
Darhaqiqat, tarix ulug‘ murabbiydir. Bu ulug‘ murabbiyning darslarini yaxshi o‘zlashtirgan millat yuksaladi, o‘zlashtirmaganlar buning badalini asrlar mobaynida avlodlari bilan birga to‘laydilar. Tarixdan tegishli xulosa chiqarmaganlarning oqibati doimo shunday bo‘ladi. Quyida keltiriladigan Turkiston xalqining ulug‘ farzandi Mustafo Cho‘qayning hayoti bilan bog‘liq keskin tasvirga voqealar ham siz-u bizga “Buyuk o‘qituvchi” bo‘lmish tarixning katta saboqlaridan bir parchadir.
1917-yilning fevral oyida bolsheviklar, mensheviklar va so‘l eserler kuch bilan poytaxt Peterburgda hokimiyatni egallab olgach, 1917-yil 2-noyabrda Lenin va Stalinning “Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi” va “Millatlarning o‘z taqdirini o‘zlari hal etish imkoniyati”ga doir bayonotlar e’lon qilindi. Yuqorida tilga olingan bayonotlar bilan Lenin va Stalin imperiya chegaralarida yashovchi xalqlar uchun milliy davlat qurishga va’da qilgan holda, hatto yangi barpo etiladigan milliy davlatlar inqilobiy organlar tomonidan to‘liq himoya qilinadi, deb va’dalar berishdi.
Bundan ruhlangan holda 1917-yilning 27-noyabr kuni Qo‘qon shahrida Turkiston musulmonlarining kongressi chaqirilib, yakunda 54 kishilik Kengashga bo‘ysunuvchi sakkiz a’zolik “Turkiston Muxtoriyatining muvaqqat hukumati”ni sayladi va O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan voqelik – Turkiston Muxtoriyatiga asos solinib, mahalliy xalq bo‘lmish turkistonliklar yana bir bor davlatchilik merosiga ega ekanliklarini isbotlashdi.
Ta’kidlash kerakki, o‘lka taraqqiyparvarlari to‘la mustaqillikni emas, balki avtonomiya shakliga ega bo‘lgan hokimiyat boshqaruvini talab qilishgan edi. Bu borada Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Federatsiya, ya’ni Muxtoriyat, biz Turkiston musulmonlari istaymizkim, Rusiya mamlakatig‘a yopishib turub, xorijiy va ishlarg‘a aning ila bir bo‘lib turub, doxil (ichki – M.Alijonov) ishlar va tirikchiliklarimizni o‘zimiz idora etsak, muning kayfiyati shunday bo‘lur”, deydi.
Aytish mumkinki, bu vaqtinchalik chora bo‘lib, Muxtoriyat sifatida Turkiston kuch to‘plab olgach, keyinchalik to‘la mustaqillik uchun ham albatta siyosiy harakatlar taraqqiyparvarlar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lar edi. Qolaversa, Behbudiy o‘z maqolasini “Haq olinur, berilmas” deb nomlagani ham bejiz emas.
Mustafo Cho‘qay ham Turkiston Muxtoriyatini mustahkamlash, uni tashqaridan bo‘ladigan xavf-xatardan asrash uchun zamonaviy qurol-yarog‘ga ega bo‘lgan armiya barpo etish yo‘lida tinim bilmay xizmat qildi. U Muxtoriyatda dastlab tashqi ishlar vaziri, so‘ngra Bosh vazir lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Ammo…
Turkiston Muxtoriyatining barpo etilishi, shubhasiz, bolsheviklarning manfaatlariga mutlaqo zid hodisa edi. Shu boisdan ham ular ushbu Muxtoriyatni yo‘q qilish borasida asta-sekinlik bilan ish olib bordilar. Alohida ta’kidlash lozimki, Muxtoriyat garchi Qo‘qonda tashkil etilgan bo‘lsa ham, u tomon birinchi o‘q Toshkentda otildi.
