Dunyoning eng samarali transport tizimiga ega shaharlari


Saqlash
16:20 / 07.03.2025 392 0

Oʻz vaqtida xavfsiz harakatlanish, qayta ishlanadigan yoqilgʻidan foydalanish, shaharning turli hududlarini qamrab olish va aholining barcha qatlami, shuningdek imkoniyati cheklanganlar uchun ham sharoitga ega boʻlish. Eng qulay jamoat transportlari yana qanday sifatlarga ega boʻlishi kerak? Qaysi shaharlardagi jamoat transport tizimini eng yaxshi deya eʼtirof etish mumkin?

 

Berlin, Germaniya

 

 

Germaniyaning Berlin shahri avtobus, metropoliten (U-Bahn), yerosti poyezdlari (S-Bahn), ommaviy velosiped hamda paromlarni oʻz ichiga olgan samarali jamoat transport tizimi bilan mashhur. Tizim shu qadar mukammal oʻylanganki, barcha transportlar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq – ular shaharning katta tumanlari bilan kichik aholi punktlarini birlashtirib, yoʻlovchilarning istalgan manzilga, hatto shahar atrofidagi hududlarga ham tirbandliksiz yetib borishini taʼminlaydi. Va bunda infratuzilma muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

Berlin jamoat transportlari kun-u tun xizmat koʻrsatadi. Ularining shaxsiy transportlardan ustunligi Berlin mobillik qonuni bilan mustahkamlangan.

 

 

Berlin transportlari yoʻlovchilarga turli tariflarni taqdim etadi. Chipta narxlari amal qilish muddati, yoʻlovchilar soni va transportga velosiped bilan birga chiqish imkoniyatiga koʻra farqlanadi. Biletlarni avtobus salonlarida, shuningdek, istalgan stansiyadagi avtomatlardan sotib olish mumkin.

 

Praga, Chexiya

 

 

Praga – Yevropaning eng mashhur jamoat transporti tizimiga ega shaharlaridan biri. Metro, tramvay va avtobuslarning ideal kombinatsiyasiga ega bu shahar qulay transport tarmogʻini tashkil etgan. Ayniqsa, tramvay – Pragadagi jamoat transportlari belgisiga aylanib, u nafaqat harakatlanish vositasi, balki noyob madaniy tajriba ham sanaladi. Metro va tramvay stansiyalari imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun qulay shaklda ishlab chiqilgan.

 

 

Sayohat narxlari hududlarga qarab belgilanadi. Chiptalar oldindan sotib olinib, transportga chiqishda tasdiqlanishi zarur. Praga shahri ichida harakatlanish uchun yoʻl masofasidan qatʼiy nazar 1 xil summa toʻlanadi. Shahardan tashqarida esa sayohat vaqti va hududlar soniga qarab narx belgilanadi. Biroq bolalar aravachasi yoki hayvonlar bilan transportdan foydalanish narxlari biroz farq qiladi. Velosiped va changʻilar uchun qoʻshimcha pul toʻlanmaydi, faqat ular metro poyezdining birinchi yo oxirgi vagonidan joy olishi zarur. 6 yoshgacha boʻlgan bolalar transportlardan bepul foydalanishi mumkin.

 

 

Yoʻl chiptalari jamoat transportlarining barcha yoʻnalishlariga amal qiladi. Jamoat transportlari uchun 30, 90 daqiqa, 24 yoki 72 soat uchun moʻljallangan chiptalardan tashqari, oylik va yillik yoʻl kartalari ham bor. Metrolarda turniketlar yoʻq, chiptalar nazorati stansiya ichida va poyezdlarda nazoratchilar tomonidan tekshiriladi.

 

Tokio, Yaponiya

 

 

Tokio jamoat transportlarining aniqlik va samaradorlik belgisi. Shaharda murakkab, biroq juda yaxshi ishlaydigan metro tizimi mavjud. Ular soniyalargacha aniq vaqtlarda harakatlanadi. Transportlarning manzillarga qatnash jadvali ayniqsa, xorijdan kelgan turistlar uchun qulaylik yaratadi.

 

 

Kuniga millionlab yoʻlovchilarni qabul qiladigan Tokio jamoat transportlari oʻz vaqtida qatnaydi, salondagi qulayliklar ham yuqori darajada. Avtobuslarda bepul Wi-Fi muntazam xizmat koʻrsatadi. Asosiysi, turistlar adashib qolishdan choʻchimasa ham boʻladi: barcha bekat nomlari ingliz tilida yozib, audio shaklda qoʻyib eshittiriladi. Avtobus bekatlaridagi yoʻnalishlar boʻyicha maʼlumotlar maʼlum daqiqalarda yangilanib turadi.

