Birinchi raqamli chekistni duelda yer tishlatgan “dasht boʻri”si. Qoʻrboshi Oʻtanbek va uning ozodlik yoʻlidagi kurashi


Saqlash
14:19 / 03.03.2025 146 0

 

Oʻzbek xalqi tarixida yurt uchun kurashib, ajoyib qahramonliklar koʻrsatgan insonlar juda koʻp. Shundaylardan biri XX asr boshidagi milliy ozodlik harakatining yorqin namoyandasi Oʻtan Polvon Ergash oʻgʻlidir. Bu nom bugungi kunda koʻpchilikka tanish emas. Ajdodlarining merosi va avlodlarining kelajagi uchun kurashgan ushbu oʻzbek oʻgʻloni nomini eslash, shubhasiz, ayni damda juda oʻrinlidir.

 

Oʻtanbek Ergashboy oʻgʻlining tugʻilgan yili borasida aniq faktlar yoʻq. Baʻzilar u 1900-yilda tugʻilgan deb yozgan boʻlsa, ayrim manbalarda 1904-yil koʻrsatilgan.

 

Oʻtanboy Surxon vohasida yashovchi oʻzbeklarning qoʻngʻirot urugʻidan chiqqan. Sovet davri manbalariga koʻra, uning otasi Ergash polvon katta chorvador boʻlgan. Oʻtanbek yoshligini hozirgi Jarqoʻrgʻon, Sherobod va Denov hududlarida otasining suruvini boqish bilan oʻtkazgan. Oʻrta jussali va qoramagʻizdan kelgan Oʻtan polvon oʻsmirligidanoq qishlogʻidagi kurash va koʻpkari musobaqalarida qatnashib, nom chiqargan. Ulovlarda raqiblarining otini ham uloqqa qoʻshib tortib ketadigan darajada mohir va chapdast yigit boʻlib ulgʻaygan.

 

Zamondoshlarining taʼkidlashicha, Oʻtanbek juda xarizmatik, soʻzga chechan, aqlli va farosatli yigit boʻlgan. Buxoro amirligi qizil armiya tomonidan bosib olingan 1920-yil sentabr oyidan boshlab bu oʻzbek yigiti hayotida qora kunlar boshlanadi. Surxon vohasiga ham qizil armiya qismlari kirib keladi. Ular bu yerda mahalliy aholining turmush tarziga zid boʻlgan yangi qoidalar oʻrnatadi.

 

Mahalliy aholi tabarruk deb biladigan eshonlarning mol-mulki musodara qilinadi. Jarqoʻrgʻon va Sherobodda sobiq amir amaldorlari, yirik yer egalari, katta chorvadorlar, boy savdogarlar, miroblar, qozilar, aminlar va mullalarning bor budi zoʻrlik bilan tortib olinadi. Bunday adolatsizlik, milliy qadriyatlarning poymol qilinishiga chiday olmagan Oʻtan Polvon oʻz atrofiga yigitlarni birlashtirib, sovet hokimiyatiga qarshi qurolli kurash boshlaydi.

 

Uning qizillarga qarshi ilk harbiy harakatlari 1921-yilning oxirlaridan boshlanadi. Dastlab kichik guruhga boshchilik qilgan Oʻtanbek, 1923-yilga kelib 150-200 nafargacha boʻlgan yigitlarni oʻz tevaragida toʻplaydi. Keyinchalik Oʻtanbek qoʻl ostidagi janchilar soni yarim minggacha yetadi.

 

Oʻtanbek otryadi Sherobod va Jarqoʻrgʻonda qizil armiyaga jiddiy zarbalar beradi. Uning harbiy mahorati va jasorati haqida mish-mishlar xalq orasida tez tarqaladi. 1920-yillarning ikkinchi yarmidan Oʻtanbek istiqlolchilar yetakchisi Ibrohimbek qoʻl ostiga oʻtib, uning rahbarligini tan oladi.

 

1924-yil boshlarida qizil armiya shiddatli qarshi hujumga oʻtadi. Bolsheviklar Oʻtanbekning guruhiga qattiq zarbalar beradi, unga yordam bergan qishloqlarni yoqib yuboradi va tinch aholini qirgʻin qiladi. Oʻtanbek butun Shariy Buxoro boʻylab qidiruvga beriladi. Natijada, tengsiz janglardan keyin, Oʻtanbek qoʻl ostidagi koʻplab yigitlar halok boʻladi yoki oʻz uylariga qaytib ketadi. Shundan soʻng Oʻtanbek bir muddat kichik guruhlar bilan yoki yolgʻiz harakat olib boradi.

