“Boriga qanoatlanasiz, sizlarga yordam berolmaymiz” – Urush davrida ko‘p bolali onalar qanday yashagan?


Saqlash
17:40 / 25.02.2025 158 0

Urushning boshlanishi respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi. Oilaning asosiy ta’minotchisi bo‘lgan erkaklarning urushga safarbar etilishi aholining turmush-tarziga va ularning iqtisodiy ta’minotiga juda katta salbiy ta’sir qildi. Shuningdek, urushga jalb etilgan erkaklarning o‘rnini ham to‘ldirishga majbur qilingan xotin-qizlar, yoshlar va qariyalarning ijtimoiy holatiga e’tibor qaratish davr talabiga aylandi. Chunki frontni mahsulot bilan ta’minlashda ularning hissasi juda ham katta edi.

 

Urushning mashaqqatli yillari va undan keyingi davrda ko‘plab onalar moddiy jihatdan qiyin ahvolda qoldi. Og‘ir vaziyatni biroz yumshatish maqsadida ayrim imtiyozlar joriy etildi. Jumladan, oziq-ovqat kartochkalari joriy qilingan shaharlarda 1942-yilning iyul oyidan homilador ayollar uchun homiladorlikning 6-oyidan boshlab va tug‘ganlaridan keyingi ikki oy davomida, shu bilan birga emizikli ayollar uchun oziq-ovqat sotishni uyushtirish majburiyati yuklatilgan edi. Har oyda bir kishiga yog‘ – 400 gramm, qand – 300 gramm, don mahsulotlari – 600 gramm hamda sut – 6 litr miqdorda oziq-ovqatlar berish ko‘zda tutilgan. Berilgan oziq-ovqatlar normasidan kelib chiqib shu narsa ma’lum bo‘ladiki, urush O‘zbekiston aholisining turmush darajasini og‘irlashtirib, oziq-ovqat tanqisligini vujudga keltirgan. Natijada har bir kishiga qat’iy me’yorlangan tartib asosida oziq-ovqatlar taqsimlangan.

 

1943-yil 4-noyabr harbiy xizmatchilarning oilalariga yordam berish yuzasidan U.Yusupovning Toshkent viloyati xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib, aholining moddiy sharoiti muhokama qilingan. Jumladan, oziq-ovqat masalasida qiyinchiliklar paydo bo‘lishi, U.Yusupovning ma’lumot berishicha, ba’zi tumanlarda 10–15%, ba’zilarida esa 20–25% harbiy xizmatchilarning oilalari oziq-ovqat bilan ta’minlanmaganligi, bu oilalarning hammasi bir xil muhtojlikda kun kechirmaganligi ta’kidlanib, ularni 3 guruhga bo‘lgan:

 

1-guruhga – qo‘lidagi oziq-ovqati 1–2 oygagina yetib qoladigan, ko‘p bolali oilalar;

 

2-guruhga – qo‘llaridagi oziq-ovqat tejab sarf qilganida yilning oxirigacha yetadigan oilalar. Bunday oilalar hamma harbiy xizmatchilarning oilalariga nisbatan 30–40% ni tashkil qilganini ta’kidlagan. Bu guruh oilalariga nisbatan “Oziq-ovqatingiz kamroq bo‘lsa ham bori bilan qanoatlanasiz, biz sizlarga oziq-ovqat berolmaymiz, chunki yordamga juda ham muhtoj bo‘lgan oilalar bor”, deb tushuntiruv ishlari olib borilgan;

 

3-guruhga urush nogironlarining oilalari kiritilgan. Yusupov davlat ixtiyoridagi oziq-ovqat resurslari ko‘p emasligini tan olib, harbiy xizmatchilarning oilalariga oziq-ovqat bilan yordam berish uchun kolxozchilar va korxonalarning resurslaridan keng ravishda foydalanish kerakligini ta’kidlagan.

