
Said Kamolxon Qahhorov 1876-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Dastlab eski maktabda, so‘ngra madrasada tahsil olgan holda o‘z zamonasining yetuk bilimdon shaxsiyatlaridan bo‘lib voyaga yetgan.
Abdulla Qodiriyning o‘g‘li Habibulla Qodiriy o‘zining “Otam haqida” nomli yodnomasida Said Kamolxon Qahhorovni quyidagicha ta’riflagan: “Kamolxon domla bizning shahar hovlimizga hammahalla, dadamdan o‘n besh yoshlar katta, baland qomatli, cho‘ziq oq yuzli, xiyla o‘qimishli, zakiyta’b, tadbirkor, salobat-shijoatli, nufuzli, rus tilini yaxshi bilguvchi kishi edi”[1].
Said Kamolxon Qahhorov madrasa ta’limini tamomlagach XIX asr oxiri XX asr boshlarida faoliyat olib borgan Turkiston taraqqiyparvarlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrasul Aziziy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi jadidlardek doimo vatan taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishga qaror qildi, bu yo‘lda u dastlab Rossiya imperiyasi bo‘ylab sayohat qilib mustamlakachi davlatning markaziy shaharlaridagi ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy hayotining qanday yo‘lga qo‘yilganini chuqur o‘rgandi. Uning sayohati xususida 1990-yilda U.Dolimov va B.Qosimovlar tomonidan nashr etilgan “Ma’rifat darg‘alari kitobida quyidagilar qayd etilgan: “1876-yilda ma’rifatparvar Sattorxon Abdug‘afforov, 1887-yilda atoqli arxeolog, etnograf Mirzo Buxoriy, 1894-yilda Furqatning yaqin do‘sti Hoji Muhammad Zuhur, 1910-yilda atoqli pedagog, shoir Saidrasul Aziziy, 1913-yilda pedagog Kamoliddin Qahhorov kabilar Markaziy Rossiyaga – Peterburg va Moskva shaharlariga sayohat qildilar.[2]”
Ularning o‘z sayohatlari to‘g‘risidagi mulohazalari o‘sha davrlarda chop etiladigan “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalari ketma-ket bosilib borildi. “Turkiston viloyatining gazeti”da yozilishicha Said Kamolxon Qahhorovning Rossiyada e’tiborini tortgan ilk narsa – u yerdagi ta’lim-tarbiya muassasalari bo‘lgan. Said Kamolxon Qahhorovning gazetada chop etilgan taassurotlari bilan tanishar ekanmiz, ushbu o‘zbek ma’rifatparvarining Turkistondagi eski usuldagi maktablarga nisbatan keskin qarashlari aynan shu sayohat asnosida tug‘ilganiga amin bo‘lamiz.
Said Kamolxon Qahhorov o‘z maqolasida “usuli qadim”, ya’ni quruq yodlash metodiga asoslangan maktablarni isloh qilish, maktab dasturiga rus tilini o‘qitishni kiritish taklifi bilan chiqdi. Bu orqali u, Turkistonni bosib olgan millatning tilini o‘rganish orqali, uning ilm fanini o‘zlashtirish, sanoat asosida yuksalgan qudratini Turkistonga ham joriy etishni ko‘zlagan edi. Shuning uchun ham Said Kamolxon Qahhorov o‘z paytida: “…o‘rusiya xati va tilini bilganimizdan so‘ng, ul xalqning har xil ilmi, dunyoviy ilmlar bayon qilingan kitoblarini o‘qib, o‘zimizning tirikchiligimizga taalluqli narsalarni hosil qilar edik”, deb bejiz yozmagan edi.
Said Kamolxon Qahhorov sayohatdan qaytgach 1896–1912-yillarda rus tuzem maktabida o‘qituvchi, undan so‘ng 4-bolalar uyining mudiri, o‘zbek erlar bilim yurtida muallim va xalq sudyasi bo‘lib ishlagan.
Said Kamolxon Qahhorov o‘ta nuktadon shaxsiyat hisoblanib, arab, fors va rus tillarini mukammal bilguvchi, shuningdek o‘zbekning boy tarixini teran tushuntirib berguvchi inson bo‘lgan. Masalan, u Sharafiddin Alining “Zafarnoma”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” va Bedilning asarlarini sevib o‘qigan hamda o‘zining pedagoglik faoliyatida ulardan unumli foydalangan.
Said Kamolxon Qahhorovning yuksak iqtidoridan xabar topgan Chor Imperiyasi podshosi Nikolay II uni qizlariga ustozlik qilish uchun saroyga ishga taklif etadi va u bir muddat imperatorning qizlariga Sharq xalqlarining urf-odatlari, madaniyati, tarixi, iqlim sharoitlaridan saboq berish bilan shug‘ullanadi.
Said Kamolxon Qahhorov yuqoridagilardan tashqari o‘sha vaqtdagi nafaqat Rossiya imperiyasida, balki butun Yevropada mashhur bo‘lgan Peterburg universitetida turk, arab va fors tillaridan talabalarga dars berishga ham muvaffaq bo‘lgan.
Said Kamolxon Qahhorov birgina Rossiya imperiyasi markazi bilan cheklanib qolmasdan, Turkistonda ham o‘zining qizg‘in faoliyati bilan millatga xizmat qildi. Masalan, u 1918-yil 12-mayda Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida asos solingan dorulfununning ochilishida ham o‘zining katta hissasini qo‘shdi. 1925-yildan boshlab esa O‘zbekistondagi eng nufuzli oliy ilm dargohi SAGU (O‘rta Osiyo davlat univeristeti)ning Sharq fakultetida dars berishni boshlagan.
Said Kamolxon Qahhorov nabirasi bo‘lmish Azmiddin Sadriddinovning quyidagi xotiralari bu ulug‘ shaxsning xalq ichidagi obro‘si nechog‘lik baland bo‘lganiga yaqqol dalildir: “Men Beshyog‘och ko‘chasidagi Chaqar mahalla hududida joylashgan 45-maktabda o‘qiganman. Agar xotiram yanglishmasa, taxminan 5-sinfda o‘qiyman. Maktabdan chiqib Chaqarga yetganimda, Qo‘chqor qassob degan basavlat odam menga quyuq salom berib “Taqsirim, taqsirim” deb ulug‘ladilar. Men o‘z yoshimga nisbatan ortiqcha ko‘rsatilayotgan izzatdan xijolat chekdim. Shunda qarshimdagi odam ikki bukilib: “Siz Said Kamolxon domlaning nabiralarisiz-a? Sizni “Taqsirim” deyishim kerak. Bobongiz ko‘p hurmatli, valiysifat, ulug‘ odam edilar. Ko‘p odamga yaxshilik qilganlar”, dedi. Har ko‘rganlarida bunday takallufni takrorlab, meni xijolat qilar edilar. Atrofdagi odamlarning hurmati ham Eshonguzardan ko‘chib ketgunimizgacha davom etgan. Bunday munosabat menga yoshligimdan o‘zimga mas’uliyat bilan qarashga, xatti-harakatlarimni jilovlab turishga o‘rgatgan”[3].
Said Kamolxon Qahhorov o‘zining butun hayotini o‘qituvchilikdek ulug‘ ishga sarfladi, uning qo‘l ostidan O‘zbekistonning kelgusidagi yuksalishi uchun fidoiylarcha mehnat qiladigan minglab shogirdlar yetishib chiqdi.
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Til
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q