Psixoanaliz va kino – Mashhur filmlarda yashiringan Freyd gʻoyalari


Saqlash
10:58 / 12.03.2025 1255 0

Qorongʻi kinoteatrda oʻtirib, ekranda kechayotgan voqealar qalbingizni titratganda, ongingiz ostidagi qandaydir kuchlar harakatga kelishini hech sezganmisiz? Bu tasodif emas. “Inson ruhiyati aysberg kabi – uning koʻrinadigan qismi juda kichik, asosiy katta qismi esa bizga koʻrinmaydi”, - degan edi Zigmund Freyd. Kinematografiya aynan shu koʻrinmas dengizni kashf etishning eng qudratli usullaridan biridir.

 

Freyd ismi bilan bogʻliq boʻlgan gʻoyalar – ong osti, tushlar, repressiya va Edip komplekslari bugungi kunda taniqli rejissorlar asarlarida yashiringan. Ushbu maqolada mashhur filmlardagi yashirin psixoanalitik gʻoyalarni ochib berishga harakat qilinadi.

 

 

Freyd psixoanalizining asosiy tushunchalari

 

Freyd nazariyasida inson psixikasi uch qismdan iborat:

U (ID) – bu bizning eng chuqur, hayvoniy, instinktiv istak va ehtiyojlarimiz. Oziq-ovqat, jinsiy ehtiyoj va xavfsizlikka intilish aynan shu qismda joylashgan.

Men (Ego) – bu ongimiz, oqilona va mantiqli fikrlash, qaror qabul qilishimiz uchun masʼul qism.

Yuqori Men (Super-ego) – bu bizning ichki axloq qoʻriqchimiz, ota-onalarimiz va jamiyatdan oʻrgangan qadriyatlarimiz.

 

Shu uch qism doimo kurashda: ID qondirilishni xohlaydi, Super-ego tartib-qoidalarga boʻysunishni, Ego esa ikkalasi oʻrtasida muvozanat saqlashga harakat qiladi. Bu kurash koʻp filmlarda qahramonlarning ichki ziddiyatlari orqali aks ettiriladi.

 

 

Freydning yana bir muhim kashfiyoti – ong osti. U inson xatti-harakatlarining katta qismi ongli nazoratimizdan tashqarida boʻlgan tuygʻular, xotiralar va impulslar bilan boshqarilishini taʼkidlagan.

 

Tush koʻrish tahlili psixoanalizning yana bir muhim qismi. Freyd tushlarni “ong ostiga olib boruvchi koʻcha” deb atagan. Tushlarimizda koʻrgan ramziy obrazlar aslida yashirin istak va qoʻrquvlarimizning ifodasi. Kino ham koʻpincha tush koʻrish mantiqidan foydalanadi – kelajak va oʻtmishga sakraydigan syujetlar, gʻalati obrazlar, metaforalar aynan shu tush mantigʻiga asoslangan.

 

Repressiya – bu ogʻriqli, qoʻrqinchli boʻlgan fikrlar va xotiralarni ongimizdan siqib chiqarishdir. Ushbu mexanizm koʻplab filmlarning asosini tashkil etadi – qahramonlar koʻpincha oʻzlarining bostirilgan xotiralari yoki istaklari bilan toʻqnashadi.

 

Edip kompleksi – farzandning oʻziga oʻxshash jinsdagi ota-onasi bilan raqobatlashuvi va qarama-qarshi jinsli ota-onasiga nisbatan erta yoshdagi mehr-muhabbati. Bu gʻoya koʻplab filmlardagi oila munosabatlarini tushunishga yordam beradi.

 

Freyd filmlarni koʻrishda nimalarga eʼtibor qilishimizni soʻraydi? Har bir filmni koʻrayotganda, ayni savollar haqida oʻylab koʻring: qahramonlarning harakati qanday motivlarga asoslangan? Ular ongli ravishda qaror qilyaptimi yoki ong osti impulslar taʼsiridami? Film syujeti mantiqiy rivojlanyaptimi yoki tush mantigʻiga oʻxshayaptimi? Bu savollar sizga har qanday filmni yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.

 

Psixoanalitik nazariya prizmasidan filmlar tahlili

 

“Qora oqqush” (Black Swan) – ikki qutbli shaxs dramasi

Kartinada raqqosa Nina obrazi repressiyalangan istak va ikkilanish mavzularini namoyish etadi. Nina hayoti Super-ego tomonidan qattiq nazorat qilinadi – u faqat mukammallikka intiladi. Lekin uning ichida qora oqqush – uning bostirilgan ijodiy va jinsiy ehtiyoji yashiringan. Film davomida uning repressiyalangan tomoni yuzaga chiqib, psixologik parchalanishga olib keladi. Dramaning kulminatsiyasida Nina shaxsining ikki tomoni – oq oqqush va qora, ehtiros toʻla oqqush oʻrtasidagi kurash koʻrsatiladi. Bu aynan Freyd aytgan bostirilgan impulslarning natijasi – ular qanchalik koʻp bostirilsa, shunchalik kuchli portlash bilan yuzaga chiqadi.

