
Alan Aleksandr Milnning “Vinni-Pux” kitobi va u asosida suratga olingan multfilmni eslaysizmi? Begʻubor kulgi, shirin sarguzashtlar, doʻstlik... Lekin kutilmagan savol tugʻiladi: nima uchun ular kattalarni ham oʻziga rom etadi? Nima uchun Yuz akrli oʻrmon aholisi shunchalik tanish tuyuladi? Bu tasodifmi?
Kanada Tibbiyot Assotsiatsiyasi jurnalida eʼlon qilingan “Yuz akrli oʻrmondagi patologiya” nomli tadqiqot bu savollarning kutilmagan javobini taqdim etdi. Maqola adabiyot va psixiatriya olamida katta shov-shuvga sabab boʻldi. Chunki u bizning sevimli qahramonlarimizni mutlaqo boshqacha nuqtai nazardan koʻrsatib berdi. Psixiatrlarning taʼkidlashicha, kitobning har bir qahramoni zamonaviy ruhiy kasalliklarning ramziy ifodasidir va bu tasodif emas. Muallif oʻz asarida zamonaviy jamiyatning ruhiy portretini yaratmoqchi boʻlgan.
Asalsevar momiqvoy: diqqat yetishmovchiligi
Vinni-Pux yoki biz Momiqvoy deya atashga oʻrgangan ayiqcha, shubhasiz, koʻpchilik bolalarning sevimli qahramoni. Uning soddaligi, samimiyati va shirinlikka boʻlgan muhabbati koʻplab muxlislarni oʻziga jalb qila olgan. Biroq, psixiatrlar uning xatti-harakatlarida jiddiy ruhiy buzilishlar alomatlarini koʻrishgan. Birinchidan, unda diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi kuzatiladi (ADHD) – Vinni bir fikrda toʻxtay olmaydi, tez chalgʻiydi, hatto eng muhim vaziyatlarda ham eʼtiborini jamlay olmaydi. U tez-tez oʻylanib qoladi va nima deyotganini ham unutib qoʻyadi. Bu esa, klassik ADHD belgisi.
Bundan tashqari, ayiqchada obsessiv-kompulsiv buzilish belgilari ham uchraydi. Uning asalga boʻlgan munosabati shunchaki ochlikdan emas. Bu – fikrlash va reallikdan qochishning yaqqol namunasi. Vinni asal haqida shunchalik koʻp oʻylaydiki, natijada hatto eng yaqin doʻstlarining muammolarini ham unutib qoʻyadi.
Puchuqvoy: qoʻrquv va xavotir qurboni
Puchuqvoy – multfilmdagi eng tez-tez bezovta boʻladigan qahramon. Uning doimiy vahima holati psixiatrlar eʼtiborini tortdi. Ular Puchuqvoyga umumlashgan xavotir buzilishi (GAD) tashxisini qoʻyishdi.
Bu holatning asosiy belgilari:
- Har qanday vaziyatda ham xavf-xatar qidirish;
- oʻtmishdagi xatolardan haddan tashqari aziyat chekish;
- mustaqil qaror qabul qila olmaslik;
- doimiy ichki taranglik;
- passiv-agressiv xulq-atvor.
Puchuqvoyning har bir harakati, har bir soʻzi zamirida chuqur psixologik travma yotibdi. U hatto eng xavfsiz vaziyatlarda ham fojia kutadi.
Tushkunlik botqogʻidagi Xoʻtikvoy
Xoʻtikvoy – asarning eng gʻamgin qahramoni. Uning doimiy tushkunligi koʻpchilikka tanish. Psixiatrlar uning holatini klinik depressiyaning klassik namunasi sifatida baholashmoqda.
Klinik depressiyaning asosiy belgilari Xoʻtikvoyda yaqqol namoyon boʻladi:
- Doimiy tushkun kayfiyat;
- hayotdan zavq ololmaslik;
- oʻz-oʻzini past baholash;
- ijtimoiy faollikdan bosh tortish;
- umidsizlik hissi;
- doimiy charchoq va holsizlik.
