
Turkiston ellari ilk oʻrta asrlarda ham ota-bobolaridan qolgan bayramlarni nishonlashda davom etgan. Bu davrda zardushtiylikka va ob-havoga asoslangan bayramlarni eronliklar ham, turonliklar ham tantana qilgan.
Eron va Turkiston orasidagi ming yillik aloqalar tufayli ayrim bayramlar bir eldan boshqasiga oʻtgan, tutumlar (anʼanalar) oʻzaro uygʻunlashgan. Baʼzan bayramlarning kuni biroz oldinga yoki orqaga siljigan yoxud turkistonliklar uning muqobilini nishonlagan. Lekin ajdodlarimizning anchagina bayramlari oʻziga xos boʻlib, eronliklarnikidan farq qilgan.
Turkiston ellarining eng mashhur bayrami – Navroʻzdir (soʻgʻdcha “Navsard”, eski xorazm tilida esa “Navsorji”). Turkistonliklar Navroʻzi eronliklarnikidan 5 kun keyin nishonlangan. Bu forsiylarning Katta Navroʻziga toʻgʻri keladi. Navroʻz otashparastlar zijlari boʻyicha, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida, Quyoshning Saraton burjiga kirish payti, yaʼni 21-iyun kuniga toʻgʻri kelgan.
Otashparastlarda Navroʻz kuni yozgi quyosh turishi (yozgi uzunkunlik) vaqtiga moslab qoʻyilishining sababi shuki, quyoshning ikkala yozgi va qishki turishini oddiy koʻz bilan aniqlash, ikki kecha-kunduz barobarligini bilishdan osonroq boʻlganidir. Binobarin, yozgi quyosh turishida yuqoriga koʻtariluvchi, yaʼni yil davomida eng qisqa boʻluvchi soya va qishki turishida quyi tushib yoyiluvchi, yaʼni yil davomida eng uzun boʻluvchi soyani oddiy kishi Yerning istalgan joyidan oson aniqlay oladi.
Ikki kecha-kunduz barobarligini, yaʼni bahorgi tengkunlikni esa shahar kengligi va quyoshning Yerga nisbatan ogʻishini aniqlamasdan bilib boʻlmaydi. Demak, shu sabablarga koʻra bobolarimiz yil boshi boʻlishga quyoshning yozgi turish kunini, yaʼni 21-iyunni munosib koʻrgan. 21-iyun kuni gʻallalar yetiladigan vaqt ham boʻlib, dehqonlardan yer soligʻini olish ham dastlab shu kundan boshlangan.
Lekin kalendardagi xatoliklar sabab IX asr oʻrtalarida yer soligʻini olish vaqti ekin yetilmagan paytga toʻgʻri kelib, aholi bundan jiddiy zarar koʻradi. Natijada turonlik aholining, ayniqsa, dehqonlarning noroziligi kuchayadi. Shu sabab xalifa Mutavakkil (847-861) Navroʻzni oʻz oʻrniga qaytarishga harakat qiladi, biroq bunga ulgurmay vafot etadi. Xalifa Moʻtazid (892-902) keyinchalik kunsanoqqa oʻzgartirish kiritib, bu masalaga yechim topadi. Bunda suryoniy va yuliyan kalendarlari asos qilib olinib, har toʻrt yilda ortiqcha choraklardan bir kun yilga qoʻshiladigan boʻladi.
Natijada Navroʻz har yili 11-haziron, yaʼni 11-iyun kuniga toʻgʻri keladi. Biroq vaqtlar oʻtishi bilan kalendardagi xatoliklar yanada yiriklashib borgan va natijada XI asrda Navroʻz bahorga tomonga surilib-surilib, 21-martga kelib qolgan. 1079-yilda buyuk olim Umar Xayyom kalendarlarni isloh qilgan, xatoliklarni tuzatib, yangi kalendar ishlab chiqqan. Bu kunsanoq Yevropada 500-yil keyin qabul qilingan va hozirgi vaqtgacha qoʻllanilayotgan Grigoriy kunsanogʻidan ham aniqroq boʻlgan. Bu kalendarga koʻra, Navroʻz kuni 21-martga toʻgʻri keladigan boʻldi va bu anʼana hozirgacha davom etmoqda.
Bunda Navroʻz oʻsimlik unib chiqa boshlagan bahorning ilk kunlariga toʻgʻri keldi. Shuning uchun navroʻz olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan.
