Davlat idoralarida ruslar emas, o‘zbeklar bo‘lishi kerak – 15 yoshida maktab ochgan Eshonxo‘ja Xoniy kim edi?


Saqlash
15:17 / 26.02.2025 224 0

O‘tgan davrning 20-yillari oxiridan millat oydinlariga nisbatan sovetlar zo‘ravonligi kuchayib bordi. Ularni jismonan yo‘q qilish yo‘lida yalpi qatag‘onlar boshlandi. 1929-yil 5-noyabr kuni sovet “GPU”sining tashabbusi bilan aksilinqilobiy harakatda ayblanib Munavvarqori Abdurashidxonov yetakchiligidagi 38 kishini hibsga olish uchun order chiqarildi. Ular ichida Eshonxo‘ja Xoniy ham bor edi.

 

Turkiston jadidchilik harakatining eng oldingi qatorida turgan yirik arboblardan biri Munavvarqorining qarindoshi va safdoshi Eshonxo‘ja Xoniy hayot va faoliyati jadidchilik tarixida hali ochilmagan qo‘riqlardan biridir. Zero, uning bilan bog‘liq ma’lum tadqiqotlar “toshkentlik yangi usul maktabdori” ekani bilan cheklanadi. Ushbu maqolada Eshonxo‘ja Xoniy hayoti va faoliyatining ma’lum bir qirralari so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra ochib beriladi.

 

Eshonxo‘ja Xoniy 1893-yili Toshkentning Shayxontohur dahasidagi Quyi Devonbegi mahallasida tug‘ilgan. Otasi XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida yashab o‘tgan Shorahim Xonxo‘ja eshon diniy va dunyoviy ilmlarning chuqur bilimdoni sifatida Toshkent ulamolari orasida yaxshigina obro‘ga ega ziyoli kishilardan bo‘lgan. Eshonxo‘ja oilasi haqida mavjud ma’lumotlarda 1913-yili tug‘ilgan qizi Xayriya Eshonxo‘ja qizi Toshkentdagi 8-sonli bolalar uyida tarbiyachi bo‘lib ishlagani va 1930-yillari Toshkent tibbiyot institutida tahsil olgani keltiriladi.

 

Eshonxo‘ja dastlab otasi qo‘lida, so‘ngra eski usul maktabida savod chiqargan. 1902–1907-yillari Toshkentda endigina tanila boshlagan Munavvarqori maktabiga kirib yangi usulda tahsil olgan. Ayni paytda, muallim yordamchisi sifatida pedagoglik mahoratini egallab borgan. Yangi usul maktablariga oid kitob va risolalarni mutolaa qilib bilimlarini yanada mustahkamlagan. Shogirdlaridan professor Ibrohim Yorqin keyinchalik bu jarayonlarni shunday eslagan edi: “Eshonxo‘ja Xoniy sobiq Turkistonda ilk bora yangi usul ochganlardan. Munavvarqori yonida yangi usulda o‘qitish haqida ba’zi ma’lumotlar yig‘ib, dastlab bu borada amaliy mashg‘ulotlar olib borardi ham Ismoil G‘aspralining usuli jadidiga oid ba’zi risola va kitoblarini o‘qish orqali o‘zini-o‘zi o‘stirib boruvchi, g‘ayratli va ilg‘or fikrli bir kishi edi”.

 

Pedagogikada yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan Eshonxo‘ja Xoniy 1908-yili 15 yoshida o‘zining yangi usul maktabini ochib millat bolalarini tarbiyalashga kirishgan. “Xoniya” nomli maktab qisqa fursatda toshkentliklar orasida shuhrat qozonib, 24 yangi usul maktabi ichida eng yiriklaridan biriga aylangan. Xususan, 1911-yili u yerda 160 o‘quvchi tahsil olardi.

