Homiy qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlgim kelmaydi – Buyuk rejissor Federiko Fellini iqrorlari


Saqlash
12:05 / 25.02.2025 366 0

Kinodagi ishlarimning avtobiografik xususiyati haqida koʻp gapirishadi. Men filmlarimda hayotiy tajribamni ramka sifatida ishlataman, lekin aynan tafsilot bermayman va tarjimai holimdan material sifatida foydalanishni yomon narsa deb bilmayman. Chunki hayotimdagi voqealarni hikoya qilish bilan oʻylarim, uydirmalarim, xayollarim va yolgʻonlarim haqida gapirgandan ozroq ochilaman. Bizning barcha sirlarimiz ana shunda yashiringan. Tanani kiyim bilan osongina yashirish mumkin, lekin qalbni yashirish oson emas. Men it yoki stul haqida film suratga olsam ham, u qaysidir maʼnoda baribir oʻzim haqimda boʻlishi mumkin. Meni chindan bilish uchun filmlarimni yaxshi bilish lozim, chunki ular borligʻimning eng teran qismidan paydo boʻladi, filmlarimda toʻliq ochilaman. Hatto oʻzim ham bilmagan pinhon jihatlarimni kashf etaman, oʻzimda borligini bilmagan fikrlarni ochaman. Tasavvurimni uygʻotadigan narsa aslida oʻz ichki “men“imning teran haqiqati. Ehtimol, bu mening oʻz-oʻzimni ruhan davolash usulimdir. Film suratga olayotganimda xuddi oʻzimdan intervyu olayotgandek boʻlaman...

 

It uzoqqa uloqtirilgan toʻp ortidan quvib borib, uni faxr bilan tishlab olib qaytishini tasavvur qiling. Bundan itlar va odamlar tabiati haqida muhim narsalarni anglash mumkin. It ushbu harakatidan xursand boʻladi, negaki u buning uchun mukofotlanadi, mazali yemak bilan siylanadi. Biz insonlar ham hayotimizda olqishlar bilan kutib olinadigan nimadir qilishni xohlaymiz. Men qiladigan oʻsha ish – kinorejissyorlik.

 

Men oʻzimga hamfikr insonlar orasida boʻlmasam, ijod qilishni tasavvur qila olmayman. Hamkorlik qilayotgan odamlarim bilan oʻzaro ishonch, samimiy munosabatda boʻlish men uchun zarurat. Baʼzan oʻzing yoqtirmagan odamlar bilan ham til topishishga toʻgʻri keladi, albatta, ular ham kuchli, shunga munosib shaxslar boʻlishi kerak. Men tabiatan sirk odamiman va menga doim ahil jamoa kerak boʻladi. Film ishlash jarayoni odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi va bora-bora ular bilan bir oiladek boʻlib ketasan. Agar jamoa shunday samimiy boʻlsa, men juda oson ishlayman. Oʻzimni xuddi ekipajim bilan yangi dunyoni ochish uchun yoʻlga chiqqan Xristofor Kolumbdek his qilaman. Baʼzida jamoang seni anglashi oson kechadi, baʼzida esa sayohatni davom ettirishga ularni majburlashga toʻgʻri keladi.

 

Federiko Fellini

 

Men doim Amerika haqida film suratga olishni xohlaganman, faqat “Chinechitta“ studiyasi pavilyonlarida. “Intervyu“da Frans Kafkaning “Amerika“ romani asosida yigirmanchi asr boshlaridagi Nyu-York tasvirini yaratish niyatim borligi haqida allaqachon gapirganman. Italiyada, aniqrogʻi Rimda, aynan “Chinechitta“da ishlashni xohlashimga esa koʻplab sabablar bor. Ularning eng muhimi – “Chinechitta“dagi muhit, u yer menga oʻzgacha taʼsir qiladi, tasavvurim ishlashiga yordam beradi.

