Beshiklar ham zindondan qolishmaydi – jadidlarning bolani belash haqidagi fikrlari qanday edi?


Saqlash
14:53 / 25.02.2025 165 0

“Beshik bolasi bek bolasi”, deydi xalqimiz. Rosdan ham shundaymi?

 

Yangi tug‘ilgan bola salomatligida yuvintirilishi, yo‘rgaklanishi, yeyish-ichishi va uxlashi kabilar katta ahamiyat kasb etadi.

 

Abdurauf Fitrat “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari” kitobida: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sog‘lom jism-u tan, aql va axloqdir”, deydi. Fitrat tarbiyaning har bir qismi tug‘ilishdan yetti yoshgacha avval ota-ona zimmasiga tushadi, sakkiz yoshdan yigirma yoshgacha maktab va madrasa zimmasiga, keyin umrining oxirigacha odamning o‘z boshiga tushishini aytadi.

 

Abdulla Avloniy o‘zining “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida: “Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur”, deydi. Avloniy bolani sog‘lom o‘stirish bilan birga to‘g‘ri tarbiya qilishdagi bir qancha mas’ullar haqida gapiradi. Uy tarbiyasi – ona vazifasi, maktab va madrasa tarbiyasi – ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasi ekanligini yozadi. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o‘rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o‘sdurmak kerakligini ta’kidlaydi.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bolani beshikka belash yoki belamaslik kishining o‘z ixtiyorida ekanini aytadi. Bolani beshikka belaganda yostig‘ining ostiga qayroq tosh, pichoq, non kabi narsalarning qo‘yilishi noto‘g‘ri amallardan hisoblanishini ta’kidlaydi.

 

Beshikning foydali hamda zararli tomonlari haqida so‘z borganda shifokorlar masalaga yechim topishga harakat qiladilar. Pediartlar beshik bolaning erkinligini cheklaydi degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi va beshikda uxlash soatlari me’yordan oshib ketmasligi kerakligini aytadi. Beshik bola o‘ziga-o‘zi ziyon yetkazishidan asrashini, boshqa jihatdan, agar belash vaqti me’yordan oshib ketsa, mushaklari rivojlanishiga va qon aylanishiga salbiy ta’sir etishi mumkunligini aytishadi. Agar beshik ustiga yopiladigan mato faslga mos, havoni yaxshi o‘tkazuvchi matodan tanlansa, bolada havo bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Eng asosiysi – beshikka belash qoidalariga qat’iy rioya qilish degan fikrni bildirishadi. Pediatrlarning tahlili bo‘yicha, beshikning quyidagi foydali va ehtiyotkorlik zarur bo‘lgan tomonlari bor. Foydali tomonlari:

 

- qaddi-qomati va umurtqa pog‘onasi bir tekisda, ravon o‘sadi;

- qo‘li bilan o‘zini o‘zi jarohatlamaydi, barmog‘ini so‘rmaydi;

- pampersga ketadigan xarajat va taglik yuvishga ketadigan vaqt tejaladi;

- uxlatish uchun qulay, tebranish vaqtida o‘z inersiyasi bilan uxlaydi;

- tagligi doim quruq bo‘ladi, har xil teri kasalliklarining oldi olinadi;

- qo‘lga o‘rganib qolmaydi, ko‘tarib o‘rgatilgan bola doimo shunday e’tibor talab qiladi.

 

Me’yorga yoki qoidalarga rioya qilinmasa:

 

- bolaning kun bo‘yi, uzluksiz beshikda yotishi zararli. Kuz va qish oylarida bola terisiga yorug‘lik tushishi kamayadi. Oqibatda D vitamini yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin;

- bolaning qo‘l-oyoqlarini siqib bog‘lash o‘z navbatida qon aylanishi buzilishiga olib keladi;

- bola uzoq yotishi hisobiga boshining ensa qismida deformatsiyalar yuzaga kelishi mumkin;

- beshikda bolani doimiy bir tomonlama emizish qiyshiq bo‘yinlikka sabab bo‘lishi mumkin;

- sumakdan foydalanishda gigiyena qoidalariga rioya qilinmasa, jinsiy a’zolardagi infeksion kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin;

- beshikni qattiq va tez tebratish markaziy asab tizimidagi jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Millat oydinlari yangi olamga kelgan bolani niholga o‘xshatganlar. Ular bolaga tibbiy jihatdan kerakli bo‘lgan omillarni oilaning asosini tashkil etuvchi ota va onalar bilishlari lozim deb hisoblaganlar.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalining 1915-yil 8-sonida bosilgan “Beshiklarimiz miyamizni o‘yadur” maqolasida bolani beshikka belash haqida yozadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy islohni beshikdan boshlamoq kerakligini aytadi. Behbudiy: “Inson boshining kattaligi va shakli kichiklikdan, beshikda siqilmasdan, zarb yemasdan tabiiy holatda o‘smog‘ini aql va iste’dodning ziyodaligig‘a albatta daxli borligini ahli donish bayon etgan”, deydi. Turkistonda bolani 7 kunligidan boshlab beshikka qattiq bog‘lab, ostini yumshatmay, 2-3 yil shu holda katta qilishlari, shu sababdan aksar bolalarning boshini beshiklar siqib, orqa tarafi yalpoq, ba’zan ichiga qarab chuqur bo‘lib, yumurta yoinki olmaga o‘xshagan boshning asl shakli buzilib ketishini aytadi.

