Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq – zamondosh nimadan mosuvo etildi?


Saqlash
17:39 / 16.12.2021 1651 0

 

“Xudo har bir zamonda Yerdan nimanidir ko‘taradi: bir gal barakani, yana bir safar xotirjamlikni…” derdilar buvim. O‘sha kezlar hali yosh, g‘o‘r edim. Tabiiyki, teran falsafa yashiringan bu fikrni tuzukroq anglamaganman. Ammo hayotning past-baland dovonlaridan oshib, soch-soqolga qirov ina boshlagan bugungi kunda o‘sha naql bot-bot yodimga tushadi.

 

Xo‘sh, Yaratgan Egam bizni hozir qay yo‘l bilan sinamoqda ekan? Zamondoshlarimiz nimadan mosuvo etilgan ekan? Nazarimda, bugun oramizdan mantiq ko‘tarilganga o‘xshaydi. Zero, turmushimiz, tutumimizda mantiq mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar ko‘p, juda ko‘p...

 

Yaqin-yaqingacha uylarimiz devori suvoq qilinib, ustidan odmi gulbezak berilardi. Ulfatlar bilan gap-gashtak qilgimiz kelsa, ularni xonadonimizga chaqirardik. Baqad­rihol dasturxon tuzab, dildan suhbat qurardik. Bugun-chi, uylarimiz ikki-uch qavatli, keng, baland. Naq besh yulduzli mehmonxonadek! Biroq mehmon atalmish atoi Xudo kamdan-kam ostona hatlaydi: nozik qo‘noqlarni ham choyxonayu restoranda kutamiz. Nega, kim uchun qurdik o‘zi o‘sha qo‘shoshiyonli saroyni?!

 

Bir tanishim Payg‘ambar yoshiga to‘lgani shukronasiga dasturxon yozdi. Kaminani o‘sha marosim boshlovchiligiga taklif qildi. Ertalab elga osh tortildi. Kechqurun esa... Ochig‘i, kechki ziyofatga borib, hayronlar qoldim. Mezbon akamiz Payg‘ambar yoshi dasturxonini musallasu sharobning har turi bilan to‘ldirib tashlabdi. Ishonavering, mantiq chambaragim chirpirak bo‘lib ketdi!

 

Bizning avlod yaxshi xotirlaydi, 1990 yillarda shahar telefoni juda kam xonadonda bo‘lardi. Telefon tushirish uchun yillab navbat kutishingiz, ish joyingizdan tavsifnomayu maqtovnoma keltirishingiz, gohida tanish-bilishni ishga solishingiz talab etilardi. Bir xonadondagi telefon esa butun ko‘chaga xizmat qilardi. Endi-chi? Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barchamizda qo‘ltelefon bor. Bu arzanda matohning narx-navosini ayting – bitta smartfonning puliga uch-to‘rtta qo‘y beradi! Shunga qaramay, ayrim hotamtoylar birinchi sinfga qatnaydigan bolasiga ham eng qimmatidan olib bergan. Chapdastroq zamondoshlarimiz esa uchtalab telefon ko‘tarib yuradi deng. Lekin qo‘ng‘iroq qilsangiz, birorta telefoniga javob bermaydi. Voy, mantig‘ingdan aylanay!.. Shuncha hashamat, shuncha xarajat bilan nimani do‘ndiryapmiz?

 

Avtomobilning yo‘rig‘i ham ana shunday. Otaning o‘z markabi, onaning o‘z mashinasi, o‘g‘il-qizlarning o‘z “tachka”si bor! Yana deng, mehmonga borgani alohida, bozor-o‘charga alohida, ishga qatnagani yana alohida mashina! “Quturib ketmanglar!” derdilar onam, salgina o‘zimizdan ketsak...

 

Boylik ham bir ne’mat-da. Ilgari to‘y qilamiz, mashina olamiz, deb pul to‘plardik. Hozir ayrim zamondoshlarimizning davlati yuzta to‘yga yetadi. Bola-chaqadan ham tinchigan. Lekin tinim bilmaydi boyoqish, boylik ketidan yugurgani yugurgan. Fikru xayoli – yuzni ming, mingni tuman qilishda. Sog‘lig‘idan kechib, umrini garovga qo‘yib, ozodligini tikib bo‘lsa ham aqcha topadi! Pul kerak, qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi! Vassalom! Ammo zamonamiz qorunlari o‘z ortidan bor davlatini qoldirib, nedir xastalikdan o‘lib ketayotgani ko‘zimizni ochmaydi. Esiz umr, deysiz beixtiyor. Nima, me’yor, chegara degani yo‘qmi boylik to‘plashda?

