Tarixiy ensiklopediya – Turon malikalari va olima ayollari haqidagi “Mashhur xotunlar”da nimalar yozilgan?


Saqlash
13:06 / 11.03.2025 846 0

Rizouddin ibn Faxriddinning asarlari XX asr boshlaridayoq Turkiston mintaqasida ancha mashhur edi. Xususan, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Zahiriddin Aʼlam, Abdulla Alaviy kabi taraqqiyparvarlar oʻzlarning bir nechta maqolalarini uning asarlaridan taʼsirlangan holda yozgani, Turkiston jadidlarining liderlaridan yana biri Abduvohidqori Abduraufqoriyev esa 1926-yili Makka shahrida boʻlib oʻtgan Butundunyo musulmonlar kongressiga Rizouddin boshchiligidagi delegatsiya safida ishtirok etgani maʼlum.

 

Rizouddin ibn Faxriddin 1858-yili Tataristonning Boʻgelme viloyati Kichuchat ovulida dunyoga kelgan. Boʻlajak olim bolaligidanoq koʻp kitob oʻqir, ota-onasi uni ilm olishiga sharoit yaratishga harakat qilishar, ortiqcha uy yumushlari bilan band qilishmasdi. Uning dunyoqarashining shakllanishida Ismoil Gaspiralining taʼsiri sezilarli boʻlgan. Gaspirali tomonidan ilgari surilgan taʼlimni isloh qilish, sanʼat maktablarining ochilishi, ona tilining himoya qilinishi, xayriya va vaqf jamiyatlarining taʼsis etilishi, maktab va madrasalarda “usuli jadid” uslubida dars berilishi, ijtimoiy hayotda xotin-qizlarning oʻz oʻrniga ega boʻlishiga doir matbuotda chiqqan maqola va daʼvatlarning hammasi Rizouddin ibn Faxriddinda katta taassurot qoldirgan edi. Rizouddin yozgan asarlarini baʼzan Ismoil Gaspiraliga joʻnatib, uning fikrini olgan va shundan keyingina Peterburgdagi senzura komissiyasiga topshirgan. Shunday asarlardan biri “Salima yoki Iffat” hikoyasi edi. Ismoilbek hikoyani sevib oʻqiganini, senzura komissiyasi tomonidan tanqid etilishi mumkin boʻlgan joylarini chizib, belgilab qoʻyganini, shularni toʻgʻrilab, keyin komissiyaga topshirishi kerakligini yozadi. U agar hikoya bosilsa, odamlarning ongini biroz boʻlsa-da ochishiga xizmat qilishi mumkin, deya taʼkidlaydi.

 

Rizouddin ibn Faxriddin

 

Rizouddin ibn Faxriddin ilmiy faoliyati davomida arab va turk tillarida ijod qilgan, Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Mahmud Abduboqiy, Abulgʻozi Bahodirxon, Kotib Chalabiy, Avliyo Chalabiy, Naima, Shayx Gʻolib, Javdat poshsho, Ahmad Midhat, Shamsiddin Somiy, Jurjiy Zaydon kabi olimlarning ijod namunalaridan bahramand boʻlgan. Rizouddin butun faoliyati davomida “Kitab at-tasrif”, “Tarbiyali bola”, “Mutolaa”, “Tarbiyali ona”, “Salima yoki Iffat”, “Shogirdlik odobi”, “Oila”, “Mashhur erlar”, “Nasihat”, “Rossiya musulmonlarining ehtiyojlari va ular haqidagi qarorlar”, “Ibn Batutaning Dashti qipchoqga sayohati”, “Sharq kutubxonasi” kabi 70 ga yaqin asarlar yozdi. Shuningdek, Rizouddin ibn Faxriddin oʻzi muharrirlik qilgan “Shoʻro” jurnalida Turkiston hayotiga oid, xususan, Turkiston zaminidan yetishib chiqqan allomalar haqida maqolalar ham eʼlon qilib borgan. 

 

“Shoʻro” jurnalining ilk soni, 1908-yil 10-yanvar. Jurnalning “Maslak va maqsad” nomli kirish maqolasi Rizouddin ibn Faxriddin tomonidan yozilgan.

