
Tashqi olamni anglashda ko‘rgan bilgan barcha narsalarimizga nom qo‘yib o‘rganganmiz. Nom o‘zi atalgan narsani boshqalaridan ajratib turish, yodimizda saqlash uchun juda muhim. Bu tabiat qoidasi sanoatga kirib kelgach BREND tushunchasi shakllandi.
Brend – biror kompaniya, mahsulot yoki xizmatni boshqalardan ajratib turadigan, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan nom, logo, dizayn, imidj va boshqa elementlarning yig‘indisi. U shuningdek, iste’molchilarda mahsulot yoki xizmatga nisbatan munosabat yoki hissiyotlarini shakllantirishga qaratilgan strategiya hamdir.
Bashariyat azaldan o‘zi tanigan-bilgan shaxs yoki narsalarni boshqalaridan ko‘ra ko‘proq qadrlaydi va ularga ishonadi. Bu qonuniyat sanoatda “marketing hiyla”si sifatida qo‘l kelgani sababli ba’zi ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan tashkilotlar o‘z muassasasi nomini mashhur shaxs yoxud qahramonlar ismi bilan ataganlar. Biz esa ushbu maqolada mifologik qahramonlar nomiga asoslangan brendlar bilan tanishamiz.
Nike – dunyoning eng yirik brendlaridan biri bo‘lib, asosan sport kiyimlari, poyabzal, jihozlar va aksessuarilarni ishlab chiqaradi. U 1964-yilda AQShning Oregon shtatida, Bill Bouerman va Fil Nayt tomonidan Blue Ribbon Sports nomi ostida tashkil etilgan.
Keyinchalik 1971-yilda kompaniya “Nike” nomini qabul qilgan. Nike nomi yunon mifologiyasidan olingan bo‘lib, u g‘alaba va muvaffaqiyat xudosining ismidir. U haqda turli manbalarda turlicha ma’lumot keltiriladi: birida Nike Zevs va Afinaning xizmatkori deyilsa, boshqasida urush xudosi Aresning otasi deb da’vo qilinadi.
Amazon – dunyoning eng yirik onlayn savdo va texnologiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, Jeff Bezos tomonidan 1994-yilda AQShning Vashington shtatidagi Sittl shahrida asos solingan. Dastlab, Amazon faqat kitoblarni sotish bilan shug‘ullangan. Amazon hozirda xizmatlar doirasini kengaytirib, internet orqali mahsulotlar sotishdan tashqari, boshqa ko‘plab sohalarda ham faoliyat yuritadi.
Brend nomi Yunon mifologiyasidagi jangari ayollardan tarkib topgan qo‘shin nomiga asoslanadi. Amazonkalar jismonan chaqqonligi, kuchi, kamondan otish, ot minish mahorati va jangovar san’ati bilan mashhur bo‘lgan jangchi va ovchi ayollar edi. Ularning jamiyati faqat ayollardan iborat bo‘lib, onalar ham qiz farzandlarinigina tarbiyalaganlar; o‘g‘il farzandlarini otalariga qaytarishgan. Ko‘payish uchungina qisqa vaqtga erkaklar bilan muloqot qilishgan.
Mard va shiddatli mustaqil Amazonlar o‘z malikasi qo‘mondonligida muntazam ravishda dunyoning chekka burchaklariga, Skifiyadan Frakiyagacha, Kichik Osiyo va Egey orollaridan tortib to Arabiston va Misrgacha bo‘lgan keng ko‘lamli harbiy yurishlarni muntazam ravishda amalga oshirganlar.
Venus – bu bir nechta turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradigan brend, eng keng tarqalgan mahsuloti esa go‘zallik va parvarish vositalari hisoblanadi. Venus brendi 2001-yilda Procter & Gamble kompaniyasining Gillette bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus loyiha edi. Brendning ilk mahsuloti – ayollar uchun sirpish (shaving) vositasi bo‘lgan Venus razor (Venus sirpisi) edi. Shundan so‘ng, brend tezda ommalashdi va ayollar orasida mashhur bo‘ldi.
Venus (Venera) – Rim mifologiyasidagi go‘zallik va muhabbat ilohasi bo‘lib, u Troyaning qulashidan omon qolgan va Italiyaga qochib, Rim xalqiga asos solgan Eneyning onasidir.
Apollo(n) – NASAning eng mashhur kosmik dasturlaridan biri bo‘lgan Apollon missiyasining nomi bilan barchaga ma’lum. Bu nom Yunon mifologiyasidagi oliy xudo Zeus va Letoning o‘g‘li, Artemidaning akasi; sevgi, san’at, ilhom, yorug‘lik, tabobat va kuch-qudrat xudosidir.
Mercury – bu 1939–2010-yillarda Ford Motor Company tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobil brendi loyihalaridan biri edi. Uning nomi Rim mifologiyasidagi Yupiter va Mayaning o‘g‘li – savdo-sotiq, aql-zakovat ma’budi bo‘lmish Merkuriy nomidan olingan. U ko‘pincha chaqqon harakatlanishni ifodalovchi qanotli poyabzal va aqllilikni ifodalovchi qanotli bosh kiyim va caduceus (ikki ilon bilan o‘ralgan tayoq) bilan tasvirlanadi.
Titan – bu 1984-yilda Tata Groupning bir bo‘limi sifatida tashkil etilgan va dastlabki yillarida faqat soatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya loyihasi edi. Bu kompaniya 1990-yillarda Hindistonning ichki bozorida o‘zining birinchi soat kolleksiyasini taqdim etdi va qisqa vaqt ichida juda mashhurlikka erishdi.