Sharafsiz va hamiyatsiz bolsheviklar Toshkentda 1917-yil 13-dekabrda Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlab mitingga chiqqan yuzlab odamlarni pulemyotda o‘qqa tutdilar. Qizig‘i shundaki, bu mitingda rus bolshevik namoyondalari ham ishtirok etishib, Turkiston xalqining milliy davlatchilikka oid haq-huquqlarini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlab, Muxtoriyat tuzulgani bilan xalqni tabriklagan edilar. Bu omil bolsheviklardagi ikkiyuzlamachilik va munofiqlik sifatlarining haddi-a’losida bo‘lganini ko‘rsatadi.
Toshkentdagi xunrezliklari bilan bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatini tugatishga hukm o‘qigan bo‘ldilar. Bolsheviklar amaliy harakatga kirishgan holda 1918-yilning 19–26-yanvar kunlari Toshkentda Turkiston o‘lkasi ishchi, askar va dehqon deputatlari sho‘rosining IV favqulodda qurultoyini o‘tkazdilar. Qurultoy qaroriga binoan Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning barcha a’zolari qonundan tashqari deb e’lon qilindi va hatto, vazirlarni (xususan Mustafo Cho‘qayni ham) qamoqqa olish haqida order berildi.
Va’daga vafo qilmagan bolsheviklar
Bolsheviklar Qo‘qonga hujum qilayotgan paytda Mustafo Cho‘qay Qo‘qon shahri ichidagi qarshilik harakati rahbarlaridan biri sifatida kurashni boshqarib turar edi. 1917-yil 31-yanvar kuni soat 12:00 da bolsheviklar Muxtoriyat hukumatiga ultimatum topshirib so‘zsiz taslim bo‘lishni talab etdilar va buning uchun 3 soat vaqt berdilar.
Bolsheviklar tomonidan qo‘yilgan ultimatumda, Abdulvahob O‘qtoyning yozishicha, quyidagi 4 ta talabni bajarish so‘ralgan edi:
1) Muxtor hukumatining sovet hukumatini tan olishini;
2) Turkiston xalqini sovet hukumatiga bo‘yin egishiga da’vat qiluvchi bir bayonnomani nashr qilishini;
3) Aholining qo‘lidagi mavjud bo‘lgan qurollarni to‘plab, yig‘ib olib, ularning bolsheviklarga topshirilishini;
4) Milliy hukumat millitsiya tashkilotining tarqatilib yuborilishini va boshqa shu kabi xususlarni talab qildilar.
Biroq ular yana bir bor va’dalarida turmasdan o‘zlarining nechog‘lik tuban toifa vakillari ekanini namoyon etdilar. Ya’ni, ular ultimatumni muhokama qilish uchun o‘zlari tomonidan berilgan 3 soat vaqt tugamasdan qayta hujumga o‘tdilar.
O‘sha kungi voqelar Mustafo Cho‘qayning “Birlik tui” [“Birlik bayrog‘i”] nomli qozoq gazetasiga yozgan maktubida batafsil aks etgan. Uning bu maktubi gazetaning 1918-yil 4-fevral sonida chop etilgan. Gazeta tahririyati maktubdan avval quyidagi izohni berib o‘tgan: “Boshqarmadan: Tubandagi Mustafoning xati kutilmagan bir yo‘l bilan bizga yetib keldi. (Bul xatni bizga bir yo‘lovchi olib kelib topshirib ketdi. Xat qalam bilan yozilgani sababli biroz kirlangan edi. Biroq Mustafoning qo‘lini tanib, xat uniki ekanligiga ishonch hosil qilganimizdan so‘ng uni chop etmoqdamiz). Ushbu xatni olganimizdan so‘ng biz uning omonligini bilib quvonib ketdik. Bungacha u haqida qancha turli noxush xabarlarni eshitib qalbimiz mahzun edi. Mustafo bul xatni bizga yuborganda, uni gazetga bosib chiqarishimizni o‘tingan ekan. Shuning uchun biz uning hech bir joyini o‘zgartirmasdan bosmoqdamiz”.
