
Hozirga qadar Kleopatra shaxsi, hashami va etikasi haqida turli afsonalar mavjud. Kleopatrani “Sharqning eng buyuk kosmetolog”laridan bir deya hisoblashadi. Bugungi kunda “bu ishni Kleopatra ham qilib koʻrgan” deyish orqali hatto turli vositalarni reklama qilish ham urfga kirgan. Biroq, Oʻzbekiston tarixini, jumladan, temuriy malikalar kiyinishining oʻzgacha prototipi va goʻzallik sirlarini oʻrganib, haqiqiy hasham oʻzbek davlatchiligida ham azaldan mavjud ekanini bilish mumkin.
Shu bilan birga, Turon ayollari goʻzallikdan tashqari, oʻzlarining aql-u zakovati, siyosiy maydonda oʻz soʻziga va harakat strategiyasiga ega boʻlgani bilan ajralib turadi. Soʻzimiz tasdigʻini ispaniyalik sayyoh Klavixoning “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asaridan topishimiz mumkin.
Unda shunday deyilgan: “Hamma oʻz joyini egallagach, chodirlarning biridan Sohibqironning katta zavjasi Bibixonim chiqib keldi. U qizil matodan, tilla iplar bilan juda keng qilib tikilgan uzun koʻylak kiyib chiqdi. Koʻylak juda uzun ediki, orqasidan oʻn beshga yaqin kanizaklar kuzatib yurishardi. Xonimning yuzi shunchalik oq narsa bilan boʻyalgan ediki, xuddi uzoqdan oq qogʻoz boʻlib koʻrinardi. Bu oq upa yogʻi quyoshdan saqlanish uchun surtilardi. Bibixonimning yuzi yupqa, nozik oq mato bilan berkitilgan, boshida qizil matodan bosh kiyimi bor, bosh kiyimdan yelkasigacha yupqa mato tushib turardi. Uzun bosh kiyim qimmatbaho dur-gavharlar bilan bezatilgandi.
Malikaning sochlari juda qora, yelkasiga tushib turardi. Bu yer xotinlari sochlari qora rangda boʻlishini yoqtirishar va baʼzida qora rangga boʻyashardi. Bibixonimning yonida bir odam qoʻlida soyabon koʻtarib, uni quyoshdan toʻsib kelardi. Soyabon oq ipak matodan, xuddi chodirga oʻxshash dumaloq shaklda tikilgandi. Bibixonim sohibqiron oʻtirgan maydonchaga, davraning toʻriga chiqib, uning yonida oʻtirdi. Hamma kuzatib kelgan xotinlar maydoncha tashqarisida qoldi. Bibixonim oʻz joyiga oʻtirgach, sohibqironning boshqa bir zavjasi, u ham birinchisiga oʻxshab qizil libosda, uzun bosh kiyimda, dabdaba bilan koʻpgina qizlar qurshovida chiqib keldi va davraning toʻridan joy olib, sohibqironning katta zavjasi oʻtirgan joydan bir oz pastroqqa oʻtirdi. Temurning bu zavjasining ismi Kichakano (“kichkina xonim”) edi.
Keyin chodirdan Sohibqironning yana bir zavjasi davraga yaqinlashib, ikkinchi zavjasi oʻtirgan joydan pastroqdagi joyga kelib oʻtirdi va shu tarzda Sohibqironning toʻqqizta zavjasi chiqib, birin-ketin oʻz joylarini egalladi. Ularning hammasi bir xil kiyingan va yasangandi. Ulardan sakkiztasi Temurbekning xotini, bittasi esa nabirasining zavjasi edi.
Temurbek rafiqalarining ismlari shunday edi. Birinchisi, Bibixonim – “Eng katta xonim” yoki “Buyuk malika” degan maʼnoni bildiradi. Bibixonim Samarqand, Fors va hattoki Damashq hukmdori Axinxa (Qozonxon)ning qizi, yaʼni elita qatlam vakilasi edi. Bu hukmdorning onasi juda mashhur, otasi esa uncha tanilmagandi.
Ikkinchi zavjasining ismi Kichik xonim boʻlib, u ham Anderap mamlakatining hukmdori Tuman ogʻoning qizi edi. Keyingisining ismi Ulus ogʻo, keyingisining ismi Choʻlponmalak, undan soʻng Dilkushod, yana biri Turkon ogʻo, boshqasi Shohmulk xotun va oxirgisi Jahonorobegim edi. Shu kuni sohibqiron qiz nabiralaridan birini turmushga berayotgan edi”.