Uning nomi Yunon mifologiyasida Uran va Geyadan tug‘ilgan bolalarning umumiy nomi bo‘lib, ular o‘n ikki tabiat hodisalarini boshqaruvchi ma’budlar edi. Mifologiyada keltirilishicha Titanlar vaqt xudosi Xrons boshchiligida hukmronlikni qo‘lga olganlar va bu hukmronlik to Zevs otasi Xronsni taxtdan ag‘dargunga qadar davom etgan.
Cerberus – bu 1992-yilda tashkil etilgan yirik xususiy kapital kompaniyasidir, u asosan investitsiyalar, korporativ qayta tuzilish va moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Uning nomi yunon mifologiyasidan olingan bo‘lib, u yer osti dunyosi xudosi Aidning sodiq xizmatkori – do‘zax darvozalarini qo‘riqlovchi uch boshli ko‘ppak sifatida tasvirlangan maxluq ismiga asoslanadi. Bu ko‘ppak yer osti dunyosidan hech bir o‘likning ruhi chiqmasligiga va unga hech bir tirik jon kirmasligiga masʼul edi.
Hercules – bu og‘ir sanoat uskunalari, qurilish texnikalari va mexanik tizimlar ishlab chiqaruvchi brend bo‘lib, ular yuqori texnologiyalarga asoslangan kuchli va mustahkam mashinalar ishlab chiqaradi. Uning nomi Yunon mifologiyasidagi oliy xudo Zevsning kuch va qudratda tengsiz o‘g‘li bo‘lmish Herakl ismiga asoslanadi. U o‘zining o‘n ikki jasorati bilan juda mashhur obrazdir.
Bulardan tashqari, mashhur brendlarda nomidan emas, tasviridan foydalanilgan mifologik obrazlar mavjud. Masalan, bularga Versaci, Starbucks, Red Bull va Hermes kabilar kiradi.
Hermes – 1837-yilda Parijda Thierry Hermès tomonidan tashkil etilgan fransuz brendi bo‘lib, asosan hashamatli sumkalar, kiyim-kechak, aksessuarlar, poyabzal, soatlar, parfyumeriya va boshqa tovarlarni ishlab chiqaradi. Uning nomi asoschi sharafiga atalgan bo‘lsa-da, lekin uning logosida Yunon mifologiyasiga ishora qiluvchi tasvirlardan foydalanilgan.
Red Bull – 1987-yilda Mateschitz Taylanddagi “Krating Daeng” ichimligini Avstriya bozoriga olib keldi va uni yangi brend ostida qayta takomillashtirgan holda ishlab chiqardi. U o‘zining yangi formulaga asoslangan bu ichimligini marketing strategiya asosida “Red Bull” nomi bilan sotishni boshladi. Brendning logosida energetik ichimlik mohiyatini ifodalash uchun Minotavr tasviridan foydalanilgan. Bu obraz Yunon mifologiyasi qahramoni bo‘lib, u yarim inson, yarim buqa ko‘rinishida tasvirlangan.
Starbucks – bu dunyodagi eng mashhur va eng yirik kofe do‘konlari tarmog‘idan biridir. U 1971-yilda Sittl shahrida tashkil topganidan buyon, nafaqat kofe va ichimliklar, balki ijtimoiy va madaniy hodisa sifatida ham tanilgan. Brendning muvaffaqiyati va keng tarqalganligi uning sifatli mahsulotlari, innovatsion marketing strategiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va iste’molchilarga mas’uliyatli yondashuvi bilan ham bog‘liq. Uning logosida Sirena tasvirlangan bo‘lib, bu obraz ba’zan yarim ayol, yarim qush; ba’zan esa yarim ayol, yarim baliq sifatida tasvirlanuvchi go‘zallikda tengi yo‘q ayol qiyofasida ifodalandi. Ular shirali ovozi bilan dengiz sayyohlarini yo‘ldan adashtirib, o‘limga yetaklovchi sehrli qudratga ega bo‘lgan.
Versaci – bu brend 1978-yilda Gianni Versachi tomonidan Milan shahrida tashkil etilgan. Birinchi do‘koni ochilishi bilanoq tez orada yuqori sifatli va hashamatli dizaynlari bilan e’tiborni jalb etgan. U o‘zining kiyimlari va dizaynlari orqali faqatgina moda sohasida emas, balki madaniyatga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. U pop madaniyatining ajralmas qismiga aylanib ulgurgandi. Versachi brendi o‘zining noyob uslubi va estetikasi bilan ajralib turadi.
Versachi brendining ajralmas qismi bo‘lmish logosida Meduza Gorgonaning boshini ko‘rishimiz mumkin. U Yunon mifologiyasi qahramoni bo‘lib, o‘zining aybsiz aybdorona ayanchli qismati bilan hammamizga tanish. Uning hikoyasi quyidagicha: dengiz ma’budi oilasida tug‘ilgan Meduzaga chiroyda hatto ilohalar ham tenglasholmasdi. Toki uni ma’buda Afina la’natlamaguncha. Afina sharafiga qurilgan ibodatxonada Poseydon tomonidan zo‘rlanib, kamiga muqaddas joyni ishrat bilan bulg‘agani uchun Afina unga dahshatli qiyofani, ya’ni sochlari o‘rnida ilonlar va mahluqona tanani “tortiq” qilgan. Lekin Meduza obrazi shu holida ham kibor va hashamat ramziga ko‘chgan. Aynan shu sabab uning boshi Versachi brendi logosiga aylangan. Hozirda biz Versachini Meduzasiz tasavvur qilolmaymiz.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q