuz ming kishi va 500 ta fildan iborat armiya bilan Abdallar yurtiga yurish boshlaydi. U qizi Firuzduxtni ham oʻzi bilan olib ketadi. Harbiy rahbariyat va oliy kohin bunga qarshi chiqib, oʻgʻillar uyda qoldirilganda ayolni urushga olib borish notoʻgʻri boʻlishini aytgan, ammo foydasi boʻlmagan.
Forslar Goʻrgondan shimoli-sharqqa qarab yurib, chegarani belgilovchi ustunga yetgach, Firuz ustunni 300 kishi boshchiligidagi 50 ta fil yordamida oʻz armiyasi oldida sudrab ketgan. Shu tarzda Firuz chegarani kesib oʻtmaslik haqidagi qasamini bajargan deb daʼvo qilishi mumkin edi, ammo Balʼamiyning soʻzlariga koʻra, sarkohin hali ham bu yolgʻonchilik ekanligini taʼkidlagan.
Uchinchi yurish haqidagi xabar Abdallar shohiga yetib borgach, u oʻz vakilini Firuzga quyidagi xabar bilan yuboradi: “Siz men bilan yozma ravishda, muhr ostida tinchlik shartnomasini tuzdingiz va menga qarshi urush qilmaslikka vaʼda berdingiz. Biz hech bir tomon dushmanlik niyati bilan kesib oʻtmasligi kerak boʻlgan umumiy chegaralarni belgilab qoʻydik”.
Tabariyning maʼlumotlarida, Sosoniylar va Abdallar oʻrtasidagi chegarada Bahrom V ( 420–438-yillar) minora qurdirgani, bu minora abdallar va forslar chegara edi. Bahrom minorasini 50 ta fil va 300 kishiga sudrab borishni buyurgan Firuz orqada yurardi va shu tariqa Axshunvor bilan tuzgan shartnomasini buzmayotganini yaʼni, minoradan oʻtmaslik vaʼdasini bajarayotganini aytardi.
Bundan xabar topgan Axshunvor chuqur qazishni, ularni yupqa taxta bilan yopishni va ustiga tuproq tashlashni buyuradi. Abdallar qoʻshini sosoniylar qoʻshini orqasidan aylanib oʻtib, yon va orqa tomondan zarb beradi. Bundan tashqari, yoʻlda oʻrnatilgan tuzoqlar hal qiluvchi rol oʻynaydi, ular dushmanning jangovar safini buzadi va koʻplab askarlarni qopqonga tushiradi.
Firuz oʻldiriladi va uning koʻplab yaqinlari, jumladan qizi Abdallar tomonidan asirga olinadi.
“Ravat hukmdori” arxividagi maʼlumotlarga qaraganda, Eron sosoniylari 484-yildan VI asr oʻrtalariga qadar Abdallarga oʻlpon toʻlashga majbur boʻladi. Sosoniy tangalarining bir qismi Abdallar belgisi bilan qayta ishlanadi va bu tangalar oʻlpon toʻlash uchun ishlatiladi. Bu holat Xusrav I (531-579) hukmronligining dastlabki yillariga qadar davom etadi.
Abdallar va Sosoniylar oʻrtasidagi munosabatlar tarixida uchta yirik toʻqnashuv alohida ajralib turadi. Ushbu uch toʻqnashuv shunchaki harbiy toʻqnashuvlar boʻlmay, balki qasamlar berilib, xiyonatlar qilingan, siyosiy manfaatlar shaxsiy sharaf va davlat obroʻsidan ustun qoʻyilgan davrning yorqin misoli edi. Bu tarixiy voqealar, nafaqat oʻsha davr siyosiy manzarasini, balki insoniy tabiatning murakkab jihatlarini ham ochib beradi. Qasamning qadri va xiyonatning oqibatlari, kuch va hiyla oʻrtasidagi abadiy kurash – bularning barchasi Abdallar va Sosoniylar munosabatlari tarixida oʻz aksini topgan.
Mardonbek RAJAPOV
O‘zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q