 

Meni koʻpincha “Oʻz zavqing uchun film suratga olasan” deya ayblashadi. Bu tanqid asosli, adolatli. Ammo men faqat shunday ijod qila olaman. Agar siz kimgadir yoqishi uchun film ishlasangiz, unda hech kimga zavq bera olmaysiz. Qilayotgan ishingiz avvalo oʻzingizni qanoatlantirishi kerak. Oʻzingiz zavqlanadigan narsa haqida film olarkansiz, toʻlaqonli kuch bilan, joningizni berib ishlaysiz. Agar bu boshqalarga ham zavq bersa, yanada yaxshi. Men bunga aminman. Mabodo, biror ishni istamay qiladigan boʻlsam, bu juda azob beradi va oldinga siljishga imkon bermaydi.

 

Stiven Spilbergning omadi bor: u koʻpchilikka yoqadigan narsani yaxshi koʻradi. U bu ishni samimiy va muvaffaqiyatli bajaradi. Sanʼatkor oʻziga yoqadigan uslubda oʻzini ifoda etishi kerak. Hech qanday murosa kerak emas. Tomoshabinga yoqishga harakat qiladiganlar hech qachon haqiqiy ijodkor boʻla olmaydi. U tomonga biroz, bu tomonga biroz murosa qilinadigan joyda shaxsiyat yoʻqoladi. Bir marta murosa qildingizmi, tamom. Menimcha, haqiqiy sanʼatkor boʻlish yo boʻlmasliging – oʻzingga yoqqani uchun qilyapsanmi yoki boshqalarga yoqish uchun harakat qilyapsanmi – shu narsaga bogʻliq.

 

Film yaratishda oʻz ishimdan koʻnglim toʻlmasa yoki mablagʻ yetishmasa, umuman, qiyinchiliklar yuzaga kelganda men oʻzimga: “Xursand boʻl, mehnating oson emas”, deyman. Chunki, har kim rejissyor boʻlishni xohlashi mumkin, agar bu ish oson boʻlganda, rejissyorlar tiqilib ketardi, juda katta raqobat boʻlardi. Men buni oʻzimga aytib turaman, lekin ishontirmayman.

 

 

Oʻzimga yoqmaydigan ishlarni qilishga toʻgʻri kelsa, juda dangasa odamga aylanaman. Avvallari boʻlganidek, menda ham “xohlaganingni qil va iloji boricha yaxshiroq qil“ deydigan homiylar boʻlishini istayman. Bu orzu. Chunki pul doim maʼlum shartlar bilan beriladi va unga boʻysunish ogʻir menga. Men Pinokkio bilan hamfikrman, u qoʻgʻirchoq boʻlishni emas, “tirik bola“ boʻlishni, yaʼni, oʻzi boʻlishni xohlaydi. Men ham homiy qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlgim kelmaydi...

 

Film ishlash jarayonida toʻlaqonli hayot kechiraman. Bu mening yulduzli damlarim boʻladi. Men har qanday rolni oʻynay oladigan, filmga aloqador hamma narsani eplaydigan, charchoq nima bilmaydigan odamga aylanaman. Tasvirga olish ishlari qanchalik kech tugamasin, ertasiga tongdayoq ishga shoshilaman. Kinorejissyor uchun jismoniy kuch juda muhim. Bu ish juda koʻp energiya talab qiladi. Eng yaxshi gʻoyalar tushimda keladi. Uygʻongach, ular xotiramdan oʻchib ketmasligi uchun darrov qogʻozga tushirib olaman. Kam uxlashim tasvirga olish jarayonida katta yordam beradi. Biroq, ijodiy jamoada hamma menga oʻxshamasligini, boshqalarning dam olishga haqqi borligini ham esdan chiqarmaslikka harakat qilaman.

 

Har bir ijodkorning bir kun kelib “qudugʻi qurib qolishi”, yaʼni qobiliyatining soʻnib qolishi haqida xavotiri boʻladi. “8 ½”filmimdagi Gvido ham shuni oʻylaydi. Men hozircha buni his qilmadim. Baʼzida fikrlarimga ishlov berishga ham ulgurmayman. Lekin ijodiy layoqatning yoʻqolishi nima ekanini – bunday holatni tasavvur qila olaman. Koʻpincha gʻoyalar, fikrlar tushlarimda kelgani, ular qayerdan va nega paydo boʻlganini bilmaganim uchun, ijodiy kuchim oʻzim nazorat qila olmaydigan narsaga bogʻliq. Ilhom – ilohiy tuhfa, lekin unda har doim bir xavf bor: u senga qanday sirli yoʻl bilan kelgan boʻlsa, shunday ketishi mumkin.