 

Rizouddin ibn Faxriddinning fikricha, turkiy xalqlar yana takroran kuch-qudratga ega boʻlishi uchun “xotin-qizlarni oʻqitishlikdan oʻzga yoʻl yoʻq”, edi. Shu maqsadda u oʻzining “Mashhur xotunlar” nomli asarini yozib, tarixda yashab oʻtgan musulmon ayollar (xususan, turkiy malikalar) toʻgʻrisida maʼlumotlar berib, XX asr boshlarida yashayotgan turk xotin-qizlarini ulardan ibrat olishga chaqirdi. “Mashhur xotunlar” 1904-yili Orenburgda chop etilgan. Asarning muqovasida quyidagi jumla yozilgan: “Islom asrlarida va ahli islom orasida mashhur boʻlgan, oʻshandoq ilm yoki mol ila millatimizga ozmi-koʻpmi xizmat koʻrsatgan xotunlarning tarjimai hollari bayon etilgan bir kitobdir”.

 

Asarda 550 nafar ayol haqida maʼlumot berilgan boʻlib, muallif uni qizi Zaynabga bagʻishlagan. Kitobning muqaddima qismida “Ushbu kitobni yozayotganimizda quyidagi kitoblardan isteʼfoda etdik”, deb 28 ta, “Xotunlar haqida taʼlif etilgan asarlardan baʼzilarining ismlari va mualliflari kimlar ekani toʻgʻrisida bayon” deb 43 ta kitobning roʻyxatini keltirib oʻtgan. Koʻrinib turibdiki, Rizouddin ibn Faxriddin “Mashhur xotunlar” asarini yozishda juda katta nodir kitoblar jamlanmasiga suyangan. Kitob paygʻambarlarning onalari, islom olamida shuhrat qozongan ulamolarning turmush oʻrtoq va qizlari, Eron va Turon malikalarining hayotiga doir qiziqarli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan.

 

“Mashhur xotunlar” asarining muqovasi, 1904-yil, Orenburg.

 

Muallif asar kirishida millatni xor-zor qiladigan narsa kuchsizlik va faqirlik emasligini, balki, millatni inqirozga uchratadigan omil “Kelajak avlod ajdodlar darajasiga yeta olmaydi” degan eʼtiqod ekanini urgʻulab “Xudo saqlasin, agar bir xalq oʻz farzandlari ongiga shunday eʼtiqodni singdirsa, u xalq daʼvosiz dardga mubtalo boʻlgan bemor kabidir. Agar “Kelajak avlod ajdodlar darajasiga yeta olmaydi” degan qarash toʻgʻri boʻlsa, bizdan keyingi avlod bizlardan ham past darajada boʻladi, deyishlik bilan barobar boʻladi. Lekin, biz yigirma besh, oʻttiz yillarda qiyinchilik bilan yetgan masofaga hozirgi avlod besh-olti yilda yetadi degan ishonchda boʻlsak, eng yaxshi niyatni qilgan va armonlarimiz ushaladigan eʼtiqodda turgan boʻlamiz. Shu umidda biz ushbu “Mashhur xotunlar” kitobini yozdik”, deydi. Shuningdek, u soʻzboshida turk xotin-qizlari “Tohir-Zuhra”, “Tush taʼbiri”, “Malika” kabi kitoblarni oʻqib, umrlarni zoye qilayotganini, tarixdagi mashhur olim va malika ayollar bunday kitoblardan yiroq turgan holda, inson uchun chinakam manfaati tegadigan kitoblarga oshno boʻlganini taʼkidlaydi.

 

Asar boburiy malika Orombonu Begimning tarjimai holi bilan boshlangan: “Hindistonda Temurshoh naslidan boʻlgan podshohlardan boʻlmish hijriy 1014-yilda (milodiy 1606-yil – M.Alijonov) vafot etgan Akbarshoh Abul-Fazl Jaloliddin Muhammad ibn Humoyunshohning qizidir. 40 yoshligida birodari Mirzo Salim Nuriddin Muhammad Jahongir saltanati zamonida vafot etgan. Agraning Sikandara nomli joyida – otasi Akbarshohning maqbarasi yoniga dafn etilgan”. Onasi Bibi Davlatshoh va singlisi Shukrunniso Begim edi. Husn va farosati ila mashhur boʻlgan Obdorbegim nomli xotun uning oʻgay onasi edi.