 

Toshkentdagi yangi usul maktablarining ko‘pchiligi qatori Eshonxo‘ja maktabi uchun Munavvarqorining “Namuna” maktabi dasturini asos qilib olgan. Unga muvofiq maktab o‘quvchilari birinchi sinfdayoq Munavvarqori tomonidan yozilgan “Adibi avval” kitobi asosida alifboni o‘rganib, Qur’ondan bir necha suralarni yodlaganlar. Ikkinchi sinfda “Adibi soniy”, “Adabi din” nomli kitoblardagi ba’zi ma’lumotlar mazmunini yozma shaklda ifodalab kelish uchun “ko‘chirib yozish” vazifasi berilib, yozuv ko‘nikmasi shakllantirilgan. Ayni paytda, o‘quvchilarda ittifoqlik ruhini shakllantirish uchun darslar o‘rtasidagi tanaffuslarda ko‘ngilochar koptok va chillak kabi o‘yinlar yo‘lga qo‘yilgan.

 

Jadid maktablari nufuzining keskin oshib borishi mustamlaka ma’murlarini xavotirga solmasligi mumkin emas edi. Shu sababli mustamlakachilar jadid maktablariga qarshi turli tadbirlar, xususan, jadid muallimlarni matbuotda sazoyi qilish, turli bahonalar bilan maktablarni yopib qo‘yish, darsliklarga senzura joriy qilish va boshqalar orqali xalq tasavvurida jadidlarga nisbatan g‘arazli munosabatlar uyg‘otishga harakat qildilar. Jadidlar ham o‘z navbatida turli vositalar orqali qilinayotgan hujumlarga javob berib, xalq nazdida yangi usul maktablari nufuzini yanada mustahkam bordi. Xususan, Eshonxo‘ja bunday harakatning eng oldingi saflarida turdi: Otasining moddiy ko‘magi bilan maktab uchun alohida bino soldirdi. Sinflar sonini 3 taga yеtkazdi. Boshlang‘ich ta’lim bilan birga yuqori bosqich ta’lim shaklini yo‘lga qo‘ydi. O‘quvchilarga o‘qish, yozish, hisob-kitobni o‘rgatish bilan birga “Adibi avval”, “Adibi soniy”, “Adabi din”, “Adabiyot” singari milliy asarlar asosida dasturilamal ishlab chiqib milliy ruhda tarbiyaladi. Uyga berilgan vazifalar orqali o‘quvchilarda mustaqil fikrlash va ilm olish ko‘nikmalarini rivojlantirib bordi.

 

Eshonxo‘ja Xoniy nafaqat pedagog, balki pedalog ham edi. Shu sababli o‘quvchilarning yoshi va psixologiyasiga ko‘ra ta’lim va tarbiya darajasini ko‘tarib bordi. Yuqori sinflarda “Ma’lumoti nafiya” nomli tarbiya darsini joriy qilib, bolalarning yoshiga uyg‘un ravishda turli hikoyalar orqali inson, avvalo, iqtidoriga ko‘ra ilm egallashi, so‘ng bu ilmi bilan ota-onasi va millatiga foydali xizmat qilishi lozimligini singdirishga intildi. Turon o‘tmishidagi buyuk davlatlar tarixi, Islom olamidagi mashhur turkistonlik olimlar hayotidan namunalar olib, keyingi davrdagi qoloqlik va qaramlik sabablari tushuntirildi. Turkistonni qaramlik falokatidan chiqarishning yagona chorasi – millatning bor imkoniyat, iqtidorini ishga solib ilm va texnikani egallash orqali bo‘lishini u juda yaxshi anglardi.

 

Eshonxo‘janing ma’rifiy faoliyatidan ko‘zlangan yagona maqsadi – zamonaviy bilim bilan qurollangan yangi avlod yеtishtirish va ular yordamida Turkistonni ozodlikka olib chiqish bo‘lgan. Bu yo‘ldagi harakatlari izsiz ketmagani tarixdan ma’lum. Keyinchalik O‘zbekiston va dunyoning siyosiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotida katta o‘rin tutgan qator arboblar uning maktabida tahsil olgani buni ko‘rsatib turadi. Jumladan, shogirdlari ichida Qayum Ramazon, Salim Tillaxon, Husayn Jonboy, Sa’dulla Qosim o‘g‘li, Elbek, Abduvahob Murodiy, Ibrohim Yorqin kabi ko‘rinarli jamoat va madaniyat xodimlari bor edi.