 

 

Mening filmlarim haqida gap ketganida, koʻpincha “improvizatsiya“ soʻzi ishlatiladi, bu menga biroz haqoratli tuyuladi. Kimlardir meni improvizatsiya qilganim uchun tanqid qilsa, boshqalari, aksincha, maqtaydi. Men hech qachon bir narsaga qattiq yopishib olmayman. Fikrlarga ochiqman. Tan olaman, ish jarayonida koʻp narsalarni oʻzgartiraman. Tasvirga olishdan oldin keragidan koʻproq tayyorgarlik koʻraman, shunda yanada erkin boʻlaman. Shavq boʻlsa-boʻlmasa, ishlashga tayyor turaman. Ilhom boʻlmasa, zaxira ishga yaraydi. 

 

Mening filmlarim Shveysariya soatlariday tayyorlanmaydi. Xichkok senariylariga ham oʻxshamaydi. Men unaqa aniqlik bilan ishlamayman. Xichkok senariylarida har bir soʻz, har bir harakat hisobga olinadi. U butun filmini oldindan aniq koʻradi. Men esa qanday film ishlaganimni suratga olib boʻlgach koʻraman. Xichkok ham, men ham ishni tasvirdan boshlaganimizni bilaman, lekin uning tasvirlari boshqa vazifani bajaradi. Men oʻz kartinalarimda xarakterlarni chizaman va oʻrganaman. Filmlarimning asosida aynan xarakterlar yotadi. Ish jarayonida boshimda koʻplab talqinlar aylanib yuradi, lekin oxirgi natija ularning birortasiga oʻxshamaydi. Har bir filmim oʻz hayoti, taqdiri bilan dunyoga keladi. Men unga daxl qilolmayman. Agar “Shirin hayot” yoki “8 ½”ni boshqa davrda suratga olganimda, mutlaqo boshqa filmlar boʻlardi.

 

"Yo‘l" filmidan kadr

 

Qahramonlarim tasavvurimda yashaydi. Ular filmlarga koʻchib oʻtmasa ham yashashda davom etadi. Men ular haqida oʻylashdan, ular ishtirokidagi yangi hikoyalarni oʻylab topishdan toʻxtamayman. Men uchun xayolimdagi qahramonlar tirik odamlardan ham haqiqiyroq, xuddi bolalikdagi oʻyinchoqlarim kabi...

 

Suratga olish maydonchasiga tayyor senariy bilan kelaman, nima istayotganimni aniq bilaman. Keyin esa hammasini oʻzgartiraman. Shu maʼnoda meni bir tomoniga yozilgan, ikkinchi tomoni boʻsh qogʻozga oʻxshatish mumkin. Bir necha kunlab senariy matnini qayta ishlaganimda ham suratga olish maydonchasida qogʻozning boʻsh tomoni muhimroq ekanini tushunaman. Senariyga ham qarab ish tutaman, lekin u aslida qoralama – koʻplab qoralamalardan biri. Shuning uchun rolining ikir-chikirigacha oldindan tayyorlanmaydigan aktyorlar bilan ishlashni maʼqul koʻraman. Chunki koʻp narsani oʻzgartirishim mumkin. Shu maʼnoda Marchello Mastroyanni bilan ishlaganim men uchun baxt. U hech qachon avvaldan oʻylamaydi. Ortiqcha savol bermasdan oʻz qahramoniga aylanadi-qoʻyadi. Unga hatto matnni oldindan oʻqish ham shartmas. U hammasini oʻyinga aylantiradi.