 

Behbudiy miya va boshqa boshdagi a’zo hamda tomirlar, paylar beshikning siqqani sababidan yetilmay qolishi natijasida aql va iste’dod, fahmning noqisligiga sabab bo‘lishini bir necha misollar bilan isbotlaydi.

 

Bola boshi beshikka qattiq belangani sababidan tabiiy va asliy holatidan chiqib ketadi, bosh miya tomirlarining siqilishi, ba’zi hujayralarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ba’zi bolalar kelajakda soqov, yoinki gung va gapirolmayotgani, ko‘zining g‘ilayligiga ham shuni sabab sifatida ko‘rsatayotgan shifokorlar bor. Shifokorlar fikriga Behbudiy ham qo‘shilib, bizning beshiklarda bola yil bo‘yi qattiq bog‘langani uchun oshqozoni behuzur bo‘lishi, boshqa tarafdan ichki va tashqi a’zolarining rivojlanishiga xalal berishini ta’kidlaydi. Natijada bola tez katta bo‘lmaydi hamda tez fursatda yurib ketmaydi.

 

Fitrat bolani yo‘rgaklashdagi qoidalarga alohida e’tibor qaratadi. “Bolani qattiq bog‘lamaydilar, qo‘llarini yo‘rgak ichida qoldirish ham to‘g‘ri emas, balki bolani sustroq bog‘lash lozim, toki, badani tabiiy harakatdan qolmasin. Ma’lumki, nafas olish jarayonida odamning ko‘kragi ko‘tarilib tushadi. Agar shu harakatni man etsak, nafas olishi qiyin bo‘ladi. Shuning uchun bolani yo‘rgakda qattiq bog‘lasak, bolaning nafas olib chiqarishi qiyin bo‘ladi, ko‘kragi siqiladi”.

 

Qattiq bog‘lashda biron a’zosi ozor topib, mayib bo‘lishi mumkin. Yo‘rgakni qattiq bog‘lash go‘dakning qornini siqadi va hazm a’zolariga o‘z vazifalarini bajarish uchun xalal beradi. Binobarin, bechora go‘dak sutini hazm qila olmay, ichketar kasalligiga mubtalo bo‘lishi mumkin. Ich ketish, xususan, bolalar uchun xatarlidir. Bugungi kunda tibbiyot ilmi isbotalaganki, odam hayotining asosini qon va qon harakati tashkil qiladi. Agarda qon harakati katta va kichik tomirlar orqali yetarli darajada bo‘lmasa, yashash uchun xavflidir. Go‘dakni qattiq bog‘lash, ana shu qon harakatini qiyinlashtiradi. Shu sababdan bola ba’zi kasalliklarga chalinadi.

 

Bolaning kiyimlari ozoda bo‘lishi asosiy omillardan hisoblanadi. Kirlik, chirkinlikdan barcha kasalliklar kelib chiqadi.

 

“Beshiklari ham zindondan qolishmaydi”, deydi Fitrat. Jigarporamizni harakat, yorug‘lik va havodan, ya’ni inson hayoti uchun zarur bo‘lgan uchta asosiy narsadan mahrum qilamiz. Ularning qo‘l-oyoqlarini bog‘lash, beshiklari ustini qalin govrapo‘shlar bilan yopish, ya’ni ularni harakat, havo va nurdan mahrum etish, albatta, zarar. Beshik ustini ochib qo‘yish ham yaxshi emas, chunki chivin va pashsha go‘dakka tinchlik bermaydi. Binobarin, onalarimiz bola ustini to‘r yoki harir bilan yopishlari lozim. Agarda bolaga qorong‘u yoki issiqlik zarur bo‘lsa, beshikni emas, uyni qorong‘u qilish va isitish lozim.

 

Xulosa shuki, jadidlarimiz millat kelajagi hisoblangan bolalarning holatiga e’tibor qaratganlar. Go‘daklarning ovqatlanishi, uyqusi, poklik masalasi, harakatlanishiga kerakli sharoitlarni yaratish lozim deb hisoblaganlar. Shunday ekan, bolani beshikka belaganda asosiy qoidalarga amal qilish, bola salomatligi masalalasiga oid bo‘lgan ilmlardan har bir ona hamda ota xabardor bo‘lishi, ota-ona o‘zlariga berilgan tirik jonning omonatligini his qilib, bolaning sog‘ligi, aqliy va axloqiy tarbiyasi ustida bosh qotirishlari lozim.

 

Mahmuda G‘OYIBNAZAROVA,

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:02 / 27.02.2025 0 272
Shekspir adabiy dahomi yoki buyuk plagiatchi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25173
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//