Oʻn yettinchi oktyabr kuni Bibixonim katta bazm uyushtirdi va u ham hashamatli chodirga oʻz yaqinlarini, mehmonlarni, hurmatli va taniqli ayollarni hamda turli mamlakatlardan kelgan elchilarni taklif etdi. Uning chodiri shunday qurilgan ediki, bir qaraganda koʻzni qamashtirar, yaʼni chodir atrofi va tepa qismlari oq va kamalak rangdagi chiroyli matolar bilan tikilgan, oʻtovning tepa qismi qip-qizil gilam bilan yopilgan, atrofi ham chiroyli edi.
Elchilar oʻtov eshigi oldida boshqa bir chiroyli, turli boʻyoq va tilla suvi yurgizilgan eshikni koʻrib, uni nasora yerlardagi yagona sanʼat asariga tenglashtirdi. Bir eshikka ilohiy Pyotr tasvirlangan boʻlsa, ikkinchi eshikda ilohiy Pavel qoʻlida kitoblar bilan atroflari tilla bilan qoplangan holda tasvirlangandi. Bu eshiklarni, aytishlaricha, Temurbek Bursa shahridan, Turkiya gʻaznasidan olib kelgan ekan. Eshiklarning oldida, bir javon turar, unda kumush va oltin idishlar saqlanardi. U toza tilladan, juda chiroyli bezatilgandi. Javonning kichkina eshikchasi boʻlib, ichida oltita dumaloq shakldagi tilla piyolalar, ustida esa tilladan yasalib, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan xumchalar turardi.
Javonning oldida, xontaxta yonida esa eman daraxtiga oʻxshash, toza tilladan yasalgan daraxt turardi. Daraxtning qalinligi odamning oyogʻicha, shoxlari har tomonga osilgan va shoxlarida juda koʻp barglari bor. Daraxtning balandligi odam boʻyicha kelar, mevalari zumrad, olmos va har xil qimmatbaho toshlardan yasalgandi. Undan tashqari, har xil rangdagi tilladan yasalgan qushchalar boʻlib, ayrimlari qanotini yoygancha turardi. Daraxtning qarshisida, chodir devori yonida, taxtadan yasalgan, kumush va tilladan ishlov berilgan stol turardi”.
“Olamning turli taraflaridan yigʻilgan, tillari va kiyimlari bir-biridan farqli xushnagʻma sozandalar, sanʼat ahllari va hunarmandlar zeb-ziynat buyumlari, taqinchoqlari va kiyim-kechaklarini kiyib oʻzlariga oro berdilar, shohlik palosi va shahanshohlik koʻrpachalarini yozib chiqdilar. Xotinlar, kelinlar va oʻgʻillar hazratdan soʻng joylashdilar, bazm yovni kuydirish sifatidin qizdirish sifatiga oʻtdi, kuch-qudrat libosini goʻzallik libosi egalladi”, deya yozadi Nizomiddin Shomiy oʻzining “Zafarnoma”sida.
Amir Temur saroyida ayollarning yana bir imtiyozi bor edi: Temur har safar biror saroy qurar ekan, qadimiy udumga koʻra, uni biron ayolga bagʻishlardi. Shu odatga binoan, “Bogʻi Shamol”ni nabira malikasiga, “Bogʻi Dilkusho”ni esa kenja singlisiga, yana bir bogʻini Moʻgʻulistonning yangi hokimi Hizrxoʻjaning qiziga bagʻishlagan.
“…Bir kuni elchilar Amir Temur va uning saroy aʼyonlari bilan “Temur darvoza” yaqinida bunyod etilgan muhtasham binolar majmuasida mehmon boʻldi. Ularga amirning “Kano” (aslida bu “xonim, malika”degani) deb atagan suyukli rafiqasining volidasi uchun qurilgan chiroyli sagʻana, ayniqsa, yoqib qoldi. Uning devorlari zangori, yashil, oq-qora ranglarda edi va tillarang sopol koshinlar va rishtlar bilan bezatilgandi”, deya taʼkidlaydi Lyusyen Keren oʻz asarida.
Xulosa qilib shuni taʼkidlash joizki, nafaqat Amir Temur va Temuriylar davri, balki butun oʻzbek davlatchiligi tarixida yashagan ayollar kiyinish madaniyati, zeb-u ziynati va muomala etikasi bilan barcha xalqlar ichida oʻziga xos unikallikka ega boʻlgan.
Shodmonova Gulizor
OʻzFA Tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q