 

Marchello Mastroyan

 

Men shunaqa usulda ishlayman, chunki boshqacha qilishni bilmayman. Agar bir martada ideal senariy tayyorlash mumkin boʻlganda, film tezda ishlangan boʻlardi. Bu bilan pulni tejash mumkin, lekin film yaxshi chiqishiga ishonmayman. Bunday kino oʻlik boʻladi va hech kimga zavq bermaydi. Chinakam sehr ijodiy hamkorlikda, aktyorlar oʻz qahramonlariga jon baxsh etishga muvaffaq boʻlganda paydo boʻladi. Xullas, men sahifadagi matnni shunchaki ekranga koʻchirib qoʻya olmayman...

 

Hech qachon aktyorni sindirishga, men istagan narsani oʻynashga majbur qilmaganman. Bunday qilib boʻlmaydi. Undan koʻra rolni qayta yozish osonroq. Ish jarayonida koʻplab oʻzgartirishlar kiritsam ham, hech qachon suratga olish maydonchasiga senariysiz borishni tasavvur qila olmayman. U faqat oʻzak, xarita vazifasini bajarsa ham, boʻlishi shart. Lekin sanʼat asari idora yigʻilishining kun tartibiga oʻxshab qolmasligi kerak. Prodyuserlar notoʻgʻri deb hisoblagan narsamni qilishga hech qachon majbur qilolmagan. Ularning hokimiyati aslida cheklangan, chunki ular menga keragicha pul bermaydilar.

 

Aktyorlarni tanlashda hech qachon tipajga eʼtibor bermaganman. Menga oddiy koʻrinish emas, tasavvurimdagini ifoda qila oladigan qiyofalar kerak boʻlgan. Ular professional aktyormi yo havaskormi, oldin kinoda oʻynaganmi-yoʻqmi – bu muhim emas. Italyan tilini bilish-bilmasligi ham ahamiyatsiz. Qaysi til qulay boʻlsa, shu tilda oʻynasin. Qolganini dublyaj orqali hal qilamiz. Mening ishim ularni ochishdan iborat. Endi kinoga kirib kelgan odam boʻladimi yo tajribali aktyormi – ular oʻzlarini erkin his etishiga imkoniyat yaratishga, cheklamaslikka harakat qilaman. Agar ular professional aktyorlar boʻlsa, kasbiy texnikasini unutishga majbur qilaman. Menga professionallar bilan ishlash qiyinroq kechadi: ular baʼzan oʻzlariga oʻqitilgan usullarga shunchalik qattiq yopishib oladilarki, boshqacha ishlatish mushkul.

 

Agar imperator roliga aktyor topish kerak boʻlsa, tasavvurimda yashayotgan obrazga oʻxshagan odamni izlayman. U aktyor oʻzini imperator deb his qiladimi yoki yoʻqmi, buning ahamiyati yoʻq. Agar omadim kelsa, ularni tabiiylik muhitiga olib kira olaman, istasa kulishadi, yigʻlashdi, bor hissiyotlarini ifoda etishlari mumkin. Aktyorlarga hissiyotini, dard-u quvonchlarini koʻrsatishiga, qahramonining ichki olamiga eʼtibor qaratishiga yordam beraman. Rejissyor sifatidagi birdan-bir maqsadim xarakterlarni ochish, ularni toraytirish emas. Har kim oʻz haqiqatini topishi kerak, lekin buni qanday amalga oshiradi – unga ixtiyor berilishi lozim. Muhimi, aktyor oʻzi haqida emas, balki jonlantirayotgan qahramoni haqidagi haqiqatni aytishi kerak. Agar u ochib berolsa, mahoratli boʻladi. Oʻz personajining haqiqatini chuqur anglash va uni ijroda mohirona aks ettirish borasida hech kim “Shirin hayot“dagi Anita Ekbergni, “8 ½”dagi Mastroyanni, “Yoʻl“ va “Kabiri tunlari“dagi Julyettani ortda qoldira olmagan, deb oʻylayman...

 

“Kabiri tunlari" filmidan kadr

 

Mendan “filmlaringiz gʻoyasi qanday paydo boʻladi?” deb soʻrashadi. Bunday savollar menga unchalik yoqmaydi. Senga bogʻliq boʻlmaydigan narsalar bor, sen oʻzing paydo qiladigan narsalar ham bor. Agar faqat oʻzi keladigan narsaga eʼtibor qilsang, unda birda bor, birda yoʻq narsa – omadga bogʻliq boʻlasan. Baxtli tasodifga. Taqdir tuhfasiga. Menda ilhom koʻp hollarda hayotiy voqealardan paydo boʻladi.