 

Yigitlik davrimiz butun bir shaharda to‘rt-beshta choyxona bo‘lardi. Ulfatlar yig‘ilib qolsak, dasturxonning dog‘iyu ko‘rpachaning yamog‘i bilan hech kimning ishi yo‘q, allamahalgacha chaqchaqlashib o‘tirardik. Bugun esa serhasham choyxonalarda gap-gashtak qilamiz. Ilgari osh-ovqatimizni o‘zimiz pishirardik. Endi esa oshpazu oyoq-qo‘li chaqqon dastyor yigitlar xizmatingizda. Ammo davradan fayz qochgan. Ba’zi do‘stlar tinimsiz telefonda so‘zlashadi, yana ba’zisi bosh ko‘tarmay ijtimoiy tarmoq “kezadi”. Razm solib qarasangiz, o‘sha davra, o‘sha ulfatlar. Qachon, nega bunchalik o‘zgarib ketdik?..

 

Eski hovlimiz oshxonasi hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Katta va kichik qozonga mo‘ljallangan qo‘sh o‘choq. Somonsuvoq qilinib, ohak bilan oqlangan. Qishda ayvonda, bahor-yozda esa azim o‘rik tagidagi supada to‘kis-tugal jam bo‘lib, onam pishirgan totli ovqatlarni tanovul qilardik. Bugun uyimizda bir emas, ikki oshxona bor. Ammo dasturxon atrofida butun oila kamdan-kam jam bo‘ladi. Unisi ishda, bunisi safarda, kamina xizmatda. Dabdabayuas’asa bilan qurilgan oshxonadamanti pishyapti-yu,mantiq pishib yetilmayapti-da!

 

Bolalarimiz kolleju institutni bitiryapti, lekin ko‘pchiligi tahsil ko‘rgan sohasi qolib,boshqako‘chalardatirikchilik qilib yuribdi. Bizga falon joyni tamomlagani to‘g‘risida bir parcha hujjat bo‘lsa bas-da! O‘z oilamdan misol, o‘g‘lim Texnika universitetining malayziyaliklar ochgan fakulьtetida o‘qib, iqtisodchi bo‘lib yetishdi. Lekin energetika sohasidagi bir shirkatning xodimlar bo‘limida ishlab yurdi. Shu bo‘limda ishlashi kerak bo‘lgan mutaxassislar esa... yoqilg‘i qu­yish shaxobchasida javlon uradi!

 

El xizmatida, to‘y-hashamda ko‘p bo‘laman. Bu mavzuda yozaman desam, gapim tugamasa kerak. Odamlarning isrofgarligini ko‘rib yoqa ushlaysiz. Libos, taom, video-foto, bezak xarajatlarini xomcho‘t qilib, aqlingiz shoshadi. Davlatmandlar birgina bezak uchun sarflagan pulga kambag‘al oila badastir to‘y o‘tkazishi mumkin...

 

Qo‘ltelefonimga juma kuni tabriklar yog‘iladi. Shunchaki qutlovlar emas, yuragingni erituvchi bitiklar. O‘zini xudojo‘y deb bilgan tanishlarim ko‘z oldimdan o‘tadi shunday vaqtlar. Namozni qoldirmaydi, ammo g‘iybatu yolg‘on, bid’atu xurofotdan parhez qilmaydi. Yurtni chaqirib ehson dasturxoni yozadi, ammo dasti kalta do‘stidan o‘n yil avval olgan qarzini qaytarishni paysalga soladi. Luqmai halol haqida va’z o‘qiydi, ammo ish bitirmoq uchun pora qistirishdan tap tortmaydi. Qani sog‘lom mantiq, deya uzoq xayolga tolaman. Xuddi daryosini yo‘qotgan qirg‘oqdekmiz...

 

Birodarlar, agar e’tiqodimizgaki shubha-gumon aralashgan ekan, vaqtida etakni yig‘ishtirib, o‘zimizni taftish qilmasak bo‘lmaydi chog‘i...

 

Muslimbek  YO‘LDOSHEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 3-son.

Daryosini  yo‘qotgan qirg‘oq” maqolasi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 80
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 271
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//