Jamiyatdagi bugungi o‘yin qoidalarini 90-yillar avlodi o‘rnatgan. Keyingi avlod yangi qoidalar bilan maydonga keladi – mutaxassis


Saqlash
16:12 / 16.12.2021 956 0

90-yillar avlodi (o‘sha yillarda maktabda o‘qigan, ish boshlagan) bugun kim va undan keyingilar haqida ba’zi xulosalar.

 

90-yillar tanlovi

 

Maktab davrida (1989–2000-yillar) o‘qituvchilar bizdan “Kim bo‘lmoqchisan”, “Qaysi kasbni egallamoqchisan” deb tez-tez so‘rar, hatto insholar ham yozdirardi. Aksariyat javoblar odatda bir xil bo‘lardi, ya’ni o‘g‘il bolalardan birortasi “haydovchi bo‘laman” desa, yana 4-5 nafari shu javobni aytardi. Boshqa jo‘raboshi “traktorchi bo‘laman” desa, uning jo‘ralari ham albatta “traktorchi bo‘laman” derdi. Qizlar esa “tikuvchi”, “hamshira”, “boshlang‘ich o‘qituvchisi (yuqori sinfmas, faqat boshlang‘ich sinf) yoki tarbiyachi” bo‘lishini aytardi.

 

Mana oradan 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Haydovchi va traktorchilar Rossiyada, Qozoqistonda, Turkiyada, ...da, ...da. Tibbiyot, va ayniqsa ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ayollar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etmoqda. (Ha aytmoqchi: maktablarda ayollarning ko‘payishi ko‘proq 90-yillardagi o‘qituvchilarning og‘ir ahvoli bilan bog‘liq. Bu alohida mavzu, keyinroq to‘xtalarman.)

 

2005-yildan keyingi o‘quvchilar tanlovi

 

2003-yildan boshlab maktabda o‘qituvchilik qilganman. Men ham har yili o‘quvchilarimdan yuqoridagi savollarga javob so‘rardim va bizning tengqurlardan farqli tanlovlar e’tiborimni tortgan:

 

Birinchidan, o‘quvchilarimning aksariyati sinfdagi bittasi tanlagan kasbni boshqasi aytmaslikka harakat qilardi;

 

Ikkinchidan, kasb tanlashda jinsiy farqlar (masalan, oldin faqat o‘g‘il bolalar kasbi sifatida qaralgan “hisobchi”, “prokuror”, “advokat”, “direktor” kabi kasblarga qizlar ham da’vogarlik qila boshladi) kamaygan;

 

Uchinchidan, va eng muhimi, bolalarda tanlovidan xijolat bo‘lmaslik, aksincha, faxrlanish hissi kuchaygandi.

 

O‘quvchilar tanlovida futbolchi, bokschi, dizayner, dasturchi, harbiy, prokuror, moliyachi-bankir, tadqiqotchi-professor, hokim, vazir, prezident kabi yangi tanlovlar tez-tez aytilardi. O‘sha bolalar hozir katta bo‘lyapti. Hozirgi bolalar mening tengqurlarim, ya’ni 90-yillar o‘quvchilaridan ko‘ra optimistroq. Va albatta, bu optimizm ularni bizning avlod vakillaridan ko‘proq ishlar qilishga, kattaroq marralarni zabt etishga undaydi.

 

Bugun

 

Bugun jamiyatda tanish-bilish, pul, amalga qaraladigan holatlar uchrab turadi. Ammo bu vaqtinchalik. Bu jamiyatning bugungi tamoyillari, o‘yin qoidalari 90-yillar avlodi o‘rnatgan yoki rozi bo‘lgan tamoyillar. 2005-yildan keyingi avlod bu o‘yin qoidalariga sig‘maydi. Ularga torlik qiladi. Ular asta-sekin o‘z tamoyillari va yangi o‘yin qoidalari bilan maydonga kirib keladi, nazarimda.

 

Abbos YUNUSOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16279
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi