Oʻzbek tekstil sanoati qaldirgʻochlari — josuslikda ayblangan Avazjonovlar


Saqlash
16:32 / 27.02.2025 191 0

Kechar ustida avlodi, tushunmas kim etar avgʻon,

Tushar bechoraning yodigʻa kechmish xoni va xoqoni.

Vatan avlodiman deb lof urarlar tushlarida, yoʻq,

Kim ostida, kim ustida, bu VATAN kimlarning qurboni?

Xosiyat Tillaxonova. Vatan // Bilim oʻchogʻi. 1922-yil.

 

Muhammadjon Avazjonov 1905-yili Eski Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Otasi Avazjon oʻz vaqtida Buxoro amirligining yuqori lavozimli amaldorlaridan boʻlib, 1912-1918-yillari Chorjoʻy bojxonasida masʼul lavozimda ishlagan. Muhammadjon dastlab Buxoro shahrida eski va yangi usul jadid maktablarida oʻqiydi, soʻng madrasa taʼlimini olib, arab, fors tillarini mukammal oʻzlashtiradi. Kogondan maxsus muallim yollab rus tili va adabiyoti, Yevropa musiqa sanʼati sirlarini oʻrganadi. Yoshligidan amakivachchalari – keyinchalik BXSR hukumatida yirik mansablarda ishlagan Musojon va Muxtor Saidjonovlar orqali jadid taraqqiyparvarlari gʻoyalari taʼsirida ulgʻaydi.

 

1922-yil sentyabrda Muhammadjon ukasi Rahmatjon bilan BXSR hukumati tomonidan Germaniyaga taʼlim olishga yuborilgan iqtidorli yoshlar qatoridan oʻrin oladi. Ular dastlab boshqa buxorolik yoshlar qatori Germaniyaning Kyosling shahridagi pedagogika maktabida taʼlim oladi. Muhammadjon oʻrta maxsus shahodatnomani qoʻlga kiritgach, Kottibus shahridagi “Oliy tekstil maktabi”ga tekstilchi-muhandis yoʻnalishiga oʻqishga kiradi. 1928-yil avgust oyida vatandoshlari – tekstil sohasida oliy maʼlumot olgan Isomiddin Alovuddinov va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida oʻqigan Abdulla Poʻlatov bilan birga SSSRga qaytadi. Sentyabrda Samarqandga yetib kelgan Muhammadjon Avazjonov va Isomiddin Alovuddinovni Oʻzbekiston hukumati rahbari Fayzulla Xoʻjayev oʻz kabinetida kutib oladi. Hukumat rahbari ularni tabriklab, kelajak vazifalari haqida toʻxtaladi. Shundan soʻng yoshlar berilgan maʼlum miqdordagi pulni olib, Buxoroga yoʻl oladilar.

 

Aka-uka Avazjonovlar

 

Vaqt oʻtib, Muhammadjon yosh Oʻzbekistonning yengil sanoati taraqqiyoti uchun yeng shimaradi. Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarda tekstil kombinatlari qurilishi va ishga tushirilishida bosh-qosh boʻladi. Mahalliy yoshlardan sohada yetuk mutaxassislar yetishtirish maqsadida kombinatlar qoshida bilim yurtlari tashkil etadi. Uning soʻnggi ish joyi 1934-yildan boshlab Fargʻona tekstilkombinatida bosh injener va ishlab chiqarish boʻlimi rahbarligi vazifalari boʻldi. Endigina 32 yoshni qarshilagan Muhammadjon Avazjonovning gʻayrati kundan kun joʻsh urayotgan bir paytida osmoni uzra qora bulutlar paydo boʻladi.

 

1937-yil 6-sentyabr kuni Fargʻona shahar NKVD boshqarmasi tomonidan Muhammadjon Avazjonov qamoqqa olindi. Unga tegishli xonadonda tintuv oʻtkazilib, pasporti, Germaniyaning Oliy Pruss tekstil industriya institutini tugatgani haqidagi diplomi va guvohnomalari, shuningdek, Germaniyadan keltirilgan sohaga doir koʻplab ilmiy kitoblar, Xislatning “Bayoz”i, nemis tilidagi badiiy adabiyotlar, albom va suratlar olib ketiladi. Ertasi kuni qayta taftish oʻtkazishib, endi uydagi barcha jihozlar – jomadon, kamar, 60 soʻm miqdoridagi pul, qalamdon, ruchka, neki boʻlsa hech bir narsani qoldirmay roʻyxatga xatlab olib ketishadi. Turmush oʻrtogʻi Mahbuba Avezjonova, oʻgʻli Inoyat (1930-y.t.) va qizi Lyuba (1933-y.t.) shipshiydon qilib ketilgan uyda bir tiyin pulsiz otalarining ortidan yigʻlab kuzatib qoladilar...

 

 

Muhammadjon adabiyotni va fotografiyani juda sevar, boʻsh vaqtlari Germaniyada sotib olgan fotoapparatida tabiat hodisalari, tarixiy binolar, doʻstlar bazmlari, insonlarning holatlarini suratga olib yurar edi. 1937-yil 9-sentyabrda oʻtkazilgan ilk soʻroqda tergovchi asosiy eʼtiborni ana shu suratlarga qaratadi. 1937-yil 30-sentyabr kuni tasdiqlangan qarorda esa hech bir aniq asoslar koʻrsatilmagan holda Muhammadjon Avazjonov Germaniya josusligida, OʻzSSR JKning 57-moddasi I qismi (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj) bilan aybdor deb topiladi.

 

Eng qizigʻi, uni qamoqqa olish toʻgʻrisidagi order 1937-yil 11-noyabrda berilgan. Muhammadjon sovet turmasida yana qariyb bir yil muttasil qiynoq va azoblar ostida qismat hukmini kutadi. 1938-yil 1-2-oktyabr kunlari Germaniyada tahsil olgan Temurbek Kazbekov va kimyogar Sattor Jabbor bilan yuzlashtirishlarda Muhammadjon Germaniyada “Ozod Turkiston” degan aksilinqilobiy tashkilot umuman mavjud boʻlmaganini taʼkidlaydi. U barcha holatda mardonavor chidam bilan oʻzining haqligini isbotlashga intilishiga qaramay, 1937-yil dekabrdayoq tayyorlab qoʻyilgan ayblov bayonnomasi 1938-yil 7-oktyabrda SSSR Bosh prokurori Vishinskiy tomonidan tasdiqlandi. M.Avazjonov jinoiy ishi boʻyicha sud 1938-yil 9-oktyabr kuni soat 13:15 dan 13:35 gacha davom etdi. “Uchlik” sudi M.Avazjonovning barcha mulklarini musodara etib, uni otuvga buyuradi va hukm oʻsha kunning oʻzida ijro etiladi.

 

Stalincha qatagʻonlarning fosh etilishi jarayonida Muhammadjon Avazjonovning ishi ham qayta koʻrib chiqilgan. Muhammadjonning ishi qayta koʻrilayotgan vaqtda u bilan birga ishlagan bir qator kishilar guvoh sifatida soʻroqqa tortildi. Ulardan bu vaqtda Toshkent tekstil-kombinatiga qarashli maktab direktori Leonid Moiseyevich Rozensvit 1956-yil 9-noyabr kuni Muhammadjon Avazjonov haqida quyidagilarni hikoya qiladi: “Men 1934-yili Ivanovo tekstil texnikumini tugatib, Toshkent tekstil kombinatiga ishga yuborilganman. Bu yerda kadrlar tayyorlash kursi rahbari sifatida Fargʻona tekstil kombinati va uning qoshidagi Jerzinskiy nomli texnikum bilan ham hamkorlikda ishlardik. Fargʻona tekstil kombinatining ishlab chiqarish boʻlimi rahbari va Fargʻona texnikumi oʻqituvchisi boʻlgan Muhammadjon Avazjonov bilan 1935-yili bir yildan koʻproq vaqt turli masalalarda xizmat vazifam yuzasidan muloqotda boʻlganman. Menda u tekstil sohasida mavjud barcha texnologiyalarni mukammal biluvchi va har tomonlama yetuk mutaxassis sifatida yaxshi taassurot qoldirgan. Shu vaqt davomida biror marta uning aksilsovet faoliyatini sezmaganman yoki biror odamdan shunga oʻxshash fikrlarni ham eshitmaganman”.

 

O‘zbek bolalari Kyosling shahrida

 

1957-yil 23-sentyabrda SSSR Oliy Sudining harbiy kollegiyasi tomonidan uning oqlangani haqida maxsus qaror qabul qilinadi. Muhammadjon Avazjonovning oqlangani haqidagi xabar 1957-yil 22-oktyabrda turmush oʻrtogʻi Mahbuba Avazjonovaga maʼlum qilinib, musodara etilgan mulklarini qaytarish yuzasidan maxsus komissiya tuziladi. Bu masala ham sovetlarga xos “hassos”lik bilan tekshirilib, 81 soʻm 96 tiyin miqdoridagi moddiy zarar Avazjonovning oila aʼzolariga yetkaziladi. Muhammadjon Avazjonovning avlodlari bugun Buxoroda istiqomat qilishadi. 

 

***

Muhammadjon Avazjonovning inisi Rahmatjonning ham oʻziga xos hayot yoʻli, ayricha bir hikoyasi bor. Rahmatjon 1908-yil 7-aprelda tugʻilgan. U ham akasi Muhammadjon bilan dastlab Buxoro shahrida eski maktab va madrasa taʼlimini oladi, arab, fors tillarini oʻzlashtiradi. Kogondan maxsus muallim yollab, rus tili va adabiyoti, Yevropa musiqa sanʼati sirlarini oʻrganadi.

 

1922-yil sentyabrda Germaniyada akasi bilan pedagogika maktabidagi taʼlimni tamomlagach, Zarau shahrida joylashgan “Pruss tekstil industriyasi Oliy maktabi”ning tekstilchi-kimyogar yoʻnalishida tahsil ola boshlaydi. 1928-yil iyul oyida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomni qoʻlga kiritgan Rahmatjon ham SSSRga qaytadi. Aslida bu qaytish majburan amalga oshirilgan boʻlishi ham mumkin. Chunki Rahmatjon oʻqishining soʻnggi yili goʻzal nemis qizi Elza Prager bilan tanishib, uni sevib qoladi. Aftidan ularning rasman oila qurish taraddudiga tushganini sezib qolgan sovet xufyalari uni bosim yoki aldov yoʻli bilan Moskvaga olib keladilar. Uning 1928-yil yozi soʻngida 8 kun davomida Moskva shahrida qamoqda saqlangani, akasi Muhammadjonning uyiga bormasdan avval hukumat rahbari Fayzulla Xoʻjayevning qabuliga kirishi ham yuqoridagi fikrimizni asoslashi mumkin. Shundan soʻng Rahmatjon Moskva shahrida qolib, dastlab Moskva shahridagi “Erkin mehnat” toʻqimachilik fabrikasida, 1930-35-yillarda esa Petr Alekseyevich nomidagi Moskva charm ishlab chiqaruvchilar ittifoqi laboratoriyasida faoliyat olib boradi. Ayni paytda Germaniyadan ayoli va farzandini olib kelish yoki ularning oldiga borish uchun ruxsat olish maqsadida sovet hukumati masʼul idoralariga tinimsiz murojaat etadi. 1930-yildan Germaniya elchixonasiga qatnaydi. Elza ham Rahmatjonga 1928-yil kuzida dunyoga kelgan farzandi Anximning surati bilan har oy sogʻinch xatlarini yoʻllardi.

 

 

Xullas, dunyoning qariyb uchdan birini egallagan shoʻrolar mamlakatida ikki sevishgan qalb uchun joy topilmadi. 1935-yilga kelib sevgan yori va farzandini qayta koʻrishdan umidini uzgan Rahmatjon Toshkentga qaytadi. Toshkent tekstil kombinatda sex boshligʻi, muhandis boʻlib ish boshlaydi. Ammo 1937-yil 4-sentyabr kuni OʻzSSR JK 60 (aksilinqilobiy tashviqot), 67 (aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalari bilan ayblanib, qamoqqa olinadi. U yashayotgan Toshkent tekstil kombinatining 3-yotoqxonasi, 9-xonadonda tintuv oʻtkazilib, pasporti, Germaniyada olgan diplomi, turli xatlar, 12 ta surat, hatto shaxsiy buyumlari va uydan topilgan 30 soʻm ham dalolatnoma asosida olib ketiladi. Uning turmush oʻrtogʻi SAGU (Oʻrta Osiyo davlat universiteti), kimyo fakulteti, 5-kurs talabasi boʻlgan Savelyevna Yelizavetta Avazjanova va endigina yoshiga toʻlgan qizi Svetlanaga na tushuntirish beriladi na bir tiyin pul qoldiradilar.