Yoʻlbarsvoy: Bipolyar buzilish
Yoʻlbarsvoyning tinib-tinchimas xarakteri koʻpchilikni quvontiradi. Ammo psixiatrlar uning xatti-harakatlarida bipolyar buzilishning alomatlarini aniqlashdi.
Bipolyar buzilishning asosiy belgilari:
- Haddan tashqari faollik davrlari;
- toʻsatdan tushkunlikka tushish;
- energiya darajasining keskin oʻzgarishi;
- impulsiv xatti-harakatlar;
- oʻz xatti-harakatlarini nazorat qila olmaslik.
Mukammallik qurboni: Quyonvoy
Quyonvoy – oʻrmondagi eng tartibli jonzot, uyida har bir narsa oʻz oʻrnida turishi kerak. Bu shunchaki tartibsevarlik emas, psixiatrlar buni obsessiv-kompulsiv shaxsiyat buzilishi deb baholashmoqda.
Bu holatning belgilari:
- Haddan tashqari mukammallikka intilish;
- qatʼiy tartib-qoidalarga bogʻlanib qolish;
- moslashuvchanlikning yoʻqligi;
- boshqalarni nazorat qilishga intilish;
- oʻzgarishlarni qabul qila olmaslik.
Bilimdon ukkining sir-sinoatlari
Ukkivoy oʻzini oʻrmonning eng aqlli jonzoti deb biladi. Ammo uning xatti-harakatlarida kognitiv buzilishlar, xususan, disleksiya belgilari yaqqol koʻrinadi:
- oʻqish va yozishda qiynalish;
- mantiqiy fikrlashdagi muammolar;
- notoʻgʻri xulosalar chiqarish;
- oʻz xatolarini tan olmaslik;
- reallikni notoʻgʻri idrok etish.
Ona mehri yoki ruhiy kasallik?
Kenga – gʻamxoʻr ona. Ammo uning gʻamxoʻrligi normal chegaradan oʻtib ketgan. Psixiatrlar buni ijtimoiy xavotir buzilishi deb baholashmoqda:
- farzandini haddan tashqari himoya qilish;
- ijtimoiy munosabatlardan qochish;
- doimiy xavotir;
- mustaqil qaror qabul qila olmaslik.
Kristofer Robin: eng ogʻir diagnoz
Asarning eng muhim qahramoni – Kristofer Robin. Uning holati psixiatrlarni eng koʻp oʻylantirgan ekan, chunki ular bolaning xatti-harakatlarida shizofreniya alomatlarini koʻrishmoqda:
- real dunyodan koʻra xayoliy olamda yashash;
- jonsiz narsalar bilan muloqot qilish;
- his-tuygʻularni hayvonlar obrazi orqali ifodalash;
- ijtimoiy munosabatlardan chetlashish.
Bolalar adabiyotining qorongʻi tomoni
Bu tadqiqot bizni jiddiy oʻylashga majbur qiladi. Biz sevib tomosha qilgan multfilm zamirida shunday chuqur psixologik muammolar yashiringan ekan. Psixiatrlarning fikricha, muallif oʻz asarida zamonaviy jamiyatning ruhiy holatini aks ettirishga harakat qilgani uchun har bir qahramon – maʼlum bir ruhiy kasallikning badiiy ifodasi, deyish mumkin.
Ushbu tahlil bizga ikkita muhim saboq beradi:
- bolalar adabiyotida ham chuqur psixologik maʼnolar yashirin boʻlishi mumkin;
- bizni oʻrab turgan dunyo koʻringanidan ham murakkab.
Ehtimol, aynan shuning uchun ham bu asar shuncha yillar davomida oʻz dolzarbligini yoʻqotmay kelmoqda. Chunki u inson ruhiyatining eng nozik jihatlarini ochib bera olgan noyob asarlardan biri. Albatta, ushbu tadqiqot balki biryoqlama qarash deb bilishingiz ham mumkin. Ammo, buni bilganimdan soʻng bir savol ochiq qoladi menda, ushbu asarlarni bolaga oʻqitish, koʻrsatish kerakmi, yoʻqmi?..
Samandar ERKINJONOV
Tarix
San’at
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q