 

 

“Jang klubi” (Fight Club) – Ego va ID kurashi

 Filmdagi bosh qahramon va Tayler Durden orasidagi munosabat Ego va ID oʻrtasidagi kurashning yorqin misoli. Bosh qahramon – Super-ego boshqaruvidagi, isteʼmolchi jamiyatining quli. Tayler Durden esa – uning ozod boʻlgan, instinktiv va buzgʻunchi tomoni (ID).

 

Diqqat, spoyler!(ushbu xatboshini filmni koʻrganingizdan soʻng oʻqish tavsiya etiladi)

Kartina davomida bu ikki obraz oʻrtasidagi chegara yoʻqoladi va ular aslida shaxsning ikki qismi ekani oshkor boʻladi. Bu Freydning inson psixikasi tuzilishi haqidagi nazariyasining klassik namunasi – har bir inson ichida tartibli Ego va buzgʻunchi ID yashaydi.

 

 

“Telba” (Psycho) – Edip kompleksining klasssik namunasi

Hichkokning “Telba” filmi Edip kompleksini koʻrsatuvchi eng yorqin misol. Norman Beyts onasi bilan shunday murakkab munosabatga egaki, ayolning oʻlimidan keyin ham u bilan “suhbatlashishda” davom etadi. Uning onasiga boʻlgan mehr-muhabbati shu qadar kuchliligidan baʼzan oʻzini onasi deb his qiladi va uning liboslarini kiyib, uning ovozi bilan gapiradi. Hichkok psixoanalitik nazariyadan foydalanib, onaga boʻlgan murakkab muhabbat qanday qilib psixozga aylanishini koʻrsatadi. Bu film psixoanaliz tarixi va kino sanʼatining kesishgan nuqtasidir.

 

 

“Qoʻzichoqlar sukunati” (The Silence of the Lambs) – psixoanaliz va jinoyatchi psixologiyasi

Filmda psixoanaliz jinoyatchi psixologiyasi bilan kesishadi. Hannibal Lektor obrazi – psixoanalitikning qora, xavfli versiyasi. U Klarisning ong ostini yorib oʻtib, uning qoʻzichoqlar haqidagi bolalikdagi travmasini fosh etadi. Filmda psixoanalitik soʻrov usullari jinoyatchilarni tushunish va ularni tutish uchun qoʻllaniladi. Freyd psixoanalizidan foydalanib, biz nafaqat oddiy odamlarni, balki eng xavfli psixopatlarni ham tushuna olamiz.

 

 

“Muqaddima” (Inception) – tush koʻrishning vizual metaforasi

“Muqaddima” filmi tush koʻrish va ong osti strukturalarining vizual talqinini taqdim etadi. Film tushdagi turli darajalar orqali psixikaning chuqur qatlamlarini oʻrganadi.

Film gʻoyasi – ong ostiga gʻoyalarni singdirish bu – Freydning ongli fikrlarimiz va qarorlarimiz koʻpincha ongsiz kuchlar tomonidan boshqarilishi haqidagi nazariyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri ishora. Filmda tushlar ichidagi tushlar orqali biz ong ostining turli qatlamlari qanday ishlashini koʻrishimiz mumkin.

 

 

Zamonaviy kinoda psixoanalitik qarashlar evolyutsiyasi

 

Jahon kinematografiyasini kuzatib, klassik freydizm bilan bir qatorda, Karl Yung, Jek Lakan va boshqa olimlarning gʻoyalari ham hozirgi filmlarni boyitayotganini koʻrish mumkin. Kristofer Nolan (“Inception”, “Memento”), Darren Aronovskiy (“Black Swan”, “Requiem for a Dream”), Devid Kronenberg (“A Dangerous Method”, “Spider”) va Lars fon Triyer (“Melancholia”, “Nymphomaniac”) ijodida psixoanalitik konsepsiyalar markaziy oʻrinni egallagan. Bu rejissorlar Freyd gʻoyalarini zamonaviy texnika va vizual uslublar bilan qoʻshib, yangi darajadagi kinoni yaratmoqdalar.

