
Turon – Turkiston mintaqasida hukmronlik qilgan sulolalar davlatni boshqarishda, uni himoya qilishda va tinchlikni saqlashda harbiy kuchlarga tayangan.
Qoraxoniylar sulolasi o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularning harbiy sohadagi islohotlari keyingi davrda hukmronlik qilgan sulolalarda ham davom etgan. Shunga ko‘ra, qoraxoniylarning harbiy tashkiloti haqida mavjud manbalar taqdim etadigan ma’lumotlar nafaqat bu sulolaning harbiy faoliyatini anglash uchun, balki o‘z davridagi ayrim harbiy iboralarining ma’nosi va kelib chiqishini aniqlashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.
“Devonu lug‘otit turk” asarida turkiylarning harbiy ishiga oid ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, bu asar Yevroosiyoning katta qismida hukmronlik qilgan turkiy sulolalar – saljuqiylar, g‘aznaviylar va qoraxoniylarning harbiy boshqaruvini tadqiq qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Mahmud Koshg‘ariy yashagan davrda hukmronlik qilgan Qoraxoniylar sulolasining harbiy boshqaruvi uzoq tarixiy an’analarga tayangan. Biroq ushbu sulola harbiy tizimining o‘ziga xos jihati shundaki, unda mansab va unvonlar eski turkcha nomlari bilan ifodalangan. Ushbu davrda harbiy boshqaruvning asosiy rahbari sifatida hukmdorning o‘zi ko‘rsatilgan. Zarurat tug‘ilganda, hukmdor maslahatchilari, hojiblar va viloyat hokimlari uning buyruqlari asosida qo‘mondonlik vazifasini bajargan.
Mahmud Koshg‘ariy va boshqa tarixiy manbalarga asoslanib, o‘rta asrlardagi harbiy tuzilmalarning qanday tashkil etilganini tahlil qilish mumkin. Ushbu davrda qo‘shin ikki asosiy turga bo‘lingan: asosiy (doimiy) qo‘shin va nomuntazam (zahira) qo‘shin. Asosiy qo‘shin hukmdorning shaxsiy soqchilari, shuningdek, umumiy qo‘shindan iborat bo‘lgan. Shaxsiy soqchilar “Devonu lug‘otit turk”da yotg‘oq atamasi bilan tavsiflangan bo‘lib, ularning asosiy vazifasi hukmdorni kechasi himoya qilish bo‘lgan. “Qutadg‘u bilig” manbasida ham yotg‘oqlar haqida ma’lumotlar keltirilgan, – kechasi saroyni himoya qiluvchi soqchilar “yotg‘oqlar” deb atalishi va ularning boshlig‘i esa “Qapug‘boshi” deyilishi aytilgan.
Vaqt o‘tishi bilan bu lavozimlarning nomlari o‘zgarishi mumkin, ammo ularning vazifalari saqlanib qolgan. Boshqa tarixiy manbalarda hukmdorning tungi qo‘riqchilari haqida eslatmalar mavjudligi ham bu tizimning ahamiyatini ko‘rsatadi. “Siyosatnoma”da Mahmud G‘aznaviyning askarlarini kechasi navbatma-navbat soqchilikka qo‘yilishi haqida ma’lumot berilgan bo‘lsa, “Boburnoma”da esa soqchilar “chuxra” va “asas” kabi boshqa nomlar bilan tilga olingan. Bu esa harbiy tuzilmalarning lokal xususiyatlari va terminologiyasining xilma-xilligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, o‘sha davrda hukmdorlarni himoya qilish uchun tashkil etilgan soqchilar tizimi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va u bir necha nomlar hamda vazifalar orqali tarixda boshqa sulolalarda davom etgan.
Asosiy qo‘shin “Devonu lug‘otit turk”da “su” atamasi bilan ifodalangan bo‘lib, bu atama turkiy tilga mansubdir va arab yoki fors manbalarida uchramaydi. Abu Fazl Bayhaqiy, Ibn Al-Asir va Jamol Qarshiy asarlarida qo‘shin haqida umumiy ma’lumotlar berilgan bo‘lsa-da, ularda “su” atamasi ishlatilmaydi.