 

Endi u ham qizillarga qarshi kurash usulini oʻzgartiradi. Oʻtanbek qizil komandirlar va ularning mahalliy xalqdan chiqqan vakillariga hamlalar qilar, yoʻllariga pistirmalar qoʻyar, ish joylariga qoʻqqisdan hujum qilardi. Bu kutilmagan hujumlardan soʻng u qizillar orasida “Stepnoy volk” – “dasht boʻrisi” deb atala boshlanadi.

 

Oʻtanbek va boshqa oʻzbek qoʻrboshilarining Sharqiy Buxorodagi qarshilik harakatini bostirish uchun SSSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi (OGPU) raisi Feliks Dzerjinskiy Dushanbega Birinchi jahon urushi qatnashchisi, tajribali zobit va razvedkachi Cheslav Putovskiyni yuboradi.

 

Putovskiy harbiy tajriba jihatdan Oʻtanbek qoʻrboshidan ancha ustun edi. U 1887-yilda Varshavada tugʻilgan, 70-Riga piyoda polkida xizmat qilgan hamda Birinchi jahon urushida qatnashgandi.

 

Putovskiy 1917-yil oktabrda Petrograddagi toʻntarishda faol ishtirok etgan. Shundan soʻng Smolenskda Cheka (Aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash boʻyicha raisining oʻrinbosari) raisi, keyinroq Moskva harbiy okrugida GPU (Davlat siyosiy boshqarmasi – sovet davlatning xavfsizlik organi) maxsus boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

 

1922-yil oxirida Putovskiy GPUning “zaxira guruhi” tarkibida Oʻrta Osiyoga yuboriladi. 1925-yil martigacha Buxoro va Samarqand viloyatlari hududida milliy ozodlik harakatiga qarshi kurashda qatnashadi. Sovet davlati oldidagi xizmatlari uchun Cheslav Turkiston OGPU vakolatli boshqarmasining sovet davlatiga qarshi qurolli harakatni tugatish boʻyicha maxsus guruhi boshligʻi etib tayinlanadi.

 

1924-yil 16-dekabrda Cheslav Putovskiy yangi tuzilgan Tojikiston ASSRʻning GPU boʻlimi boshligʻiga aylanadi.

 

Bu paytda Oʻtanbek qoʻrboshi aynan Tojikiston hududlarida faol harakatlar olib borayotgandi. Putovskiy ushbu ozodlik kurashchisini yoʻqotishga jiddiy eʻtibor qaratadi. Chunki Oʻtanbek Ibrohimbekning oʻng qoʻli oʻlaroq ancha mashhur va kuchli qoʻrboshilaridan edi. 1925-yilning aprelida Cheslav Putovskiyga Oʻtanbek Bobotogʻ etaklarida ekani maʼlum qilinadi.

 

Qizil armiya jangchilari orasida Oʻtanbek bir qancha qizil askarlarni yakkama-yakka janglarda osonlik bilan mahv etgani haqida gap-soʻzlar tarqalgandi. Ularni eshitgan Putovskiy qayoqdagi “yovvoyi osiyolik”ni shaxsan halol jangda yer tishlatib, shon-sharafga erishish haqida oʻylaydi.

 

Putovskiy mahalliy choʻponlarga “Oʻtanbekka aytinglar mard boʻlsa men bilan yakkama-yakka jangga chiqsin. Uning xavfsizligini kafolatlayman. Bu mening ofitserlik soʻzim (zobitning sharafi, sadoqati va bergan vaʼdasiga sodiqligini anglatuvchi tushuncha. Zobit oʻz “soʻzi”ga javobgar boʻlgan va uni buzish eng katta sharmandalik hisoblangan)” deya xabar beradi.

 

Cheslavning bu chaqirigʻi Oʻtanbekka yetkaziladi. Anchadan beri uning yigitlari va boshqa qoʻrboshilarni yoʻq qilayotgan bu qizil komandirni bir yoqlik qilishni Oʻtanbek ham anchadan beri oʻylab yurgandi. Oʻtanbek unga “chorshanba kuni tushda falon joyda uchrashamiz” deya duel boʻladigan joyni maʼlum qiladi. 1925-yil 21-aprelda ular belgilangan joyga keladi.

