Xorazm shevalari lugʻatchiligi ancha taraqqiy etgan. Oʻtgan asrda F.Abdullayevning “Xorazm shevalari lugʻati” va O.Madrahimovning “Oʻzbek tili oʻgʻuz lahjasining qisqacha qiyosiy lugʻati” kabilar eʼlon qilingan. Keyingi yillarda ham Xorazm shevalari boʻyicha lugʻatlar nashr etish qizgʻin tus oldi. Masalan, Sh.Norboyeva, N.Saʼdullayeva, M.Atabayevalar hammuallifligidagi “Xorazm shevalaridagi maqol va iboralarning qisqacha izohli lugʻati” va “Xorazm shevalari lugʻati” nashr etildi. Shuningdek, lugʻat yaratishda soha mutaxassislari – filolog-dialektologlar boʻlmasa-da, qiziquvchilar tomonidan ham bir qancha tashabbuslar qilindi. Xususan, K.Avazning “Xorazm soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati”, Sh.Jumaniyozovning “Xorazm shevasi kichik lugʻati”, M.Saparniyazova, M.Sabirovalarning “Onasoʻz” va N.Atajanov, T.Atajanovlarning “Xorazm shevasi lugʻati” kabilar shu tipdagi lugʻatlardandir. Toʻgʻri, mazkur lugʻatlar dialektal lugʻatlar andozasiga u qadar mos emas. Lekin ularda adabiy til va boshqa shevalardan farqli aynan Xorazm shevalariga xos koʻplab soʻzlarni uchratish mumkin. Masalan: Adan – 1. Xonaning, uyning oshogʻi, pasti. 2. Koʻrk: Adanli odam. Arganak (Aryanak) – panjara, temirdan yoki taxtadan qilingan toʻsiq.
Xorazm shevalari lugʻatlarini keng tusda tayyorlashga qiziqish uning elektron ilovalar koʻrinishda ham yaratilishiga zamin boʻlmoqda. Dasturchi S.Ernazarov tomonidan yaratilgan Xorazmcha (Xorazm shevasi lugʻati) ilovasi shunday ilovalarning debochasidir. Aytish joizki, shevalar lugʻati ilovasini tayyorlash oʻzbek tilshunosligi, xususan, oʻzbek dialektologiyasi (shevashunosligi) uchun muhim hodisa boʻlsa-da, hali bu jarayon amalga oshirilmagan edi. Xorazm shevasi lugʻati ilovasining yaratilishi esa, bu boradagi dastlabki ish, birinchi qadam hisoblanadi. Shu jihatdan, mazkur lugʻat ilovasining yaratilishi tahsinga sazovordir. Uning bir qancha afzalliklari bor. Birinchidan, ilovadan istalgan joyda, istalgan holatda foydalanish mumkin. Ikkinchidan, ilovada berilgan soʻzlar va maʼnolari oʻzbek tilining amaldagi ikki yozuv tizimida (kirill va lotin) berilishi hamda nusʼha olish funksiyasining mavjudligi uni oʻqish, shuningdek, boshqa ishlarda foydalanish imkoniyatini osonlashtiradi (albatta, ilovadan olinganligi qayd etilgan holda). Uchinchidan, ilovada qidiruv funksiyasi ham boʻlib, bu shevaga xos soʻz va jumlalarni oson topish imkonini beradi. Toʻrtinchidan, ilovaga yangi soʻzlar va ularning maʼnolarini qoʻshish imkoniyati ham boʻlib, ilovada soʻz va jumlalarni kengaytirib borish mumkin. Beshinchidan, ilovada Xorazm vohasi shevalarining leksik xususiyatlari yaxshi ochib berilgan, shunga koʻra, unga qiziquvchilar, tadqiqot olib boruvchilar uchun dasturulamal, keyingi avlod vakillari uchun esa oʻziga xos “yodgorlik” sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, lugʻat ilovada bir qancha kamchiliklar ham bor. Xususan, ilovada berilgan soʻzlar mavjud oʻzbek adabiy tili yozuv tizimida berilgan. Ammo mazkur yozuv tizimlari jonli tilning, shevalarning fonetik xususiyatlarini toʻlaqonli ochib bera olmaydi. Shu jihatdan, oʻzbek dialektologiyasida joriy etilgan transkripsion belgilardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Xorazm shevalari lugʻatchiligi ancha salmoqli boʻlib, bu borada, F.Abdullayev (Xorazm shevalari lugʻati), O.Madrahimov (Oʻzbek tili oʻgʻuz lahjasining qisqacha qiyosiy lugʻati), A.Ishayev (Qoraqalpogʻistondagi oʻzbek shevalari), R.Yoʻldoshev (Toshhovuz viloyatidagi oʻzbek shevalarining leksik xususiyatlari) va boshqa tadqiqotchilarning ishlaridan foydalanish mumkin. Yuqorida sanalgan olimlarning ishlari, asosan, oʻzbek kirill transkripsiyasida yozilgan boʻlib, lotin transkripsiyasi esa biroz mulohazatalabdir. Keyingi paytda oʻzbek dialektologiyasida professor S.Ashirboyev tadbiq qilgan xalqaro turkologiya transkripsiyasidan faol foydalanilmoqda. Aksar dialektologik tadqiqotlar ushbu xalqaro turkologiya transkripsiyasi asosida yozilmoqda. Biz ham ilovaning lotin yozuvidagi leksik birliklarini mazkur transkripsion belgilar tizimidan foydalanishni tavsiya qilamiz.