Turklarning uzoq harbiy salohiyatida otliq qo‘shin muhim ahamiyat kasb etgan. Keng bepayon dasht va turmush tarzi ularning ot bilan muloqat qilishini, ulardan ishlab chiqarish, dehqonchilik va janglarda foydalanishni taqozo etgan. “Devonu lug‘otit turk”da otlarga oid ma’lumotlar asosan ularning rangi, xususiyati va harbiy salohiyati haqida. Ushbu asarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, otlar o‘sha davrdagi harbiyning ajralmas bir bo‘lagi sifatida qabul qilingan. Muallif shuningdek, otlar kasalliklari va ularni davolash usullari haqida ham to‘xtalib o‘tadi. Shuning bilan birga, nafaqat otlar kasalliklari, balki otlardan insonlarni davolashda ham foydalanilgani ta’kidlanadi. “Devonu lug‘otit turk”da ko‘z kasalliklari (ko‘zulduruq va ko‘zluq) va ot dumidan to‘qilgan ko‘zga taqiladigan ko‘zoynaklar haqida ham ma’lumot berilgan.
“Devonu lug‘oti turk”da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shinning asosiy qismi otliq qo‘shinlardan iborat bo‘lgan. Muallif piyoda askarini tilga olmaydi, bu esa otlarning ahamiyatini yanada oshiradi. Masalan, “El” maqolasida “Bu otni tasvirlaydi. Chunki ot turkning qanotidir”, degan ifoda orqali turkiylar hayotida otning o‘rni haqida fikr yuritiladi. Otlarga qaraydigan otboqarni elboshi, ya’ni viloyat boshlig‘i sifatida ta’riflash ham otning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Botirlik belgisi ham ot bilan bog‘liqdir: otning dumini ipak bilan o‘rab qo‘yish botirlik belgisi sifatida qabul qilinadi. Otlardan nafaqat janglarda, balki hukmdorning buyruq va farmonlarini tez yetkazishda ham foydalanilgan. Shoh maktublari viloyat amirlariga tez yetib borishini ta’minlash uchun maxsus choralar ko‘rilgan; eng tez chopadigan otlar tanlab olinib, viloyatlar orasida maxsus bekatlarga joylashtirilgan. Choparlar shohning farmonlarini yetkazishda o‘sha bekatdagi otlardan foydalanishgan. Bekatlardagi otlar “ulag‘” va “chufg‘a” kabi nomlar bilan atalgan. Bu jarayonlar o‘sha davrda axborot almashinuvi tizimining samaradorligini ko‘rsatadi. Urush vaqtida otlarni saqlashga katta ahamiyat berilgan; “saq-saq” atamasi bu haqda ma’lumot beradi. Saq-saq maxsus so‘z bo‘lib, otlar hamda boshqa narsalarni saqlash uchun qo‘riqchilarni ogoh qilishda ishlatilgan. Shuningdek, hukmdorning yonida doim tez chopadigan chidamli zahira ot bo‘lishi kerak edi; zarurat tug‘ilganda undan foydalanilgan. Mahmud Koshg‘ariy bu turdagi otni “qo‘sh ot” deb atagan.
Asosiy qo‘shindan tashqari urushlar vaqtida yig‘iladigan qo‘shin ham mavjud bo‘lgan. Bu haqda Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida ayrim ma’lumotlarni keltirgan. Unga ko‘ra, askarlar yig‘ilishiga oid bir qator iboralar mavjud: “Su tilim irkildi” – ko‘p askar to‘plandi; “xan susin qurdi” – xon askarini to‘pladi va tartibga soldi; “beg susin bukdi” – xon askarini yig‘di; “su bukindi” – askar to‘plandi; “su qamug‘ chug‘landi” – askarlar hammasi to‘dalari bilan kelishdi; “su qamug‘ jig‘ilishdi” – hamma askarlar to‘planishdi; “su jumurlandi” – askar to‘plandi. Bu iboralar shuni ko‘rsatadiki, Qoraxoniylar sulolasida qo‘shin tarkibi turli xil bo‘lib, to‘planish jarayoni urush arafasida amalga oshirilgan.
Turkiylarning urush vaqtlarida askarlarning to‘planish jarayoni uzoq tarixga ega. Xitoy manbalarida yozilishicha, hunlar urush boshlaganda bir necha yuz ming jangchini yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Turk xoqonligida esa xalqning asosiy qismi chorvachilik bilan shug‘ullangan va ularning davlat oldidagi majburiyatlari soliq to‘lashi, urush vaqtlarida otlar bilan ta’minlash va askarlikka borishni o‘z ichiga olgan. Arab va fors manbalarida ham turkiylarning qo‘shini tarkibida turli qabila vakillari mavjudligi qayd etilgan. Shunday qilib, urush paytida hukmdor o‘ziga tabe bo‘lganlardan jangchilarni yig‘gan.
