Dante “Ilohiy komediya”da kosmologik tushunchalarni Farg‘oniy asariga tayanib yozgan – Gʻarbda astronomiya  rivoji


Saqlash
11:55 / 07.03.2025 334 0

Men zamonamiz Ilon Maski emasman, men zamonamiz Farg`oniysiman.

Saljuq Bayraktar

 

Ahmad al-Farg‘oniy G‘arbda Alfraganus nomi bilan mashhur bo‘lgan va al-Ma’mun sulolasi (813–833) davrida faoliyat yuritgan mashhur astronomlardan biri edi. Uning astronomiyaga oid eng mashhur asari “Astronomiya asoslari” bo‘lib, bu kitob taxminan 833-yilda yozilgan, osmon jismlarining harakatlariga bag‘ishlangan va yulduzlar ilmi bo‘yicha to‘liq tadqiqotni o‘z ichiga olgan. Kitob o‘ttiz bobdan iborat. “Astronomiya asoslari” Ptolomeyning “Almagest”ining qisqacha bayoni, butunlay tasviriy va matematik formulalarsiz yozilgan, ba’zi bo‘limlari farqlidir. Masalan, 5-bobda Farg‘oniy ekvator va ekliptikaning eng katta og‘ish burchagini 23°35' deb keltiradi. Ptolemey esa bu qiymatni 23°51' deb bergan. Al-Farg‘oniyning 23°35' qiymati Ptolemeynikidan aniqroq bo‘lib, hozirgi hisob-kitoblarga ancha yaqindir. Farg‘oniy ekvatorda har bir darajaga to‘g‘ri keladigan masofani hisoblab chiqadi va asarning 8-bobida Yer diametrini 6,500 mil deb aniqlaydi.

 

Biroq Yerning shar shaklida ekani haqidagi tushuncha yangilik emas edi. Yunon olimlari Yer sharini 360 darajaga bo‘lishgan, lekin turli manbalarda 1 darajaning uzunligi turlicha keltirilgan edi. Hozirgi zamonaviy o‘lchov bo‘yicha 1 daraja ekvatorda taxminan 111 km.ni tashkil etadi. Miloddan avvalgi III asrda Iskandariyadagi kutubxona rahbari bo‘lgan Eratosthenes uni 110 km (59,5 dengiz mili) deb hisoblab chiqadi. Miloddan avvalgi II asrda yashagan mashhur iskandariyalik geograf Ptolemey esa uni 93 km (50,3 dengiz mili) deb hisoblagan. Farg‘oniy esa 111 km (56 2/3 dengiz mili) hisoblab, Ptolemeydan aniqroq natijaga erishgan edi. Bu natijalar shuni ko‘rsatadiki, al-Farg‘oniy astronomiya va geodeziyada ancha aniq hisob-kitoblar qilgan va o‘z zamonasi uchun ilg‘or ilmiy ma’lumotlarni taqdim etgan.

 

“Astronomiya asoslari” o‘rta asrlarda Sharq va G‘arbda eng mashhur astronomiya kitoblaridan biri bo‘lgan, hattoki XV asrgacha darslik sifatida keng foydalanilgan. Farg‘oniy ehtimolki, astronomiya bo‘yicha asar yozgan birinchi musulmon astronom bo‘lgan, deyishimiz mumkin. Farg‘oniyning islom astronomiyasiga ta’siri kuchli bo‘lib, Ikhvon as-Safo va al-Battaniy (Albategnius) uning asaridan keng foydalangan hamda Abdu al-Aziz al-Qabisiy (vafoti 967) ham bu kitobga o‘z davrida sharh yozgan edi. Ushbu kitob Sharq va G‘arb olimlariga katta ta’sir ko‘rsatgan, astronomik bilimlarni yanada rivojlantirishda asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan.

 

Islom astronomiyasida sayyoralarning Yerga bo‘lgan masofalari muhim savollardan biri edi. Ko‘plab islom astronomlari bu masalaga javob berishga harakat qilgan bo‘lsa-da, eng mashhur va e’tirof etilgan hisob-kitoblar Farg‘oniy tomonidan berilgan. Uning “Astronomiya asoslari” asarida sayyoralarning Yerga nisbatan masofalari aniq belgilab berilgan bo‘lib, keyingi asrlar davomida bu ma’lumotlar islom va Yevropa astronomiyasida asosiy manbalardan biri sifatida qabul qilingan.

 

“Astronomiya asoslari” G‘arb astronomiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Birinchi lotincha tarjima 1137-yilda Jon of Seville tomonidan “Differentia Scientie Astrorum” nomi bilan amalga oshirilgan bo‘lib, bir necha bor tarjima qilingan. Uning ishlari Yevropa Uyg‘onish davri astronomiyasiga ham ta’sir o‘tkazgan va Kopernik-da o‘z asarlarida al-Farg‘oniy ma’lumotlariga tayanib ish olib borgan. Dante Aligyeri “Astronomiya asoslari”ni lotin tarjimasi orqali chuqur o‘rgangan va Farg‘oniyning astronomik bilimlaridan o‘z asarlarida keng foydalangan. “Ilohiy komediya”dagi kosmologik tushunchalar asosan al-Farg‘oniyning “Astronomiya asoslari” asariga tayanib yozilgan edi. Dante o‘z asarlarida ikki bor bevosita tilga olgan bo‘lsa-da, uning kosmologik modeli butunlay al-Farg‘oniy ilmlariga asoslangan edi. Keyingi davrlarda Xristofor Kolumb Yerning kattaligini hisoblashda Farg‘oniyning qiymatlaridan foydalangan.

 

Farg‘oniy 1 ekvatorial daraja = 56 2/3 mil ekanligini hisoblab chiqadi. Kolumb esa bu qiymatga asoslanib, Kanar orollaridan Osiyogacha bor-yo‘g‘i 2,500 mil suzish kerak, deb o‘ylagan. “Imago Mundi” (Dunyoning tasviri) kitobida Kolumb IX asr astronomi al-Farg‘oniy hisob-kitoblariga asoslanganini yozgan. Kolumb shunday degan edi: “Lissabondan Gvineyaga ko‘p suzganimda, kursni aniq o‘lchab chiqdim va al-Farg‘oniyning hisoblari bilan mutanosib ravishda 1 daraja 56 2/3 milga tengligini aniqladim. Biz bu o‘lchovga tayanishimiz mumkin”.

 

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, biz o‘z ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan buyuk xizmatlarini yanada chuqur o‘rganib, tahlil qilib, millat yukini kengroq his qilishimiz kerak.

 

Oydagi Al-Fargoniy krateri.

 

Al Fargoniyning Astronomiya asoslari asarining lotincha tarjimasi.

 

Shohruz SHARIPOV,

OzFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi,

tarix fanlari boyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25773
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//