Gazeta tahririyati tomonidan berilgan ushbu izohdan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, qozoq qardoshlarimiz ham Qo‘qon shahrida bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan qatliomdan yaxshi xabardor bo‘lgan. Yana izohdagi “Ushbu xatni olganimizdan so‘ng biz uning omonligini bilib quvonib ketdik. Bungacha u haqida qancha turli noxush xabarlarni eshitib, qalbimiz mahzun edi” so‘zlaridan ham o‘sha vaqtda Mustafo Cho‘qayning bolsheviklar tomonidan o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar tarqalgani anglashiladi. Mustafo Cho‘qay o‘sha kungi hodisalarni quyidagicha yozadi: “1917-yil 31-yanvar kunduzgi soat 12:00 da Ho‘qand bolsheviklarining bizga topshirgan ultimatumini muhokama qilib o‘tirganimizda tasir-tusir otilgan miltiqning tovushi chiqdi. Qarasak, miltiq otib, urush boshlagan bolsheviklarning soldatlari ekan. Bolsheviklarning bul ishi o‘zlarining ultimatumida qo‘ygan shartlariga ters edi: ular ultimatumda talablarini bajarishlik uchun bizga uch soat vaqt bergan edi. Va ular bergan vaqt 14:20 daqiqa o‘tgandagina tugar edi. Shunday qilib, bolsheviklar o‘z shartlarini o‘zlari buzib, so‘zlarining ustidan chiqmadilar…
“Sho‘royi islomiya” idorasida to‘planib o‘tirgan hukumat odamlari bormi, boshqalar bormi – ularning barchalari “Bolshevik soldatlari yaqinlashib kelayotir”, degan xabarni eshitib har yoqqa tarqalib ketdi. Shundan so‘ng hukumat odamlari uchun endi ortga qaytib boshni birlashtirishga imkon qolmadi. Chunki bolsheviklarning otishma ovozini eshitgan musulmonlar qurollarini olib, ko‘chaga chiqqan edilar. Hukumat tomonidan: “Bolsheviklarga qarshi qurol-yarog‘ olib chiqmanglar. Biz hali bu masala bo‘yicha bir xulosaga kelamiz”, degan so‘zi ham yerda qoldi. Xalq bolsheviklarning bergan va’dalariga xilof ravishda o‘q uzganidan so‘ng, ular faqat hukumatga emas, balki butun musulmonlarga dushman bo‘ldik, deb o‘z bilganlaricha harakat qila boshladilar. Shundan so‘ng hukumatning bu yerda qiladigan ishi qolmadi.
Ho‘qanda bo‘lg‘on bu ko‘ngilsiz voqeaning siyosiy sabablarini boshdan oyoq batafsil yozishga hozir zamon ko‘tarmaydi. Shuning uchun men bu yerda bu voqea bo‘lib o‘tgandan keyin o‘z boshimdan kechirgan hollarni ko‘pchilikning e’tiboriga havola qilishga qaror qildim. Agar diqqat bilan o‘qib chiqsangiz, bu yozuvlarda qandaydir siyosiy ohanglarni ham ilg‘aysiz.
Bolsheviklarning o‘qlaridan qochib, Ho‘qand yaqinidagi qishloqlarda 5–10 kun o‘zbek aka-ukalari orasida bo‘ldim. Qisqa kunlar ichida ko‘rganim jabr-zulmni Xudo hatto, dushmanlarimizga ham ko‘rsatmasin.
…Ergash qaroqchining qochib ketib, shaharning bolsheviklar qo‘lida qolganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi.
…Oqchag‘a ot yo arava topolmay, yo‘l boshlarga yo‘ldosh bo‘lmay, juda ham qiynaldim.