Shu bilan birga, ilovada diakretik belgilardan ham foydalanilmagan, natijada soʻzlarning talaffuzi noaniq boʻlib qolgan. Xorazm oʻgʻuz shevalarida boshqa shevalardan farqli choʻziq unlilar mavjud. Mazkur choʻziqlik koʻp hollarda soʻzlarning maʼnosini farqlashga xizmat qiladi. Masalan: tu:t “tut daraxti”, tut “tutmoq (feʼl)”; a:č “och (sifat)”, ač “ochmoq (feʼl)”; ö:t “oʻt (inson tana aʼzosi)”, öt “oʻtmoq (feʼl)”; gö:r “qabr”, gör “koʻrmoq (feʼl)”; a:t “ism”, at “otmoq (feʼl)”; a:šïq “oshiq”, ašïq (oʻynaladigan suyak). Aksar soʻzlarda maʼno farqlanmasa ham, unlilar choʻziqligi uchraydi: a:ǯï (achchiq), qu:ǯaq (quchoq), o:ǯaq (oʻchoq) kabi. Shu bois, ushbu holatlarni ham, albatta, ilovaga qayd etish kerak.
Lugʻatda berilgan soʻz qaysi hududda, hech boʻlmaganda, qaysi shevada foydalanilishi ham ilovada boʻlishi toʻgʻri boʻladi, nazarimda. Sababi, oʻgʻuz shevalaridagi soʻzlarning aksari umumiy boʻlib, har bir hududni bittalab keltirish shart emas. Yoki qipchoq shevalarida ham xuddi shunday. Shuningdek, soʻzning fonetik variantlari ham, albatta, hududi bilan keltirilishi zarur. Bu borada, F.Abdullayevning lugʻatchilik andozasidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Ilovada shevaga xos soʻz va uning maʼnosini berish bilan cheklanilgan. Lugʻatchilik andozasiga koʻra, albatta, lugʻatda berilgan soʻz gap ichida misollar bilan keltiriladi. Shunga koʻra, ilovaga kiritilgan har bir soʻz misollar bilan dalillanishi lozim. Ilovada kichikroq hajmda kirish qismini kiritish kerak. Unda Xorazm shevalari tasnifi, lugʻatning tuzilishi, foydalanilgan transkripsion belgilar, soʻzlarning berilishi haqida umumiy maʼlumotlar qayd etilishi kerak. Shuningdek, uning talaffuzi ham berilsa, nur ustiga nur. Ilovadagi soʻzlarning oʻzbekcha maʼnosi bilan birga ruscha, inglizcha (yoki ikkisidan biri) maʼnosi ham berilsa, xalqaro darajadagi ilova sifatida foydalanishga asos boʻladi.
Aytilgan kamchiliklar, kiritilishi kerak deyilgan takliflar dialektolog (shevashunos) mutaxassislar bilan birga ishlashni talab qiladi. Bu borada, Urganch davlat universiteti professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerak. Shuningdek, moliyaviy jihatdan Xorazm viloyati hokimiyati qoʻllab-quvvatlasa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
Elyor ALIMARDANOV,
ToshDOʻTAU Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi oʻqituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Abdullayev F. Xorazm shevalari. – Toshkent: Fan, 1961. – 348 b.
2. Avaz K. Xorazm soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati. – Urganch: Urganch davlat universiteti bomaxonasi, 2006. – 80 b.
3. Atajanov N., Atajanov T. Xorazm shevasi lugʻati. – Urganch: Ijodkor, 2024. – 92 b.
4. Jumaniyozov Sh. Xorazm shevasi kichik lugʻati. – Urganch: Quvanchbek-Mashxura, 2019. – 72 b.
5. Madrahimov O. Oʻzbek tili oʻgʻuz lahjasining qisqacha qiyosiy lugʻati. – Urganch: Xorazm, 1999. – 194 b.
6. Norboyeva Sh., Saʼdullayeva N., Atabayeva M. Xorazm shevalaridagi maqol va iboralarning qisqacha izohli lugʻati. – Urganch: Xorazm, 2022. – 104 b.
7. Norboyeva Sh., Saʼdullayeva N., Atabayeva M. Xorazm shevalari lugʻati. – Urganch: Xorazm, 2024. – 160 b.
8. Saparniyazova M., Sabirova M. Onasoʻz. – Toshkent, 2023. – 78 b.
9. https://play.google.com/store/apps/details?id=com.raqamli.xorazmshevasi
Tarix
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q