Qayta yaralayotgan qadim hunar


Saqlash
17:27 / 21.02.2025 25 0

...Kuni kecha buyuk jadid bobomiz Abdulla Qodiriy uy-muzeyi qadim noyob ashyo bilan boyidi – Xorazmdan bir yuz yigirma yoshli eshik keltirildi. O‘ymakorlik san’ati namunasi bo‘lgan qo‘shtabaqali eshikni asrab-avaylab kelgan birodarimiz Sherzodbekning aytishicha, otasining bobosi ma’rifatparvar inson o‘tgan, o‘z uyida maktab ochgan, ushbu eshik maktab xonasiga o‘rnatilgan. O‘sha vaqtda maorif sohasiga katta e’tibor qaratgan jadidlar yangi ochilgan maktabga kelishgan va albatta, ushbu eshikda ularning qo‘l izlari qolgan bo‘lsa ne ajab!

 

Jadidlar odamlarni ilm-u ma’rifatga chorlash asnosida ularning kerakli kasb-hunar egalari bo‘lib yetishishlari, ulusning shu boradagi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilishlari uchun ham qayg‘urishgan. Abdulla Qodiriyning bo‘sh vaqtlarida duradgorlik qilgani, vassajuft yasaganini eslang (bugun bobosining ushbu kasbini nevarasi Sherkon davom ettiryapti).

 

...Boshlamadagi eskartishlardan so‘ng aytmoq bo‘lgan iddaomizga – bugunda shu sohada amalga oshirilayotgan ishlarga yuzlanamiz. Qadim Xorazmda hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlari taraqqiy topgan. Vohalik hunarmandlar yasagan jihozlar o‘z vaqtida Sharq-u Gʻarb bozorlariga yetkazib berilgan. Ayniqsa, mohir ustalar tomonidan yasalgan, imoratlar bezagi bo‘lmish eshik-derazalar, o‘ymakor ustunlar ta’riflari uzoqlarga ketgan. Xonlikda bu borada xonqalik ustalar dong qozongan. Xonqa kulollari va hunarmand ustalari yasagan buyumlar, duradgorlik namunalari jahonning bir qator muzeylarida ko‘rgazmaga qo‘yilgani bejiz emas.

 

Bugun xonqalik hunarmand usta-mebelsozlar bobolari san’atiga asosiy da’vogar bo‘lib, uni qo‘lbola ko‘rinishdan sanoat darajasiga ko‘tarishdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda milliy hunarmandchilik sohasiga katta e’tibor qaratilgani, ularga shart-sharoitlar yaratib berilgani, “ustoz-shogirdlik” an’anasi qayta tiklangani soha tezkor rivojlanishiga zamin yaratdi. Qisqa muddatda tumanning “Istiqlol”, “Vatanparvar”, “Paxtagul” va “Barkamol avlod” mahallalarida yuzdan ortiq xonadonda zamonaviy mebellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va kun kelib oilaviy biznes ko‘rinishidan asta-sekinlik bilan sanoat ko‘rinishiga o‘ta boshladi. Tadbirkorlikni tez yo‘lga qo‘ygan ko‘pgina mebelsozlarga tuman hokimligi ustaxona qurish uchun yer ajratishi natijasida ikki qavatli, har tomonlama qulay binolar paydo bo‘ldi. Bu binolar nafaqat ishlab chiqarish maskani, ayni paytda mahsulotlar ko‘rgazma zallariga ham ega. Shu bilan birga xaridor olgan mebellarni uylariga yetkazib va o‘rnatib berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgani mijozlar soni tobora oshishini ta’minlayapti. Qisqasi, bugun viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellarning deyarli yarmi xonqalik mebelsozlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

Xonqalik usta-hunarmandlar yuz turdan ortiq, jahoniy andozadagi sifatli va hamyonbop mebellar yasashmoqda. Aholi turarjoylarigina emas, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va boshqa muassasalarga ham buyurtma asosida turli o‘lchamdagi mebellar yetkazib berishyapti. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni bugun qo‘shni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlar aholisi ham ma’qul ko‘rib xarid qilishmoqda.

 

Sobiq Ittifoq vaqtida qo‘lida ortiqcha mablag‘i bor odam xorijda ishlab chiqarilgan mebel topish taraddudiga tushardi. Finlyandiya yoki boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan mebellarning bozori chaqqon... asosan peshtaxta tagidan, tanish-bilish orqali topilardi. Endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar – hunarmandlar xorij mebellari bozoriga ham raqobat ko‘rsata boshlashdi.

 

...Ikki yil oldin katta qizim yangi imoratga ko‘chib o‘tganida, nevaralarim dars tayyorlashlari uchun mos stol-stul xarid qilish maqsadida yo‘lga otlanib turganimni ko‘rib “Xonqaga borib yurasizmi, Bog‘otda ham mebel do‘konlari ish boshlabdi”, deb qoldi. Tuman markazidagi yangi do‘kon va ustaxonani, unda qatorlashtirib qo‘yilgan shkaf, javon, stol-stullar, yotoq jihozlarini ko‘rib quvondim. Tadbirkorga qachon ish boshlashgani haqida bergan savolimga javobdan so‘ng hayratim oshdi. Sababi, hunarmand-tadbirkor xonqalik bo‘lib, Bog‘ot tumani markazi va yana Dehqonobod qishlog‘ida ham shunday ustaxona va do‘konlar ochgan ekan. Oldinlar viloyat markazida “Xonqa mebel” yorliqli binoga ko‘zim tushib, qadim el hunarmandlarining “el ichiga yurishlari”dan quvongandim.

 

“Birlashgan o‘zar...” deyilmish otaso‘zimiz mazmunidan kelib chiqib, tuman hunarmandlari shu kungacha yakka tartibda faoliyat yuritsalar-da, allaqachon butun viloyatda o‘zlari ishlab chiqarayotgan mebellar brendini yaratishgani tahsinga loyiq edi. Endi esa...

 

Prezidentimizning “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng tumanning Madir qishlog‘idagi “Do‘stlik” mahallasida kichik iqtisodiy zona qurilishi boshlandi. Bu yerda 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar hunarmandlar qo‘l mehnatini yengillashtirish, ishlab chiqaradigan mahsulotlari sifatini oshirishga xizmat qiladi. Keng va zamonaviy sexlarga eng so‘nggi rusumdagi duradgorlik dastgohlari o‘rnatiladi, kerakli texnika va boshqa vositalar bilan ta’minlanadi. Tadbirkorlar ishlab chiqarishida uzilishlar bo‘lmasligi uchun iqtisodiy zonani alohida elektr ta’minoti bilan ta’minlaydigan yuqori kuchlanishli transformatorlar o‘rnatiladi. Qisqasi, bu yerda ulkan mebelsozlik majmuasi paydo bo‘ladi.

 

Uch yil oldin ezgu niyatlar bilan boshlangan qurilish jarayoni deyarli yakunlanish bosqichida. Erta-indin ustalarimiz majmuasida tayyorlangan mebellarni qo‘shni davlatlarga eksport qilishayotgani haqida xabar eshitsak ajablanmaymiz.

 

Ro‘zimboy HASAN

 

Jadid gazetasi, 2025-yil 21-fevral, 8-son.

Milliy brendga aylangan vorislik” maqolasi 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 175
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24815
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//