…Ikki kun yayov yo‘l yurgach, Dog‘iston nomli qishloqg‘a keldim. Unda 900 so‘mga ot sotib olib, 290 so‘mga yo‘l ko‘rsatuvchi yollab, “Qozoq-qirg‘iz qaydasan”, deb qorli tog‘lar osha yo‘l oldim. Va shu yerda sartlarg‘a “Xo‘sh!” aytdim. Ko‘rganlarim ko‘p bo‘lsa-da, hammasini yozishga bir tarafdan azob, ikkinchi tarafdan vaqtim imkon bermadi”.
“Kichik” ayolning katta jasorati
Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach Mustafo Cho‘qay bolsheviklarning ashaddiy dushmani sifatida qidiruvga berildi. Ana shunday og‘ir sharoitda uning joniga turmush o‘rtog‘i Maria Yakovlevna ora kirdi.
Birinchi jahon urushi yillarida Mariya Toshkentda hamshira bo‘lib ishlab, bolsheviklarning yuqori darajali amaldorlari bilan kasbi yuzasidan aloqalar o‘rnatgan edi. Bu jasur ayol qidiruvdagi Mustafo Cho‘qayni qanday qilib shahardan tirik olib chiqib ketish haqida o‘ylay boshladi. D.Xidiraliyev o‘z kitobida bu borada quyidagilarni yozadi: “Mariya Yakovlevna Mustafoni shahardan sog‘-salomat olib chiqib ketish uchun bir reja tuzadi. Biroq u bu rejasini amalga oshirmaguncha, u haqida hech kimga, hatto eriga ham aytmaydi. Temiryo‘l boshqarmasida ishlaydigan eski tanishlari orqali Mustafoga ruxsatnoma va chipta olgan Mariya shahardan chiqib ketish uchun eng qulay vaqt sifatida xristianlarning pasxa bayrami nishonlanadigan kunni tanlaydi. Chunki bu kunlari barcha rasmiy idoralar bayram bilan ovora bo‘lib, ko‘zga tashlanmasdan shaharni tark etish mumkin edi.
Mustafo Cho‘qayning turmush o‘rtog‘i Mariya Yakovlevna.
Pasxa bayrami 1-may kuniga to‘g‘ri keldi. Mariyaning aniqlashicha xuddi shu kuni Orenburg orqali Moskvaga ketadigan poyezd ham yo‘lga chiqar ekan. Ketish oldidan Mariya Mustafoning nomidan [tanishlari orqali] soxta hujjat tayyorlab, uni hech kim tanimaydigan qilib kiyintirib, boshini mato bilan o‘rab tashlaydi”. D.Xidiraliyevning yozishicha, o‘sha paytda Toshkent juda ham issiq bo‘lib, go‘yoki bemor qiyofasida matoga o‘rab tashlangan Mustafoning nafasi qisa boshlagan. Garchi chegara tekshiruvi uzoq davom etgan bo‘lsa-da, hamshira formasidagi Mariya va “bemor” Mustafo Cho‘qaylar Toshkentdan eson-omon chiqib ketishadi.
Bundan tashqari, Mustafo va Mariya poyezdda ikki kishilik kupega joylashadilar. Bularning barchasini taqdirning tuhfasi deb bilgan va Xudoga shukr qilgan Mariya endi poyezdning tezroq harakatlanishini kutdi. Nihoyat, ular kutgan dam keldi. Kechki soat beshlarda poyezd harakatga keldi. O‘shandagina ular erkin nafas olishib, omon qolganlariga ishonish yoki ishonmasliklarini bilmay, xursand bo‘lib, kelajak kunlarga umid bilan boqardilar.