 

“Mashhur xotunlar” kitobining Orombonu Begimga bagʻishlangan bobi

 

Rizouddin ibn Faxriddin Orombonu Begimning tarjimai holini bayon etar ekan, “begim” soʻzi toʻgʻrisida ham qiziqarli maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Jumladan, muallif bu xususida quyidagilarni yozadi: “Begim – turkiycha soʻz boʻlib, turkiy podshohlar ila Hindistonga borib hatto bugungi kunga qadar isteʼmol etilmakdadir. “Begim” “Bek” soʻzining muannasi boʻlib (muannas – ayol jinsiga dalolat qiladigan lafz – M.Alijonov), bizning oramizda koʻpincha “beka” suvratida ishlatilinsa, Hindistonda “bekam” shaklida ishlatilinadir. Asli ulugʻ va martaba sohibi maʼnosini beradigan “buyuk” kalimasi yoki saqlovchi maʼnosida boʻlgan “bek” soʻzidan kelib chiqqan. Shuning uchun erkaklarga nisbatan baʼzi vaqt “bey” va baʼzi vaqt “boy” suvratida isteʼmol etiladir. Bizlarda “boy” soʻzi moli koʻp kishilarga nisbatan qoʻllanilgani holda, Tunis diyorida bu soʻz hukmdorlarga nisbatan ishlatilinadi. Istanbul turklarida ilm-maʼrifat va martabali kishilarga nisbatan qoʻllanilgani holda, bizlarda xotunlar tarafidan erining yaqin qarindoshlariga aytiladi: “bey ota”, “bey ona”, “bey ogʻa” kabi”.

 

Shu bilan birga kitobda saljuqiy beklardan boʻlgan Dovud ibn Mikoil ibn Saljuqning qizi – Xadicha (laqabi Arslon Xotun), Hindistonda Amir Temur sulolasidan boʻlgan Shohjahon Shahobiddin Muhammad sohibqironi-soniyning xotini va vazir Osafxon ibn Mirzo Rafiuzzamon ibn Oqo mulloning qizi – Arjumanbonu Begim, Eronda hukmronlik qilgan Saljuqiylarning uchinchisi –Malikshoh Abul-Fath Jaloliddin (“Tarixiy Jaloliy” kitobi shu sultonga bagʻishlangan) ibn Alparslon ibn Chagʻribekning xotini Turkon xotun, Hindistonda Temurshoh naslidan boʻlgan podshohlardan hijriy 963-yilda (milodiy 1556 – M.Alijonov) vafot etgan Humoyunshohning xotini va Akbarshohning onasi Hamidabonu Begim, Hindistonda hukmronlik qilgan, hijriy 1118-yilda vafot etgan Abul-Zafar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgirning qizi Zebiniso Begim, Usmonli imperiyasi davrining eng mashhur shoiralaridan biri boʻlgan va hijriy 1230-yilda (milodiy 1815-yil – M.Alijonov) Diyorbakrda tugʻilgan Sirriy Xonim, Oʻzbekxonning suyukli xotini va mashhur sayyoh Ibn Battuta asarida “…aqlli, odobli, tadbirli, goʻzal xulqli, soliha, pokiza va saxovatli edi”, deya madh etib oʻtgan Toytugʻli xonim va boshqa koʻplab turkiy malikalar, olima va shoiralar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar keltirilgan.

 

Jumladan, Hindistonda Temurshoh naslidan boʻlgan podshohlardan boʻlmish Humoyunshohning xotini va Akbarshohning onasi Hamidabonu Begim toʻgʻrisida muallif quyidagicha yozadi: “Hamidabonu hajdan qaytayotganida haramayn (Makka va Madina shaharlari nazarda tutilmoqda – M.Alijonov) aholisidan 300 kishini Dehliga keltirib, “Arabsaroy” nomli bir imorat bino ettirib, tarbiyatlar qildi va jumlasiga nafaqalar tayinladi”.