 

Cheslav qizil askarlarga jangga aralashishni “qatʼiyan” man qiladi. Oʻtanbek bilan boʻlgan deulda Cheslav ogʻir yarador boʻladi va olgan jarohatidan keyinroq jon taslim qiladi.

 

Ushbu qizil komandirning qoʻrboshi Oʻtanbek bilan dueli shunchaki ikki askarning toʻqnashuvi emas, balki mustaqillik uchun kurashayotgan xalq va uni boʻysundirishga urinayotgan imperiya oʻrtasidagi jang edi.

 

Bu dramatik duelni koʻrgan mahalliy choʻponlar uzoq vaqt bu jang haqida bir birlariga aytib yuradi.

 

Yozuvchi Temurmalik Berdixon bu toʻqnashuvni shunday tasvirlaydi: “Don dashtlarining chavandoz botiri va Turkistonning otliq bahodiri bir muddat bir-biriga tikilib turdi. Hamma jim, hayrat va qiziqish bilan kuzatishardi. Bir muddatlik nigohlar jangidan soʻng ikki suvoriy birdaniga, qilichlarini baland koʻtarib oldinga otildi. Otlar shiddat bilan chopishar, masofa esa toboro qisqarardi. Otliqlar toʻqnashganda qizil komandir raqibning boʻyniga zarba berdi. Lekin qandaydir soniya ichida Oʻtanbek uning zarbiga chap berdi va uzangiga oyoq tiragancha dushmani yelkasiga qilich soldi. Cheslav yelkasidan qornigacha dahshatli ogʻriqni his etdi va bu yigitni jangga chorlab katta xato qilganini tushundi. Bu uning eng oxirgi xatosi edi”.

 

Cheslav Putovskiyning oʻlimi Tojikiston ASSR hukumatini qattiq gʻazablantiradi. Chunki Tojikiston bolsheviklarining birinchi raqamli “chekisti” qoʻrboshi bilan yakkama-yakka jangda magʻlub boʻlishi bu siyosiy voqea ham edi.

 

1925-yil 24-aprelda Tojikiston ASSR hukumati eʼlon qilgan axborotda “22-aprel kuni tongda, vatan ozodligi uchun kurashgan inqilobchi, Sharq ishchilarining ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan, Cheslav Antonovich Putovskiy vafot etdi. Dafn kuni – 24-aprel Tojikiston Sovet Sotsialistik Avtonom Respublikasida motam kuni deb eʼlon qilinadi. Cheslav Antonovich Putovskiyning xotirasiga hurmat sifatida Dushanbe shahridagi shahar bogʻi va yangi koʻcha uning nomi bilan ataladi” deyilgandi.

 

Ammo sovet davri adabiyotlarida chekistlar komandirining oʻlimi haqida “ish kabinetida oʻtirganda suiqasd qurboni boʻldi” deb yozilgan. Chunki sovetlar Putovskiyning qoʻrboshi bilan duelda magʻlub boʻlganligini hazm qilolmagan va uzoq yillar notoʻgʻri maʼlumot tarqatgan.

 

Oʻtan qoʻrboshi esa dueldan keyin yana Hisor tomon chekingan. U Ibrohimbek bilan Afgʻonistonga oʻtib, u yerda harakatlarda ishtirok etgan. Kobulda tuzum almashgach Bachayi Sakoni qoʻllagan turkistonlik istiqlolchilar SSSR ittifoqchisi boʻlgan Nodirshoh tomonidan siquvga olinadi. Hukumat ularni Afgʻonistondan chiqarib yuborishga uringan va ularning boshi uchun katta mukofot vaʻda qilgan.

 

Oʻtanbek ham Badaxshon togʻlarida kurash olib borayotgan kezda yaqin safdoshi tomonidan uxlab yotganda mahv etiladi. Shu tariqa vatani uchun jang qilgan, yurtiga hamla qilgan bosqinchilar bilan mardlarcha kurashgan oʻzbek qoʻrboshisining umri yakun topadi.

 

Ubaydulla Quvvataliyev

Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi

Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:02 / 28.02.2025 0 328
Biz unutayotgan esse va unda yashayotgan falsafa





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25430
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//