
Yangi Ispaniya (hozirgi Meksika davlati) 1521-yildan to 1821-yilgacha Ispaniya hukumati tomonidan tayinlanadigan vitse-qiroli tomonidan boshqarilgan hudud edi. Ushbu uch asr davomida bu yerda tibbiyotning rivojlanishi asosan islom olimlarining ta’siri ostida bo‘ladi. Natijada, Abu Ali ibn Sino va uning tibbiyotga oid qarashlari dastlab Meksika, so‘ngra butun Lotin Amerikasiga tarqaladi.
1521-yilda Hernan Kortes Asteklar qirolligini zabt etganidan so‘ng, Yangi Ispaniyada tibbiyotni o‘rganish boshlangan. Chunki o‘sha davrdagi Yevropa tibbiyoti turli xurofotlarga asoslangan edi. Jarrohlik va farmakologiya amaliyotlari esa Shimoliy Yevropada hali unchalik rivojlanmagandi. Ispaniyadan Yangi Ispaniyaga kelgan har bir shifokor o‘zi bilan birga Abu Ali ibn Sinoning asarlarini ham olib kelar edi. Bu davrda Meksikada nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitoblar orqali ibn Sinoning aynan qaysi asarlaridan foydalanilganini aniqlash mumkin. XVI asrda Ispaniyaning Alkala de Enares va Osuna universitetlarida tahsil olgan shifokor Fransisko Bravo o‘zining “Opera medicinalia” asarini (Amerikada chop etilgan birinchi tibbiyot kitobi) yozadi. U bu kitobida Abu Ali ibn Sinoning asarlaridan keng foydalanganini qayd etib o‘tgan.
Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari XVI asrda ispan shifokorlari tomonidan keng qo‘llangan. Bu davrda ushbu kitob o‘nlab marta nashr qilinib, nafaqat ispan, balki boshqa yevropa tillariga ham tarjima qilinadi. 1523-yilda Venetsiyada “Praesens maximus codex est totius scientiae medicine principis Alboali Abinsene” nomi bilan “Tib qonunlari” asari chop etiladi. Aynan mana shu nashr Yangi Ispaniyaning tibbiyot markazlariga ham yetib borgan edi.
XVI asrda Ispaniyada Abu Ali Ibn Sinonining “Epitome” yoki “Compendium” asarlari tayyorlangan. Shuningdek, bu davrda ibn Sinoning hayoti va tibbiyoti haqida Miguel Jeronimo de Ledesma tomonidan yozilgan “Prima primi canonis Avicena” asari ham katta muvaffaqiyat qozongan edi. Bu asarlar keyinchalik Yangi Ispaniyaga ham yetib borib, 1553-yilda tashkil etilgan Qirollik va Pontifik universitetining Tibbiyot fakultetida darslik sifatida o‘qitilgan. XX asrning o‘rtalarida taniqli meksikalik shifokor Xose Xoaquin Izquierdo Meksika Milliy kutubxonasida Abu Ali Ibn Sinoning 1556-yilda Joan Hervagios tomonidan nashr etilgan “Liber canonis de medicines cordialibus et cantica” kitobini topadi. Bu XVI asrda Yangi Ispaniya shifokorlari tomonidan ibn Sino asarlari ishlatilganini tasdiqlovchi dalildir. Shuningdek, 1611-yilda Alkala de Enares shahrida nashr etilgan ibn Sinoning “Disputatione medicae” kitobi ham Meksika Milliy kutubxonasidan topilgan. Juan de Cardenas 1591-yilda yozgan “Primera parte de los problemas y secretos maravillosos de las Indias” kitobida ham ibn Sino nomi keltirilgan. Agustin Farfan o‘zining 1592-yilda nashr etilgan “Tractado Brebe de Medicina” asarida qayd etishicha, u o‘z asarini ibn Sinoning tibbiyotga oid qarashlariga tayanib yozgan. Bu davrda Yangi Ispaniyadagi tibbiyot talabalari ibn Sinoning anatomiya bo‘yicha asarlarini Galenning sharhlari bilan birgalikda o‘rganishgan. Natijada talabalar o‘sha davrda uchrovchi bir qancha kasalliklarni davolashda ibn Sino usullaridan (qon olish, gijjalarni tozalash, plastirlar, qizdirish va turli o‘simlik damlamalarini tayyorlash) keng foydalanishni o‘rganib olishgan.
Enriko Martines 1606-yilda nashr etilgan “Repertorio de los tiempos, y historia natural desta Nueva España” asarida “Tib qonunlari” haqida so‘z yuritgan. Shuningdek, Juan de Barriosning “Verdadera medicina, cirugía y astrología”si 1607-yilda chop etilib, bu asar keyinchalik butun Lotin va Shimoliy Amerikada tarqalib katta shuhrat qozongan, – shu asarda ham ibn Sino qarashlarining ta’siri sezilib turadi.
Xulosa qilib aytganda, islom tibbiyoti va Abu Ali ibn Sinoning g‘oyalari mustamlaka Meksikasida katta ahamiyat kasb etgan. Yangi Ispaniyaning shifokorlari Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”ni asosiy qo‘llanma sifatida ishlatishgan va bu asarlar keyinchalik Lotin Amerikasida tibbiyot ta’limida muhim rol o‘ynagan.
Shohruz SHARIPOV,
O‘zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yica falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Adabiyot
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q