 

1937-yil 5-sentyabr kungi ilk soʻroqda asosan undan Germaniyaga qanday borgani, kimning puliga oʻqigani bilan qiziqishadi. Biroq, 1937-yil 17-sentyabr kuni chiqarilgan qarorda uning 1922-27-yillarda Germaniyada oʻqigani, “Turkiston” aksilinqilobiy tashkiloti aʼzosi, Germaniyaga ishlovchi josus, 1927-yil SSSRga josuslik maqsadida qaytgan deb, OʻzSSR JKning 60- (aksilinqilobiy tashviqot), 62- (aksilsovet targʻibot) moddalari bilan aybli deb topiladi.

 

1937-yil 18-dekabrdagi soʻroqda esa Germaniyada tuzilgan “Ozod Turkiston” tashkiloti aʼzosi boʻlgani, 1933-yilda SSSRdagi Germaniya elchixonasi xodimi Lemanga josuslik materiallari yetkazib turgani yoziladi. Vaholanki, uning nima maqsadda elchixonaga qatnagani yuqorida keltirib oʻtildi. Shundan soʻng Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizligi boshqarmasi 3-boʻlimi leytenanti Georgiy Mironovich Zaturanskiyning 1937-yil 20-dekabr kuni imzolagan qarorida Rahmatjon 1906-yil tugʻilgan va 1927-yildan Moskvada yashaydi kabi xato axborotlardan soʻng biror ishonarli dalillar keltirmagan holda OʻzSSR JKning 57-1 (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 62- (aksilsovet targʻibot), 67-(aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalari bilan aybli deb topadi. Koʻrinib turibdiki, haqiqat tergovchiga kerak boʻlmagan, maqsadi har qanday yoʻl bilan boʻlmasin Rahmatjon Avazjonovdan ulkan jinoyatchini yasash boʻlgan.

 

1937-yil 22-dekabr kuni Germaniyada oʻqib kelgan yana bir yosh – Kiromiddin Qiyomiddin bilan yuzlashtirishda goʻyoki Rahmatjonning “Krokodil” hajviy jurnalida keltirilgan karikaturani koʻrib kulgani va bu bilan sovetlarning zarbdor “staxanovchilik” harakatining ishchilarga hech qanday foydasi yoʻq, degan gapiga iqror boʻlishini talab qiladilar.

 

Raxmatjonning ayblov bayonnomasi 1937-yil 6-dekabrda OʻzSSR NKVD rahbari Derenik Zaxarovich Apresyan, 1938-yil 5-oktyabrda SSSR General prokurori oʻrinbosari tomonidan imzolandi. Ish 1938-yil 9-oktyabr soat 10: 20dan 10:40gacha davom etadi va Rahmatjon OʻzSSR JKning 57-1 (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 58- (qurolli qoʻzgʻolonga harakat), 64- (Sovet davlatiga qarshi terakt), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolik) moddalar bilan aybdor deb topilib, oliy jazoga hukm etiladi. Hukm 9-oktyabrning oʻzida ijro etilgan.

 

Stalincha qatagʻonlarning fosh etilishi jarayonida Rahmatjon Avazjonovning ham ishi qayta koʻrib chiqildi va 1957-yil 20-sentyabrda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasining qarori asosida oqlanadi. O‘zbekning minglab ziyolari qatorida aka-uka Avazjonovlar ham ochiq tuhmat bilan otib tashlangan bo‘lsa-da, haqiqat baribir yuzaga chiqadi. Yurt ravnaqini oshirish, millat gardanini ko‘tarishni maqsad qilib, shu yo‘lda qurbon bo‘lgan o‘g‘lonlar xalq xotirasidan abadiy o‘chmaydi.

 

Bahrom IRZAYEV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:02 / 27.02.2025 0 268
Shekspir adabiy dahomi yoki buyuk plagiatchi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25172
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//