 

Freyd gʻoyalari 1920-yillardagi nemis ekspressionizmi filmlaridan tortib, bugungi eksperimental kinolargacha uzviy taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Bu eskilik va zamonaviylikni bogʻlovchi aloqa hisoblanadi. Bugungi filmlar, odatda, klassik psixoanalitik konsepsiyalar ustiga yangi qadriyatlar va muammolarni qoʻyib, tomoshabinni yanada chuqurroq mulohaza yuritishga undamoqda.

 

Tomoshabin psixologiyasi

 

Freyd gʻoyalariga asoslangan filmlar nega tomoshabinlarga kuchli taʼsir etadi? Birinchidan, bunday filmlar har birimizda mavjud boʻlgan ichki ziddiyatlarga “tegib” oʻtadi. Ekranda “Qora oqqush” – Ninaning onasiga boʻlgan murakkab muhabbatini koʻrganda, biz ham oʻz oilamizdagi munosabatlarni eslаymiz. Bu bizga qahramonlar bilan aloqa oʻrnatishimizga yordam beradi.

 

Ikkinchidan, psixoanalitik obrazlar universal – ular tushunish uchun maxsus bilim talab qilmaydi. “Jang klubi”dagi ikki shaxsiyatli qahramonni koʻrib, biz oʻzimizdagi qarama-qarshiliklarni his qilamiz. Bu ramzlar hammaga tanish, chunki ulаr umuminsоniy tajribaga asoslangan.

 

Uchinchidan, bu filmlar bizni faol oʻylashga, syujetdagi boʻshliqlarni toʻldirishga undaydi. “Muqaddima” filmini koʻrayotganda, biz ham qahramonlar bilan birga tushning har bir qatlamini ajratishga harakat qilamiz. Bu murakkablik filmlarga takror-takror qaytishimizga sabab boʻladi.

 

Baʼzi filmlarni koʻrganingizdan keyin ular haqida uzoq vaqt oʻylab yurasiz. Xayolingizdan ketmaydi, tushlaringizga kiradi. Bu holat film mualliflari sizning ong ostingizga taʼsir qilganini bildiradi. Ular ong ostidagi qoʻrquvlaringiz, istaklaringiz va xotiralaringizga “teginib”, ularga hayot bagʻishlagan boʻladi. Bunday filmlar ongingiz yuzasidagi sukunatni buzib, ichki dunyongizning tub qismidagi kuchlarni uygʻotadi.

 

 

Tanqidiy nuqtai nazar

Ammo psixoanaliz nazariyasining oʻzi zamonaviy psixologiyada kuchli tanqidga uchraydi. Tanqidchilar quyidagi eʼtirozlarni keltiradilar:

 

Freyd gʻoyalarini ilmiy jihatdan tekshirib boʻlmasligi va tajribaviy asosga ega emasligi;

Gender stereotiplari va ayollar psixologiyasi haqidagi eskirgan qarashlar;

Bola psixologiyasi haqidagi xulosa va dalillarning cheklangani.

 

Shunga koʻra, filmlardagi psixoanalitik talqinlarning ham oʻz chegaralari bor. Ortiqcha talqin xavfi ham mavjud: har qanday film elementini psixoanalitik prizimadan koʻrish, baʼzan asl maʼnoni yoʻqotishga olib kelishi mumkin.

 

Kino va Freyd oʻrtasidagi munosabat juda murakkab va koʻp qirrali. Baʼzi filmlar toʻgʻridan-toʻgʻri psixoanalitik tushunchalarga asoslangan boʻlsa, boshqalarda bu gʻoyalar nozik va koʻpincha nomukammal koʻrinishda namoyon boʻladi. Zamonaviy tomoshabin uchun psixoanalitik tushunchalarni bilish filmlardagi chuqur maʼnolarni ochib olishga yordam beradi. Filmlarni psixoanalitik nuqtai nazardan koʻrib chiqish, ularni yanada kengroq va chuqurroq tushunishga imkon beradi. Shuningdek, oʻzimizni ham yaxshiroq anglashga yordam beradi. Ekranda koʻrgan obrazlarimiz orqali biz oʻzimizning ichki dunyomizdagi yashirin jarayonlarni koʻra olamiz va tushuna olamiz.

 

Psixoanalitik nuqtai nazardan koʻrib chiqish uchun tavsiya etiladigan filmlar:

“Donnie Darko” (Richard Kelli)

“Persona” (Ingmar Bergman)

“Eyes Wide Shut” (Stenley Kubrik)

“Vertigo” (Alfred Hitchkok)

“The Shining” (Stenley Kubrik)

 

Samandar ERKINJONOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:04 / 16.04.2025 0 297
Bobur nega Navoiyga e’tiroz qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//