Umuman olganda, turkiy xalqlarning urush paytida askar yig‘ish jarayoni ularning ijtimoiy tuzilishi va siyosiy hayotini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan. Hukmdorning o‘ziga tabelar ichidan jangchi yig‘ishi harbiy tayyorgarlikni ta’minlashda hamda davlat xavfsizligini saqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Urushdan so‘ng hukmdor askarlarga uylariga qaytishlari uchun buyruq bergan. “Devonu lug‘otit turk” asarida bu jarayonga oid bir qator iboralar uchraydi. Masalan, “beg susin yasdi” – bek askarini yurtlariga tarqatdi; “su yasildi” – askarlar tarqalib ketdi; “men anar susin yattirdim” – men unga askarlarni tarqatishga buyurdim; “su yazlishdi” – askar har tarafga tarqaldi; “aning susi taraldi” – uning askari tarqatildi. Bu jumlalar Qoraxoniylar davrida askarlarning urushdan bo‘sh vaqtlarida o‘z ishlariga qaytganini ko‘rsatadi.
Askarlarning urushdan so‘ng o‘z ishlariga qaytishi qadimdan bo‘lib, buni Xitoy manbalari ham tasdiqlaydi. U yerda hunlarning tinchlik davrida chorvachilik bilan shug‘ullanib, urush vaqti kelganda bir necha ming suvoriylarni jangga jalb qila olishlari haqida yozilgan. Qoraxoniylar davrida yaratilgan “Qutadg‘u bilig” asaridagi “agar arzirli bo‘lsa askarlarni harakatlantirsa” jumlasi ham bu jarayonni tasvirlaydi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni xulosa qilish mumkinki, askarlar o‘z yumushlari bilan band bo‘lib, urush boshlangan paytda jangga tayyorlanishgan. Ular jangda qatnashishgani uchun jangdan olingan o‘ljani taqsimlash orqali rag‘batlantirilgan. Bu esa jangchilarni oilalarini boqish zaruriyatidan ozod qilgan. Agar jangchi asir tushsa, uni haq evaziga qutqarib olishgan yoki halok bo‘lgan taqdirda uning farzandlariga tovon to‘lashgan va voyaga yetguniga qadar ularga g‘amxo‘rlik qilganlar.
Askarlarning urushdan so‘ng tarqalishi boshqa sulolalarda ham kuzatilgan hodisa hisoblanadi. G‘aznaviylar sulolasida urush paytida viloyatlardan askarlar yig‘ilishi haqida “Yaminiy tarxi”da ma’lumot berilgan. Keyingi sulolalar davrida ham ushbu jarayon davom etgani ko‘zga tashlanadi. Boburnoma asarida keltirilgan: “Qanbar Aliga va o‘z viloyatlariga ketgan askarlarga to‘ra (bo‘y baravar qalqon), ketmon, oybolta va boshqa harbiy qurol-yaroqlar hamda oziq-ovqat topib keltirish uchun serg‘ayrat topag‘on kishilar yubordi” degan jumla ushbu davrda askarlarning uylariga qaytishini tasvirlaydi.
Harbiy yurishlarda qo‘shinning g‘alabasini ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri askarlarning xizmatlari uchun beriladigan maoshdir. Qoraxoniylar bu masalaga jiddiy qaraganlar. Ular qo‘shinning qurol-yarog‘i, kiyim-kechagi, oziq-ovqati va askarlarning sog‘lig‘i kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi maxsus lavozimlar tayinlаgan. Askarlarga xizmat haqi o‘z vaqtida to‘lanishi nazorat qilinib borilgan. Arab xalifaligi va keyinchalik Somoniylar davrida ham askarlar ta’minoti bilan shug‘ullanadigan maxsus devon mavjud bo‘lgan. Manbalarda bu devon “Devoni arz” nomi bilan tilga olingan. Qoraxoniylar sulolasi hukmronligining dastlabki davrida ham shunga o‘xshash jarayon mavjud bo‘lgan va “Devonu lug‘otit turk”da keltirilgan “ay bitigi” buni isbotlaydi. Unda askarlarning maosh va oziq-ovqat ta’minotlari alohida daftarlarga qayd etilgan. “Ay bitigi” yoki shunchaki “ay” kabi turkcha nomlar askarlarning maoshlarini va taomnomalarini yozib olish vazifasini bajaruvchi maxsus kotiblar faoliyat yuritayotganini ko‘rsatadi. Tarixchi Abdujabbor Utbiy keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Somoniylarda ham ushbu lavozim mavjud bo‘lgan, biroq uning nomi aniq ko‘rsatilmagan. U yozadiki, bosh vazir Abulabbos Tosh vafotidan so‘ng Jurjonda bo‘lgan boshboshdoqlik bostirilgandan keyin Xurosonga qaytishni istagan askarlarning ismlarini birma-bir ro‘yxatga olib, ularning oyliklarini berib Ray shahriga ketishlariga izn bergan.