 

Biror film ustida ishlayotganimda, koʻplab gʻoyalar chulgʻab oladi. Ayni shu filmga daxldor boʻlsa boshqa gap, lekin bezovta qilayotgan gʻoyalar umuman boshqa syujetlar haqida boʻladi. Ular vaqtim va eʼtiborimni olib qoʻyadi, asosiy narsaga diqqat qaratishimga xalaqit beradi. Bu – oʻziga xos ijodiy energiya, u istalgan paytda paydo boʻladi, ijodiy ruh intizomni bilmaydi.

 

Hayotda ham, kinorejissyorlikda ham pok niyatli boʻlish zarur. Hayotga ochiq boʻlishingiz kerak. Shunda oldingizda cheksiz imkoniyatlar ochiladi. Har qanday holatda poklik va koʻtarinkilikni saqlab qolish juda muhim. “Muvaffaqiyat doʻstlarni koʻpaytiradi” deyishadi. Odamlar meni atrofida doʻstlari koʻp deb oʻylaydi. Aslida unday emas. Mening tegram doim mendan nimadir xohlaydigan odamlar bilan toʻla: ular yo filmda suratga tushishni istaydi yoki intervyu olishni. Bu holat menga oʻzimni yanada yolgʻiz his ettiradi.

 

Shon-shuhrat tashqaridan koʻringanidek narsa emas. Taniqli boʻlmagan odamlar mashhur boʻlish ajoyib narsa deb oʻylaydi. Chunki shon-sharaf baxt keltiradi. Lekin baxt nima oʻzi? Inkor qilmayman, mashhurlik baʼzi yaxshi narsalarni berdi. Men ham yoshligimda hamma kabi oʻzgacha tasavvur qilganman. Mashhur boʻlsam dunyo eshiklari ochiladi, ota-onam oʻz oʻgʻlidan faxrlanadi va meni qoʻlidan hech nima kelmaydi, hech qachon muvaffaqiyatga erisholmaydi deb hisoblagan oʻqituvchilarim xato qilganliklariga iqror boʻlishadi, deb oʻylaganman.

 

"Shirin hayot" filmidan kadr

 

Mashhur boʻlishni judayam istardim. Lekin qanday qilib? Men yaxshi rasm chizolmasdim. Teatr uchun qoʻgʻirchoqlar tayyorlash ham mashhurlik bermasdi. Ehtimol, jurnalist boʻlsam qiziqarli materiallar tayyorlab, maʼlum darajada mashhurlikka erishsam boʻlar... Butun qalbim bilan mashhur boʻlishni istardim. Buning uchun esa bir narsani – albatta Rimga borishim kerakligini aniq bilardim. Men uchun mashhurlik “Fulgor” kinoteatri ekranida paydo boʻlishni anglatardi. Ammo qanday? Men Gari Kuper emasdim. Keyinchalik “Fulgor” ekrani rejissyor orzusining toʻliq koʻrinishi emasligini anglab yetdim.

 

Men shon-shuhrat pul bilan bogʻliq narsa ekanini tan oldim. Zarur ehtiyojlardan tashqari pul unchalik qiziqtirmagan meni. Ijodkor uchun eʼtirof koʻp narsalardan muhimroq turadi. Yoshligimda kofe, sendvich va markazga yaqinroq ijara uy haqini toʻlashga pul boʻlsa yetarli edi. Keyinchalik filmlar suratga olishim uchun millionlar kerak boʻla boshladi.

 

Ijodkor shaxsiyatini qilgan ishlari bilan chalkashtirib tasavvur qilish holati mavjud. Insonning ijodi “men“ining davomi. Bu taʼrif meniki emas, lekin unga qoʻshilaman. Aktyorni u oʻynagan rollariday deb tasavvur qilishadi, rejissyorning filmlarida uning hayoti koʻrinadi goʻyo. Hashamatli, serxarajat filmlar suratga olganim uchun odamlar meni ham badavlat deb oʻylashadi.