Muhojirlikdagi hayot
Mustafo Cho‘qay bir qancha muddat qozoq va boshqird siyosiy arboblari bilan birgalikda turli xil lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, biroq tez orada kuchga to‘lib o‘zini o‘nglab olgan bolsheviklar hokimiyati uni siqib chiqara boshladi. Natijada Mustafo Cho‘qay Kavkazga yo‘l oladi. Chunki u 1918-yilning aprel oyida tuzilgan Zakavkaziya Demokratik Federativ Respublikasida xizmat qilishni istagan edi. Biroq bu federativ Respublika uzoq yashamadi, shu yilning yozidayoq u uchga, ya’ni Ozarboyjon, Guruziya va Armaniston Respublikalariga bo‘linib ketdi.
Shundan so‘ng Mustafo Cho‘qay Kaspiy dengizi orqali dastlab Bokuga, undan keyin esa Tiflisga eson-omon yetib oldi. Mustafo Cho‘qay turmush o‘rtog‘i Mariya Yakovlevna bilan birga bu yerda 1919-yilning bahoridan to 1921-yilning fevral oyigacha yashaydi. Hatto u shu yerda ham ijtimoiy-siyosiy faoliyatdan bir on bo‘lsa-da to‘xtab qolmadi. Turkiston Muxtoriyatining dastlab tashqi ishlar vaziri, so‘ngra bosh vaziri, Alash O‘rda Muxtoriyati hukumatining faol a’zosi sifatida katta hayotiy tajriba orttirgan Mustafo Cho‘qay o‘zining siyosiy mazmunga ega bo‘lgan fikr-mulohazalarini “Вольный горец”, “Борьба” gazetalari va “На рубеже” jurnalida bildirib bordi. Ma’lum bo‘lishicha, Mustafo Cho‘qay ushbu gazeta-jurnallarda “M.Janay” va “Jalil” taxalluslari ostida maqolalar e’lon qilgan.
Mustafo Cho‘qay 1921–1929-yillarda Istanbulda, keyin esa Parij va Berlin shaharlarida yashab Turkiston hurriyati uchun kurash olib bordi. Bu yillarda u “Prometey”, “Yangi Turkiston”, “Yosh Turkiston” jurnallarini ta’sis etishda ishtirok etdi, uzluksiz tarzda maqolalari bilan qatnashib bordi.
Alvido, hayot
Ikkinchi jahon urushida Germaniya tomonidan Fransiya bosib olingach ko‘plab insonlar kabi poytaxtda yashayotgan Mustafo Cho‘qay ham qamoqqa olinadi. O.Sharafiddinovning fikricha, Sovet Ittifoqidan asir olingan yuz minglab turkistonlik askar yigitlar ham nemislar tomonidan asir olingan edi. Shu holda zudlik bilan Mustafo Cho‘qay Parijdan Berlinga olib kelingan va undan asirlikka tushgan turkistonlik askar yigitlarga bosh bo‘lib Sovet Ittifoqiga qarshi kurashishni talab etganlar. Biroq Mustafo Cho‘qay buni qat’iyan rad qiladi.
Mustafo Cho‘qayning vafoti xususida Boymirza Hayit o‘z maqolasida juda muhim ma’lumotlarni kunlar kesimida batafsil keltirib o‘tgan. Quyida Boymirza Hayitning ushbu maqolasidan biroz kattaroq iqtibos keltiraman:
“Mustafo Cho‘qayni Turkiston yoshlari so‘nggi marotaba 13.12.1941 da Poloniyaning Chinstaxov shahridagi turkistonlik va kafkazlik tutqunlar orasida ekanligida ko‘rganlar. Cho‘qay va Vali Qayumxon Kafkas komissiyasining yonida turkistonliklarni ro‘yxatga olmoqda edilar. Bul har ikkisi uch kun bit bosgan, och qolgan, kiyimsiz qolgan va xastaliklar ichida o‘layotgan 32 mingdan oshiq turkistonliklar orasida qoldilar.
16.12.1941 da lagerda umumiy tifus (o‘tkir infeksion kasallik) xastaligi boshlangach Kafkaz komissiyasi, Cho‘qay va Qayumchilar shu 32 mingdan oshiq turkistonliklar bilan birga karantinda yotdilar. Mustafo Cho‘qay va yana Kafkaz komissiyasidan ikki kishi tifus xastaligiga uchradilar.