Agar “ay bitigi” nomi haqiqatan ham askarlarga oylik maosh to‘lanishidan dalolat bersa, bu qoraxoniylarning xalifalik misolidan ko‘ra o‘zlarining harbiy an’analariga amal qilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu “ay bitigi” qoraxoniylarda muntazam qo‘shin tuzilganidan darak beradi va askarlarga oylik maoshlarni hisoblaydigan maxsus kotiblarning faoliyat yuritganini tasdiqlaydi. Biroq bu tizim mо‘g‘ullarga qaramlik davriga kelib, o‘nlik tizimi joriy qilinishi natijasida bekor bo‘lgan.
11-yuzyillikda turkiy qo‘mondonlar askarlarini oylik maoshlaridan tashqari tez-tez rag‘batlantirib turgan. Bu jarayonning asosiy maqsadi askarlarning jangovar ruhiyatini oshirish bo‘lgan. Rag‘batlantirish jarayoni ruhiy va moddiy shakllarda amalga oshirilgan: ko‘pincha askarlarga qo‘lga kiritilgan o‘ljalardan sovg‘alar taqdim etilgan yoki ularga ziyofatlar uyushtirilgan.
“Devonu lug‘otit turk”da askarlarga berilgan ziyofat “tanguk” atamasi bilan izohlangan. Tanguk – xonlar yurishga chiqqanda askarlarga taom va taomga o‘xshash sovg‘alar berish degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, xonlar askarlarga ipak kiyimliklar ham taqdim etgan. “Devonu lug‘otit turk”da ziyofatlarga oid boshqa ma’lumotlar ham keltirilgan. Misol uchun, “ashatti” atamasi xonlar taniqli kishilar, ya’ni qabila boshliqlari bilan bir dasturxonda o‘tirgan vaqtga nisbatan ishlatiladi. Urushda g‘alabadan so‘ng yoki to‘y va bayramlarda hukmdorlar askarlariga o‘ttiz gaz balandligida dasturxon yozishgani haqida “Devonu lug‘otit turk”da “kanchliyu” atamasi bilan ma’lum qilinadi. Bunday holatni ifodalovchi “bek askarlarini siyladi, ularga yedirdi, marhamat qildi” iborasi ham mavjud.
Hukmdorlarning askarlariga nisbatan saxovatli bo‘lishi va to‘kin dasturxon yozishlari saltanat boshqaruvida muhim ahamiyatga ega ekanligini Nizomulmulk asarida qayd etgan. Biroq Saljuqiy sultonlardan ba’zilari bu odatga unchalik ahamiyat bermagan ko‘rinadi; “Biz sulton kelgan vaqtdan boshlab uzoq muddat uning dasturxonidan bir burda non ham totganimiz yo‘q” deb chigil va Movaronunnahrdan kelgan askarlar o‘rtasida norozilik paydo bo‘lganini yozadi. “Yaminiy tarixi”da keltirilishicha, G‘aznaviylar sulolasida urushlarda olingan o‘ljalar askarlarga taqsimlangan. Urush bo‘lmagan davrlarda esa, yiliga to‘rt marta beriladigan rag‘bat sifatida bistgoniylar yoki har yigirma kunda ishriniyotlar taqdim etilgan. Umuman olganda, XI asrda Turkistonda hukmdorlarning askarlariga nisbatan saxovatli yondashuvi va rag‘batlantirish siyosati jangovar ruhiyatni saqlab qolishga yordam bergan, natijada davlatning harbiy qudratini oshirgan. Askarlarning motivatsiyasi uchun tashkil etilgan ziyofatlar va taqsimotlar ularning vazifasiga bo‘lgan mas’uliyatini yanada kuchaytirgan.
Qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida urushlar natijasida asirga olingan shaxslarning hayoti ko‘plab hollarda mol yoki xizmat evaziga saqlib qolingan. Asirlar ma’lum bir miqdordagi mablag‘ evaziga ozodliklarini sotib olish imkoniga ega bo‘lgan yoki g‘olib tomonning xizmatiga kirishlari mumkin edi. “Devonu lug‘otit turk” asarida asirlar to‘g‘risida “bulun” atamasi orqali tarif berilgan. Masalan, bir asirni tasvirlaydigan she’rdagi jumlada: “Mol berib, o‘zini qutqazsin deya, uni bo‘shatdim”, degan fikr keltiriladi. Bundan tashqari, dushmanga taslim bo‘lgan va omonlik bergan shaxs “ichkin er” deb atalgan. Bunday ma’lumotlarga boshqa tarixiy manbalarda ham duch kelinadi. Somoniylar sulolasining ichki nizolari davrida asirga tushgan sarkardalar o‘z hayotlarini mol-mulk to‘lab saqlab qolishgan. Ularning hayoti faqatgina mol evaziga emas, balki g‘olib qo‘mondonning xizmatiga kirish orqali ham saqlangan. Misol uchun, Qoraxoniylar Buxoroni zabt etish arafasida Somoniylar xizmatidagi o‘g‘uz sarkardasi besh ming kishilik askarlari bilan qoraxoniylarga qarshi to‘qnashuvda asir tushadi va natijada qoraxoniylarga taslim bo‘ladi hamda ularning xizmatiga kiradi. Shunga o‘xshash vaziyat Somoniylar qo‘l ostidagi boshqa turk qo‘mondoni Foyiq bilan ham sodir bo‘ladi; u Horun Bug‘ra xonga asir tushgandan so‘ng uning xizmatini qabul qiladi.
Bu holatlar shuni ko‘rsatadiki, muallif zamonida asir olinganlarni oddiygina o‘ldirib yubormaslik amaliyoti mavjud edi; aksincha, ularning hayotlari mol yoki xizmat evaziga saqlanib qolingan.
Qoraxoniylar davrida xalqni dushman kelayotganidan xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Buning asosiy maqsadi, birinchidan, xalqning mol-mulklarini oldindan belgilangan mustahkam qal’alarga joylashtirish, ikkinchidan, askarlarni harbiy hujumga tayyorlashdan iborat bo‘lgan. 11-yuzyillikda tog‘ cho‘qqilarida yoki baland joylarda minora shaklida qurilgan inshootlar – “qarg‘u” deb atalgan olov yoqiladigan minoralar xalqni dushman kelayotganidan ogohlantirish va qo‘shinni xabardor qilish uchun xizmat qilgan.
Buxoradagi Vobkent va Surxondaryodagi Jarqo‘rg‘on minoralari o‘sha davrda aynan dushman tahdididan xabardor qilish vazifasini bajargan. Bunday minoralar mavjudligi O‘rta asr tarixchilaridan Abu Fazl Bayhaqiy va Ibn al-Asir asarlarida ham qayd etilgan. Abu Fazl Bayhaqiyning yozishicha, g‘aznaviylar Jayhun bo‘yida ko‘plab qal’alarga soqchilarni joylashtirib, ularni nog‘ora bilan ta’minlagan. Agar dushman daryodan o‘tmoqchi bo‘lgan taqdirida, soqchilar nog‘ora va dovullarni chalib shovqin ko‘targan va o‘z harbiylariga xabar berishgan. Ibn al-Asir esa tog‘lardagi mustahkam qa’lalarni, u yerda saqlangan ko‘plab xazina va qurol-yarog‘larni keltirib o‘tgan; shuningdek, dushman bostirib kelishi haqida ogohlantirish uchun mash’alalardan foydalanilganini qayd etadi.
Umuman olganda, bunday inshootlar harbiy strategiyaning muhim qismi bo‘lib, ularning mavjudligi o‘sha davrning xavfsizlik tizimining rivojlanganini ko‘rsatadi. Mahmud Koshg‘ariy ifodalarini boshqa tarixiy manbalar ham tasdiqlaydi. Shunday qilib, Qoraxoniylar davridagi harbiy infrastruktura xalqning xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaganligini ko‘rishimiz mumkin.
Sarvar QO‘LDASHEV,
O‘zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Adabiyot
Til
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q