 

1917-yil Fevral voqealari va ilk sovet davrida Eshonxo‘ja Xoniyning asosiy faoliyati maorif yo‘nalishidagi siyosiy harakatlar bilan uyg‘un holda kechdi. 1918–1922-yillari yangi tashkil etilgan “Hayot” nomli jadid maktabiga rahbarlik qilib, yoshlarni sovetlarga qarshi ruhda tarbiyalashga intildi. Mustaqillik g‘oyalarini tizimli ravishda targ‘ib qilib bordi. Suhbatlarda tez-tez “O‘zbekistonda ruslar hukmron. Barcha davlat idoralarida faqat ular o‘tiradi. Aslida u yеrda o‘zbeklar bo‘lishi kerak”, deya o‘lkani ruslashtirishga qarshi chiqdi. Bu kabi madaniy-ma’rifiy jabhadagi siyosiy kurashlar sovet idoralari nazaridan chetda qolmadi. Turli tazyiq va bosimlar natijasida Eshonxo‘ja Xoniy 1926-yildan keyin sovet ta’lim siyosatidan norozilik ifodasi sifatida o‘qituvchilik faoliyatini to‘xtatdi.

 

1917–1929-yillari Eshonxo‘ja Xoniy Turkiston ozodlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun milliy siyosiy tuzilmalar safiga qo‘shildi. “Sho‘royi islom”, “Turk adam markaziyat firqasi”, “Ittihodi taraqqiy”, “Milliy ittihod” singari ochiq va yopiq tashkilotlarga kirib, Turkiston ozodligi yo‘lida sidqidildan kurash olib bordi. Milliy tashkilotlarda uning chekiga tushgan asosiy vazifa yangi a’zolar jalb qilish, xalq orasida tashkilot ta’sirini oshirish, sovetlarga qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kabilardan iborat bo‘ldi. Jarayonlarning guvohi bo‘lgan Obidxo‘ja Saidov ko‘rsatishicha, Eshonxo‘ja Xoniy Munavvarqori boshchiligidagi “Milliy Ittihod” yashirin tashkilotida rahbarlik darajasida faoliyat yuritgan edi: “1918-yil yoz oylarida Rustambek Niyazbekov bilan ko‘rishib qoldim. U meni o‘zi bilan noma’lum bir yеrga borishga taklif qildi. Birgalikda Devonbegi mahallasidagi bo‘sh bir binoga kirdik. Bino “Hayot” maktabi qarshisida joylashgan edi. U yеrda men tashkilotga kirdim. Qabul marosimida qatnashgan niqobli kishilarni keyinchalik o‘rgandim. Ular Eshonxo‘ja Xoniy, Eshonjon Hazrat va Tangriqul hoji ekan”.

 

Eshonxo‘ja Xoniy sovetlarning ko‘plab tadbirlariga qarshi chiqib ularga nisbatan norozilik munosabatini yashirmagan. Xususan, paxta maydonlarining kengaytirilishi, xotin-qizlar masalasi, davlat idoralarining yеrlilashtirilishi shular jumlasidandir. Sovetlarning iqtisodiy salohiyatsizligi orqasida butun mamlakatda g‘alla tanqisligi kelib chiqayotgani, Moskvaning Turkistonga g‘alla va sanoat mahsulotlari yеtkazib bera olmayotgani ortida ham shu sabab turganini qo‘rqmasdan tanqid qilgan: “Moskva dehqonlarni paxta ekishga zo‘rlamoqda. Vaholanki, bizda va hatto Moskvaning o‘zida g‘alla yеtishmovchiligi bor. Va’daga muvofiq O‘rta Osiyo xalqi g‘alla bilan ta’minlangani yo‘q. Natijada, aholini g‘alla bilan ta’minlashda ulkan muammolar yuzaga kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, paxta maydonlarini kengaytirish xalqqa jabr bo‘ldi. Eng ko‘p o‘zbek dehqonlari aziyat chekdi. Bundan tashqari, Moskvaga paxta yеtkazsak ham evaziga yеtarli sanoat mahsulotlari keltirilmadi”.

