
Suriya, Turkiya va Eron hududida bir xil nomdagi 3 ta qadimiy shahar mavjud boʻlib, ular “Apama” yoki “Apameya” deb nomlanadi. Tadqiqotchi olimlar bu nomni salavkiylar sulolasi asoschisi Salavkning turonlik boʻlgan turmush oʻrtogʻi – Apama nomi bilan bogʻlaydi.
Miloddan avvalgi 324-yilda Suza shahrida Makedoniyalik Aleksandr tomonidan ommaviy toʻy marosimi tashkil etiladi. Bu toʻyda yunon-makedon zobitlari va sobiq Ahamoniylar imperiyasi hududidan boʻlgan ayollar oʻrtasida yoppasiga nikohlar tuzilgan. Marosim besh kun davom etgan. Bundan koʻzlangan maqsadlardan biri, imperiya asoslarini mustahkamlash, mahalliy aholi bilan aloqa oʻrnatish edi.
Mazkur marosim doirasida Spitamenning qizi Apama va makedoniyalik sarkarda Salavk oʻrtasida ham nikoh toʻyi boʻlib oʻtadi. Salavkning Apama bilan nikohi faqatgina siyosiy manfaatni koʻzlagan holda amalga oshirilgan degan qarashlar mavjud. Taʼkidlash joizki, Salavk dastlab Baqtriya bilan aloqalarning faqatgina siyosiy tomonlarini koʻrgan boʻlishi mumkin, ammo vaqt oʻtishi bilan unga bu aloqalarning imperiyasi uchun harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan ham qanchalik muhim ekanligi tobora ochiq-oydin boʻlib boravergan.
Shu bilan birga, Salavk va Apama oʻrtasida oʻzaro samimiy muhabbat rishtalari mavjud boʻlgani ehtimolini ham rad etib boʻlmaydi. Zero, siyosiy manfaatlar va shaxsiy tuygʻular bir-birini istisno qilmaydigan holatlar tarixda koʻp uchraydi. Salavkning Baqtriya hududida oʻz hukmronligini oʻrnatish jarayonida rafiqasining baqtriyalik ekanligi muhim vosita vazifasini bajargan. Bu omil Salavkning mintaqadagi siyosiy hokimiyatini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Makedoniyalik Aleksandr vafotidan keyin deyarli barcha diadohlar (noiblar) Suza shahridagi toʻy marosimida oʻz nikohiga olgan sharqlik ayollar bilan ajrashadi. Faqatgina Salavk va bir necha sarkarda ushbu nikohlar saqlab qoladi. Keyinchalik, Salavk oʻz hokimiyatini mustahkamlab, Salavkiylar sulolasiga asos solgach, Apama bilan nikohidan tugʻilgan farzandi Antioxni taxt vorisi deb eʼlon qiladi. Bu qaror ham Apamaning Salavk taqdirida naqadar muhim rol oʻynaganini koʻrsatadi.
Salavkning siyosiy faoliyatida Apama muhim rol oʻynagan boʻlib, bu uning ellin dunyosida “basilissa” unvoniga sazovor boʻlgan ikkinchi malika ekanligida namoyon boʻladi. Ushbu unvon malikaning yuqori maqomini va siyosiy taʼsirini belgilab bergan. Bundan tashqari, Salavk ayoli bilan munosabatlarini va sadoqatini namoyish etish uchun, uchta shaharni Apama sharafiga nomlagan. Shaharlarga Apama nomini berish, shuningdek, mahalliy aholining malikaga boʻlgan hurmatini qozonish va Salavkiylar sulolasining qonuniyligini oshirishga qaratilgan siyosiy yechim boʻlgan.
Apama Salavkning safarlarida doimiy ravishda unga hamrohlik qilgan va omma oldida uning yonida koʻrinish bergan. Bu holat, uning nafaqat shaxsiy hayotda, balki jamoat ishlarida ham faol ishtirok etganini koʻrsatadi. Apama Salavkning diniy siyosatini qoʻllab-quvvatlab, Didima va Delosdagi ibodatxonalarga muntazam ravishda xayriyalar qilgan. Bu xayriyalar, ehtimol, Salavkning hukmronligini tasdiqlash va malika sifatida jamoatchilik oldida ijobiy qiyofani shakllantirish maqsadida amalga oshirilgan.
Miletliklarning Apama sharafiga Didimada haykal oʻrnatishi, uning Salavk armiyasidagi miletliklarga koʻrsatgan yordami uchun minnatdorchilik ramzi sifatida qaraladi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Turonlik zodagon oilasidan boʻlgan Apama, Salavkiylarning Sharqiy hududlarda, xususan Turon zaminida oʻz hokimiyatini mustahkamlashida koʻprik vazifasini oʻtagan. Nikoh orqali oʻrnatilgan bu aloqalar nafaqat harbiy va iqtisodiy, balki madaniy jihatdan ham imperiyaning rivojlanishiga turtki bergan.
Salavk tomonidan uchta shaharga Apama nomining berilishi, hukmdorning rafiqasiga boʻlgan hurmati va minnatdorchiligining yorqin namunasidir. Bu siyosiy qadam, shuningdek, mahalliy aholining malikaga boʻlgan ehtiromini oshirishga va Salavkiylar sulolasining Sharqdagi boshqaruvini taʼminlashga xizmat qilgan. Apamaning “basilissa” (qirolicha, malika) unvoniga sazovor boʻlishi, uning yunon-makedon dunyosidagi yuksak maqomini va siyosiy taʼsirini ifoda etadi.
Ulug‘bek OLIMOV
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Ta’lim-tarbiya
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q