 

Shu sababdan ham ko‘p bolali oilalarni ta’minlashga e’tibor berildi. SSSR Oliy Sovetining Prezidiumi 1944-yil 8-iyulda “Homilador va ko‘p bolali ayollarga davlat yordamini oshirish, “Qahramon ona” nomli faxriy unvon, “Onalik shuhrati” ordeni hamda “Onalik medali” degan medalni ta’sis etish to‘g‘risida” qaror chiqargan edi. Qaror asosida ona va bolalarga bir qancha imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Birinchidan, ko‘p bolali onalar uchun nafaqa berish; ikkinchidan, korxona va muassasalarda ishlovchi ayollar uchun homiladorlik ta’tillarini uzaytirish; uchinchidan, ish vaqtlarida homilador va bola emizuvchi ayollar uchun qulay sharoitlar yaratib berish; to‘rtinchidan, bolasi ko‘p onalarga bolalarini yasli va bog‘chalarda joylashtirish; beshinchidan, moddiy yordam ko‘rsatish bilan birga, ko‘p bolali onalarga faxriy unvon va medallar joriy etish.

 

1936-yildagi qarorga muvofiq, ayollarga ko‘p bolalik nafaqasi yettinchi bolasi tug‘ilganidan keyin berilar edi. Bu masala 1944-yil 8-iyuldagi qaror bilan o‘zgarib, uchinchi bola tug‘ilishi bilan to‘langan va keyingi tug‘ilgan har bir bola uchun beriladigan nafaqa miqdori oshib borgan. Mazkur qaror doirasida ijtimoiy siyosatdagi yana bir o‘zgarish, bu − “ko‘p bolali ona” mezoniga yengillik berilishidir. Ya’ni, 3 ta va undan ko‘p bolalilar “ko‘p bolali ona” sifatida belgilangan. Ayollar 3-bolasiga 400 so‘m, 11 va undan keyingi har bir bola uchun esa bir yo‘la 5000 so‘m miqdorda nafaqa olgan. Nafaqa to‘lashda bolaning ota-onasi bir korxona yoki muassasada kamida 3 oy ishlagan va nafaqa so‘rab murojaat qilganda ularning ish haqi 400 so‘mdan oshiq bo‘lmagan taqdirda to‘langan. Shuningdek, egizaklar tug‘ilgan vaqtda nafaqa har bir bola uchun berilgan. Ammo nafaqa tayin qilingan bola vafot etsa, ko‘p bolali onaga nafaqa muddatdan oldin ham to‘xtatilgan. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, aholi orasida yangi qabul qilingan qonunlar borasida tushuntirish ishlarining olib borilmagani natijasida birinchidan, ko‘p bolali onalar nafaqa so‘rab murojaat etmaganlar. Misol uchun, birgina Toshkent viloyati Oktabr tumanida 1944-yilda qabul qilingan farmondan keyin ham yangi tug‘ilgan 260 nafar bola uchun nafaqa to‘lanmagan. Tushuntirish ishlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli 100 ga yaqin ko‘p bolali onalardan faqat 4 tasigina nafaqa so‘rab ariza bergan. Hattoki tuman moliya bo‘limi mudiri tumanda qancha ko‘p bolali ona borligi haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan. Shahar moliya bo‘limi tuman moliya bo‘limiga ko‘p bolalik ayollarga nafaqa berish tartibi to‘g‘risida aniq yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmagan. Ikkinchidan, ona va bolalarga yordam ko‘rsatuvchi ba’zi tashkilotlarning rahbarlari onalarning arizalarini natijasiz qoldirishi holatlari yuz bergan. Masalan, Kogon tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limiga keyingi 4 oy ichida ko‘p bolali onalardan 89 ta ariza tushgan. Shulardan faqatgina 21 tasi ko‘rilgan. Qolgan arizalar natijasiz qoldirilgan. Ko‘p bolali ona Yo‘ldosheva, Bakirovalar olishi lozim bo‘lgan 4000 so‘mdan pullarini ololmaganlar. Bu kabi holatlar boshqa viloyatlarda ham uchrab turgan.

 

Korxona va muassasalarda ishlovchi ayollar uchun ham yengilliklar berish ko‘zda tutilgan. Jumladan, ularning homiladorlik ta’tillari 63 kundan 77 kungacha uzaytirildi. Homiladorlik va tug‘ish yuzasidan ta’til olgan vaqt ichida, bir korxonada kamida 3 oy (ilgari belgilangan 7 oy o‘rniga) uzluksiz ishlagan bo‘lsa, amaldagi qonun tomonidan belgilangan miqdorda nafaqa to‘langan. Homilador ayollarni og‘ir ishdan yengil ishga ko‘chirish, kechki navbatchiliklardan kunduzgi navbatchiliklarga o‘tkazish, zararli va yer osti ishlaridan ozod qilish, yosh bolali ayollarning bolasini ovqatlantirish uchun vaqt belgilab qo‘yish, bolasi bir yoshga kirguncha boshqa ishga o‘tsa uzluksiz staji saqlanishi va maoshsiz ta’tillar olish kabi imtiyozlar mavjud bo‘lgan. Shuningdek, qonunga ko‘ra, homilador ayollar homiladorlikning 4-oyidan boshlab korxona va muassasalardagi ish soatidan tashqari ishlarga tortilmasligi, emizikli bolalari bo‘lgan ayollar esa bolasi sutdan chiqquncha tunda ishlatilmasligi qayd etilgan. Biroq amalda bu o‘z aksini topmagan, yuqoridagi imtiyozlarga xilof ravishda ayollarni og‘ir ishlarga jalb etish holatlari yuz bergan. Misol uchun, 1944-yil og‘ir tug‘ruqni boshidan kechirib, farzandini yo‘qotgan Muzropova Ro‘zixol betob bo‘lishiga qaramay, majburiy mehnatga jalb qilingan. Hattoki belgilangan normani bajara olmagan taqdirda NKVD xodimlari kasal yotganiga qaramay uni ochiq sudga bermoqchi bo‘lgan.

 

Homilador ayollarga, bola emizuvchi onalarga qarorning 8-moddasiga muvofiq, har oyda davolash muassasalarining ma’lumotnomalari asosida viloyat, shahar savdo bo‘limlari tomonidan kartochka byurolari orqali beriladigan talonlar bo‘yicha yordam amalga oshirilgan. Shaharda yashovchi har bir ayolga homilasi 6 oylikdan o‘tgandan boshlab har oyda quyidagi miqdorda yordam berilishi ko‘zda tutilgan: mol yog‘i 800 gramm, qand 600 gramm, makaron 1200 gramm, sut 12 litr. Biroq sut va dorivor o‘simliklarning yetishmasligi, oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatligi (bolalar bo‘tqasi 200 grammi 6 rubl 30 tiyin, kefir 6 rubl, sut 6 rubl 30 tiyin) natijasida ba’zi ota-onalar ham undan foydalana olmagani arxiv hujjatlarida qayd etilgan.

 

O‘zbekiston SSR XKSning 1944-yil 30-avgustdagi 1032-sonli qaroriga binoan, ko‘p bolali va yolg‘iz ayollarga davlat yordamini berish boshqarmasi bo‘limlari tashkil qilingan edi. Bu bo‘limlar orqali ko‘p bolali onalar aniqlanib, ularga nafaqalar berilgan. 1945-yil hisobi bo‘yicha O‘zbekiston SSRda 15 mingga yaqin ko‘p bolali va yolg‘iz onalar davlat nafaqasi olganlar. Bir yil davomida nafaqa oluvchilarning bu qadar oshishi birinchidan, o‘lim holatining oshishi natijasida ko‘p bolalikning rag‘batlantirilib nafaqa joriy qilinishi; ikkinchidan, halok bo‘lganlar hisobiga yolg‘iz ayollarning ko‘payishi bilan izohlanadi.

 

Xullas, ona va bolalarga yordam ko‘rsatuvchi ba’zi tashkilotlarning rahbarlari onalarning shikoytalarini natijasiz qoldirish, aholi orasida yangi qabul qilingan qonunlar borasida tushuntirish ishlari olib borilmagani, natijada ko‘p bolali onalar nafaqa so‘rab murojaat etish holatlari, bo‘lim mudirlarining o‘z hududida ko‘p bolali ona borligi haqida ma’lumotga ega bo‘lmaganligi kuzatilgan.

 

Mirshod SIDDIQOV,

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:02 / 27.02.2025 0 269
Shekspir adabiy dahomi yoki buyuk plagiatchi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25172
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//