Zardushtiylikka koʻra, shu kuni xudo quyi olamni yaratib, Qayumarsni unga podshoh qilgan va Navrӯz uning “jashni”, yaʼni bayrami boʻlgan. Baʼzilar esa Navroʻz xudo olamni yaratgan olti kunning birinchisi, deb ishongan. Quyosh va Oy falakning ikki koʻzi boʻlganidek, Navroʻz va Mehrjon zamonning ikki koʻzi deb hisoblangan. Afsungarlar uchun ham Navroʻz ulugʻ kun sanalgan. Ularga koʻra, shu kuni tong otganda birovga gapirishdan oldin uch qoshiq asal yalab, uch boʻlak xushboʻy mum tutatilsa, bu koʻp kasalliklarga shifo boʻladi.
Olimlarning fikricha, Jamshid podshoh boʻlgach, majusiylar dinini yangilagan kun “Navroʻz” deb atalib, bayramga aylantirilgan. Otashparastlar Navroʻz kuni argʻimchoqlarda uchgan, bir-biriga suv sepib, shakar va sovgʻalar bergan. Navroʻz Quyosh Hamal burjiga kirgan vaqtga, yaʼni bahor boshiga toʻgʻri keladigan boʻlgach, otliq askarlarga bahor va yoz kiyimlarini kiygizish Xuroson podshohlariga odat boʻlib qolgan.
Otashparastlar inonishicha, bu kunda xudo maxluqotni yaratishdan toʻxtagan, bu kunda Zardushtning xudoga munojot etish navbati yetgan, yerda yashovchilarga shu kuni saodatlar taqsim etilgan. Shuning uchun ajamliklar uni “umid kuni” deb atagan. Ofatlarni oʻzlaridan daf etishi uchun har yili shu kunda quvonib, kanal va hovuzlarga borib, oqib turgan suvga roʻpara turib, barakatli boʻlish va ofatlarni daf etish uchun ustlaridan suv quyganlar. Shu kuni odamlar bir-biriga suv sepgan. Yana aytishlaricha, suv sepish badanni oʻziga olgan olov tutunidan va unga yopishgan alanga kuyasidan tozalanish oʻrnida boʻlgan. Bu havodagi vabo va boshqa kasalliklar tugʻdiradigan buzilishni daf qilgan.
Otashparast podshohlar Navroʻz nishonlanadigan oy farvardin mohning barcha kunlarini hayitga aylantirib, ularni oltiga taqsim etgan. Birinchi besh kun podshohlar uchun, ikkinchisi ulugʻ kishilar uchun, uchinchisi podshohlarning gʻulomlari uchun, toʻrtinchisi xizmatkorlari uchun, beshinchisi xalq ommasi uchun, oltinchisi choʻponlar uchun boʻlgan.
Ilk besh kunning birinchisida – Navroʻz kuni hukmdor bayramni boshlab, odamlarga oʻzining xalqni qabul etish va ularga yaxshilik qilish maqsadini jar soldirgan, arzlarni tinglab hal qilgan, oʻziga nisbatan shikoyatlarni mubad-qozilarga havola etgan.
Ikkinchi kuni martabasi juda yuqori kishilar, yaʼni dehqonlar va mashhur xonadon ahllarini, uchinchi kuni otliq sipohlari va ulugʻ donishmandlarni, toʻrtinchi kuni oʻz uyidagilar, yaqin va maxsus kishilarini, beshinchi kuni esa oʻz oʻgʻillari hamda qaramogʻidagi kishilarni qabul qilgan. Ularning har biriga xizmatiga loyiq martaba va inʼom bergan. Oltinchi kuni hukmdor xalq huquqini ado etishdan boʻshab, oʻzi uchun Navroʻz qilgan, oʻz oilasidan va xos kishilardan boshqani qabul etmagan. Sovgʻa keltiruvchilarning martabalariga qarab, hadyalarni huzuriga keltirishga buyurgan va ularni diqqat bilan tekshirib, xohlaganlarini taqsim qilib bergan, xohlaganlarini esa xazinaga yuborgan. Podshohlarning Navroʻzni bu yoʻsinda nishonlash udumi IX asrdan boshlab yoʻqola borgan.
Navroʻz boʻyicha yuqoridagi anʼanalarning koʻpchiligi Birinchi Uygʻonish davridan boshlab asta-sekin unutilib borgan. Navroʻzni nishonlash diniy tusdan, yaʼni zardushtiylik eʼtiqodidan uzoqlashib ketgan. Natijada Navroʻz hozirgi kabi bahorgi tengkunlikda nishonlanadigan mavsumiy bayramga aylangan.
Islom BO‘RIYEV
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q