18.12.1941 da Cho‘qayni Berlin kasalxonasiga keltirdilar. Xastalik chog‘larida ham ul har vaqt Turkistonni o‘ylar edi. Ahvoli kundan kun og‘irlashuviga qaramay, Vali Qayumjon bilan birga to‘xtovsiz ravishda Turkiston kelajagi uchun planlar tuzar edi.
Mustafo Cho‘qay kasalxonada yotar ekan, uni borib ko‘ruvchi Vali Qayumjondan boshqa hech kimsasi yo‘q edi. U Qayumjonga “Men ko‘rgan Turkiston yigitlarini milliy ruhda tarbiyalasangiz, albatta Turkiston ozod bo‘lur”, deb aytgan edi.
26.12.1941 da doktorlar uning ahvoli og‘irlashishidan tashvishda edilar. Tez-tez hamshiralar undan xabar olib turardilar. Biroq Cho‘qaybiy hali o‘zini tetik tutmoqda edi. U Qayumjonga so‘nggi vasiyatini aytmoqqa boshladi va dedi-ki: “Turkiston milliy ozodligi uchun kurash bayrog‘ini sizga qoldirdim. Bul bayroqni qattiq tutinggiz! Turkiston birligini saqlangiz! Men Turkistonning ozod bo‘lishiga ishonaman”.
So‘nggi kecha tong otdi. 1941-yilning 2-dekabr kuni soat 10:00 ga yaqin sevimligimiz Mustafo Cho‘qay biz bilan abadiy xayrlashdi. Marhumning jasadi Berlindagi Turk-musulmon qabristoniga qo‘yildi. Sukutlar berdik. Tangridan rahm so‘radik. Ul tutgan bayroqni yiqitmaslikka ont ichdik”.
Mustafo Cho‘qayning so‘nggi suratlaridan biri.
Mustafo Cho‘qay qabri, Berlin.
Qadimgi Rim shoiri Goratsiy she’rlarining birida shunday deb yozgan edi: “Hayot – og‘ir mehnat va tashvishlarsiz sizga hech narsa hadya etmaydi”. Haqiqatdan ham hayot o‘zining qanchadan qancha mashaqqatlari bilan insonlarning oldiga turfa xil sinovlarni ko‘ndalang qo‘yadi, bu orqali u bizni chiniqtirmoqchi, kuchli qilmoqchi bo‘ladi. Bu hayotning dolg‘ali sinovlariga chidagan inson ma’nan kuchli, ruhan tetik, qalban boy shaxsiyatga aylanadi. Aynan shunday ulkan shaxsiyatlar o‘z ortidan minglab insonlarni ergashtira oladi, eng og‘ir damlarda vataniga tayanch, millatiga suyanch bo‘ladi. Mustafo Cho‘qayning hayot yo‘li bunga yorqin misoldir.
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1) Behbudiy M. Haq olinur, berilmas // “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 13-iyul.
2) Doktor A.O‘qtoy. Turkiston milliy harakati va Mustafo Cho‘qay [Nazarbek Rahim tarjimasi]. – T.: “Navro‘z” nashriyoti. 2019. – B. 76.
3) Mustafoning xati // “Birlik tui” [Birlik bayrog‘i] gazetasi. 1918-yil 7-mart. 24-son.
4) Қыдырәлі Дархан. Мұстафа. – Астана: “Деловой Мир Астана. 2012. – Б. 88.
5) Sharafiddinov O. Istiqlol fidoiylari. – T.: “Sharq” nashriyot-matbaa konserni. 1993. – B. 29.
6) Dr. B.Hayit. Mustafo Cho‘qay // “Milliy Turkiston” jurnali. 1950-yil 15-yanvar.
Tarix
Til
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q