 

 

Mashhurligingiz boshqalarga hech qachon berib boʻlmaydigan huquqni beradi. Sizdan ayb-xato qidirish, shaxsiy munosabatlaringizni mish-mishga aylantirishda ularning fantaziyalariga qanot beradi. Muvaffaqiyat insonni real hayotdan uzib qoʻyadi. Aslida sizga shuhrat keltirgan munosabatlardan mahrum qiladi. Odamlarga xush yoquvchi ijodingiz – tasavvuringiz mahsuli. Lekin oʻsha tasavvur boʻsh joydan paydo boʻlmaydi. U boshqalar bilan muloqot orqali paydo boʻladi, oʻtkirlashadi. Qanchalik muvaffaqiyatli va mashhur boʻlsangiz, yakkalanish ehtimolingiz shunchalik katta boʻladi. Muvaffaqiyat halqasi senga ilhom berganlardan, oddiy odamlardan seni ajratib qoʻyadi. Ozod boʻlish uchun erishgan narsang qamoqxonangga aylanadi. Ommadan tobora uzoqlashib borasan va oqibatda yolgʻiz qolasan. Oʻz minorang tepasida turib hamma narsani gʻira-shira koʻrasan, bora-bora bunga oʻrganib qolasan va boshqalar ham olamni shunday koʻryapti deb oʻylay boshlaysan. Seni boqib kelayotgan yerdan uzilib borasan, seni ijodkor qilgan qisming sekin-asta soʻnib boradi va oʻzing qamalgan mashhurlik minorasida nobud boʻladi.

 

Mendan koʻpincha taksi haydovchilari “Fefe, nega unaqa tushunarsiz filmlar yaratasiz?”, deb soʻrashadi. (Meni yaqinlarim Fefe deb chaqirishadi, bu haqda gazetalarda koʻp yozilgani uchun taksichilar ham baʼzan shunday atashadi.) Men esa “Chunki doim haqiqatni gapiraman, haqiqat hech qachon tushunarli boʻlmaydi, yolgʻon esa hammaga tushunarli” deyman. Bu soʻzlarim quruq lof emas. Halol inson ziddiyatli boʻladi, uning ziddiyatliligini tushunish qiyinroq. Hech qachon filmlarimda hamma narsani tushuntirishga, hamma narsani toʻgʻri joyga qoʻyishga, noaniqlik qoldirmaslikka urinmaganman. Ishonchim komil, tomoshabinlar mening qahramonlarimni eslab qoladi, ularni tushunish uchun anchagacha oʻylab yurishadi.

 

 

Film ishlash, ijod qilish men uchun sevgi demakdir. Yana buni evaziga biror taʼma kutmasdan, hatto oʻz yoningizdan mablagʻ sarf etib qilayotgan boʻlsangiz. Ha, bu xuddi sevishmoqqa oʻxshaydi, bu tuygʻu hamma narsani oʻziga qamrab oladi. Siz unda choʻkasiz.

 

Men uchun har bir yangi filmim rashkchi sevgiliga oʻxshaydi. U doim “Meni sev! Faqatgina meni sev! Oʻtmishni eslama. Boshqa filmlar hayotingda hech qachon boʻlmagan. Ular senga men anglatgan narsalarni anglatolmagan. Men aslo xiyonatga chidayolmayman. Faqat menga eʼtibor qaratishing kerak. Men tanhoman, yagonaman...“, deydi u. Ha, shunday. Hozir butun mehrim yaratilayotgan yangi filmimda, men unga borimni beraman, ammo bu ish kun kelib poyoniga yetadi. Roman tugaydi. Film yakuniga yetgach oʻtmishga, xotiraga aylanadi va men yangi mahbubam – keyingi filmimni qidirib topaman. Oʻsha damda hayotim mazmuni faqat u boʻladi.

 

Sharlotta CHANDLER, Federiko FELLINI

“Men, Fellini” kitobidan

Maftuna MUHAMMADAMINOVA

tarjimasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

15:03 / 13.03.2025 0 66
Zamonaviylikka ehtiyojmand qoʻgʻirchoq teatrlari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25907
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//