 

Ayollarning yuzini ochish masalasida esa shoshma-shosharlikka qarshi bo‘lgan. Boshqa jadidlar singari ayollarni ma’rifatli qilmasdan turib paranjini tashlash masalasini ko‘tarmaslik tarafdori edi. Shuningdek, sovetlarning sinfiy nazariyasi ham uning qarashlariga zid bo‘lgan. Millatning sinfga ajratib insoniy huquqlardan, ayniqsa, ta’lim huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas deb hisoblagan. Shuning uchun sovetlar tomonidan mulklari tortib olingan toshkentlik boy Xo‘jaxonning o‘g‘lini Farg‘ona texnikumiga o‘qishga yuborishda amaliy yordam ko‘rsatgan.

 

1918-yildan boshlab avval Turkiston, so‘ngra O‘zbekiston miqyosida ochiq qurolli va yashirin tashkiliy tarzda ozodlik kurashlari amalga oshirildi. Milliy tashkilotlar orqali yagona g‘oya va maqsad asosida birlashtirishga harakat qilindi. Bunga qarshi sovet xavfsizlik idoralari tomonidan choralar ko‘rilgani ham ma’lum. Xususan, 20-yillardan boshlab faol jamoat va madaniyat arboblari ta’qibga uchrab hibsga olina boshlandilar. 1929-yil Munavvarqori va safdoshlariga qarshi “maxsus amaliyot” o‘tkazilib yirik qatag‘onlar to‘lqini boshlab yuborildi. Bu jarayonlardan barvaqtroq xabar topgan Eshonxo‘ja Xoniy yaqin o‘rtoqlari bilan Sharqiy Turkistonga qochishga majbur bo‘ldi.

 

Hozircha uning Qoshg‘ardagi faoliyati haqida yetarli ma’lumotlar mavjud emas. Mavjud adabiyotlarda taniqli olim Sh.Turdiyev tadqiqotlariga tayanilib, uning Sharqiy Turkistonda uyg‘urlar bilan birga Xitoy hukumatiga qarshi isyon qilgani, Sobit domulla boshchiligida tuzilgan Sharqiy Turkiston hukumatida vazir bo‘lib ishlagani va sovetlar ta’siri kuchaygach 1934-yili Sharqiy Turkiston bilan Hindistonning tog‘li bir yеriga qochib borib o‘sha yеrda vafot etgani bayon qilinadi. So‘nggi izlanishlarda buni tasdiqlovchi biror manbaga duch kelinmagan bo‘lsa ham, Eshonxo‘janing Qoshg‘ardagi hayoti bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlar topishga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, 1932-yilga tegishli hujjatlardan birida uning Qoshg‘arga borib boy savdogarlardan Sotiboldi Anasitdinxo‘jayev qo‘lida omborxonada mudir bo‘lib ishlaganligi ma’lum bo‘ldi. Shu yili “Abdulla Oxun” imzosi bilan qizi Xayriyaga yozgan maktubida esa “tinch-salomat ishlayotgani va imkon topilsa Turkiyaga ketishni reja qilayotgani”ni bildiradi. Binobarin, Eshonxo‘ja Xoniyning xorijdagi hayot va faoliyati kelgusida yangi tadqiqotlarga muhtoj. Shu sababli kelajakda bu borada izlanishlar davom ettirilib, uning faoliyati to‘liq o‘rganib chiqilishi maqsadga muvofiq sanaladi.

 

Asadullo HASANOV,

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:02 / 27.02.2025 0 270
Shekspir adabiy dahomi yoki buyuk plagiatchi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25173
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//