 

Transportga chiqish oldi eshikdan, tushish boʻlsa oʻrta eshikdan amalga oshiriladi. Yoʻl haqi transportga chiqish bilan maxsus mayda va yirik kupyuralar kiritish yoki plastik karta bilan toʻlash mumkin boʻlgan avtomatlar orqali amalga oshiriladi.

 

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekistondagi avtobuslarda ham shunday tartib soʻralmoqda.

 

 

Transportga chiqishdan avval sotib olingan chiptalar boʻlsa shunchaki haydovchiga koʻrsatib oʻtiladi. Transportdan tushish uchun tutqichlardagi maxsus knopkalarni bosish zarur.

 

 

Tokioda shuningdek, dunyodagi eng tezyurar Sinkansen poyezdlari ham boʻlib, ular komfort va tezlikni taʼminlagan xolda qoʻshni tumanlarni bogʻlaydi. Avvaliga yoʻlovchi va yuk tashishga moʻljallangan bu poyezd keyinchalik faqat yoʻlovchilarga xizmat koʻrsata boshlagan.

 

Kopengagen, Daniya

 

 

Kopengagen ekologik toza va barqaror harakatlanish vositalarini yaxshi koʻruvchilar uchun mukammal shahar. Shaharda yoʻlovchilar biror manzilga velosipedda yoʻl olishi yoki oʻsha yerga metro, avtobus, poyezd yoki daryo tramvayida borishni tanlashi mumkin. Kopengagen metrosi zamonaviyligi va toʻliq avtomatlashtirilgani bilan boshqalardan farq qiladi – metro poyezdlari mashinistsiz shahar boʻylab harakatlanadi. Shahar transportlari shuningdek, qayta ishlanadigan yoqilgʻilardan foydalangan holda atrof muhit muhofazasiga oʻz hissasini qoʻshadi.

 

 

Avtobuslarning har bir bekatida va temir yoʻl vokzallarida “You are here” ishorasi bilan joriy region xaritasi boʻladi. Transport narxlari siz qancha hududni bosib oʻtishingizga qarab hisoblanadi. Yoʻl chiptalarining 24, 48 va 72 soatga amal qiladigan turlari mavjud. Ularni sotib olgach, hech qanday roʻyxatdan oʻtish yoki ilovalar talab etilmaydi. Ular metro va poyezdlarda kontrollerlarga taqdim etilishi yoki avtobusga chiqishda haydovchiga koʻrsatilishi yetarli. Chipta nazoratchilari istalgan vaqt istalgan yoʻlovchiga yuzlanishi mumkin. Agar yoʻlovchi notoʻgʻri bilet olgani yoki tasdiqlanmagani aniqlansa, u 750 kron, taxminan 100 yevro miqdorida jarima toʻlashi kerak boʻladi.

 

 

Chiptalarni shuningdek, mobil ilovalar orqali ham sotib olish mumkin.

 

Singapur

 

 

 

Singapur ham dunyoning jamoat transportlari eng rivojlangan shaharlari qatoriga kiradi. Shaharda keng qamrovli metropoliten va avtobuslar tarmogʻi mavjud boʻlib, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan. Yoʻlovchilar shahar boʻylab sayohatini mobil dastur orqali oson rejalashtirishi, shu tariqa yoʻldagi vaqtini ancha tejab qolishi mumkin. Shaharning istalgan qismida taksi, avtobus va metro xizmat koʻrsatadi. Shaharda shuningdek, veloriksha va funikulerlar xizmati ham bor. Transportlar harakati shu qadar tartibli tashkillashtirilganki, shaharda tirbandliklar deyarli kuzatilmaydi.

 

 

Singapurdagi transportlar uchun yoʻl haqi Ez-Link elektron kartasi yoki oddiy chipta bilan qabul qilinadi. Elektron karta bilan metro, yengil metro va avtobus uchun toʻlov qilish mumkin. Karta orqali toʻlovlar uchun 15-30% chegirma mavjud. Agar turist sifatida sherigingiz bilan karta bir nechta karta sotib olsangiz, safar yakunida uni qaytarib berish va ishlatilmagan pullarni qaytarib olish imkoni ham bor.

 

 

Oddiy chiptalar karton shaklda boʻlib, ulardan 6-martagacha hisobini toʻldirib metro va yengil metro uchun foydalanish mumkin. Chiptalarni sotib olish yoki hisobini toʻldirish faqat maxsus avtomatlarda kerakli stansiyani belgilash orqali amalga oshiriladi. Avtomatlar har bir metro stansiyasida mavjud.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 06.05.2025 0 244
Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//