 

Hamidabonu Behim

 

Saljuqiy malikalaridan boʻlgan Turkon Xotun haqida esa quyidagicha yozilgan: “U aqlli va tadbirli ayol boʻlib, siyosat ishlarida toʻgʻri fikrlaydigan, soʻzi nufuzli ayol boʻlgan. Hatto Malikshoh davlatinda boʻlgan tartib-intizom va toʻkin-sochinlik vazir Nizomulmulk va Turkon Xotunning tadbiri soyasinda vujudga kelgani soʻylanadir. Tadbir samarasi oʻlaroq, hech bir joriya va xotin olmaslik hamda oʻrinda tunamaslik sharti bilan qizini Abbosiy xalifa Muqtadiy Billohga turmushga beradi. Muqtadiyning Abul-Fazl Jaʼfar ismli oʻgʻli uning qizidan dunyoga keldi. Chunki xalifa Malikshohdan ushbu qizini [xotinlikka] soʻraganida bu boradagi butun amrni Turkon Xotunga havola aylamish edi. Turkon Xotun har kimga mahbub boʻlishlik bilan birga oʻziga qarshi chiqqanlar ustidan har bobda gʻolib chiqar edi. U izzat va hurmat soyasida yashab, hijriy 487-yilda (milodiy 1094-yilda – M.Alijonov) ramazon oyida vafot etdi. [Turkon Xotun] masjid, madrasa, shifo va xastaxona kabi koʻplab imoratlar qurib, oʻzidan xayrli ishlar qoldirdi”.

 

Rizouddin ibn Faxriddin ushbu asarida keltirgan tarjimai hollar ichida Zebiniso Begimga bagʻishlangan maqola ham alohida ahamiyat kasb etadi. Zebiniso Begim Avrangzeb Olamgirning qizi boʻlib u hijriy 1048-yilda (milodiy 1639-yil – M.Alijonov) tugʻilib, oila qurmay, 65 yoshida, hijriy 1113-yilda (milodiy 1702-yil – M.Alijonov) vafot etgan. Muallifning yozishicha, Zebiniso mohir xattot boʻlib, umri mobaynida Qurʼoni karimni bir necha marotaba koʻchirib yozgan. Shuningdek, u Qurʼoni karim tafsiriga bagʻishlangan “Zebut-Tafosir” nomli asarning muallifi ham hisoblanadi. “Zebiniso Hindiston musulmonlari ichida bir qancha vaqt huquqiy manba boʻlgan “Fatavoyi Olamgiriy” asarini forschaga tarjima qildirgan. U arab, fors adabiyoti, shuningdek, diniy ilmlar boʻyicha benazir edi. Zebinisoning sheʼriyatga ham iqtidori boʻlgan. Uning fors tilidagi sheʼrlari jamlangan bir devoni ham mavjud. U oʻz sheʼrlarini “Maxfiy” taxallusi ostida yozgan. Qabri Dehlidadir”, deb yozgan muallif u haqda asarida.

 

Xulosa oʻrnida aytganda, Rizouddin ibn Faxriddinning “Mashhur xotunlar” asari shunchaki tarixda yashab oʻtgan hamda shuhrati butun dunyoga yoyilgan ayollarning tarjimai holidangina iborat boʻlmay, XX asr boshlaridagi Turkiston xotin-qizlarini ham ilm-fanga ragʻbatini uygʻotishga qaratilgan muhtasham asar edi. Maqolamizni olimning “Mashhur xotunlar” asarida keltirilgan quyidagi soʻzlari bilan tugatishni lozim topdik: “Millatning taraqqiyotini istasangiz qizlaringizni oʻqiting! Ularni maktablarga bering! Millat onalarini yetishtiring. Buyuk onalar boʻlgach, buyuk farzandlar ham voyaga yetadilar!”

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//